O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI TOSHKENT DAVLAT O‘ZBEK TILI VA ADABIYOTI UNIVERSITETI HUZURIDAGI PEDAGOG KADRLARNI QAYTA TAYYORLASH VA ULARNING MALAKASINI OSHIRISH TARMOQ MARKAZI
“Himoyaga tavsiya etaman”
Tarmoq markazi direktori
___________ prof. N.M.Egamberdiyeva
«_____»_____________2019-yil
“O’ZBEK TILI FILOLOGIYASI: O’ZBEK TILI VA ADABIYOTI” YO’NALISHI TINGLOVCHISI
XOLIQULOVA GULSANAM YORQULOVNAning
“XAMSANAVISLIK AN'ANASI” MODULINI O‘QITISHDA INNOVATSION TA'LIM TEXNOLOGIYALARIDAN FOYDALANISH
mavzusidagi
BITIRUV ISHI
Rahbar ____________ ..............................
Toshkent – 2019
ANNOTATSIYA
Ushbu bitiruv ishi “Xamsanavislik an'anasi" modulini o’qitishda innovatsion ta'lim texnologiyalaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlanadi.
Ishning kirish qismida bitiruv ishi mavzusining dolzarbligi va asoslanishi, uning obyekti va predmeti, maqsad va vazifalari, bitiruv ishini tayyorlashda foydalanilgan adabiyotlar, normativ-huquqiy hujjatlarning qisqacha o‘zaro tahlili, ishning nazariy va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot beriladi.
Bitiruv ishining birinchi bobi “Xamsanavislik an'anasi” modulini o'qitishning nazariy masalalariga bag‘ishlanadi. Unda modulning nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari, mavzuga doir innovatsiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalar tahlili beriladi.
Bitiruv ishining ikkinchi bobi “Xamsanavislik an'anasi” modulinining o‘quv-uslubiy va didaktik ta’minoti" deb nomlanadi. Unda “Xamsanavislik an'anasi” modulining didaktik ta’minoti, amaliy mashg‘ulot ishlanmalari, nazorat materiallari, modulni o‘qitishda pedagogik va innovatsion texnologiyalar va grafik organayzerlardan foydalanish, modul yuzasidan nostandart test namunalari, glossariylar keltiriladi.
Ishning so‘ngidan modulni o‘qitish yuzasidan qisqacha xulosa va amaliy tavsiyalar o‘rin olgan.
MUNDARIJA
KIRISH. BITIRUV LOYIHA ISHINING UMUMIY TAVSIFI …………...
|
4
|
I BOB.
|
“XAMSANAVISLIK AN'ANASI” MODULINI O‘QITISHNING NAZARIY MASALALARI
|
|
1.1.
|
“Xamsanavislik an'anasi" modulining nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari ..............................................................................
|
9
|
1.2.
|
“Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘qitishga doir innovatsiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalar ................................................................
|
22
|
II BOB.
|
“XAMSANAVISLIK AN'ANASI” MODULININING O‘QUV-USLUBIY VA DIDAKTIK TA’MINOTI
|
|
2.1.
2.1.1.
2.1.2.
2.2.
|
“Xamsanavislik an'anasi” modulining didaktik ta’minoti ………..
Ma’ruza darslarining didaktik ta’minoti.......................................
Amaliy mashg‘ulot ishlanmalari, nazorat materiallari …….......…
Modulni o‘qitishda innovatsion texnologiyalar va grafik
organayzerlardan foydalanish ......................................................
|
28
30
60
69
|
UMUMIY XULOSALAR ………………………………………………….. 81
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI ……………………. 84
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Mustaqil yurtimizda shakllanayotgan milliy istiqlol g‘oyasi Konstititsiyamizda e’tirof etilgan insonparvar, demokratik, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy rivojlanishning yuqori bosqishlariga ko‘tarilish, jahon hamjamiyati safidan munosib o‘rin egallash kabi ezgu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Bu esa, avvalambor, yosh avlodga ilmiy bilimlar asoslarini puxta o‘rgatish, ularda keng dunyoqarash hamda tafakkur ko‘lamini hosil qilish, ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish borasidagi ta’limiy-tarbiyaviy ishlarni samarali tashkil etish bilan bog‘liqdir.
So‘nggi yillarda respublikamizda fan, madaniyat, ishlab chiqarish, ta’lim sohasida jadal rivojlanish sur’ati yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, ta’lim tizimidagi tub islohotlar - ta’limning insonparvarlashuvi va demokratlashuvi, ta’lim tizimiga yangi axborot va pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish jadal amalga oshirilmoqda. Xususan, adabiyotshunoslik va adabiyot ta’limida ham ko‘p asrlik boy an’analarga tayangan holda, ilg‘or xorijiy tajribalarni ham o‘zlashtirish, ulardan samarali foydalanishga qaratilgan innovatsiyalar kundalik ehtiyojga aylandi.
“Filologiya va tillarni o‘qitish” ta’lim yo‘nalishining mutaxassislik fanlarini o‘qitishda ham innovatsion ta’lim texnologiyalaridan unumli va samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Binobarin, mamlakatimizning Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev shunday ta’kidlagan edi: «Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashda qaratilgan innovatsion rivojlanish yo’liga o’tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g’oyaga, innovatsiyaga davlat yutadi.»1.
Ayni kunda mamlakatimizda yetuk mutaxassislar tayyorlashning sifatini yanada yaxshilash, uni yuqori pog‘onaga ko‘tarish bo‘yicha bir qator pedagogik izlanishlar olib borilmoqda. Bu xildagi izlanishlarning aksariyatida pedagog olimlar, amaliyotchi va tadqiqotchilarning diqqat e’tibori o‘qitish maqsadi va uning natijadorligiga erishishga, ta’limni takomillashtirish orqali sifatli o‘qitishni tashkil etishga, shu bilan birga ilmiy asoslangan zamonaviy o‘qitish texnologiyalarini ishlab chiqish va ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish uchun qaratilgan. Hozirgi kunda ham respublikamizda «Ta’lim to‘g‘risida»gi Qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» talablarini amalga oshirish bo‘yicha katta ishlar olib borilyapti. Amalga oshirilayotgan bu vazifalar o‘z navbatida ta’lim muassasalarida talabalarning kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini shakllantirish yo‘lida zamonaviy o‘qitish texnologiyalaridan foydalangan holda, o‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini hamda sifatini oshirish talablarini ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda.
Shu nuqtayi nazardan bebaho durdona asarlarni, xususan, Sharqda mavjud xamsalarni o'rganish va o'qitish dolzarbdir. Bunda Alisher Navoiy qarashlarining o‘ziga xos xulosasi bo‘lgan “Xamsa” asarining o'rni beqiyos. “Xamsa” nafaqat Alisher Navoiy ijodi, balki butun Sharq va jahon adabiyotining gultoji bo‘lishga arzigulik durdona asarlardandir. Uning bir-biridan ajoyib obrazlar dunyosi, yuksak insonparvarlik g‘oyalari bilan to‘yintirilgan mazmuni hamda badiiy barkamolligi o‘zbek va jahon adabiyotshunosligida ko‘p bora e’tirof etilgan. Xamsanavislik an'anasi, Alisher Navoiy “Xamsa”si mamlakatimiz ta’lim tizimining deyarli barcha bosqichlarida alohida e’tibor bilan o‘qitiladigan modullardandir. Xususan, bakalavriat bosqichining “Filologiya va tillarni o‘qitish” yo‘nalishi o‘quv rejasiga kiritilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” hamda “Navoiyshunoslik” fanlari dasturlarida epik she'riyat, xamsanavislik an'anasi, Navoiy “Xamsa”sining yaratilishi masalasi alohida mavzu sifatida taqdim etilgan. Binobarin, mazkur modelni o‘qitishning samarali yo‘llarini izlash, ta’limdagi innovatsiyalar, zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda uning modernizatsiyalashgan metodik va didaktik ta’minotini yaratish dolzarb vazifalardandir.
Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Xamsanavislik an'anasi, Alisher Navoiy “Xamsa”si, uning xamsanavislik an’anasiga munosabati, uning taraqqiyotidagi o‘rni masalalari adabiyotshunoslik va sharqshunoslikda ancha keng yoritilgan. Mazkur masalalarni dastlabki marotaba monografik tadqiq etgan olim rus sharqshunosi E.E.Bertelsdir. Uning Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy adabiy merosiga oid tadqiqotlarida2 hamda, “Iskandar haqidagi roman va uning Sharqdagi asosiy versiyalari” monografiyalari mazkur ijodkorlar hayoti va ijodiy merosi bilan birgalikda, xamsanavislik taraqqiyotini o‘rganish borasidagi muhim tadqiqotlar sanaladi. O‘tgan XX asr hamda yangi asrning o‘tgan yillari davomida o‘zbek, rus, tojik, ozarbayjon, turkman va boshqa xorijiy adabiyotshunoslik markazlarida mazkur muammolar tadqiqi va tahliliga oid ko‘plab dissertatsiya va monografiyalar, ilmiy risola va maqolalar e’lon qilindi.
Bu borada Vohid Dastgirdiy, E.E.Bertels, A.A.Alizoda, A.Afsahzod, T.A.Magerramov, J.Iftixor, Z.Ahroriy kabi xorijiy adabiyotshunoslar hamda P.Shamsiev, A.Hayitmetov, B.Valixo‘jaev, T.Jalolov, A.Qayumov, A.Erkinov va boshqa bir qator ustoz olimlarimizning xizmatlari beqiyos.
Ayniqsa, «Xamsa» tarkibidagi alohida dostonlarni shu mavzudagi asarlar bilan qiyosay-tipologik o‘rganish bo‘yicha M.Muhiddinov va A.Xidirnazarov (“Hayrat ul-abror”), G.Aliev, G.Begdeli va S.Erkinov (Xusrav haqidagi dostonlar), T.Axmedov, X.Mamatqulova (“Layli va Majnun” mavzusidagi dostonlar), S.Hasanov va M.Muhiddinov (Bahrom haqidagi dostonlar), Y.E.Bertels, N.Komilov, Y.Salimov (Iskandar haqidagi dostonlar) va boshqa olimlarning ulkan xizmatlarini e’tirof etish joiz.
Biroq, mavjud ko‘p sonli ilmiy ishlarni e’tirof etgan holda ta’kidlash joizki, ilmiy manbada Alisher Navoiy “Xamsa”sini yaxlit holda o‘rganishga yetarli darajada e’tibor qaratilgan emas.
Bitiruv loyiha ishining maqsadi: “Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘qitishda innovatsion ta’lim texnologiyalarini qo‘llash ahamiyati va samaradorligi masalasini ilmiy-nazariy va metodik jihatdan yoritish, mazkur modelning mukammallashgan o‘quv-uslubiy va didaktik ta’minotini yaratishdir.
Bitiruv loyiha ishining vazifalari:
“Xamsanavislik an'anasi, xususan, Alisher Navoiy “Xamsa” va uning tarkibidagi dostonlarni oliy ta’lim tizimida o‘rganish tajribalarini umumlashtirish.
Davlat ta’lim standarti, joriy o‘quv reja hamda dastirlarda Alisher Navoiy “Xamsa” asarini o‘rganishga qo‘yiladigan talablar, o‘quv-me’yoriy hujjatlar mazmuni va tarkibni izchil o‘rganish.
Xamsanavislik an'anasiga oid mamlakatimiz va xorijda yaratilgan asosiy o‘quv va ilmiy adabiyotlardagi eng zaruriy ilmiy-nazariy ma’lumotlarni umumlashtirish.
Ta’limga yangicha yondashuv, innovatsion ta’lim texnologiyalarining xususiyatlari va imkoniyatlarini tavsiflash.
"Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘rganishda samarali qo‘llash mumkin bo‘lgan ta’lim texnologiyalarini aniqlash.
Bitiruv loyiha ishining ob’ekti: “Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘qitish jarayoni.
Bitiruv loyiha ishining predmeti: “Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘qitishga doir ilmiy-nazariy, didaktik va metodik materiallar.
Bitiruv loyiha ishining metodologik asoslari va metodlari. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi”, mamlakatimizning birinchi Prezidenti I.A.Karimov va O'zR prezidenti Sh.Mirziyoyevning asarlaridagi milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari hamda ta’lim samaradorligini oshirishga doir qarashlar hamda dasturiy ko‘rsatmalar bitiruv ishining metodologik asosini tashkil etadi.
Bitiruv loyiha ishida ilmiy bilishga asoslangan struktural analiz, qiyosiy-tipologik, sotsiologik metodlar hamda tajriba usullaridan foydalanildi.
Bitiruv loyiha ishining amaliy ahamiyati: tadqiqot ishi davomida “Navoiyshunoslik” (2016-yil o‘quv rejasi) va “O‘zbek adabiyoti tarixi” (2018-yil o‘quv rejasi) fanlarining “Xamsanavislik an'anasi” modulini o‘qitishning pedagogik tajribada sinalgan modernizatsiyalashgan uslubiy-didaktik ta’minoti ishlab chiqildi. Mazkur kompleksning amaliyotga tadbiq etilishi ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Ishning tuzilishi: bitiruv ishi kirish, ikki bob, besh paragraf (fasl), xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB.
“XAMSANAVISLIK AN'ANASI” MODULINI O‘QITISHNING
NAZARIY MASALALARI
1.1. “Xamsanavislik an'anasi" modulining nazariy asoslari va ustuvor yo‘nalishlari. Sharq mumtoz adabiyotining eng go‘zal va boy an`analaridan biri bu xamsanavislik, aniqrog‘i, Nizomiy Ganjaviy dostonlariga nazira yozish an`anasidir. Ozarboyjon xalqining buyuk farzandi Nizomiy Ganjaviy (1142-1209) 1174-2006 yillar davomida turli sabab va takliflar natijasida «Maxzan ul-asror» (1176), «Xusrav va Shirin» (1181-82), «Layli va Majnun» (1188), «Haft paykar» (1196) hamda «Iskandarnoma» (1206) kabi dostonlarni yaratdi. Uning o‘zi bu dostonlarni umumlashtirib, bir nom bilan atamagan. Biroq uning dostonlari keyinchalik bitta kitob holida ko‘chirilib, dastlab «Panj ganj», so‘ngra «Xamsa» tarzida umumiy bir nom bilan atalgan.
Nizomiy Ganjaviyning dostonlari, tabiiyki, oldindan belgilangan reja asosida, yaxlit asar sifatida yaratilgan emas. Ya’ni beshala doston ham oldindan rejalashtirilgan deb bo‘lmaydi. Biroq u o‘zining ilk dostoni «Maxzan ul-asror»ni yaratish jarayonidayoq, ulkan an’anaga asos solayotganligini his etgan, unga ergashuvchilar bo‘lishini bashorat qilgan edi:
Man, ki dar in manzilashon mondaam,
Marhalae peshtarak rondaam.
Teg‘ zi almosi zabon soxtam,
Har ki pas omad, sarash andoxtam.
Teg‘i Nizomiy, ki sarandoz shud,
Kund nashud, garchi kuhansoz shud [51, 282]3.
Mazmuni: Menki bu manzilga hammadan oldin qadam qo‘ydim, so‘z olmosidan o‘tkir tig‘ yasadim. Bu tig‘ ortdan keluvchilarning boshini tanasidan judo qiladi. Nizomiyning keskir qilichi qancha eskirsa ham, o‘tkirligicha qolaveradi.
Akademik B.Valixo‘jaev bu haqda shunday yozadilar: “Nizomiy yaratgan besh poemaning yaxlit, monumental asarligi va uning yangi adabiy hodisa ekani keyinchalik aniqlanib, shoir yaratgan asarlar sikliga “Panj ganj” – “Besh xazina” nomi berilgan edi” [15].
Nizomiy an’analarini birinchi bo‘lib izchil tarzda davom ettirgan so‘z san’atkori XIII asr oxiri XIV asr boshlarida Hindistonda yashagan shoir Amir Xusrav Dehlaviy bo‘ldi. U 1298-1301 yillarda Nizomiy dostonlariga javob tarzida «Shirin va Xusrav» (1298), «Layli va Majnun» (1298), «Matla’ ul-anvor» (1299), «Oinai Iskandariy» (1299) va «Hasht bihisht» (1301) dostonlarini yaratdi. Ana shu tariqa xamsanavislik sharq xalqlari adabiy hayotida mustahkam an’anaga aylana boshladi.
Xusrav Dehlaviy o‘z salafi Nizomiyga buyuk hurmat bilan qaradi. Uni o‘ziga ustoz deb bildi. Nizomiy dostonlaridagi odamsevarlik xislatlarini o‘z davri g‘oyalari bilan hamohang tarzda rivojlantirdi.
Xusrav Dehlaviy o‘z “xamsa”sida Nizomiy asariga murojaat etar ekan, uni gohida “Panj ganj”, ba’zan esa xamsa sifatida tilga oladi:
Garchi ba mulki abad az Panj ganj,
Navbati on Ganjnishin gasht panj. “Matla’ ul-anvor”.
Mazmuni: Uning (Nizomiy Ganjaviyning – T.S.) “Panj ganj”i besh xazina bo‘lib abadiylikka muhrlandi.
Nizomi k-obi hayvon rext az harf,
Hama umrash dar in sarmoya shud sarf.
Chunon dar xamsa dod andesharo dod,
Ki bo sab’i shidodash bast bunyod. “Shirin va Xusrav”.
Mazmuni: Nizomiy butun umrini shu ishga sarflab harflardan tiriklik suvini to‘kdi. U xamsada tafakkurning misli ko‘rilmagan qirralarini zabt etdi.
O‘zining yozgan javobi, nazirasi haqida Xusrav Dehlaviy beshinchi dostoni «Hasht bihisht»da shunday fikr bildiradi:
Ki az on naqdi qimmate ba se sol,
Kardam in «Panch ganch» molomol…
Yak-yak in «Panch ganch» to poyon,
Arz kardam ba chashmi donoyon. [50. 430]
Mazmuni: Uch yillik umrim naqdinasini sarflab, bu “Panj ganj” (besh xazinani to‘la-to‘kis qildim. “Panj ganj”ni boshdan oxiriga qadar birma-bir donolarga arrz etdim.
Amir Xusrav Nizomiy dostonlariga birma-bir, tartib bilan javob yozganligini ta’kidlab o‘tar ekan, xamsanavislikka nisbatan adabiy janr sifatida emas, an’ana – Nizomiy dostonlariga tatabbu’ aytish an’anasi sifatida yondashganligi oydinlashadi.
Biroq Sharqning barcha mualliflari ham bu masalada bir xil munosabatda bo‘lmaganlar. Jumladan, Salmon Sovajiy o‘zining “Jamshed va Xurshed” dostonida Nizomiy tanlagan yo‘lning eskirganligini ochiq-oydin e’tirof etadi:
Nizomiyro siyah shud durri shahvor,
Rivoje nest on siymi ko‘hanro.
Mazmuni: Nizomiy yaratgan shohona dur qorayob qoldi (sifatsizlandi, yaroqsiz holga keldi). Endi u qadimiy qimmatbaho toshning rivoji yo‘qdir.
Shu davrda (XIV asr) yashagan yana bir forsiyzabon shoir Xoju Kirmoniy esa o‘z “Xamsa”sida vaznlarni saqlagan holda mavzularni butkul o‘zgartirib yubordi. XVI asr shoiri Abdibek Sheroziy esa birato‘la uchta “Xamsa” yaratdi. Biroq ularning birontasi ham Nizomiy an’analariga aynan mos emas. Shu tufayli ular Sharq mutafakkirlari orasida xamsanavis sifatida deyarli e’tirof etilmaydi.
XIV asr oxiriga kelib, ayniqsa, temutiylar hukmronligi davrida Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav Dehlaviy xamsalari “xamsatayn” ya’ni ikki xamsa nomi bilan shuhrat qozondi. Shu bilan birga, bu an’ana ijod ahli uchun chinakam imtihon maydoniga aylandi. Amir Xusrav Dehlaviyning asardan keyin xamsa janr xususiyatini kasb etib, uning nazariy qonuniyatlari shakllandi.
Nizomiy va Xusrav Dehlaviy asarlari o‘zaro qiyoslansa, shu narsa aniq bo‘ladiki, Xusrav Dehlaviy umumiy yo‘nalish bo‘yicha Nizomiy asari an`anasini davom ettirgan bo‘lsa-da, ayrim yangiliklarni ham kiritgan. Buni ba`zi dostonlarni nomlashda va o‘rnini almashtirganida kuzatish mumkin. Bu farqlar faqat qurilish-shakliy jihatdan yangilik kiritishning ifodasi bo‘lib qolmay, balki asarlar uslubi, mazmuni, timsollar talqinida ham yangiliklar kiritilganiga ishora hamdir.
Xusrav Dehlaviydan so‘ng Alisher Navoiygacha bo‘lgan davr orasida (1302-1483-yillar) ham dostonlar turkumidan iborat beshliklar yaratish davom etdi. Jumladan, Xoju Kirmoniyning 1332-1348 yillar orasida yaratgan beshligi, Salmon Sovajiyning ham bu ishga qo‘l urgani, XV asrda esa Jamoliy Tabreziy, Kotibiy, Kavkabiy, Ashraf kabi shoirlarning turli tarzdagi beshliklari yaratilgan edi. Bular orasida Xoju Kirmoniy “Xamsa”si o‘ziga xos xarakterga ega.
Abul Ato Kamoliddin Maxmud bin Ali bin Maxmud Xoju Kirmoniydir Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy kabi turkiy adabiyotda yirik masnaviy-doston janrining shakllanishi va taraqqiyotiga o‘ziga xos ta’sir o‘tkazgan shoirdir. Zero o‘zbek adabiyoti tarixida xamsanavislikka ilk qadam qo‘ygan Haydar Xorazmiyning «Maxzan ul-asror» hamda «Gul va Navro‘z» dostonlari yaratilishida boshqa fors-tojik klassiklari qatorida Xoju Kirmoniy asarlarining ham sezilarli ta’siri bor. Qolaversa, Alisher Navoiyning o‘z e’tirofiga ko‘ra «Layli va Majnun» dostoni Xojuning «Gavharnoma»si ta’sirida yaratilgan. Binobarin, Hoju Kirmoniy adabiy merosi hamda uning o‘zbek adabiyotiga ta’siri masalasini tadqiq etish adabiyotshunoslikning muhim vazifalaridandir.
Xoju Kirmoniy Nizomiy an’analariga o‘ziga xos munosabatda bo‘lib, «Ravzat ul-anvor», «Gulu Navro‘z», «Gavharnoma», «Kamolnoma», «Humay va Humoyun» kabi dostonlardan iborat o‘z «Xamsa»sini yaratdi. Biroq Xoju dostonlarining mazmun mundarijasi ham yaratilish xronologiyasi ham Nizomiy Ganjaviy dostonlaridan farq qiladi. Shu tufayli dastlab dostonlarning yaratilish davri asosida muxtasar ma’lumot berib o‘tish lozim ko‘rildi.
Yuqorida qiyd qilinganidek, shoirning ilk masnaviysi “Humay va Humoyun” hijriy 732-(1332 m.) yilda yozib tugallangan. Asar aruzning mutaqoribi musammani mahzuf va maqsur (fa’uvlun fa’uvlun fa’uvlun fa’ul yoki fa’uvl) vaznida ya’ni Firdavsiy “Shohnoma”si hamda Nizomiy “Iskandarnoma”si naziralari vaznida yaratilgan. Asar asosini Eronning qadimiy afsonalaridan biri – Shoh Hushangning o‘g‘li Humo va Fag‘furi Chinning qizi Humoyun o‘rtasidagi ishqiy-romantik sarguzashtlar tashkil etadi.
Xojuning ikkinchi dostoni “Gul va Navro‘z” o‘n yildan keyin hijriy 742-(1341) yilda yozilgan. Asar aruzning hazaji musaddasi mahzuf va maqsur (mafo‘iylun mafo‘iylun fa’uvlun yoki mafo‘iyl) vaznida yaratilgan. Binobarin, u “Xamsa”ga “Xusrav va Shirin” dostonining muqobili sifatida kiritilgan. Doston muqaddimasida qayd etilishicha, uning yozilishida do‘sti tomonidan taqdim etilgan hind tilidagi nasriy qissa asos vazifasini bajargan. Asarning asosiy qismi 50 bobni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda Xuroson shohi Firuzshohning o‘g‘li Navro‘z va Rum Qaysarining qizi Gul o‘rtasidagi ishqiy sarguzashtlar bayon etilgan.
«Ravzat ul-anvor» dostoni 743 (1342-43)-yilda Shamsiddin Muhammad Soinga bag‘ishlab yozilgan. Asar Nizomiy Ganjaviyning “Maxzan ul-asror” dostoniga bitilgan ilk naziralardan bo‘lib, aruzning sare’i musaddasi axrabi matviyi makshuf (mufta’ilun mufta’ilun fo‘ilun) vaznida yozilgan. Doston ilk marotaba 1928-yilda Tehronda olim Husayn Mansurning so‘z boshisi bilan nashr ettirilgan. Y.E.Bertelsning ma’lumot berishicha Sharqda «Maxzan ul-asror»ga yozilgan naziralar orasida mazkur asar alohida mavqega ega bo‘lgan [13. 207].
“Kamolnoma” dostoni Shayx Abuishoq Kozeruniyga bag‘ishlab hijriy 744-(1343 m.) yilda xafif bahrida (fo‘ilotun mafo‘ilun fa’lan yoki fa’ilun) yaratilgan. Mazkur vazn ilk marotaba Hakim Sanoiyning “Hadiqat ul-haqoyiq” falsafiy-didaktik dostonida, so‘ngra Nizomiyning “Haft paykar” dostonida qo‘llangan edi. Tadqiqotlarda qayd etilishicha, ushbu asar Shayx Sa’diyning “Bo‘ston” asariga bitilgan ilk naziralardandir [8. 29].
“Gavharnoma” dostoni 746 hijriy (1345)-yilda muzaffariylar sulolasining asoschisi Amir Muboriziddin Muhammadga bag‘ishlab yozilgan. Asarda saljuq hukmdorlarining mashhur vaziri Nizomulmulk Tusiy nasabnomasi bayon etilgan. Mazkur asar haqida Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida quyidagicha yozadi: “Yana chun «Layli va Majnun» vodisida ishqim po‘ya urub, Xoju himmati «Gavharnoma»sida nisorimga gavharlar etkurubtur” [46. 26]. Doston “Gul va Navro‘z” kabi aruzning hazaji musaddasi mahzuf vaznida ya’ni “Xusrav va Shirin” vaznida yaratilgan.
Xoju Kirmoniyga nisbat beriladigan so‘nggi asar «Somnoma» masnaviysidir. Doston Firdavsiy «Shohnoma»sidagi syujetlardan biri Rustamning bobosi Som haqidagi afsonalar asosida yaratilgan bo‘lib, mutaqoribi musammani mahzuf vaznida yozilgan.
Muxtasar tavsifdan ma’lum bo‘ladiki, Xoju Kirmoniy masnaviylaridan faqat bittasi, ya’ni “Ravzat ul-anvor” Nizomiy an’analariga hamohang tarzda yaratilgan. Qolgan dostonlarning mavzusi an’anaga nisbatan yangidir. Xoju xamsanavislik an’anasiga xos bo‘lgan vaznlardan to‘rttasida masnaviy yaratgan. “Layli va Majnun” mavzusidagi dostonlarga xos bo‘lgan hazaji musaddasi axrabi maqbuzi mahzuf (maf’uvlu mafo‘ilun fa’uvlun) vaznidan foydalanmagan. Shuningdek, u “Xusrav va Shirin” mavzusidagi dostonlarga xos bo‘lgan vaznda ikkita: «Gul va Navro‘z», «Gavharnoma» hamda «Iskandarnoma» vaznida ikkita: «Humoy va Humoyun” va “Somnoma” dostonlarini yaratgan. Demak, Xoju “Xamsa”sining tarkibi va kompozitsiyasi haqida fikr bildirishdan oldin uning masnaviylarini jiddiy tadqiq etish lozim bo‘ladi.
XIX asrgacha davom etgan xamsanavislik an’anasining 150 dan ortiq davomchilari ilmiy manbalarda, xususan, Y.E.Bertelsning tadqiqotlarida qayd etiladi. Ozarbayjon olimi G‘azanfar Aliev esa jahon kutubxonalarida saqlanayotgan 300 ga yaqin ijodkorni aniqladi va ular haqidagi ma’lumotlar asosida “Темы и сюжеты Низами в литературах Востока” nomli monografiyasini yaratdi (Moskva, «Nauka», 1985). Ular o‘z bilim saviyalari, estetik did va tushunchalari, dunyoqarashi, yashagan davr va ijtimoiy muhitlari doirasida Nizomiy, Amir Xusrav an’analariga turli xil munosabatda bo‘lganlar. Ularning ayrimlari muayyan darajada muvaffaqiyatga erishib, epik she’riyat taraqqiyotida munosib o‘rin tutgan asarlar yarata olgan bo‘lsalar, ayrimlari xamsa tarkibidagi dostonlarning shakliga, joylashish tartibiga e’tiborni qaratgan holda, g‘oya va mazmunan bog‘lanmagan, janriy yaxlitlikdan yiroq bo‘lib qolgan dostonlarning oddiy to‘plamidan iborat «Xamsa» yaratganlar. Shu sababli bu dostonlar xalq orasida Nizomiy Ganjaviy va Amir Xusrav Dehlaviy «Xamsa»lari, ya’ni «Xamsatayn» kabi katta shuhrat qozona olmagan. Bunday xamsalar haqida Alisher Navoiy yozadi:
Ko‘p kishi ham qildi tatabbu’ havas,
Sarvu gur o‘trusig‘a kelturdi xas.
Buyuk mutafakkir va san’atkorning o‘zi shunday guruhga mansub bo‘lmaslik, ya’ni sarvu gulning ro‘parasiga xas keltirmaslik uchun boy tafakkur dunyosi hamda yuksak badiiy istedodini ishga soldi hamda an’anaga noan’anaviy tarzda javob yozdi.
Agar Nizomiyga ergashgan holda turli shakl va mazmunda, turli hajmda «Xamsa» yozgan shoirlarni ma’lum bir tartibda tasnif qiladigan bo‘lsak, ularni shartli ravishda uchta guruhga bo‘lish mumkin:
Do'stlaringiz bilan baham: |