78-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1)O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
2)O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
3)O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
4)O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
5)O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
6)O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
7)boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
8)O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish;
9)soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
10)O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
11)tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish;
12)davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish;
13)O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
14)O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
15)O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
16)O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning o‘rinbosarini saylash;
17)O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
18)O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash;
19)O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
20)xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
21)ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |