1.5.Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi Xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi (bundan buyon matnda ishtirokchi deb yuritiladi) xarid qilish tartib-taomilida davlat xaridlarini bajarish uchun talabgor sifatida ishtirok etayotgan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxsdir.
Ishtirokchi:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotdan qonunchilikda nazarda tutilgan hajmda foydalanish;
davlat buyurtmachisiga yoki ushbu buyurtmachi tomonidan jalb etilgan ixtisoslashgan tashkilotga muayyan davlat xaridlarining tartib-taomillari, ularni o‘tkazish talablari va shartlari bo‘yicha so‘rovlar berish hamda ulardan tushuntirishlar olish;
xarid komissiyasi tomonidan takliflar ochilayotganda belgilangan tartibda ishtirok etish;
Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaga xarid qilish tartib-taomillari natijalari yuzasidan shikoyat qilish;
qonunchilikka muvofiq takliflarga o‘zgartirishlar kiritish yoki ularni qaytarib olish huquqiga ega.
Ishtirokchi:
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
xarid qilish hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lgan takliflar va hujjatlarni taqdim etishi hamda taqdim etilgan axborotning ishonchliligi uchun javobgar bo‘lishi;
asosiy benefitsiar mulkdor to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishi;
g‘olib deb topilgan taqdirda, davlat buyurtmachisi bilan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda shartnoma tuzishi shart.
Ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas.
1.6.Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat Davlat xaridlari sohasidagi monitoring davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini, davlat xaridlarining ushbu Qonunda belgilangan maqsadlari, prinsiplari va cheklovlari amalga oshirilishini davlat xaridlarining o‘tkazilishi haqidagi axborotni to‘plash, umumlashtirish, tizimlashtirish va baholash orqali doimiy asosda kuzatish tizimidir.
Davlat xaridlari sohasidagi nazorat mazkur sohadagi qonunchilik talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo‘yishga qaratilgan chora-tadbirlar tizimidir.
Qonunchilikda belgilangan tartibda statistik va boshqa axborotni taqqoslash hamda tahlil qilish orqali amalga oshiriladigan tekshirishlar davlat organlarining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishi ustidan nazorat qilishning asosiy shaklidir.
Davlat xaridlari sohasidagi monitoring va nazorat tegishli vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat xaridlarini amalga oshiruvchi davlat organlari o‘z tasarrufidagi davlat buyurtmachilari tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari bo‘yicha monitoring va nazorat o‘tkazishga haqlidir.
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish chog‘ida qonunchilikda nazarda tutilmagan tekshirishlar o‘tkazilishiga va hisobot berish shakllarini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.