Bunday vositalar jumlasiga:
– eng xavfli yuqumli kasalliklarni qo'zg'atadigan mikroblarning alohida turlari;
– o'ta zaharli xususiyatga ega ayrim mikroblarning (xususan bakteriyalarning) hayotiy faoliyati natijasida yuzaga keladigan mahsulotlar –
mikrobli toksinlar kiradi.
Don ekinlari, sanoat uchun xom ashyo beradigan qishloq xo'jaligining texnik ekinlarini yo'q qilish va bu bilan davlatning iqtisodiy qudratiga
putur etkazish maqsadlarida chigirtka, kolorado qo'ng'izi va shu kabi, qishloq xo'jalik ekinlariga zarar etkazadigan eng xavfli zararkunandalar
dushman tomonidan atayin qo'llanilishini kutish mumkin. Mikroorganizmlar, shu jumladan, yuqumli kasallik qo'zg'atuvchilar o'z o'lchami,
tuzilishi va biologik xususiyatiga ko'ra muayyan sinflarga, xususan bakteriyalar, viruslar, rikketsiyalar va zamburug'larga bo'linadi.
Bakteriyalar oddiy bo'linish yo'li bilan ko'payadigan va faqat mikroskop orqali ko'rinadigan bir hujayrali mikroorganizmlar. Bakteriyalar
quyosh nuri, dezinfeksiya vositalari va yuqori haroratning bevosita ta`siridan halok bo'lib, past harorat, hatto muz qoplamasiga kam
ta`sirchandir. Bakteriyalarning ayrim turlari noqulay sharoitda omon qolish uchun himoya kapsulasi bilan qoplanish yoki yuqorida tilga
olingan omillarga o'ta bardoshli sporalarga aylanib qolishga qodir. Bakteriyalar o'lat, tulyaremiya (kasal kemiruvchilar orqali odam va
hayvonlarga yuqadigan og'ir kasallik), kuydirgi, manqa (otlarda bo'ladigan yuqumli kasallik), melioidoz kabi, ko'plab og'ir kasalliklarni
qo'zg'atadi.
Viruslar – o'lchamiga ko'ra bakteriyalarning eng kichik turlariga nisbatan yuzlab chandon mayda mikroorganizmlar. Bakteriyalardan
farqliroq viruslar faqat tirik to'qimalar hujayralarida rivojlanishi mumkin. Shu bois, ham ular hujayralar hisobiga yashovchi parazitlar, deb
ataladi. Viruslar quritish va muzlatish ta`siriga chidamlidir. Viruslar tabiiy chechak, sariq bezgak, otlarning Venesuela ensefalomieliti, Lassa
(Argentina, Boliviya) gemorragik bezgagi kabi, juda og'ir va xavfli kasalliklar tarqalishiga sabab bo'ladi.
Rikketsiyalar bakteriyalar bilan viruslar oralig'idagi mikroorganizmlar guruhi. Rikketsiyalar tashqi ko'rinishi va o'lchamlariga ko'ra
bakteriyalarga, hayot tarziga ko'ra esa viruslarga yaqin bo'lib, ayrim turlari quritish va muzlatish ta`siriga chidamlidir. Rikketsiyalar tepkili
terlama (toshmali tif), Ku-bezgagi va shu kabi, boshqa kasalliklarni qo'zg'atadi.
Zamburug'lar – tuzilishi murakkab, ko'payish usullariga ko'ra bakteriyalardan farq qiladigan mikroorganizmlar. Zamburug' sporalari quritish,
quyosh nurlari va dezinfeksiya moddalari ta`siriga o'ta chidamli bo'ladi. Kasallik qo'zg'atadigan zamburug'lar ta`siridan yuzaga kelgan
kasalliklar ichki organlarning og'ir, sog'ayish jarayoni uzoq kechadigan yallig'lanishi (blastomikoz, gistoplazmoz) bilan tavsiflanadi.
Mikrobli toksinlar – zaharlilik darajasi yuqori sanaladigan ayrim bakteriya turlarining hayotiy faoliyati davomida ajrab chiqadigan hosilalar.
Inson (hayvon) organizmiga oziq-ovqat mahsulotlari va suv bilan birga singib kirgan mikrobli toksinlar juda og'ir, aksariyat hollarda o'lim
bilan yakun topadigan zaharlanish holatlariga olib keladi.Bakterial toksinlarning ma`lum turlaridan biri, o'z vaqtida davolanmagan 60-70%
hollarda o'lim bilan yakunlanadigan botulin toksini sanaladi. Toksinlar, ayniqsa, quritilgan ko'rinishdagi toksinlar muzlatish ta`siri va
havoning nisbiy namligi tebranishlariga etarlicha chidamli bo'lib, o'zining shikast etkazish xossalarini havoda 12 soatga qadar saqlab qoladi.
Toksinlar uzoq qaynatilganda va dezinfeksiya moddalari ta`sirida parchalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |