HAZORASP SHEVASIGA XOS QUSH VA HASHAROTLAR
NOMLARIGA TERMINLAR
Ruxsora Qurbonbayeva
3-bosqich talabasi
Annotatsiya
Ushbu maqolada tadqiqotchilar eʼtiboridan chetda qolgan Hazorasp shevasiga oid materiallar tahlil qilinishga harakat qilingan. Jumladan, hududga xos qush nomlarining adabiy tildan va boshqa shevalardan farqlanishiga doir fikr-mulohazalar bayon etilgan.
Kalit soʻz: terminologiya, ornitonim, lugʻat, soʻzlashuv nutqi, hashorat, qush nomi, adabiy til, sheva.
Annotation
In this article, an attempt was made to analyze the materials on the Forish dialect that have been ignored by researchers. In particular, opinions are expressed on the difference of the names of birds specific to the territory from the literary language and other dialects.
Key words and combinations: terminology, ornithonym, dictionary, colloquial speech, insect, bird name, literary language, dialect.
Oʻzbek tilshunosligida terminologiya, hayvon nomlari (zoonimlar), ornitonimlarni tadqiq etishga doir muayyan ishlar amalga oshirildi. Bular orasida R.Safarova, P.Safarov, H.Saidova, N.Nishonova, B.Abdushukurov, B.Zaripov, D.Yuldasheva, O.Oʻrinova, D.Tosheva, N.Pazlitdinova, D.Yoʻldosheva kabilarning nomzodlik ishlari eʼtiborga molik. D.Bozorovaning monografiyasida bir qancha yozma yodgorliklar va hozirgi zamon turkiy tillar materiallari asosida kakku, kaklik, bulduriq, popishak, tovuq, chittak, tuvaloq, qargʻa, kurka, hakka singari koʻpgina qush nomlarining qiyosiy va qiyosiy-tarixiy tahlili amalga oshiriladi, jigʻaltoy, gʻajir, lochin, burgut, quzgʻun, boʻronqush, turna kabi bir qancha umumturkiy ornitonimlarning etimologiyasi va qoʻllanish xususiyatlarini ochib beriladi. Sh.Rahmatullayevning etimologik lugʻatlarida ham oʻzbek tilidagi burgut, jarqaldirgʻoch, itolgʻi, yapaloqqush, laylak, tovus, qaldirgʻoch, chumchuq, anqo singari baʼzi ornitonimlarning etimologiyasi haqida fikr-mulohazalar bildirilgan [Rahmatullayev, 2000]. D. Yoʻldosheva doktorlik dissertatsiyasida esa 1000dan ortiq adabiy tilga xos ornitonimlar nomlarining lisoniy xususiyailarini tadqiq etgan va ularning izohli lugʻatini tuzgan [Yuldasheva, 2019]. Bundan tashqari, F.Isʼhoqov, Sh.Nosirov, H.Nizomxonov, R.Normurodov, R.Suvonova, E.Kulahmedovlar va boshqalarning ayrim izlanishlari ham eʼlon qilingan. Ornitonimlarning leksik-semantik va grammatik xususiyatlariga doir tadqiqotlar boshqa tillar, xussuan tatar tili materiali asosida ham bajarilgan.
Oʻzbek tilshunosligida shu kunga qadar xalq shevalarida ornitonimlar yaxlit holda monografik yoʻnalishda oʻrganilmagan. Bu masalada izlanish va tadqiqotlar olib borish bugungi oʻzbek dialektologiyasi fani oldida turgan muhim masalalardan biri sanaladi.
Tadqiqot obyekti boʻlgan Hazorasp tumani hududi aholisi soʻzlashuv nutqiga xos leksik birliklar adabiy til va boshqa oʻzbek shevalaridan oʻziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Bu jarayonni qush nomlariga oid terminlar adabiy til, xususan, boshqa oʻzbek shevalaridan nisbatan koʻpligi va oʻzgachaligi bilan ajralib turishida yaqqol koʻrish mumkin. Bunday terminlar fonetik farqlanishga ega boʻlishiga qaramay oʻziga xoslik kasb etadi. Masalan, ori (ari), qãldirgʻoch (qaldirgʻoch), kaptar (kabutar), bayovli (boyoʻgʻli) hamda lugʻaviy farqlanishli secha (qush nomi), qumri(qush nomi), tamancha(ninachi) singari oʻziga xos nomga ega boʻlgan terminlar misolida yanada aniqroq namoyon boʻladi.
Shuningdek shevada adabiy tildagi musicha (qush) termini qumri shaklida boʻlishi, nazarimizda, qushning tabiatidan kelib chiqib, uning ovoziga taqlid nuqtayi nazaridan nomlangan boʻlishi mumkin. Yana alakka termini ham adabiy tildagi ola hakka oʻrnida h boʻgʻiz undoshi tushib qolishi natijasida yasalgan boʻlishi mumkin.
Toʻplangan materiallar tahlili mazkur guruhga mansub terminlarni quyidagicha mavzuiy guruhlarga boʻlib oʻrganish mumkinligini koʻrsatdi:
1.Yirtqich qush nomlarini ifodalovchi terminlar: choy qush (asosan suv boʻylarida yashovchi va kichikroq polaponlar yoki joʻjalar bilan oziqlanuvchi yirik qush), burgit (burgut), va boshqalar.
2.Beozor qush nomlarini ifodalovchi terminlar: alakka (ola hakka), qumri (musicha), secha (chumchuq), toʻrgʻay (mayna), qãldirgʻoch (qaldirgʻoch), kaptar (kabutar) va boshqalar.
3.Qushlar oziqlanadigan hashoratlar nomlariga xos terminlar: tamancha (ninachi), qarinja (chumoli), chiyon (chuvalchang) ,peshsha( chivin), chivin (pashsha, qora pashsha), chiyirtka (chigirtka), tamazon (qoʻngʻiz), beshikcha (beshiktebratar) va boshqalar.
Xulosa qilib aytganda, oʻzbek shevalariga xos qush nomlari va ular bilan bogʻliq jarayonlarni oʻrganish dialektologiya fanioldida turgan dolzarb masalaladan biri hisoblanadi. Tadqiqot materiallari asosida olingan natijalardan kelajakda dialektologik atlas, areal xaritalarini hamda til korpusinituzishda asqotishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Bazarova D.X. История формирования и развитие
зоологической терминологии узбекского языка (на материале
названий птиц). – Tashkent: Fan, 1978.
2. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati 1 (turkiy soʻzlar). – Toshkent: Universitet, 2000.
3. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati P (arab soʻzlari va ular bilan hosilalar). – Toshkent: Universitet, 2003.
4. Rahmatullayev Sh. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati Sh (forscha, tojikcha birliklar va ular bilan hosilalar). – Toshkent: Universitet, 2009.
5. Yuldasheva D. B. Oʻzbеk tilida ornitonimlarning lisoniy tadqiqi. Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (ПҳД) dissertatsiyasi avtoreferati. –Samarqand-2019.
6. 2018-2020-yillarda yigʻilgan dala ekspeditsiyasi materiallari.
Do'stlaringiz bilan baham: |