ALISHER NANOIY NOMIDAGI
SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI
O`ZBEK FILOLOGIYASI FAKULTETI
“HOZIRGI ADABIY JARAYON” FANINI O’RGANISH
BO’YICHA GLOSSARIY
AVTOPSIXOLOGIK LIRIKA – lirikaning subyektiv tashkillanishiga ko’ra ko’rinishi,
ijroviy lirikaga (q.) zidlagan holda farqlanuvchi lirik kechinma bevosita shoir tilidan ifoda
etilgan she’r. Mutaxassislar lirika aksar hollarda avtopsixologik bo’lishi, ayni chog’da, lirik
qahramon bilan biografik shoir doim ham bir-biriga teng emasligini ta’kidlaydilar (q. lirik
qahramon).
ADABIYoT NAZARIYaSI – adabiyotshunoslik fanining asosiy sohalaridan biri. A.n.
badiiy adabiyotning mohiyati, rivojlanish omillari, jamiyat hayotidagi o’rni va vazifalari, badiiy
asar tabiati hamda uning tuzilishi, badiiy til xususiyatlari, adabiy tur va janrlar kabi masalalarni
umumiy tarzda o’rganadi va shu asosda umumiy qonuniyatlarni ochib beradi.
ADABIY AN’ANA – o’tmish adabiyoti to’plagan ijodiy tajribalar qaymog’i, davrlar
o’tishi bilan ahamiyati va dolzarbligini yo’qotmagan, boqiy qadriyatga aylanib, avloddan-
avlodga o’tib kelayotgan qismi. Demak, A.a. doirasiga o’tmish adabiyoti erishgan yutuqlar,
to’plagan tajribalarning hammasi ham emas, balki uning muayyan davr ijodkorlari tomonidan
dolzarb deb topilgan, boqiy qadriyat sifatida baholangan va o’z ijodiy faoliyatlarida namuna deb
hisoblagan qismigina kiradi. Har bir avlod o’tmish adabiyotiga saylab munosabatda bo’ladi,
unga faol ijodiy yondashadi, salaflar tajribasini o’z davri qo’ygan badiiy-estetik vazifalarni
bajarishga xizmat qildiradi. Shunga ko’ra, A.a. va yangilik (q. novatorlik) hamqadamligi
qonuniy hodisa bo’lib, bu ikkisi dialektik aloqadagi birlikni tashkil etadi va adabiyot
taraqqiyotining muhim ichki omiliga aylanadi.
ADABIY MAKTAB (ruschadan kalka: “literaturnaya shkola”) – adabiy yo’nalish ichidagi
hodisa, muayyan g’oyaviy-estetik qarashlar, ijodiy prinsiplarni dasturiy tarzda qabul qilgan
ijodkorlar guruhi. Mas., fransuz romantizm adabiyotidagi “Parnas” guruhi shunday ijodkorlarni
birlashtirgan bo’lib, “parnas”chilarning g’oyaviy-estetik qarashlari, ijod namunalari “Yangi
Parnas” nomi bilan chop etilgan to’plamlarda o’z aksini topgan. XX asr boshlarida rus
adabiyotida maydonga chiqqan modernistik yo’nalish ichida simvolizm, akmeizm, futurizm kabi
oqimlar, futurizm oqimi ichida esa, mas., kubofuturizm deb yuritiluvchi adabiy maktab bo’lgan.
V.Xlebnikov, V.Mayakovskiy singari iste’dodli ijodkorlarni birlashtirgan kubofuturistlarning
“Gileya” guruhi o’z adabiy-estetik qarashlari, ijodiy prinsiplarini “Jamiyat didiga tarsaki” nomli
manifestda e’lon qilgan.
ADABIY OQIM (ruschadan kalka: “literaturnoye techeniye”) – adabiy jarayon bilan bog’liq
kategoriya, muayyan davr adabiyotidagi adabiy yo’nalishning bir ko’rinishi, o’ziga xos bir
varianti. Tipologik umumiylik bir yo’nalishga mansub ijodkorlarning ham g’oyaviy yoki estetik
jihatdan o’ziga xos tomonlari bo’lishini inkor qilmaydi. Ya’ni bir yo’nalish doirasidagi asarlarda
turlicha ideallar, dunyoqarash aks etishi, badiiy-estetik prinsiplarda muayyan farqlar kuzatilishi
tabiiy hodisadir. Bu narsa bir yo’nalish ichida alohida guruhni tashkil etayotgan ijodkorlarga xos
tipologik umumiylik haqida, adabiy yo’nalishning varianti sifatida bo’y ko’rsatuvchi A.o. haqida
gapirishga imkon beradi. Mas., barokko yo’nalishining varianti sifatida ispan adabiyotidagi
gongorizm, italyan adabiyotidagi marinizm yoki fransuzlarning presioz adabiyotini ko’rsatish
mumkin. Deylik, gongorizm g’oyaviy-estetik prinsiplari (Uyg’onish davri ideallariga zidlik,
uslubning jimjimadorligi, obrazlarning metaforikligi) jihatidan barokkoga mansub etiladi, ayni
chog’da, unda arab she’riyati ta’sirida bu xususiyatlar (majoziylikning o’ta kuchayishi,
uslubning murakkablashuvi, fikrni yashirin ifodalash, fikrni zakiylik bilan aytishga intilish va b.)
o’ziga xos tarzda namoyon bo’ladi.
ADABIYoT TARIXI – adabiyotshunoslik fanining asosiy sohalaridan biri. A.t.ning
predmeti – o’tmish adabiyoti bo’lib, uni jarayon yoki shu jarayonning bir bo’lagi (bosqichi)
sifatida tadqiq etadi. A.t.ning asosida tarixiylik prinsipi yotadi. Tarixiylik prinsipi adabiy
jarayonni konkret ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog’liq hodisa sifatida o’rganishni taqozo etadi.
ADABIY TA’SIR (ruschadan kalka: “literaturnoye vliyaniye”) – adabiy jarayonda tabiiy
ravishda va qonuniyat maqomida mavjud bo’lgan, badiiy tafakkur rivojida muhim ahamiyatga
molik hodisa. A.t. adabiy-badiiy hodisalarning zamon va makondan qat’i nazar, o’zaro aloqada
yashashi oqibati o’laroq voqye bo’ladi. Demak, A.t. bitta milliy adabiyot yoki adabiyotlararo
aloqalar, bir davr adabiyoti yoki turli davrlar adabiyoti doirasida ham kuzatiladi. Shunga ko’ra,
A.t.ning ko’lami va darajasi turlicha (umumiy va shaxsiy) bo’lib, ular bir qator omillarga
bog’liqdir. Deylik, turli xalqlarning yashash hududi, turmush tarzi, e’tiqodi kabi omillardagi
mushtaraklik (mas., forsiy va turkiy adabiyotlar) yoki muayyan tarixiy sharoitda turli xalqlar
orasidagi o’zaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarning kuchayishi (mas., rus adabiyoti bilan
o’zbek adabiyoti) bir milliy adabiyot tajribalarining boshqa bir milliy adabiyot tomonidan ijodiy
o’zlashtirilishiga olib keladi.
ADRESAT (nem. Adressat – pochta jo’natmasini oluvchi) – badiiy ijod jarayoni bilan
bog’liq holda ishlatiluvchi termin, ijod onlarida yozuvchi tasavvurida mavjud bo’lgan, asar
mo’ljallangan o’quvchi. Adabiyotshunoslikda ushbu tushuncha real o’quvchiga zidlangan holda
yana implisit o’quvchi, tasavvurdagi o’quvchi, ichki o’quvchi kabi terminlar bilan ham
yuritiladi.
ANALOGIYa (yun. analogia – o’xshashlik, mushtaraklik) – adabiy asardagi obrazlar,
syujet motivlari, ayrim epizodlar, xarakterlar va sh.k.larda kuzatiluvchi mushtaraklik,
o’xshashliklar. A.lar bitta asar doirasida ham, shu asar bilan boshqa (turli davr yoki turli milliy
adabiyotlarga mansub) asarlar orasida ham kuzatilishi mumkin.
BADIIYLIK – ijodiy-ruhiy faoliyat mahsuli o’laroq dunyoga kelgan asarning san’atga
mansubligini belgilovchi xususiyatlar majmui. Obrazlilik B.ning birlamchi sharti sanalib, u
voqyelikni badiiy obrazlar orqali idrok etish, badiiy obrazlar vositasida fikrlash demakdir.
Obrazlilik san’atning o’zak xususiyati bo’lib, u yo’q joyda B. ham mavjud emas. B. tarixiy
kategoriya sanaladi, uning talab va mezonlari har bir davrning ma’naviy-estetik ehtiyojlari,
badiiy didi bilan bog’liq holda o’zgarib turadi.
BADIIYLIK MODUSLARI (ruschadan kalka: “modusы xudojestvennosti”) – badiiylik
ko’rinishlari; badiiylik qonuniyatlari (badiiy butunlik, shartlilik, o’quvchiga yo’naltirilganlik,
originallik, universallik)ning namoyon bo’lish usullari. Modus tushunchasi adabiyotshunoslikka
kanadalik olim Nortrop Fray tomonidan kiritilgan. Fray moduslarni ajratishda muallifning badiiy
asar qahramoniga nisbatan nuqtai nazarini asos qilib oladi hamda moduslarning mif, rivoyat,
yuksak-mimetik, tuban-mimetik, kinoyaviy modus turlarini ajratadi.
BADIIY ShAKL VA MAZMUN – voqyelikdagi har qanday narsa o’zining tashqi
ko’rinishi (shakli) va shu shakl orqali anglashilayotgan mohiyati (mazmun)ga ega. Shakl va
mazmun kategoriyalari umumfalsafiy xarakterda bo’lib, ular voqyelikni (narsani) idrok qilishda
muhim ilmiy abstraksiyalardir.
BELLETRISTIKA (fr. belles letters – so’z san’ati, nafis so’z) – keng ma’noda umuman
so’z san’ati, badiiy adabiyot ma’nosini bersa-da, termin turlicha ma’nolarda ishlatiladi. 1) nasriy
yo’lda yozilgan adabiy asarlarni bildiradi; 2) so’z san’ati ma’nosidagi adabiyotga taalluqli
asarlarni badiiy qimmatiga ko’ra darajalash maqsadida klassika bilan ommaviy adabiyot
orasidagi hodisa ma’nosida qo’llanadi.
GERMENEVTIKA (yun. hermeneuo – tushuntirmoq, talqin qilmoq) – tushunish
nazariyasi, matnni talqin qilish tamoyillari haqidagi ta’limot, gumanitar fanlarning metodologik
asosi. G.ning ildizlari qadim G’arb va Sharq madaniyatiga borib taqalsa-da, XIX asrga kelibgina
alohida fan sohasi sifatida shakllangan bo’lib, nemis faylasuflari F.Shleyermaxer va V.Dilteylar
faoliyati bilan bog’liq.
GIPERBOLA (yun. hiperbole – o’ta kattalashtirish, bo’rttirish) – tasvirlanayotgan narsa yoki
hodisaning u yoki bu jihatini o’ta bo’rttirish, kattalashtirish asosiga qurilgan badiiy usul, stilistik
figura; ko’proq xalq og’zaki ijodi, romantizm she’riyati, satirik asarlarga xos (q. mubolag’a).
GONGORIZM – ispan shoiri L.de Gongora-i-Argote (1561 – 1627) nomi bilan bog’liq holda
ispan va portugal tillaridagi adabiyotlarda yuzaga kelgan barokko doirasidagi oqim (q. barokko).
GOTIK ROMAN – XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asrning birinchi yarmida Yevropa va
Amerika adabiyotlarida ommalashgan tematik jihatdan farqlanuvchi roman turi. G.r.lar
g’ayrioddiy, dahshat va sirlarga to’liq voqyealarni qalamga olishi bilan xarakterlanadi.
Mutaxassislar G.r. ma’rifatchilik romanlariga xos rasionalizmning ziddi o’laroq maydonga
chiqqani, badiiy adabiyot taraqqiyotida romantizmoldi hodisasi sifatida voqye bo’lgani hamda
Yevropa va Amerika adabiyotlarida romantizmning qaror topishiga sezilarli ta’sir qilganini
ta’kidlaydilar. G.r.ning asoschilari va yirik namoyandalari sifatida ingliz adiblari X.Uolpol,
A.Radklif, M.Lyuis, fransuz adibi J.Kazotlar e’tirof etiladi.
GRADASIYa (lot. gradatio – izchil kuchaymoq) – mazmunni izchil kuchaytirib borishga
asoslangan stilistik figura. G.ning ikki xil ko’rinishi mavjud bo’lib, birinchisi nutqiy birliklarni
ma’nosiga ko’ra belgi-xususiyat (holat, harakat va b.)ni kuchaytirish (klimaks), ikkinchisi esa
susaytirish (antiklimaks) tartibida ketma-ket keltirish orqali voqye bo’ladi. Mas., Iqbol Mirzo
she’ridan olingan quyidagi parchada ma’noning kuchaytirilgan takrori kuzatiladi:
Sevgilim,
dilsizlar dillarimizni,
toshbo’ron qilsalar,
vayron qilsalar,
tikonlar qoplasa yo’llarimizni...
Bunda ma’no “toshbo’ron – vayrona – tikonzor” tarzida kuchaytiriladi: toshbo’ron vayronalikka
olib keladi, tikanzorga aylanish esa vayronalikning yuqori darajasi. Bu o’rinda G. lirik qahramon
kechinmalari dinamikasini ifodalaydi, tuyg’uni kuchaytirib, kechinmani chuqurlashtirib boradi.
Aksincha, E.Shukur quyidagi she’rda xuddi shu samaraga belgi-xususiyatni susaytirib boruvchi
nutqiy birliklarni takrorlash orqali erishadi:
Jahonga sig’masak, uyga sig’masak,
Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?
Na-da gul bo’loldik, na o’t, na kesak
Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?
GRAFOMANIYa (yun. grapho – yozmoq, mania – kasallik, dard) – iqtidori bo’lmagan holda
yozishga ruju qo’ymoq. G. yozuvchilikni jo’n tushunish, unga shuhrat va boylikka erishishning
oson yo’llaridan biri deb qarash, o’zining ijodiy imkoniyatlarini real baholay olmaslik oqibatida
yuzaga keladi. Kitob nashr etish imkoniyatlari kengaygan hozirgi kun sharoitida G. keng
tarqalgan hodisaga aylandi. G. ma’lum darajada kasallik sanalishi (“maniya” psixik kasallikka
nisbatan ishlatiladi) mumkin, chunki unga yo’liqqan kishi o’z bitiklarini tanqidiy baholashdan
ojiz bo’lib qoladi, o’zgalar fikrini qabul qilmaydi, o’zini tan olinmagan daho deb biladi, har
qanday yo’l bilan asar yozish va chop ettirishga intiladi.
GROTESK (ital. grotta – yer ostidagi uy) – badiiy adabiyot va san’atdagi obrazlilikning
fantastika, kulgi va mubolag’aga asoslangan bir turi, uslub, badiiy usul. G.da reallik va xayolot,
go’zallik va xunuklik, fojeaviylik va komiklik kabi bir-biriga zid jihatlar g’alati, ajabtovur bir
tarzda birikib ketadi. Badiiy shartlilikning boshqa turlaridan farqli ravishda, G. hamisha
namoyishkorona oshkoraligi bilan ajralib turadi.
DADAIZM (fr. dada – yog’ochdan ishlangan o’yinchoq ot, ko’chma ma’noda bolalarga
xos betartib nutq) – Birinchi jahon urushi davri Yevropa adabiyoti va san’atidagi avangardistik
oqim; Birinchi jahon urushida qatnashayotgan yurtlardan betaraf Shveysariyaga kelib,
muhojirlikda yashayotgan anarxistik kayfiyatdagi ijodiy ziyolilar muhitida shakllangan, Syurixda
chop etilgan “Kabare Volter” (1916 – 1917) jurnali tevaragida uyushgan. D. mohiyat e’tibori
bilan urushga, jahon urushini keltirib chiqargan muhitga qarshi isyon edi. Ularning isyoni
mavjud tartibotlarni inkor qilish, ularni ma’nisiz (absurd) deb hisoblashda, anarxizmni bunday
sharoitda eng maqbul mavqye deb bilishda namoyon bo’ladi.
DETEKTIV ADABIYoT (ingl. detective – izquvar) – sarguzasht adabiyotining bir
tarmog’i, syujeti asosida sirli jinoyatlarni ochish bilan bog’liq voqyelar yotuvchi asarlarning
umumiy nomi. D.a. turli janrlarga mansub asarlarni – hikoya, qissa, romanlarni o’z ichiga
oladiki, bu uning tematik jihatdan ajratilishini ko’rsatadi.
IMPRESSIONIZM (fr. impression – taassurot) – XIX asrning so’nggi choragida dastlab
rangtasvir san’atida paydo bo’lib, keyinchalik boshqa san’atlarga ham sezilarli ta’sir o’tkazgan
yo’nalish. Adabiyotga tatbiqan I. termini keng va tor ma’nolarda qo’llanadi. Keng ma’noda I.ga
turli ijodiy metodlar doirasida kuzatilgan uslub hodisasi sifatida qaraladi. Jumladan,
impressionistik uslub realist san’atkorlar (Gi de Mopassan, A.P.Chexov, I.A.Bunin va b.)ijodida
ham kuzatilib, realistik tasvir imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilgan.
INVEKTIVA (lot. invehor – tashlanmoq, hujum qilmoq) – biron shaxs, ijtimoiy guruh yoki
hodisani keskin tanqid qilish, fosh etish, qoralashga qaratilgan nutq. Janrlarni mazmun jihatidan
tasniflagan holda ba’zan I.ni alohida lirik janr deb ko’rsatish hollari ham uchraydi. Biroq bu
unchalik to’g’ri emas. Chunki I. turli adabiy shakllar, turli janrlarda namoyon bo’ladi. Mas.,
antik Rimdagi ayblov nutqlari (Siseron. “Filippikalar”), ayrim epigrammalar, pamfletlar, xatlar I.
namunasi sanalishi mumkin. XX asr o’zbek she’riyatida I. ruhida ko’plab she’rlar yaratilgan.
Jumladan, Cho’lponning “Ulug’ Britaniyaning bu kungi hukumatiga”, “Qo’zg’olish”, G’afur
G’ulomning “Sharaf qo’lyozmasi” kabi she’rlari I.ga misol bo’la oladi.
KIRITMA HIKOYa – voqyeaband syujetli asar tarkibiga kiritilgan mustaqil hikoya. K.h.,
odatda, asar syujeti bilan bevosita bog’lanmaydi, o’zining mustaqil syujetiga ega bo’lib, asar
butunligiga mazmuniy jihatdan bog’lanadi va badiiy konsepsiyani ifodalashga xizmat qiladiki,
shu jihatlari bilan u mohiyatan gap tarkibidagi kiritma konstruksiyalarga o’xshashdir. Mas.,
“O’tgan kunlar”dagi usta Olim hikoyasi roman asosiy syujetiga bevosita bog’liq emas: u bosh
qahramon bilan tasodifan uchrashib qolgan kishining hikoyasi sifatida beriladi.
KLASSIKA (lot. classicus – namunali, mumtoz) – eng yaxshi, namunali, mumtoz deya
e’tirof etilganlik. Ya’ni, aslida, K. termini o’zida baho munosabatini ifodalaydi. Shunga
qaramay, K. so’zining muomala amaliyoti va adabiyotshunoslikdagi qo’llanishida turlichalik
mavjud. Jumladan, u konkret asar ( “Xamsa”, “O’tgan kunlar”, “Anor” va h.), muayyan bir
ijodkor (A.Navoiy, A.Qodiriy, A.Qahhor) yoki butun bir davrga (O’zbek klassik adabiyoti)
nisbatan ham qo’llanaveradi.
KOLLIZIYa (lot. collisio – to’qnashuv) – badiiy asarda tasvirlangan voqyea asosida
yotuvchi personajlar orasidagi to’qnashuvlar, ziddiyatlar. Ilmga Gegel tomonidan kiritilgan K.
termini adabiyotshunoslikda ba’zan konfliktning sinonimi sifatida qo’llanadi. Shunga qaramay,
ularni sezilarli farq bilan qo’llash amaliyoti ham mavjud.
KOMPARATIVIZM (lot. comparatives – qiyos, qiyosiy) – 1) keng va ko’pchilik tomonidan
istifoda etiladigan ma’noda qiyosiy adabiyotshunoslik (q.), adabiyot tarixining milliy adabiyotlar
taraqqiyotidagi o’zaro mushtarak va farqli tomonlar, milliy adabiyotlarning o’zaro aloqalari va
ta’siri masalalarini o’rganuvchi bo’limi; 2) tor ma’noda qiyosiy adabiyotshunoslikning
shakllanish davridagi bir bosqich, adabiy faktlardagi tashqi o’xshashliklarni (tarixiy shart-
sharoit, adabiy an’ana, ijodkor dunyoqarashi, uslubi kabi kontekstlar bilan bog’lamagan holda)
qiyoslash bilan cheklanilgan davr.
LIRIK ChEKINISh (rus. kalka: “liricheskoye otstupleniye”) – muallif nutqining ko’rinishlaridan
biri, epik yoki liro-epik asarlarda uchraydigan kompozision unsur. L.ch. deyilishining sababi
shuki, unda syujet voqyealarini hikoya qilish to’xtatib qo’yiladi va muallif ularga munosabati
oshkor tarzda ifodalashga o’tadi, ya’ni asosiy voqyeadan chekinadi. Mohiyat e’tibori bilan L.ch.
gap tarkibidagi modal so’z va konstruksiyalarga o’xshashdir.
METAFORA (yun. metaphora – ko’chirish) – ma’no ko’chishining keng tarqalgan turlaridan
biri, narsa-hodisalar orasidagi o’xshashlikka asoslanuvchi ko’chim turi, trop. M. mohiyatan
yashirin o’xshatish bo’lib, unda o’xshatilayotgan narsa tilga olinmagani holda, uning ma’nosini
o’xshayotgan narsa (ya’ni uni ifodalayotgan so’z) bildiradi.
METOD (yun. methodos – tadqiq usuli) – 1) ijodiy metod; marksistik estetikaning asosiy
kategoriyalaridan biri, XX asrning 20-yillaridan keng ommalashgan va ma’nosi o’zgarib borgan
termin. 30 – 40-yillar adabiyotshunosligida adabiyot va san’atdagi hayotni badiiy aks ettirishning
asosiy tamoyillari M. deb yuritilib, ikkita – realistik va norealistik ijodiy metodlar mavjud deb
hisoblangan. Keyinroq M. deganda badiiy asarning g’oyaviy mazmuni bilan bog’liq bo’lgan
hayot materialini tanlash, badiiy idrok etish va baholash prinsiplari tushunila boshlangan. Ya’ni
bunda M. badiiy tafakkur tarzi sifatida tushunilib, ijodkor e’tiborini voqyelikning u yoki bu
qirralariga qaratishi, tipiklashtirishi va baholashida namoyon bo’luvchi hodisa sanalgan. Keyingi
ma’no ko’chishi adabiyotning mafkura quroliga aylanishini ilmiy asoslash jarayonida amalga
oshgan va mafkuralashgan sho’ro adabiyotshunosligida M. tushunchasiga o’ta muhim ahamiyat
berilgan. Terminning keyingi ma’noda qo’llanishi badiiy ijoddagi ikki muhim unsur – metod va
uslubni alohida kategoriyalar sifatida tushunishga imkon bergan.
NATURALIZM (lot. natura – tabiat) – 1) tabiiy fanlar sohasida erishilgan ulkan muvaffaqiyatlar
ta’sirida XIX asrning 60-yillaridan boshlab Yevropa adabiyotlarida shakllangan adabiy
yo’nalish. Ilk bor Fransiyada maydonga kelgan N.ning falsafiy asosi – pozitivizm, O.Kont
ta’limotidir. XIX asrning 70-yillari o’rtalariga kelib E.Zolya atrofida shu yo’nalishga mansub
ijodkorlar (G.Flober, Gi de Mopassan, G.Ibsen va b.) maktabi shakllangan. E.Zolya o’zining
“Eksperimental roman”, “Naturalist romannavislar” nomli asarlarida N.ning nazariy asoslarini
ishlab chiqdi. Tabiiy fanlarning tabiat sirlarini o’rganish borasidagi yutuqlaridan ilhomlangan
naturalistlar jamiyatni, insonni shu kabi teran, yuksak darajadagi aniqlik bilan tadqiq etishni o’z
oldilariga maqsad qilib qo’yganlar, ularga ko’ra, badiiy bilish ilmiy bilishga monand bo’lmog’i
zarur.
NOVATORLIK (lot. novator – yangilovchi, yangilanuvchi) – adabiy jarayon bilan bog’liq
kategoriya, adabiy jarayonda an’ana bilan har vaqt dialektik aloqada mavjud bo’lgan hodisa,
adabiyot taraqqiyotining muhim ichki omili, badiiy tafakkur rivojiga sezilarli ta’sir o’tkazib,
keyinchalik an’anaga aylanuvchi muhim badiiy-estetik yangilik.
OBRAZLAR SISTEMASI – badiiy asardagi bir-biri bilan uzviy bog’langan obrazlar tizimi.
Amaliyotda O.s. deganda, ko’pincha, asardagi personajlar tizimi nazarda tutiladi, biroq bu
terminning tor ma’nosidir. Zero, O.s. faqat personajlarni emas, balki badiiy voqyelikni tashkil
qilayotgan jami (narsa, hodisa, joy va h.) obrazlardan tarkib topadi. Ya’ni badiiy asardagi har bir
obraz yaxlit sistemaning unsuri, shunga ko’ra, u butunning qismi sanaladi (q. badiiy obraz
turlari) va o’zining mazmun-mohiyatini butun kontekstidagina to’liq namoyon etadi.
OKTAVA (lot. octo, octava – sakkiz, sakkizlik) – sakkiz misradan tarkib topuvchi, besh yoki olti
stopali yamb (q. stopa) o’lchovidagi misralari abababcc tartibida qofiyalanuvchi band shakli.
Uyg’onish davri italyan she’riyatida yuzaga kelgan va tez orada italyan hamda ispan epik
poeziyasining asosiy band shakli bo’lib qolgan. Jumladan, L.Ariosto, T.Tasso singari mashhur
adiblarning epik poemalari O. band shaklida yozilgan. Keyinchalik O. band shakli boshqa
xalqlar adabiyotlarida ham o’zlashgan: nemis adabiyotida Gyote (“Faust”ga yozilgan
bag’ishlov), ingliz adabiyotida Bayron (“Don Juan”), rus adabiyotida V.Jukovskiy, A.Pushkin va
b. boy ritmik-intonasion imkoniyatlari, qofiyalanish tartibi va o’lchovning qulayligi sababli O.
band shaklida lirik she’rlar ham yoza boshlaganlar.
PALEOGRAFIYa (yun. palaios – qadimgi, grapho – yozmoq) – yozuvlar tarixini o’rganuvchi
tarixiy-filologik fan sohasi. P.ning vazifalari doirasiga qadimgi yozma yodgorliklarni tadqiq
etish, bitiklarni o’qish (rasshifrovka), ular yaratilgan joy va vaqtni aniqlash kabilar ham kiradi. P.
bu vazifalarni yozuv asosida, qadimgi bitiklarning yozuv xususiyatlaridan kelib chiqqan holda
amalga oshiradi. P. o’z faoliyatini tarix, til tarixi, adabiyot tarixi, matnshunoslik kabi sohalar
bilan mustahkam aloqada olib boradi. Jumladan, matnshunoslik faoliyatida P. muhim yordamchi
soha bo’lib xizmat qiladi.
POSTSTRUKTURALIZM (fr. poststructuralisme – strukturalizmdan keyingi) – ijtimoiy-
gumanitar bilim sohalarida o’tgan asrning 70-yillaridan boshlab shakllangan ilmiy
yondashuvlarning umumiy nomi. P. strukturalizm bag’rida yetishgan, uning davomi va qisman
ziddi sifatida maydonga chiqqan bo’lib, ba’zan neostrukturalizm deb ham yuritiladi. P. uchun
dasturiy sanaluvchi ayrim asarlar (mas., J.Derrida. “Grammatologiya haqida”) 60-yillarning
oxiridayoq chop etilgan bo’lsa ham, 70-yillarda unga strukturalizmning bir qanoti deb qaralgan,
80-yillardan boshlab konseptual mustaqillikka erishgan.
PSIXOLOGIK MAKTAB – XIX asrning oxirgi choragida Yevropa va rus
adabiyotshunosligida maydonga kelgan ilmiy yo’nalish. P.m. madaniy-tarixiy maktab va
biografik metod qarashlarini qayta idrok etib, ularni rivojlantirish asosida shakllangan. Xuddi
madaniy-tarixiy maktab kabi, P.m. ijodkor shaxsning shakllanishida oila, ijtimoiy muhit, davr
singari omillarning muhimligini e’tirof etadi, biografik metod kabi badiiy asarda ijodkor shaxsi
aks etadi deb biladi. P.m. mazkur qarashlarni birlashtiradi, ya’ni bu omillarning bari ijodkor
ruhiyati orqali namoyon bo’ladi deb hisoblaydi va shundan kelib chiqib, ijodkor ruhiy
biografiyasi, badiiy ijodning ruhiy tomonlarini o’rganishni diqqat markaziga qo’yadi. P.m.ga
ko’ra, badiiy obraz inson ko’nglida dunyo bilan aloqa ta’sirida paydo bo’lgan kechinmalarning
tashqariga chiqishi, moddiylashuvi natijasidir.
REMINISSENSIYa (lot. reminiscentia – xotirlash, eslash) – 1) adabiy hodisalarning
dialogik munosabatda bo’lishi natijasi o’laroq yuzaga keluvchi hodisa, adabiy asardagi ilgari
mavjud bo’lgan asarlarni yodga soluvchi nuqtalar. Bunday R.lar anglangan yoki anglanmagan
(asarda ijodkor xotirasida muhrlanib qolgan o’zga asardagi nuqtalarning g’ayriixtiyoriy tarzda
aks etishi) ravishda voqye bo’ladi; ular ochiq-oshkor emas, shu bois ilg’ab olinishi ham
birmuncha qiyin va shu jihati bilan o’zlashtirish va taqliddan farqlanadi.
RETARDASIYa (lot. retardation – sekinlashtirish, tutib turish) – epik asarlarga xos syujet-
kompozision usul, voqyealar haqida hikoya qilishni, syujet rivojini sekinlatish. R. asarga
syujetdan tashqari elementlar (lirik chekinishlar, mufassal portret, peyzaj tasviri, personaj
xarakteristikasini berish, personajning o’tmishi haqida hikoya qilish, kiritma hikoyalar, rivoyat
va sh.k.lar)ni kiritish orqali amalga oshadi. Mas., “Mehrobdan chayon”ning boshlanishida shu
usulda har bir personaj haqida tafsilotlar beriladi, natijada Solih mahdum asarning boshida
buyurgan manti 17-bobga borib yeyiladi, ya’ni asosiy voqyeaning hikoya qilinishi
sekinlashtiriladi.
SARKAZM (yun. sarkaso – etini yulmoq) – 1) komiklikning turi, tasvirlanayotgan
narsaga qaratilgan zaharli kulgi. Antik davrlardan keluvchi an’anaga ko’ra, S.ga kinoyaning bir
turi, uning keskin va yuqori darajada namoyon bo’lishi sifatida qaraladi. S. bilan kinoya orasida
o’xshashlik kattaligiga qaramay, ularni jiddiy farqlovchi jihatlar ham bor.
SENTIMENTALIZM (fr. sentiment – his) – XVIII asrning ikkinchi yarmida Yevropa
milliy adabiyotlarida vujudga kelgan oqim, nomlanishi ingliz adibi L.Sternning “Sentimental
sayohat”(1768) asari bilan bog’lanadi. Ma’rifatparvarlik rasionalizmining tanazzulga uchrashi
natijasida maydonga chiqqan S., undan farqli o’laroq, inson tabiatining javhari ong emas, hisdir,
degan qarashga asoslanadi. Shunga ko’ra, S. mukammal insonni tarbiyalashning sharti dunyoni
aqlga muvofiq tarzda qayta qurish emas, unga tabiatan xos bo’lgan hislarni erkinlashtirish va
rivojlantirishdir, deb biladi. S. adabiyotining qahramoniga xos muhim xususiyat yuqori darajada
individuallashtirilganlik bo’lib, bu jihati bilan u jonli insonga yaqinroq turadi.
SENTIMENTALLIK (ruschadan kalka: “sentimentalnost”) – muallif emosionalligi
ko’rinishlaridan biri; ma’naviy dunyosi g’oyat boy bo’lgani holda, hayotda shunga munosib
o’rin topolmagan, taqdirning izmi yoki jamiyatning joriy tartibotlari bir chetga surib qo’ygan
insonlarga achinish hissi bilan yo’g’rilgan munosabat. Badiiylik moduslaridan farqli ravishda, S.
ko’proq subyekt bilan bog’liq. Ya’ni bu o’rinda subyekt – obyekt – o’quvchi uchligidan
birinchisi (ijodkor) yetakchilik qiladi.
SIMVOLIZM (yun. simbolon, fr. simbolisme – belgi, nishon) – Yevropada XIX asr oxiri – XX
asr boshlarida kuzatilgan madaniy-ma’naviy inqiroz sharoitida, pozitivistik yondashuv (q.
naturalizm) va tobora urchib borayotgan omma adabiyoti (belletristika) namunalari
obro’sizlantirgan realistik tasvir prinsiplariga qarshi o’laroq, vujudga kelgan adabiy oqim. S.ning
adabiy-estetik asoslari XIX asrning 60 – 70-yillarida P.Verlen, A.Rembo, S.Mallarme kabi
fransuz shoirlari ijodi bilan qo’yilgan. Mutaxassislar S.ga romantizm vorisi sifatida qaraydilar,
shu bois ham uning falsafiy asoslarini A.Shopengauer, E.Gartman va, qisman, F.Nisshe
ta’limotida ko’radilar.
TENDENSIYa (lot. tendere – yo’naltirish, intilish) – tasvirlanayotgan voqyea-hodisalarga
muallifning g’oyaviy-hissiy munosabati, obrazlar sistemasi orqali aks etuvchi asar
problematikasining badiiy idrok etilishi va baholanishi. T. asar problematikasidan kelib chiqib
tanlangan hayot materialini muayyan maqsadga mos umumlashtirgan va yo’naltirgan holda,
badiiy g’oyani yuzaga chiqaradi. Aslida, T. yaratilajak asarning g’oyaviy-tematik tomonlariga
ijod jarayonining ilk bosqichidan boshlab faol ta’sir qiladi.
TIP (yun. typos – nusxa, namuna) – badiiy obrazning umumlashtirish darajasiga ko’ra turlaridan
biri, insonning muayyan tarixiy davr va undagi konkret ijtimoiy muhitga xos umumiy
xususiyatlarni o’zida jam etgan umumlashma obrazi. Termin adabiyotshunoslikda ikki xil
ma’noda qo’llanadi. Birinchisi – T. so’zining leksik ma’nosiga mos, bunda o’zida insonga xos
muqim fe’l-xususiyatni mujassam etgan obraz nazarda tutiladi. Ya’ni mohiyat e’tibori bilan
bunday obraz emblemaga yaqinlashadi (mas., Sharq mumtoz adabiyotidagi Hotami Toyi; G’arb
adabiyotida Don Juan), bunday obrazlar ma’lum bir fe’l-xususiyat (saxiylik, xasislik, ochko’zlik,
ikkiyuzlamachilik va sh.k.)ning belgisiga aylanadi, ularda shaxs individualligi muhim emas.
USLUB (ar. ????? – tartib, usul, yo’sin, tarz) – poetikaning muhim kategoriyalaridan biri; badiiy
asarning u yoki bu tarzdagi shakliy qurilishini belgilovchi umumiy prinsip. U. antropologik,
ya’ni ijodkor shaxsi bilan bog’liq kategoriya sanalib, uning ijodiy individualligini belgilaydi.
U.da namoyon bo’luvchi ijodiy individuallik badiiy asarning barcha sathlarida (badiiy matnning
tuzilishi – ritorika, badiiy voqyelikni yaratish prinsiplari – poetika) birdek ko’zga tashlanadi.
Ya’ni U. badiiy shaklning unsuri emas, balki unga xos xususiyatdir. U. asardagi shakl
unsurlarining o’z holicha emas, balki muayyan qonuniyat asosida yaxlitlikka birikishini
ta’minlaydi, har bir unsurning butun tarkibidagi mohiyati va funksiyasini belgilaydi.
FANTASTIKA (yun. phantastike – taxayyul san’ati) – haqiqatda mavjud bo’lmagan, taxayyul
kuchi bilan tasavvurdagina yaratilgan narsa-hodisalar tasviri, shunga asoslanuvchi adabiy asarlar
jami. Fantastik asar yuqori darajadagi shartlilik kasb etuvchi fantastik obrazlilikka tayanadi, u
muallifdan ham, o’quvchidan ham ijodiy fantaziyani to’la quvvat bilan ishlatishni talab etadi.
Ayni chog’da, F. faqat xayolot mahsuli emas, uning zamirida mavjud voqyelikning izlari sezilib
turadi, zero, xayol shu mavjudlikdan kuch olgan holda parvoz qiladi.
XRIYa (yun. chrao – ma’lum qilmoq, naql qilmoq) – aforistikaning janr ko’rinishlaridan biri,
ulug’ zotning konkret sharoit bilan bog’liq holda aytgan ibratli gapi yoki amali haqidagi jajji
hikoya. Antik ritorikada X.larga notiq fikrini dalillash uchun ishlatilgan vosita deb qaralgan.
Aforizmdan farqi shuki, X.da ibratli gap aytilgan konkret sharoit ham bayon etiladi. Mas.:
“Keksaygan chog’ida xastalanib qolgan Suqrotdan kimdir hol so’rab, ishlari qanday
ketayotganini so’radi. Faylasuf aytdiki: “Har jihatdan yaxshi: mabodo sog’ayib ketsam,
hasadgo’ylarim ko’payadi, o’lsam – do’stlarim”.
SIKL (yun. kyklos – aylana, g’ildirak) – muallif tomonidan bir necha mustaqil asarning janr,
mavzu, personajlar, hikoyachi va sh.k. jihatlardan umumiyligi asosida bitta guruhga
birlashtirilishi, turkum. Adabiyotshunoslikda S. masalasida yakdil fikrga kelingan emas. Ayrim
mutaxassislar S.ga alohida janr sifatida qaraydilar. Biroq bu holda, birinchidan, S.ni tashkil
qilayotgan har biri mustaqil va muayyan janr shakliga ega asarlarni butunning qismi (xuddi
asarning bitta bobi kabi) hisoblash kerak bo’ladiki, haqiqatda ularning har biri tom ma’noda
mustaqildir. Shunga ko’ra, ikkinchidan, S. adabiy asarga xos bir butunlik xususiyatiga ega emas.
SITATA (lot. cito – chaqiraman, keltiraman) – asarda birovga tegishli asar (matn)dan olingan
so’zma-so’z ko’chirma keltirish. Matn ichida S.lar, odatda, qo’shtirnoqqa olinadi, epigraf sifatida
keltirilganida esa grafik jihatdan (sahifaning o’ng tomonida joylashadi, asosiy matnga qaraganda
kichik o’lchamli harflar bilan yoziladi) ajratiladi va ostida manbasi ko’rsatib qo’yiladi. Mumtoz
sharq she’riyatidagi naziralar, tatabbularda S.lar (o’zga shoir misrasi yoki bayti) yozuvda
ajratilgan emas. Muayyan ma’noda taxmis ham S. asosiga quriluvchi asar sanalishi mumkin.
Taxmis sarlavhasida muxammas kimning g’azaliga bog’langani ko’rsatiladi, maqta’sida esa
g’azal muallifi bilan taxmis bog’lovchining taxallusi keltiriladi, shular asosida S.larni farqlab
olish mumkin bo’ladi.
EKSPROMT (lot. expromtus – tayyor) – ijodiy improvizasiyaning bir ko’rinishi, biron narsa-
hodisa haqida hyech bir tayyorgarliksiz, shu paytning o’zidayoq aytilgan yoki yozilgan she’r (q.
badiha).
EPIGONLIK (yun. epigonoi – keyin tug’ilgan) – adabiyotdagi o’zlashtirish ko’rinishlaridan biri,
o’zigacha mavjud bo’lgan asarlarga, muayyan adabiy yo’nalish, oqim yoki alohida so’z
san’atkoriga xos uslub, tasvir manerasi kabilarga ko’r-ko’rona ergashish. E. ijodiy yondashuvdan
mahrum bo’lib, unda adabiy hodisa (muayyan asar, yo’nalish yo ijodkor uslubi va sh.k.)ning u
yoki bu darajada muvaffaqiyat topgan va muqim qaror topib ulgurgan jihatlari mexanik qayta
yaratiladi.
EPILOG (yun. epilogos – so’ngso’z) – asarda tasvirlangan asosiy voqyealardan alohida ajralib
turuvchi yakun, xotima. Antik davrlardan shakllangan an’anaga ko’ra, sahna voqyealari yakun
topgach, E. qismi berilib, ular mundarijasi (sahnada o’ynalgan tomosha mazmunini tushuntirish,
qissadan hissa chiqarish, tomoshabinlarga minnatdorchilik bildirish, kamchiliklar uchun
uzrxohlik qilish va sh.k.) va shakli (xor qo’shig’i, raqs, aktyorlarning zalga bevosita murojaati va
b.) jihatidan turlicha bo’lgan. Keyincha E. epik asarlarda ham qo’llana boshlandi. Epik asarlarda
ham E. turli shakllarda (voqyea, biron bir rivoyat, tabiat manzarasi va b.) berilishi mumkin.
«Hozirgi adabiy jarayon» fanidan
MUSTAQIL ISHLAR MAVZULARI
Eslatma: har bir mavzu yuzasidan savollar tuzib,
Mustaqil ish ana shu savollar asosida yoziladi.
Shuningdek, barcha mavzular uchun
umumiy adabiyotlar ro’yxati tavsiya etilgan.
Mustaqil ishlar, o’qitishning eng muhim metodi bo’lib, unda talabalarning
mashg’ulotlarga tayyorlanish, olingan bilim, malaka va ko’nikmalarini mustahkamlash
jarayonida ularning individual faolligi oshadi.
Mustaqil ishlarni samarali tashkil yetishning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
•
Do'stlaringiz bilan baham: |