hevalarda tabu va evfemizmlar ham ma‘lum darajasida uchraydi. Tabu so’zi polineziya tilidan (Tinch okeandagi orollarda yashovchi ko’chmanchi elatlar tili) olingan bo’lib, shaxsiy va diniy odatlar jihatidan biror narsani man etish, jumladan, ma‘lum hayvonni ov qilish yoki o’simlikni sindirishni man etish bilan boliqdir. O’tmishda biror kishi o’lganda, qabiladan o’lim sharpasini yo’qotish uchun marhumning nomini aytish man etilgan. Tabu etnik tushuncha bo’lib, qandaydir predmetning, harakatning nomini aytishini man qilishdir. Bunday odatning tilga tadbiq qilishi bilan lingvistik tabu yuzaga kelgan.
Ayrim yirtqich hayvonlarning nomini tilga olish (aksari hollarda kechalari) man etilgan. Qariyalar bu narsani quyidagicha izohlaydilar. Ularning aytishlaricha, agar bunday hayvonlarning nomi tilga olinsa, ular zarar yetkazishi mumkin emish. Masalan, «bo’ri» so’zini kechalari aytish man etilgan. Aftidan xalqimiz o’rtasida tez-tez ishlatilib turiladigan «bo’rini yo’qlasang, qulog`i ko’rinar» degan maqol dastlab shu tabu hodisasining natijasi o’laroq vujudga kelgan bo’lsa kerak. «Ilon» so’zi o’rnida «arg`amchi», «qamchidasta» so’zlarining qo’llanishi ham tabuga misoldir.
Odamning nutq faoliyati axloqiy me’yorlarga rioya qiladi. Axloqiy va madaniy jihatdan qo’llanishi tadqiqlangan yoki noqulay deb topilgan so’zlar o’rnida boshqa so’z va iboralarning qo’llanilishi evfemizmlar (grekcha, «yaxshi» «mayin gapiraman» ma’nosida) deb ataladi. Masalan, qipchoq shevalarida «o’ldi» so’zi o’rnida «tomom bo’ldi», «uzildi», «jon berdi», «qaza qildi», «dunyodan o’tti», «nabud bo’ldi» kabi so’zlar qo’llaniladi.
Qarluq-chigil-uyg`ur lahjasida «xotin» so’zi o’rnida «umr yo’ldoshi», «rafiqa», «qalliq», «oila» kabi so’zlar qo’llaniladi. O’zbek tili taraqqiyoti jarayonida shevalardagi tabular yo’qolib boradi, evfemizmlar esa ko’payib boryapti. evfemizmlar gaplarni chiroyli, silliq, ta‘sirchan qilish borasida muhim ahamiyatga egadir. U har bir madaniyatli kishi uchun muhim leksik uslubiy vosita vazfasini bajaradi. Frazeologiya deb nutqimizdagi turg`un va barqaror so’z birikmalariga, iboralarga aytiladi. Ular ikki va undan ortiq so’zlarning turg`un birikmasidir. Frazeologizmlarning tarkibida nechta so’z ishtirok etishiga qarmay, ular yagona umumiy ma’no bilan birlashadi va emotsional-ekspressiv ma’noni ifodalaydi.
Shevalar frazeologik iboralarga juda boy. Ulardan ayrimlarini quyida keltirib o’tamiz: yer qattiq, osmon baland (iloji yo’q, hal qilib bo’lmaydigan); ko’rpanga qarab aya uzat (hisob-kitob bilan ish yurit); bardi-keldisi jo’q (aloqasi yo’q); kuni qurig`a o’tti (foydasiz bo’ldi) kabilar. Ushbular qipchoq lahjasiga tegishli misollardir. Qarluq-chigil-uyg`ur va o’g`iz lahjasida ham bu kabi frazeologik iboralar juda ko’plab uchraydi. Misol: dimog`i kuymoq (xafa bo’lmoq), boshiga ko’tarmoq (ardoqlamoq); aydi etak minan yavun bo’lmas (kamchilikni yashirib bo’lmaydi) kabilar.
Umuman olganda, xalq shevalari bitmas-tuganmas xazina bo’lib, o’zbek adabiy tilini, uning leksik tarkibini boyituvchi eng muhim manba hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |