91-modda. Prezident o‘z vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq to‘lanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati bo‘lishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Prezidentning shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etiladi.
92-modda. Prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
"O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman".
Do'stlaringiz bilan baham: |