2. Tijorat banklarning funktsiyalari
Tijorat banklarning mohiyati ularning funktsiyalarida yanayam yaqqolroq namoyon bo’ladi. Banklarning funktsiyalari ularning nazariy masalalari sifatida e’tirof etiladi. Shu bois ham banklarning mohiyatini yoritishda vujudga kelgan qator mulohazali holatlar ularning funktsiyalarini yoritishda ham mustasno emas. Xususan, iqtisodiy adabiyotlarda banklarning funktsiyalari haqida qator mulohazali va tushunmovchilik holatlar mavjud. Masalan, ayrim manbalarda banklar bajaradigan operatsiyalar ularning funktsiyalari sifatida qayd etiladi. Bu erda bank faoliyati natijasida ular tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalari nazarda tutiladi. Biroq, shuni ta’kidlash joizki, banklarning barcha operatsiyalari ham ularning funktsiyalari bo’la olmaydi. Bank funktsiyasi uning ma’lum ko’rinishdagi faoliyatini ifodalaydigan iqtisodiy kategoriya bo’lishi lozim.
Shunga qaramasdan, ayrim iqtisodiy manbalarda banklar to’lov aylanmasi, kassaga naqd pullarni qabul qilish va berish, kredit berish, qimmatli qog’ozlarni saqlash va boshqarish, naqd va naqdsiz ko’rinishda xorijiy valyutani sotish va sotib olish, shuningdek, bank tomonidan bajaraladigan boshqa operatsiyalar ularning funktsiyalari sifatida ta’kidlanadi.
Bundan tashqari, iqtisodiy adabiyotlarda banklarning qimmatbaho metallar va buyumlarni saqlash uchun maxsus seyflar berish, xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kapitalini shakllantirishda ishtirok etishi, kreditlash uchun resurslarni jalb etish va boshqa shu kabi operatsiyalari ularning funktsiyalari sifatida talqin etiladi. Albatta, bu banklarning pul – kredit siyosatini amalga oshiruvchi muassasa sifatidagi faoliyatini aniqroq tushinishda va ularning imkoniyatlari kengligidan dalolat beradi. Biroq, ushbu operatsiyalarning barchasi banklarning funktsiyalari bo’lib hisoblanmaydi. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, banklarning har – bir operatsiyasini ularning funktsiyalari sifatida e’tirof etadigan bo’lsak, demak zamonaviy banklar 300 dan ortiq funktsiyani bajaradi degan fikr paydo bo’ladi.
Tijorat banklarning funktsiyalari haqida gap ketganda, bu jarayonni nafaqat banklar nuqtai nazaridan, balki uning mijozlari manfaatlaridan ham kelib chiqib so’z yuritish lozim. Shu jihatdan banklarning funktsiyalarini o’rganishda ularni quyidagi mezonlariga e’tibor qaratish lozim:
makroiqtisodiy darajada, banklar va real sektor ishtirokchilari o’rtasida iqtisodiy munosabatlar;
banklarning tashkiliy – huquqiy va mulkiy shakli jihatidan amal qilishi (Markaziy bank, tijorat banki, ixtisoslashgan bank va boshqalar).
Banklarning funktsiyalari to’g’risida fikr yuritganda quyidagi masalalarni e’tibordan chetda qoldirish kerak emas. Birinchidan, banklarning funktsiyalari ularning mohiyatini kengroq ochishga xizmat qilishi lozim, ikkinchidan, banklarning funktsiyasi sifatida ta’kidlangan iqtisodiy kategoriya barcha moliyaviy institutlarning xususiyatlariga xos bo’lgan jarayon emas, balki faqat banklargagina xos bo’lgan iqtisodiy kategoriya bo’lishi lozim.
Ma’lumki, banklarning asosiy operatsiyalaridan biri iqtisodiyotdagi bo’sh pul mablag’larini tegishli shartlar asosida o’ziga jalb etishga qaratilgan. Bu banklarning funktsiyasi bo’la oladimi, degan savol tug’iladi. Markaziy bankda tijorat banklarining majburiy zaxiralari jamg’ariladi, banklarda esa aholi va mijozlarning vaqtinchalik bo’sh pul mablag’lari jamg’ariladi. Iqtisodiyotda vaqtinchalik bo’sh pul mablag’larni jamg’arish banklarning qadimiy operatsiyalaridan biri hisoblanadi. Bu erda asosiy masala shundan iboratki, vaqtinchalik bo’sh pul mablag’larni jamg’arish faqatgina banklarga xos bo’lgan operatsiya emas, ushbu operatsiyani jismoniy shaxslar yoki boshqa yuridik shaxslar ham amalga oshirishi mumkin. Chunki, har qanday sub’ekt u yoki bu ob’ektni moliyalashtirish uchun dastlab ma’lum miqdordagi moliyaviy mablag’larni jamg’arishi lozim. Biroq, masalaga yanayam chuqurroq yondashadigan bo’lsak, banklar ushbu operatsiyani bajarganda boshqa xo’jalik yurituvchi sub’ektlar bajaradigan operatsiyalardan jiddiy farq qiladi. Ular asosan quyidagi holatlarda namoyon bo’ladi:
banklar pullarni jalb etganda o’z pullarini emas, balki begona shaxslarning mablag’larini jamg’aradi;
banklar jamg’argan mablag’larni o’zining ehtiyoji uchun emas, balki boshqa shaxslarning ehtiyojlari uchun sarflaydi (qayta taqsimlash asosida).
Tijorat banklarning funktsiyalari xususidagi mulohazalarni chuqurlashtirish fikridan yiroq ekanligimizni ta’kidlagan holda, ularning quyidagi funktsiyalari mavjudligini qo’llab – quvvatlaymiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |