Fosforli o`g`itlar. Fosfor o`simliklar hayotida katta rol` o`ynaydi. Bu
o`simlikda katakli yadro bo`linish jarayonida va yangi organlar hosil bo`lishida
qatnashuvchi murakkab oqsillar tarkibiga kirib, kraxmal, shakar va yog`larni
yig`ilishiga yordam beradi. Fosfor etishmaganda ayniqsa, boshlang`ich davrda
o`simlikni ildiz tizimi kuchsiz rivojlanadi. O`simlikning o`sishi va rivojlanishi
to`xtaydi, barglarda qizil va binafsha dog`lar paydo bo`ladi, sekin asta quriydi va
to`kiladi, o`simliklarni hosildorligi pasayadi, ko`rinishi dag`allashadi. O`simliklar
ko`proq gullash va meva tugish vaqtida fosforga ehtiyoj sezadilar.
Kaliyli o`g`itlar. Kaliy tsitoplazma xususiyatlariga oqsil va uglevodlarning
hosil bo`lishi va aylanishiga ta`sir ko`rsatadi. Bu o`simlikning tez o`sishiga,
o`simlikda oziq moddalar harakatiga, sovuq va zamburug`li kasalliklar va boshqa
yoqimsiz sharoitlarga chidamlilikning oshishiga yordam beradi. Kaliy taqchilligida
o`simlikning o`sishi sekinlashadi. Ildiz tizimi yomon shakllanadi, poyalar bo`g`ini
kaltalashadi barglar xira ko`k-yashil rangda bo`ladi. Barg plastinkalarida asosan
tomirlar orasida xlorotik dog`lar paydo bo`ladi, qari barglarning chetlari
sarg`ayadi, jigarrang dog`lar paydo bo`ladi, barglar buralib pastdan quriydi.
Organik o`g`itlar – bu o`simliklar va hayvonot minerallaridir. Ularning
ta`siri ko`p qirralidir. Ular tuproqqa solingandan so`ng, tuproqning suv, havo va
issiqlik xususiyatlari yaxshilanadi. Organik o`g`itlarning parchalanishi natijasida
o`simliklarga kerakli karbonat angidrid ajraladi. Ular o`simlik uchun faqatgina
oziq moddagina bo`lmay, balki tuproqdagi jarayonlarni biologik faollashtiruvchi
manba hamdir. Organik o`g`itlar tuproq mikroorganizmlarini rivojlantiradi va
faoliyatini kuchaytiradi.
Go`ng – muhim organik o`g`it. Uning tarkibi hayvonlarning turiga, ular
oziqlangan em-xashakka, to`shamalarning turi va miqdoriga, go`ngni saqlash
usullari va hokazolarga bog`liq.
Go`ng barcha qishloq xo`jalik ekinlariga eng yaxshi va har jihatdan ijobiy
ta`sir ko`rsatuvchi o`g`it hisoblanadi. U o`z tarkibida o`simliklar uchun zarur
bo`lgan oziq moddalarga ega. Shuning uchun go`ngdagi oziq moddalarni isrof
qilmaslikning eng yaxshi samarador usuli uni moxsus sandiqlarda zichlab
saqlashdir.
Go`ngni o`simliklarga solish miqdori – uning sifatiga, tuproq va o`simlik
turiga, mineral o`g`itlar bilan mos kelishiga bog`liqdir. Noqora tuproq zonalarda
bu miqdor bir gektar erga o`rtacha 30-40 tonnani tashkil qiladi. Go`ng og`ir
tuproqqa qaraganda engil tuproqqa kamroq solinadi. Ko`proq yog`ingarchilik
bo`lib turadigan joylarda tuproqqa go`ng bahorda 24-27 sm chuqurlikka solinadi;
janubiy va iqlimi quruq bo`lgan tumanlarda go`ngni kuzda solish maqsadga
muvofiqdir. Go`ngni mineral o`g`itlar bilan birga solishning samarasi yaxshi
bo`ladi. Masalan, go`ngga 1-10% fosfor unini aralashtirib va uni 2-4 oy saqlab
so`ng ishlatsa ta`siri kuchli bo`lib kutilgan natijalarni beradi.
Go`ng shirasi – bu tez ta`sir etuvchi, samarali, asosan azot-kaliyli o`g`itdir.
U kompostlar tayyorlash va o`simliklarga solish uchun asosiy o`g`it sifatida ham
ishlatiladi. Bunda 1 gektarga 5 tonnadan 16 tonnagacha 2-2,5 tsentner fosforli
o`g`itni aralashtirib solinadi. O`g`itlash uchun go`ng shaltog`ini 1 gektarga 2-3
tonna bunda 2-4 barobar suv qo`shilsa yaxshi bo`ladi. Agar uni tuproqqa 3-4 sm
chuqurlikda solinsa suv qo`shmasa ham bo`ladi. Go`ng shaltog`ini qo`llashda
zaruriy shart – solingandan keyin tuproq bilan berkitishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |