Oldini olish va boshqarish
Infeksiya oldini olish uchun qoʻllarni tez-tez yuvish, boshqalardan uzoqroq masofada boʻlish hamda yuzni qoʻllar bilan ushlamaslik tavsiya qilinadi.[17] Niqoblardan foydalanish esa hamma uchun emas, balki virusni yuqtirganini shubha qilayotganlar hamda ularga qarayotganlargagina tavsiya qilinadi.[18][19] Ayni damda COVID-19 ga qarshi vaksina yoki preparat yoʻq. Kasallikni boshqarish simptomlarni davolash, izolyatsiya hamda eksperimental choralardan iborat.
Pandemiyadan keyingi hayot: Kelgusida nimalarga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak?
Virus insoniyatni sergak torttirdi
Oʻtgan yilning oxirida XXRning Uxan shahridan tarqalgan koronavirus (COVID-19) qisqa muddatda butun sayoramiz boʻylab yoyildi. Fevral oyi boshida Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti uning pandemiyaga aylanganini eʼlon qildi. Oʻzining yuqumliligi va tarqalish surʼati bilan bundan yuz yil oldin turli qitʼalardagi millionlab kishilarning hayotiga zomin boʻlgan “ispan gripi”ga oʻxshab ketadigan bu pandemial xastalikni virus tarqalish zanjirini uzish (karantin) bilangina nazorat ostiga olish mumkinligi boshidan maʼlum edi.
Dunyodagi davlatlar koronavirusga qarshi kurashar ekan, bu jarayonda odamlar salomatligini asrash, hayot maromini iloji boricha moʻtadil saqlashni ham uddalashi lozim edi.
Pandemiya butun dunyoda siyosat, iqtisod, ijtimoiy munosabatlarga boʻlgan qarashlarni, globallashuv, dunyo mamlakatlari haqidagi tasavvurlarni ham tubdan oʻzgartirdi, koronavirus insoniyatni sergak torttirdi. Qayd etish lozimki, baʼzi taraqqiy etgan davlatlarda ijtimoiy hamjihatlik taʼminlana olinmagani COVID-19 ni jilovlashdagi muvaffaqiyatsiz harakatlar hamda sarosima va tushkunlikka tushib qolishlariga olib keldi. XXR, Italiya, Ispaniya, Amerika, Rossiya kabi dunyoning yetakchi oʻlkalaridagi noxush vaziyat butun insoniyatni iztirobga soldi.
Koronavirus vahimasi boshlanganda Oʻzbekiston bu balo bilan kurasha olmaydi, degan fikrlar ham bayon qilingan edi, bilʼaks bu taxmin tasdiqlanmadi va Prezidentimiz, hukumat, shifokorlar va xalqning birgalikda harakati natijasida bir yarim oy ichida mamlakatimizda pandemiya nazorat ostiga olindi.
Xalqimiz oʻz tarixida bir necha bor namoyon qilganidek, davlat va jamiyat bir tan bir jon boʻlib harakat qilsa, har qanday ogʻir vazifani uddalashi va eng noqulay sharoitlardan ham chiqib keta olishini yana bir bor isbotladi. Xalqimizning davlatimiz rahbari chaqirigʻiga labbay deb javob bergani hamda COVID-19virusining yoyilishiga qarshi mutaxassislarning tavsiyalariga yoppasiga amal qilgani uning mentalitetidagi azaliy uyushqoqlik va intizomlilik xususiyatlarini namoyon etdi.
Hozirgi sharoitda odamlar xavfsizligi va salomatligidan qimmatroq narsa yoʻqligini hayotning oʻzi koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston kabi Markaziy Osiyo davlatlari koronavirusga qarshi kurashning qattiqqoʻl yoʻlini tanlagani, eng avvalo odamlarning sogʻligi va hayotini saqlab qolishga qaratilgani maʼlum. Chunki eng oddiy mantiqqa koʻra, davlat eng avvalo iqtisodni emas, bugungi postindustrial jamiyatda eng bebaho boylik boʻlgan fuqarolar va inson kapitalini asrashni oʻylashi lozim. Bundan 100-yil oldingi “ispan gripi”da ham odamlarni, ishlab chiqarish kuchlarini asrab qolgan davlatlar postpandemial ogʻir sharoitdan boshqalarga koʻra ertaroq chiqib ketishgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |