Birinchi bosqichda: Mijoz bankka kredit olish uchun murojaat etadi, talab qilinayotgan kredit haqidagi ma’lumotlar (kredit olishdan maqsad, kredit hajmi, kreditning ko‘rinishi va muddati, taklif qilinayotgan ta’minot) ko‘rsatilgan kredit arizasi beriladi. Kredit berish haqidagi arizaga tegishli buxgalteriya hisobotlari va biznes-reja ilova qilinishi talab qilinadi.
Kredit arizasi bankning kredit xodimlaridan biriga topshiriladi. Xodim arizani ko‘rib chiqgach, bo‘lajak qarz oluvchi -korxona vakili bilan suhbatlashadi. Bu suhbat berilayotgan kredit haqidagi savol echimida katta ahamiyatga ega, chunki u nafaqat kredit arizasini muhim tomonlarini aniqlab olishga, balki qarz oluvchining psixologik portretini tuzib olish, korxona boshqaruvchilarining maxsus tayyorgarligini, ularning vaziyatni qanday baholayotganliklarini, korxona rivojlanish imkoniyatlarini aniqlab olishiga imkon beradi.
Suhbat davomida kredit bo‘limi xodimi o‘z e’tiborini bankni eng ko‘p qiziqtiradigan savollarga qaratishi lozim.
Savollarni 4-5 guruhga bo‘lib olish tavsiya etiladi. Bu guruhlar bo‘yicha savollar namunalari ishlab chiqilgan. Savol va javoblarni qarz oluvchining anketasi sifatida rasmiylashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi deb hisoblaymiz.
Kredit arizasini o‘rganishi davomida kredit bo‘limi xodimi korxonaga borishi va u erda tekshiruv o‘tkazishi (boshqaruvchi shaxslar bilan suhbatlashishi) mumkin.
Moliya, operatsion va marketing xizmati boshqaruvchilari hamda ma’muriy xodimlarning bilimini aniqlash juda muhim.
Korxonaga tashrif vaqtida suhbat davomida ko‘rib o‘tilmagan ko‘pgina savollarni aniqlash, shuningdek, korxona mulki binolari va qurilmalari holatini, ishchilarning odatlari va xulqini bilib olish mumkin.
Ikkinchi bosqich: Mijozning kredit qobiliyatini o‘rganish eng muhim bosqich, chunki bu bosqichda kredit tavakkalchiligini (xavf-xatarini) minimallashtirish mumkin.
Qarz oluvchining kredit qobiliyati haqidagi asosiy axborot manbasi uning buxgalteriya hisobotlaridir.
Berilgan vaqt davomida pulning kelib tushishi ketishidan ko‘p bo‘lsa, bu mijoz kreditga layoqatli ekanligidan dalolat beradi. Agar aksincha bo‘lsa kreditni qaytarilmaslik xatari oshadi.
Pul oqimi tahlili yangi kreditlar berish chegarasini ham ko‘rsatadi. Bunday chegara bo‘lib oldingi vaqtda bo‘lgan yoki yangi davrga ehtimol qilinayotgan mablag‘ kelib tushishining ketishidan ko‘pligi hajmi xizmat qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |