2
Baxshichilik san’atining jonli og‘zaki ijro jarayonlarida yashashi, davom
etishi barqaror uzviy an’analarga bog‘liq bo‘lgan holatlardandir. Zamonaviy san’at
turlarining ijtimoiy-madaniy hayotimizga kirib kelishi va ommalashuvi barqaror
uzviylikning davom etmasligiga olib keldi. Natijada jonli epik an’analarda jiddiy
o‘zgarishlar sodir bo‘lib, uning sahnaviy talqinlari yuzaga keldi. Baxshichilik
san’ati bilan bog‘liq bunday o‘zgarishlar repertuarda sun’iy, yasama dostonlarning
paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ushbu tadqiqot natijalari jonli og‘zaki ijro bilan
bog‘liq ana shunday jarayon haqida so‘z yuritadi.
Mazkur risola oliy o‘quv yurtlarining filologiya ixtisosligi talabalari va xalq
og‘zaki ijodi bilan shug‘ullanuvchi keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan.
Mas’ul muharrir: T.Mirzayev,
Beruniy nomidagi respublika Davlat mukofoti laureati,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari
doktori, professor
Taqrizchilar: A.Ergashev,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar
murabbiysi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
D.Xalilova,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
3
KIRISH
Xalqimizning bebaho ma’naviy boyligi hisoblanmish folklor namunalari
orasida xalq dostonlari alohida o‘rin tutadi. Doston kuylash, ya’ni baxshichilik
san’ati esa o‘zining qadimiy ildizlariga ega. Bu san’at ustozdan shogirdga,
avloddan avlodga bevosita jonli ijro orqali o‘tadi. Folklorshunoslarimizning XX
asr davomida olib borgan ilmiy kuzatishlari respublikamizda bir qator
dostonchilik markazlari – o‘nlab dostonchilik maktablari mavjud bo‘lganligini
ko‘rsatdi. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Farg‘ona, Xorazm, Surxondaryo va
Qashqadaryo dostonchilik maktablari buning yorqin misolidir. Ayni paytda
baxshichilik san’ati, baxshilarning doston ijro etish mahoratlari, dostonchilik
maktablari, dostonchilik maktablarida ustoz va shogird an’analari, dostonlarda
g‘oyaviy-badiiy xususiyatlar, so‘z va sozning badiiy ta’sir kuchiga e’tibor kabi
masalalarni o‘rganish, tahlil qilish muhim vazifalardan hisoblanadi. Bu borada
folklorshunosligimizda
H.Zarifov,
M.Saidov,
T.Mirzayev,
B.Sarimsoqov,
M.Murodov, A.Qahhorov, M.Jo‘rayev, A.Ergashev, Sh.Turdimov, J.Eshonqulov
va boshqa ko‘plab olimlarimiz ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirdilar. Shu bilan
bir qatorda jonli epik an’analarga ijtimoiy-madaniy omillarning ta’siri natijasida
doston va uning ijrochilari dunyoqarashida yuzaga kelgan o‘zgarishlarni folkloriy
jarayonlarda o‘rganish dolzarb vazifalardandir. Zero, Prezidentimiz I.A.Karimov
ta’kidlaganidek: “...ota-bobolarimizning udumlarini tiklab, ularga munosib voris
bo‘lish – bundan og‘irroq va bundan sharafliroq vazifa yo‘q bu yorug‘ dunyoda.
Ajdodlarimizning qoldirgan ma’naviy merosining o‘zi katta bir xazina. Bu
xazinadan oqilona foydalanish lozim”.
1
Ana shunday ulug‘vor vazifalardan kelib chiqqan holda bugungi baxshichilik
san’atining o‘ziga xos xususiyatlari, baxshilar ijrochiligida epik xotira, bilim va
dunyoqarashning o‘rni, ijtimoiy-madaniy omillarning jonli og‘zaki ijro va barqaror
uzviylikka ta’siri kabi masalalar maxsus tadqiqot ishlarini talab etadi. Зеро,
XXasrda kechgan ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar baxshilarning ijro jarayonlariga
katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu ta’sir asriy an’analar asosida shakllanib kelgan
baxshichilik san’atining so‘nishiga, yangicha talqinlarda ijro etilishiga olib keldi.
Bunday holatlar esa repertuarda sun’iy, yasama dostonlarning paydo bo‘lishiga
sabab bo‘ldi. Baxshichilik san’ati bilan bog‘liq bu kabi o‘zgarishlarni biz Janubiy
O‘zbekiston dostonchiligi misolida ko‘rsatishga harakat qildik. Shuningdek,
Janubiy O‘zbekiston dostonchiligida jonli ijro jarayonining qanday kechuvini
kuzatish, avlodlar o‘rtasidagi ijodiy vorisiylik, tashqi va ichki ta’sirlar natijasida
epik an’analarning yangilanishi bilan bog‘liq xususiyatlarni o‘rganish ham
shunday vazifalardandir. Ushbu tadqiqot natijalari ana shunday katta jarayonni
ilmiy asosda qamrab olganligi bilan diqqatga sazavordir.
1
Karimov I.A. Buyuk maqsad yo‘lidan og‘ishmaylik. – T.:O‘zbekiston. 1995. 7-8 betlar.