22-bob. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish
178-modda. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish tartibi
Fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga daxldor bo‘lgan, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni (bundan buyon matnda idoraviy normativ-huquqiy hujjat deb yuritiladi) haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalar bo‘yicha, mazkur bobda belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda ko‘riladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 179 — 184-moddalari.
179-modda. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilish huquqi
O‘ziga nisbatan idoraviy normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi tatbiq etiladigan fuqaro yoki yuridik shaxs mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlangan uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzgan deb hisoblasa, ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasi.
180-modda. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizaning mazmuni
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ariza ushbu Kodeksning 128-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 128-moddasi.
Arizada quyidagilar ham ko‘rsatilishi kerak:
1) idoraviy normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning nomi;
2) idoraviy normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, e’lon qilish manbai va u to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar;
3) arizachining fikriga ko‘ra, uning ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning ayrim qismlari bilan buzilayotgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari;
Oldingi tahrirga qarang.
4) arizachining fikriga ko‘ra, idoraviy normativ-huquqiy hujjat yoki uning alohida qismlari nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan qaysi qonunchilik hujjatiga zid bo‘lsa, o‘sha qonunchilik hujjatining nomi;
(180-modda ikkinchi qismining 4-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
5) arizachining idoraviy normativ-huquqiy hujjatni to‘liq yoki qisman haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabi.
Arizaga ushbu Kodeksning 130-moddasida ko‘rsatilgan hujjatlar, shuningdek nizolashilayotgan normativ-huquqiy hujjatning matni ilova qilinadi.
Qarang: mazkur Kodeksning 130-moddasi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida sudga ariza berilganligi nizolashilayotgan hujjatning yoki uning ayrim qoidalarining amal qilishini to‘xtatib turmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |