«Vatan» tushunchasi muayyan jug'rofiy hududnigina qamrab olmaydi, balki uning tarkibiga butun jamiyat, uning kechagi kuni, buguni va ertasi ham kiradi».
Vatan tushunchasi tarkibida o'zimiz yashayotgan jamiyat a'zolari, yurtimizning kechagi kuni va buguni jamuljam ekanini yaxshi tasavvur qilamiz. Biroq bu tushunchaga «Vatanning ertasi ham kirishi»ni qanday izohlaymiz? Axir «erta» hali yo'q narsaku, uning qanday bo'lishini bilmaymiz-ku. Hali mavjud bo'lmagan, qanday bo'lishi noma'lum narsani tushuncha tarkibiga qo'shish qalay bo'larkin?
<“Axir bu go'zal Vatan Allohning el qatori menga ham atagan buyuk tuhfasi. Mendan avval o'tgan avlod-ajdodlarim uni jamiki betakror jozibasi bilan, tuganmas xazinalari bilan menga meros qoldirgan. Xo’sh, nima qilmoq kerak. Tekin meros ekan deb uning boyliklarini bir chekkadan sovuraverishim kerakmi?»
Darhaqiqat, Vatan degan imorat ko'chmanchi qabilalar bahorda vaqtinchalikka qurib, qish boshida buzib yig'ishtirib ketadigan chodir emas. Bu muqaddas dargoh Siz bilan bizga qadar ham bo'lgan, Siz bilan biz o'tib ketganimizdan keyin ham abadiy qolajak! Hamma gap uni ertangi kunga qanday ahvolda qoldirmoqlikdadir. Vatan chinakam Vatan bo'lmog'i uchun uning ravnaqiga har bir avlod istisnosiz o'z hissasini qo'shishi, uning boyliklarini ko'paytirib, kelgusi nasllar uchun qoldirmog'i shart. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!» deya butun xalqni bunyodkorlikka, yaratuvchi mehnatga da'vat qilishining zamirida mana shu ulug' maqsad yotibdi. Ozod Sharafiddinov maqolasida kishini jiddiy o'yga toldiradigan yana bir o'rin, bizningcha, mana bu fikrlar hisoblanadi:
«Vatanga muhabbat Onaga muhabbat kabi muqaddas va yuksak tuyg'u. Onaga muhabbatning shunday bir o'ziga xosligi borki, odam bu tuyg'usi haqida olamga jar solib, hammani undan voqif qilavermaydi, hatto onasining o'ziga ham har kuni «Onajon, men sizni jonimdan ortiq yaxshi ko'raman», deyavermaydi».
Darhaqiqat, odam bolasining shunday nozik tuyg'ulari, hislari bo'ladiki, ular har qadamda oshkor qilinib, elga dasturxon bo'lavermaydi. Insonning farosatliligi, ibosi, imoni mana shu tuyg'ularni asrab-avaylashi, ularni tarbiyalashi, ichdan kuchaytirib borishi bilan o'lchanadi. Har qanday tuyg'u, agar huda behuda munozara mavzuiga aylanaversa, hammaga oshkor qilinaversa, o'tmaslashib, siyqasi chiqib boraveradi. Ayniqsa, Vatanga muhabbat tuyg'usi mana shunday asrovga, e'tiborga munosib muqaddas tuyg'ular sirasiga kiradi. Olim bu tuyg'uni bekorga Onaga muhabbat tuyg'usiga qiyoslayotgani yo'q. Vatan xuddi Ona singari yagona, odam ixtiyori bilan tanlanmaydigan, doimiy e'tiborga loyiq qadriyatdir. Onaga xiyonat qilish, uning Yuzini yerga qaratish, uni haqoratlash qanchalar og'ir gunoh hisoblansa, Vatanga bemehrlik ham shunchalar og'ir ko'rgilikdir. Afsuski, hali oramizda Vatan so'zini istehzo bilan aytadigan, uning boyliklari, imkoniyatlaridan istagancha foydalanib, undan norizo yuradigan, nuqul «falon joyda odamlar falondaqa yashar ekan, hamma narsa muhayyo ekan, bor maza o'sha yerlarda ekan», deya munofiqlik qiladigan kimsalar uchrab turadi. Bundaylarga, qolsa, kimdir ular uchun ishlashi, o'ylashi, muammolarni hal etishi, barcha narsani ular iste'moli uchun tayyorlab berishi kerak. Faqat o'z maishatini, tor manfaatlarini o'ylab yashaydigan, mana shu bachkana, maishiy tashvishlardan yuqori ko'tarila olmaydigan kishilar, aslida, qo'lida qurol tutgan dushmandan ko'ra xaviliroqdir. Chunki qurollangan, maqsad-muddaosi aniq dushmanni ko'z bilan ko'rib, qo'l bilan ushlash mumkin. Ularning qilmishiga yarasha qanday jazo tayinlanishi ham qonunlarda belgilangan. Boyagi kimsalarning dunyoqarashi, axloq-ruhiyati, kundalik zararkunandaligini esa na bir qonun bilan, na nazorat bilan tartibga solib bo'ladi. Ba'zan ahvol shu darajaga borib yetadiki, umri bino bo'lib ko'rgan to'rttagina shubhali kitobi, shular ta'sirida orttirgan «bilimi” bilan o'zini har sohada daho sanab qolgan kimsalar, masalan, din va uning muqaddas tushunchalariga-da daxl qilishdan toymaydilar. Ular Payg'ambarimizning «Vatanni sevmoq iymondandir» degan hadislarini ham shubha ostiga oladilar, vatan tushunchasini «nisbiy, o'tkinchi, islom dushmanlari o'ylab topgan narsa», deb e'lon qiladilar («Hizb ut-tahrir» ekstremistik guruhining «qo'llanmalari»da aynan shunday targ'ibot o'rin olgan). Endi ayting: Vatan xoinlari, millat kushandalari, kelajak dushmanlari xuddi shu muhitdan yetishib chiqmaydi, deb kim kafolat beradi?
Ozod Sharafiddinov mana shunday kishilardan ogoh bo'lishga, ularning yuzidagi pardaga aldanmaslikka barchamizni da'vat etadi:
«Vatan muhabbatidan benasib odamlar esa, unga loqayd qaraydigan, hatto unga qo'l ko'tarishdan toymaydigan odamlar esa har qanday qiyofaga ega bo'lmasin, basharasini har qanday niqob hilan panalamasin, ma'naviy qashshoq, imonsiz, xudo-bexabar, baxtsiz odamlardir. Utar Alloh oldida qandaydir gunoh qilgan maxluqdirki, Alloh ularni Vatanni sevish baxtidan benasib qilgan».
Shiddatli umri davomida juda ko'p yurtlarni ko'rgan, yer yuzining eng go'zal go'shalari, dunyo madaniyatining eng ilg'or markazlari to'g'risida jild-jild kitob o'qigan va barcha ko'rganbilganlarini sarhisob qilib, buyuk haqiqatni kashf etgan mutafakkir inson Ozod Sharafiddinov avlodlarga mana bunday vasiyat qoldirdi:
«Siz bilan bizga Alloh O'zbekiston deb atalgan, tuprog'ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, tog' desa tog'i bor bog' desa bog'i bor, har tongda bulbullar madhini o'qib tam'om qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun o'zimizni BAXTLI deb bilmog'imiz kerak».
Do'stlaringiz bilan baham: |