SHAHRISABZ SHAHRINING 2700 YILLIGINI NISHONLASHGA TAYYORGARLIK KO‘RISH TO‘G‘RISIDA
Jahon tarixi va madaniyatida alohida o‘rin tutgan Shahrisabz shahriga asos solinganligining 2700 yilligi munosabati bilan yubiley tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va tadbirlarni 2002-yil noyabr oyida YUNESKO ishtirokida yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazishni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. YUNESKO Bosh konferensiyasining 31-sessiyasi tomonidan Shahrisabz shahriga asos solinganligining 2700 yilligini nishonlashda YUNESKOning ishtirok etishi haqida qaror qabul qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi va tadbirlar rejasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda Shahrisabz shahrining tarixiy obidalarini 3-ilovaga muvofiq 2002-yilda ta’mirlashni ta’minlasin.
4. Qashqadaryo viloyati hokimligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qurilish, obodonlashtirish, aholini tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, aloqa, transport, sog‘liqni saqlash va kommunal xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish tadbirlari 4-ilovaga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Shahrisabz shahrining 2700 yilligini nishonlash munosabati bilan ta’mirlanadigan tarixiy obidalarni restavratsiya qilishga Madaniyat ishlari vazirligining 2002-yilda restavratsiya ishlari uchun mo‘ljallangan mablag‘laridan 400 mln so‘m va Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasidan 400 mln so‘m ajratishni nazarda tutsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom al-Buxoriy xalqaro jamg‘armasi, YUNESKOning va Shahrisabz shahrining 2700 yilligini nishonlash bo‘yicha tasdiqlangan tadbirlarni amalga oshirishda homiylik qilish istagini bildirgan boshqa tashkilotlarning tashabbusi qo‘llab-quvvatlansin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda 2002-yilgi investitsiya dasturida Qashqadaryo viloyati hokimligi bo‘yicha belgilangan markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar limitlari doirasida 1200 o‘rinli yig‘ma amfiteatr qurilishi uchun 200 mln so‘m ajratishni nazarda tutsin.
7. “O‘zteleradio” kompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari Shahrisabz shahrining 2700 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish keng yoritilishini ta’minlasinlar.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari K.N. To‘laganov va Bosh vazir o‘rinbosari H.S. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |