MIRRIX YULDUZIGA
Go'zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqg'ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg'a tushibsan,
Tuvg'aningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
So'yla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo'lib turgan tubanliklar, xo'rliklar,
So'yla, yulduz, sening dag'i' quchog'ingda bo'lurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
1 Sening dag'I – Sening ham.
O'rtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin to'ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o'ksuz yo'qsulning qonin
Gurunglashib, chog'ir kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O'z qopchig'in to'ldirg'ali buzg'anlar.
Bormi senda bir o'lkani yondirib,
O'z qozonin qaynatg'uchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yo'lida
Elin, yurtin, borin-yo'g'in sotqonlar?
Fitratshunoslarning ta'kidlashicha, «Mirrix yulduziga» she'ri 1920-yilda yozilgan. Xo'sh, bunchalik dard va fig'onga to'la she'r yozilishiga o'sha yillari nimalar sabab bo'lgan?
Kelasi o'quv yilining tarix darslarida Turkiston o'lkasining XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid tafsilotlar bilan batafsil tanishasiz. Biz hozir millatparvar ijodkorlar qalbini yaralagan o'sha davrning ayrim voqealarinigina aytib o'tamiz. Shundagina Fitrat she'rining mohiyatini, bu asarda mujassam bo'lgan millat qayg'usini anglash mumkin bo'ladi. Shundagina shoir Fitrat jasorati, uning insoniy fazilatlari ko'z oldimizda yaqqolroq namoyon bo'ladi...
XIX asrning 60-70-yillari davomida Turkiston o'lkasi Chor Rossiyasi tomonidan istilo qilinadi. Bu paytda o'lka Qo'qon xonligi, Xiva xonligi, Buxoro amirligi singari uchta alohida davlat shaklida yashardi. Shu tufayli ham istilochilar uchun ularni yakka-yakka holda o'ziga bo'ysundirib olish nisbatan oson ko'chadi. Garchi, Buxoroda rasman amir saltanati saqlab qolingan bo'lsa-da, bu hukumat Rossiyaning chizgan chizig'idan chiqa olmas edi. 1917 -yilning oktabrida xuddi Petrograd (Rossiyaning o'sha paytdagi poytaxti)da bo'lgani singari Toshkentda ham hokimiyat sho'rolar (sovetlar) qo'liga o'tadi. Ular hukumat tepasiga juda katta va'dalar, mehnatkash ommaga yoqadigan chaqiriqlar bilan kelgan edilar. 1920-yilga borib Buxoroda ham amir saltanati zo'rlik bilan ag'dariladi. Qizil qo'mondon - M.V.Frunze boshchiligidagi qo'shin qadimiy shaharni shafqatsizlarcha to'pga tutadi. Xuddi shu janglarda Turkiston o'lkasi tarixida ilk marotaba aeroplanlar - ibtidoiy samolyotlar yordamida shaharga bombalar yog'diriladi. Shahar xalqi
1 O’ksuz – Baxtsiz. 2 Chog’ir – Sharob. 3 Tuzuk – Nizom, tartib, yashash tarsi.
vahshiyona qiriladi. Qadim Buxoroning ming yillik obidalari yer bilan yakson qilinadi. Fitratning tarjimayi holidan bilamizki, bu paytda u Toshkentga chaqirib olingan, shu yerdagi ishlar bilan band qilingan edi. Biroq millati taqdiriga kuyingan shoirga birgina Buxoroda emas, balki Toshkentda va Turkistonning boshqa chekkalarida bo'layotgan xunrezliklar ham achchiq xulosalar chiqarishi uchun yetarli edi. Bundan sal oldin - 1918-yilning fevralida sho'ro hukumatining yolg'on va'dalariga ishonib Qo'qon shahrida tuzilgan Turkiston muxtoriyati hukumati va vodiyning o'n minglab fuqarosi qonga botirilgandi. Toshkent va Samarqandda, Andijon va Farg'onada hali u, hali bu bahona bilan tinch aholi qirg'inbarot qilinar, milliy rahbarlarga turli ig'volar uyushtirilardi. Bolsheviklar hukumati bergan va'dalar birin-ketin puchga chiqar, o'lka aholisi qayerdan va kimdan najot olishni bilmay, tang ahvolda qolgandi...
Endi, mana shu voqealarni ko'ngildan his etgan holda, Fitratning «Mirrix yulduziga» she'rini qayta mutolaa qilaylik:
Go'zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqg'ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg'a tushibsan...
Avvalo, asarning lirik qahramoni (bu o'rinda shoirning o'zi) mazkur she'rda nega aynan Mirrix yulduziga murojaat etayotganiga e'tiborni qarataylik. Mirrix - Mars sayyorasi Shamsiy (Quyosh) yil hisobida Ramal (Mart) oyining homiy sayyorasi hisoblanadi. Bu oyning unsuri - xos belgisi - olovdir.
Xalqimiz 21-martdan boshlanadigan oyni (Navro'zni) olqishlab, «Ramal keldi - amal keldi», deydi. Shoir xuddi shunga ishora qilaroq, Mirrix yulduzini «yerimizning eng qadrli tuqg'ani» - qarindoshi deya ataydi. Boya aytganimizdek, 1917 -yilda yuz bergan fevral va oktabr to'ntarishlaridan keyin Turkiston xalqi, nihoyat, ko'ksiga oftob tegishini, bu zamin uzra ham ozodlikning iliq shabadalari esishini orzu qilgandi. Bilasizki, hamal oyida butun tabiat uyqudan bosh ko'taradi. Yam-yashil maysalar chirkin xazonlar bag'rini yoraroq quyoshga qarab talpinadi.
Fitratning nazarida, Chor hukumatining uzoq yillar davom etgan zulmi ostida ezilgan o'lka, o'z taqdirining hamal oyiga amal oyiga endigina qadam qo'ydim, deb o'ylagandi. Biroq birdan izg'irin shamol turib bu orzularni yer bilan yakson qildi, o'zining sovuq panjalari bilan yam-yashil umidlarni g'ijimlab tashladi... Chor hukumatidan-da vahshiyroq to'da - qizillar hokimiyati o'z hukmronligining dastlabki yillaridan boshlaboq o'lka boshiga misli ko'rilmagan ko'rgiliklarni yog'dirdi:
Bizning yerda bo'lib turgan tubanliklar, xo'rliklar,
So'yla, yulduz, sening dag'i quchog'ingda bo'lurmi?
Fitratning aynan Mars - Mirrix yulduziga murojaat qilishining yana bir ilmiy-mantiqiy sababi bor. Mars - Mirrix yulduzi, boshqa bir mifologik qarashlarga ko'ra, jang-u jadal ramzi, yunonlarda urush xudosi hisoblanadi. Shoir o'z o'lkasida bo'lib o'tayotgan xunrezliklar ko'lamini urg'ulab ifodalamoq uchun uni jang-u jadallar makoni - Mirrix (qonday qizil sayyora!) bag'ridagi hodisalarga qiyoslaydi. Uning nazdida, Turkistonda yuz berayotgan adolatsizliklar olovi, hatto Mirrix yulduzini-da uzoqlarga qochmoqqa majbur etgan, indamay lol qotishiga sabab bo'lgan...
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O'z qopchig'in to'ldirg'ali buzg'anlar...
Yuqorida ta'kidlaganimizdek, marksizm-leninizm mafkurasi asosida ish ko'rgan sho'rolar hukumati «butun dunyo tuzugini» insoniyatning asrlar osha sinovdan o'tgan yashash tarzini o'zgartirishga kirishgandi. Bu hukumat odamlarning xususiy mulkka bo'lgan haq-huquqini bekor qilish, har bir millatning o'z tarixiy an'analari asosida yashash huquqini mensimaslik yo'lidan bordi.
Kechagina tinch-osoyishta yashayotgan yagona xalq vakillari birdaniga «boy» va «kambag'al”ga ajratilib, ularni bir-biriga qarshi gijgijlashga zo'r berildi. Natijada, ming yillar davomida amal qilinib kelingan hayot qonuniyatlari buzildi, bir millat vakillari birodarkushlik urushi oloviga tortildi... Bularning bari, aslida, bir niyat yo'lida - «o'z qopchig'in to'ldirg'ali» - turli xalqlar boyliklarini talash, ularni yangicha shakldagi qullik iskanjasiga olish maqsadida amalga oshirilgandi. Fitrat «Mirrix yulduziga» she'rida o'zimizdan chiqqan sotqinlar yurtfurushlarni ham dadil fosh qiladi. Kelgindi hukumat qutqusiga - va'dalariga uchib, o'z millati va xalqini bosqinchilarga ipsiz bog'lab berishdan toymagan, «qorin-qursoq yo'lida elin, yurtin, borin-yo'g'in sotqonlar» shoirning o'tli nafratiga duchor bo'ladilar. Ular el-u yurtni o'zgalarga sot ish bilan «borin-yo'g'in» - imonin, vijdonin, millatin sotdilar. 1920-yilda - sho'rolar hukumati barcha jabhalarda rahbarlikni qo'lga olayotgan, har qanday qarshilikni shafqatsizlarcha bostirayotgan bir pallada «Mirrix yulduziga»dek o'tli she'rlarni yozish ijodkordan juda katta qahramonlikni, jasurlikni talab etar edi. Bunday misralar bilan omma oldiga chiqish - o'z boshini kundaga tutib berish bilan barobar edi. Buni juda yaxshi his qilgan Fitrat xavf-xatardan qo'rqib o'tirmadi. Uning yurtiga bo'lgan farzandlik muhabbati, tilda emas, qalbda yashagan Vatanga fidoyilik hissi har qanday xavfdan ustun keldi. Fitratning o'tgan asrning boshlarida yozgan o'tli bu misralari hanuz unutilmay yashayotganining chin sababi ham ayni shundadir!
O'GUT
Og'ir yigit, sening go'zal, nurli ko'zingda
Bu millatning saodatin, baxtin o'qudim.
O'ylashingda, turishingda hamda o'zungda
Bu yurt uchun qutulishning borlig'in ko'rdim.
Turma - yugur, tinma - tirish, bukilma - yuksal,
Hurkma - kirish, qo'rqma - yopish, yo'rilma - qo'zg'al!
Yel yo'lini to'sib turgan eski bulutlarni
Yondirib qo'y, yirtib tashla, barchasin yo'q et.
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo'rlikdir bu...
Yiqil, yo'qol, ket!
Shoirning «O'gut» she'ri bundan oldin tahlil qilingan «Mirrix yulduziga» asarining mantiqiy davomidek yangraydi. Xo'sh, buni nimalarda ko'ramiz? Guvohi bo'ldikki, «Mirrix yulduziga» she'rida Turkiston o'lkasi XX asr boshlarida tushib qolgan g'oyat achinarli holat o'z ifodasini topgan. Jafokash Vatan vujudiga joylashib olib, qonini zulukdayin so'rgan kimsalar kirdikoridan ozorlangan lirik qahramon xayolan Mirrix yulduziga murojaat etadi. Bu murojaat boshdan-oyoq achchiq savollardan tashkil topgan. Afsuski, «yerimizning eng qadrli tuqg'ani» go'zal Mirrix ham bu holdan lol qotgan - sira gapirmaydi, gapirolmaydi. Tabiatan o't-olovga qiyos beriladigan shu yulduz ham yer yuzida bo'layotgan adolatsizliklardan bezib uzoqlarga qochgan... Shoir «O'gut»da o'zi va millati dardlariga najotni topganday bo'ladi. Bu najot - xalqning og'ir-vazmin, mulohazakor, biroq ko'zlari yoniq farzandlari - yigitlaridir! Bu yigitlarning nurli ko'zlarida shoir millatning ertangi kunini, baxt-u iqbolini ko'radi. Zero, har qanday xalqning kelajagi uning bag'ridan yetishib chiqajak avlodga, bu avlodning millat orzularini qanchalik chuqur anglashiga bog'liqdir. Oradan yillar o'tib, o'zbekning boshqa bir iste'dodli ijodkori “Yigitlarga» degan mashhur she'rni yozadi. Bu she'rdan shunday hikmatli misra ham o'rin oladi:
Yigit omon bo'lsa, xavf-u xatar yo'q...
Do'stlaringiz bilan baham: |