II. O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
III. Yangi mavzu:
Abdulla Qodiriy (Julqunboy) 1894-yil 10-aprelda Toshkent shahrining Samarqand darboza mavzesida «bog‘bonlik bilan kun kechirguchi bir oilada...» tug‘ilgan. U dastlab eski usul maktabda, so‘ng yangicha xat-savod chiqaradigan rus-tuzem maktabida o‘qiydi. 12 yoshlarida bir boy savdogarga xizmatga yollanib, yozuv-chizuv ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Shu davrlarda Rossiyaning turli shaharlaridan keladigan va bevosita Toshkentning o‘zida ham milliy ziyolilar tomonidan nashr etiladigan gazeta va jurnallar bilan tanisha boshlaydi. Mana shu o‘qib, o‘rganganlari ta’sirida o‘zi ham ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tashuvchi, qoloq turmushni, bid’at va xurofotni tanqid qilib, ilm olishga, taraqqiyotga chorlovchi she’rlar, hikoyalar yoza boshlaydi. Uning «Ahvolimiz», «To‘y», «Millatimga bir qaror!», «Fikr aylagil» she’rlari, «Baxtsiz kuyov» pyesasi, «Juvonboz», «Uloqda» hikoyalari 1913—1916-yillar oralig‘ida yozilgan va e’lon qilingan ilk asarlaridir. Bu asarlarning aksariyati Julqunboy taxallusi bilan chop qilingan.
Abdulla Qodiriy 1918-yillardan boshlab turli idoralarda ishlaydi, gazeta va jurnallar tahririyatlarida xizmat qiladi. 1924-yili Moskvaga borib, jurnalistlar tayyorlaydigan institutda tahsil oladi.
20-yillar yozuvchining eng ko‘p ijod qilgan davridir. 1922-yilda uning «O‘tkan kunlar» romani e’lon qilina boshlaydi va 1925—1926-yillarda har bir bo‘limi uchta alohida kitob holida nashr etiladi. Shu yillar yana «Kalvak Mahzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydi?» hajviy asarlari, 1928-yili «Mehrobdan chayon» tarixiy romani va o‘nlab kichik hikoya va ocherklari e’lon qilinadi. 30-yil-larda zamonaviy mavzudagi «Obid ketmon» qissasi yaratiladi, yana ko‘plab hikoya, ocherk, publitsistik maqolalar yozadi. Gogol, Chexov kabi rus va g‘arb adabiyotining turli namoyandalari asarlaridan tarjimalar qiladi. «Amir Umarxonning kanizi», «Namoz o‘g‘ri» nomli romanlar yozish uchun ijodiy tayyorgarlik ko‘radi. Biroq 1937-yillarga kelib yana avj olgan qatag‘on siyosati milliy ziyolilarni — xalqning o‘zligini tanitishga xizmat qiluvchi adib, shoir, olim va muallimlarni, boshqa ko‘plab soha kishilarini qurbon qila boshlaydi. Ana shu to‘lqinda Abdulla Qodiriy ham «xalq dushmani» degan tuhmat bilan qamoqqa olinib, uzoq qiynoq va so‘roqlardan so‘ng 1938-yil 4-oktabrda otib o‘ldiriladi.
XX asrning 50-yillari oxiri - 60-yillarida Abdulla Qodiriy nomi oqlanib, asarlari nashr etila boshlaydi, filmlar suratga olinadi. Lekin adib asarlaridagi hurfikrlilik, o‘z yurtini mustaqil ko‘rish orzulari, Rossiya istibdodini qoralash g‘oyalari qaychilanib, qisqartirib tashlanadi. Faqat-gina yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng bu asarlar asl holida to‘liq nashr etildi, adib haqidagi tarixiy haqiqatni ochiq-oshkora bayon etgan kitoblar, maqolalar bosildi, filmlar yaratildi. Abdulla Qodiriy birinchi bo‘lib Mustaqillik ordeniga munosib ko‘rildi. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Nomi abadiylashtirilib, haykallari barpo etildi. Bu o‘zbek xalqining o‘z buyuk farzandi xotirasiga hurmati bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |