MASHG‘ULOT
Mavzu: «d» tovushi hamda bosh va kichik (Dd) harflari bilan tanishtirish.
Maqsad: «d» tovushi va «Dd» harflari bilan tanishtirish, o‘rganilgan unli harflar bilan bo‘g‘in, so‘z tuzish va o‘qish.
Vazifalar:
• «D» tovushining undosh tovush ekani haqida tushuncha berish, uning so‘z boshi, o‘rtasi va oxirida kelishini aytish,uning to‘g‘ri talaffuzini o‘rgatish;
• «D» tovushli so‘zlar bilan bolalar lug‘atini boyitish;
• «D» tovushli so‘zlarni bo‘g‘inga bo‘lish;
• Bo‘g‘inlardan so‘z tuza olish.
Kutilayotgan natijalar:
• «D» tovushi va «Dd» harflarini bilib oladilar.
• «D» tovushining undosh tovush ekanligini, uning so‘z boshi, o‘rtasi va oxirida kelishini bilib oladilar. • «D» tovushli so‘zlarni ayta oladilar.
• «D» tovushli so‘zlarni bo‘g‘inlarga bo‘la oladilar.
Kerakli jihozlar:
• «Dd» harflari.
• «D» tovushi qatnashgan predmetlar suratlar.
• «Bo‘g‘inlardan so‘z tuzing» ta’limiy o‘yini uchun materiallar.
Mashg‘ulotning borishi: Tarbiyachi bolalarga o‘rganilgan harflarni Harf jildidan o‘qitadi. Ularga xos xususiyatlarni savollar yordamida eslatadi: Bular qanday harflar? Ular nimalarni ifodalaydi? Unli tovushlar qanday aytiladi? Ular nimadan hosil bo‘ladi? Ular nima hosil qiladi? (bo‘g‘in hosil qiladi.). Bu harflarning nechta shakli bor?
Bolalar, bugun «D» tovushi bosh va kichik «Dd» harflari bilan tanishamiz. Bosh « D » va kichik «d» ko‘rgazmadan, rasmli alifbodan, maxsus tayyorlangan ko‘rgazmadan (bosma shakli) ko‘rsatiladi. Bosh «D» harfi ko‘rsatilib, bu harfning qanday shakli? (bosh shakli – bosh D harfi) Bosh « D » harfi bilan qaysi so‘zlar yoziladi? Bu («D») qanday harf? (bu kichik «d»harfi) U qaysi so‘zlarda yoziladi? (dutor, doira...) Men ko‘rsatgan «Dd» harflarini nimalarda o‘qiysiz? Di-van so‘zi necha bo‘g‘inli? Men aytaman, siz aniqlaysiz: Divan men shu so‘zni qayta aytaman, siz birinchi tovushni aytasiz: DD - Di-van, Xattaxtaga bitta to‘rtburchak chizaman. Endi 2-tovushni ayting: Di-v-v-van, 2-to‘rtburchak chiziladi. 3-tovushni toping: Div-v-van 3-to‘rtburchak chiziladi: – Di-van so‘zining modeli hosil bo‘ladi: Bu so‘zda biz tanishmagan qaysi tovush bor? («D» tovushi) Bugun siz «D» tovushi bilan tanishasiz. «D» tovushi bolalarga talaffuz qildirtiriladi.
Tarbiyachi: «D» tovushini talaffuz qilganimizda quyidagilar sodir bo‘ladi: lablar biroz ochiq, harakatsiz, tinch holatda bo‘ladi, tishlar bir-biriga yaqinlashgan, lekin jipslashmagan, «D» tovushi unli «a», «i», «o», «u» tovushlari bilan qo‘shib talaffuz etilganda tilning oldingi kurak qismi yuqorigi tishlarga yoki alveolalarga tiralib turadi. «D» tovushi ya, yo, ye, yu unli tovushlari birikmasi bilan talaffuz etilganda tilning uchi pastga tushgan bo‘lib, pastki kurak tishlari tilga tegib turadi.
Tarbiyachi: endi men «D» tovushini talaffuz qilaman, «D» tovushini cho‘zib aytib bo‘ladimi? (Yo‘q) Tarbiyachi «D» tovushining hosil bo‘lishini tushuntiradi. «D» tovushi undosh tovushlar sirasiga kirishi qayd etiladi. «D» tovushining xususiyatlari quyidagi savollar asosida bolalardan so‘raladi:
«D» tovushi qanday tovush?
Undosh tovushlar qanday rang bilan belgilanadi?
«D» undosh tovush. Undosh tovush unli bilan birga bo‘g‘in hosil qiladi.
«D» tovushining talaffuzi o‘rgatiladi.
«D» tovushining so‘z boshida (don, deraza, dutor), o‘rtasida (O-dil, A-do-lat)) kelishi haqida, so‘zlarni bo‘g‘inlarga bo‘lib aytish, bo‘g‘inlardan tovushlarni ajratish, «D» tovushi so‘zning qaysi o‘rnida kelganini aniqlatish orqali tushuncha beriladi. Shundan so‘ng kesma «Dd» harflari harf kassasiga qo‘yiladi.
.
Xulosa
Ma’lumki, vatan beshikdan boshlangani kabi, ta’lim-tarbiya ham beshikdanoq, hattoki, bola tug‘ilmasidanoq berila boshlanishi kelajakdagi ijobiy natijalarga sabab bo‘ladi. Mamlakatimiz yoshlariga erta ta’lim-tarbiya berish mas’uliyatini hozirda yurtimizda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z zimmasiga olgan. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bilimlarni berish shakli mashg‘ulotdir. Mashg‘ulotlar jarayonida bolaning nutqi rivojlanib, undagi grammatik va fonetik qirralari sayqallanib, til boyligi oshib borish bilan bir qatorda undagi psixologik va intellektual jihatlari rivojlanib boradi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida 5 ta metodika bo‘yicha bolalarga ta’lim-tarbiya saboqlari berib boriladi. Bulardan eng asosiysi «Nutq o‘stirish mashg‘ulotlari» desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, nutq o‘stirish nafaqat bolaning so‘z boyligini oshirish, balki uning muloqot qobiliyatini rivojlantiradi, undagi bilish jarayonlarining, shu jumladan bolaning tafakkurini o‘stirishda ham muhim vosita bo‘lib hisoblanadi.
Hozirgi paytda maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishga yanada yuqori talablar qo‘yilmoqda. Bu talablarga javob berish nutqni rivojlantirishga oid yangi izlanishlarni taqozo etadi. Shunday qilib, pedagogika ilmining hozirgi bosqichida maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishga nisbatan qo‘yiladigan talablar bilan ushbu talablar ijrosi o‘rtasida ziddiyatlar namoyon bo‘lmoqda. Yuqoridagi fikrlarga asoslanib, biz mazkur kitobda maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishning samarali yo‘llari hamda vositalarini ishlab chiqishda tayanch bo‘ladigan nazariy, metodik usullarni yoritishga qaror qildik.
Do'stlaringiz bilan baham: |