Insonnning bioijtimoiy mohiyati.
Falsafiy antropologiya yechadigan muhim
muammolar orasida inson biologik va ijtimoiy mohiyatining o’zaro nisbati
to’g’risidagi masala alohida o’rin egallaydi. Inson jonli tabiatning bir qismi,
shuningdek biologik evolyusiya mahsuli ekanligi hozirgi zamon tabiatshunosligi
fanida nafaqat olimlar va mutaxassislar, balki ma’rifatli odamlarning keng doirasi
uchun ham aniq-ravshan va deyarli shak-shubhasiz dalilga aylandi. Har bir inson
o’z biologik xususiyatlari: genetik kodi, vazni, bo’yi, mijozi, terisi va sochining
rangi, yashash muddati va shu kabilarga ko’ra betakrordir. Biroq ayni vaqtda inson
ijtimoiy mavjudot ekanligi, uning o’ziga xosligi va betakrorligi odamzotning
ijtimoiy tabiati, u kamol topgan, ta’lim-tarbiya olgan, madaniy va axloqiy
qadriyatlar va mo’ljallarni o’zlashtirgan ijtimoiy muhit bilan belgilanishi ham
shak-shubhasizdir.
Ayni shu sababli inson individi nafaqat biologik, balki ijtimoiy mavjudot
sifatida ham o’ziga xos xususiyat kasb etadi. Boshqacha aytganda, insonning
kamol topishi jamiyatda va faqat jamiyatda yuz beradi.
Insonni tushunishda dualizm va monizm.
Odamlar o’rtasidagi biologik va
ijtimoiy farqlarni va ularni betakrorligini tan olishdan inson tabiatining yaxlitligini
tushunishga nisbatan ikki muhim yondashuv: dualistik va monistik yondashuvlar
kelib chiqadi.
Qadim zamonlarda vujudga kelgan insonga nisbatan
dualistik
yondashuv
shundan iboratki, odamzot, bir tomondan, moddiy organizmdan, boshqa tomondan
esa – mustaqil mohiyat sanaladigan va bu organizmni boshqaradigan nomoddiy
jondan tashkil topgan mavjudot sifatida qaraladi. Bu yondashuv, masalan, boqiy
g’oyalar dunyosida yashaydigan o’lmas jon inson tug’ilayotgan paytda uning
tanasiga xuddi zindonga tushgandek kirib o’rnashadi, uning o’limidan keyin esa
vujudni tark etib, yana g’oyalar dunyosiga qayta, deb hisoblagan Platon falsafasida
ayniqsa bo’rtib namoyon bo’ladi. Jonlarning o’lmasligi g’oyasi Sharq falsafiy
an’anasiga ham xosdir.
Hozirgi olimlarning aksariyati qo’llab-quvvatlaydigan inson talqinining
monistik
konsepsiyasi inson ruhiyati, uning tuyg’ulari, fikrlari, emosiyalari va
kayfiyati inson organizmining tarkibiy qismi sanalgan bosh miya nerv hujayralari
hayot faoliyatining mahsulidan o’zga narsa emas, degan tushunchadan kelib
chiqadi. Bu yondashuv tarafdorlarining fikriga ko’ra, ruhiy hodisalar qandaydir
nomoddiy asosga ega, deb hisoblash uchun yetarli dalillar mavjud emas, shu
sababli ruhiyat tabiatini tushuntirishda inson organizmida yuz beradigan moddiy
jarayonlar chegarasidan chetga chiqishning hojati yo’q.
Shunday qilib, tavsiflangan muammo inson o’z tabiatiga ko’ra faqat biologik
mavjudotmi yoki faqat ijtimoiy mavjudotmi, degan masala bilan bog’lanmaydi. U,
hyech shubhasiz, ham biologik, ham ijtimoiy mavjudotdir.
Ammo bu ikki asosning o’zaro nisbati qanday, ularning biri ikkinchisidan
ustunroqmi va inson mohiyatini nima belgilaydi – bu endi qizg’in bahs-
munozaralar predmetidir. Mazkur masalalar hanuzgacha o’zining uzil-kesil
yechimini topgani yo’q, hozirda mavjud turli biologik, psixologik va falsafiy
maktablar bu savollarga har xil javoblar beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |