Abdulhay Nosir
Aniq javob
O‘tgan yili yozgi ta’tilning ilk kunlari edi.
– Xo‘sh, o‘g‘lim, ta’tilda nima qilmoqchisan? – so‘radi nonushta paytida otasi Rustamjondan.
– Qo‘ylarga qarayman, – dedi Rustam.
– Bu kam, – dedi norozi ohangda otasi.
– Kitob o‘qiyman, televizor ko‘raman, futbol o‘ynayman, cho‘milishga boraman.
– Bu ham kam, – dedi o‘g‘lining javobidan ko‘ngli to‘lmagan ota, – balki jo‘ja boqarsan?
Rustamjon otasining bu savoliga xomushgina jilmayib qo‘ydi.
Suhbatga xontaxta yoniga kelib o‘tirgan onasi qo‘shildi:
– Qo‘ysangiz-chi, o‘tgan yili o‘nta jo‘jani mushukka oldirib qo‘yib, kuyinganidan bir hafta ovqat yemagan.
– Bir safar oldirgan bo‘lsa, keyingi safar ehtiyotkorroq bo‘ladi, – o‘g‘lining yonini oldi otasi.
Yakshanba kuni ota-bolaning bozori baroridan keldi. Otasi unga naq o‘n uchta bolasi bor tovuq olib berdi.
– Endi xavotirlanmasang ham bo‘ladi. Tovuqlar jo‘jalarini juda ehtiyot qiladi, – dedi otasi o‘g‘lining xavotirini yengish uchun.
Yaxshilab oqlangan bejirimgina, ozoda tovuqxonaga kirgan ona tovuq bolalarini qanotlari ostidan chiqaray demasdi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tgachgina, jo‘jalar ko‘rinish bera boshlashdi. Biri chipor, biri malla mittivoylar biram chiroyli...
Nihoyat, ona tovuq bolalarini hovliga sayrga olib chiqdi. O‘sha kuni qo‘ylariga o‘t tashlashga ketgan Rustamjon jo‘jalarni nazoratsiz qoldirdi. Pistirmada turgan yovvoyi mushuk payt poylab jo‘jalarning biriga tashlandi. Ona tovuq hushyor ekan. Uni shunday shiddat bilan tepdiki, kutilmagan zarbdan mushukvoy uchib ketdi va tirnoqlari ostidagi jo‘jani qo‘yib yubordi. Bungacha ona tovuq bosqinchini yana bir marta tepishga ulgurdi. Mushukning ko‘ziga tovuqning panjalari kirdi shekilli, arang o‘zini o‘nglab bog‘ eshigi tomon qochdi. Rustamjon qo‘lida bir tutam bedani ushlagancha qotib turardi. Birov, tovuq mushukni tepibdi, desa ishonmagan bo‘lardi. Nazarida, ona tovuq qahramon edi. U go‘yo o‘tgan yili mushuk yeb ketgan jo‘jalar uchun ham o‘ch olgan edi.
Rustamjon kechki ovqat vaqtida ona tovuqning jasoratini gapirib berdi.
– Xo‘sh, o‘g‘lim, jo‘jalar qishda nima yeydi? – so‘radi otasi jiddiy ohangda.
– Bozordan don olib kelamiz, – dedi Rustam xotirjam.
– Hovlining etagidagi bo‘sh yerga jo‘xori eksang, kuzgacha don bo‘ladi. Nasib qilsa, jo‘jalaring yangi yilda tuxumga kiradi. Don o‘zimizdan chiqsa deyman.
Ertasi kuni ota-bola bo‘sh yotgan yerni ag‘darib, jo‘yak olishdi. Tushgacha yigirmata ariqqa jo‘xori ekib tashlashdi. Oradan yarim yil o‘tib otasi aytganidek bu “dala malikasi”ning poyasi qo‘ylarga, doni tovuqlarga, so‘tasi oyisining tandiriga, popugi esa buvisining damlamasiga yaradi. Aytishlaricha, damlangan popuk suvi jigar xastaligiga davo ekan.
Bir yildan so‘ng esa, Rustam kurka, o‘rdak, g‘oz ham boqa boshladi. Ularga hovlida qo‘lbola hovuz yasadi. Bemor parrandalar uchun “jonlantirish” bo‘limi ochdi. Dadasining kitob javonidagi parrandachilikka oid anchagina kitoblarini qiziqib o‘qib chiqdi. Ularni davolashni ham o‘rganib oldi. Hozir Rustamjondan, “Kelajakda kim bo‘lmoqchisan?” deb so‘rasangiz, faxr bilan “Veterinar”, deb dadil javob beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |