Hayotning rang-barang hodisalarga to'la ekanini ozmi-ko'pmi anglab boryapsiz. Har bir odamning u yoki bu hodisaga bergan bahosi bir-biridan anchagina farq qilishini ham ko'rib-bilib turibsiz



Download 0.95 Mb.
bet4/16
Sana11.01.2017
Hajmi0.95 Mb.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16

MASNAVIY

Kel, ey soqiy, nazardin solmag'il gal,

Ketur ul mayki, bo'lg'ay bizga sayqal.

Erur bechora Xorazmiy murodi,

Iki olamda dilbar ittihodi.

Saburdin yaxshi yo'qtur pesha qilsam,

Bu yo'lda sabr yo'q, andesha qilsam.

TO'QQUZUNCHI NOMASIN AYTUR

Ayo ohu nazarlar shahriyori,

Husn maydonining chobuksuvori.

Qilich ursang, qulungman jovidona

Va gar o'q otsangiz bag'rim nishona.

Tanim borincha sendin yuz jevurman,

Eshiking tuprog'indin bosh ko'turman.

Qamuq umrim sening nozing fidosi,

Mening ko'nglum qushi bozing fidosi.

Nechakim ilmasangiz ko'zga bizni,

Ko'ngul jon ichra asrar mehringizni.

G'animattur umur navqoni bizga,

Muboh erur ko'ngullar qoni sizga.

Jamoling madhidin ofoq to'ldi,

Sango olmoq ko'ngulni xatm bo'ldi.

Achiq so'zi Qirim shahdig'a o'xshar,

Jamol ayyomi gul ahdig'a o'xshar.

Seni ko'rsa kechar tarso sanamdin,

Vujudga kelmadi sentek adamdin.

Qachon zulfing nasimi Ruma esgay,

­Kim ul yo qoshlaring zunnor kesgay.

Manga ishqing yo'linda qon ko'runur,

Yuzing oyinasinda jon ko'runur.

Yarotti oy bikin zebo seni Haq, ­

Kim ush chehrang berur olamg'a ravnaq.

Meni qildi falakdek besar-u poy,

Tag'i ming yil saningdek tug'mag'ay Oy.

Jahonning fitnasi usruk ko'zungda,

Ayon Iso dami shirin so'zungda.

Kishining poklarg'a ko'ngli tortar,

Husn xud pokdomanliqtin ortar.

Agar ko'rsa seni ham lola so'lg'ay,

Seningdek gul magar uchmohda bo'lg'ay.

Ayoqing o'pmakin qul qildi odat,

Sulaymon bo'lmadi mundoq saodat.

Visolingning bu kun shukrin qilurman,

Xayoling ko'zda uchqonin bilurman.

Quyosh aksi yuzungdin roh ichinda,

Seningdek yo'q chechak uchmoh ichinda.

Quling ko'ptur vale men inja qulmen,

Visoling qadrini bilmas dugulmen.

Ko'ngul sensiz tjlomas tanda jonni,

Ko'rar yuzungda Xorazmiy jahonni.

MASNA VIY

Kel, ey soqiy, ketur paymona bizga,

Inoyatlar qilur jonona bizga.

Icholing bodani jonon yuziga,

Xizir suyin socholing jon yuziga.

Saburdin yaxshi yo'qtur pesha qilsam,

Bu yo'lda sabr yo'q, andesha qilsam.

O'NINCHI NOMASIN AYTUR

Ayo nomehribon ahdi baqosiz,

Jahon yeltek, umr gultek vafosiz.

Qamuq yoqut erinli, so'zi durlar,

Vafosizliqni sizdin o'rganurlar.

Umr mehnat bila poyona keldi,

Ko'ngul javring alindin jona keldi.

Meni o'lturdi ishqing, bermading dod,

Borurmen ostonangdin, xayrbod.

Ko'zum ko'rdi jamoling shevasini,

Ko'ngul totmadi bog'ing mevasini.

Erur jon maqsudi erning naboti,

Husnning ham bo'lur oxir zakoti.

Senga to bo'ldim, ey jon, oshnomen,

Jafong ilgindin asru mubtalomen.

Soloyin o'zumi o'zga diyora,

Ko'ngulni bog'lag'oyin o'zga yora.

Telim gulchehra nargis ko'zlilar bor,

Shakar dudog'li, shirin so'zlilar bor.

Vale ko'ngul qutulmas domingizdin,

Qamuq shakkar tomar dashnomingizdin.

Bag'ishlosang qonim, sultonsen, oxir,

Ko'zumga nur, tanimga jonsen, oxir.

Davr sizningdurur davron borincha,

Qulungizmen tanimda jon borincha.

Bilurmenkim, sizingdek bo'lman, ey jon,

Bo'yunsundim jafog'a, qulman, ey jon.

Kishi qayda o'larin bilsa bo'lmas,

Haqiqat yoridin ayrilsa bo'lmas.

Xirad birla jahon afsonasi men,

Vale zanjiringiz devonasi men.

O'lumdur bizga jononsiz tirilmak,

Mahol erur tana jonsiz tirilmak.

Ko'ngul mehri nazar yo'lindin ortar,

Nigori javrini jon birla tortar.

Husnni to huvaydo qildi Xoliq,

Husn birla vafo bo'lmas muvofiq.

Jafodin ingramas bu yo'lda ushshoq,

Vafodin javringiz ming qatla xushroq.

Evurman yuz, nechakim kelsa mehnat,

Jafo sizdin, tag'i bizdin muhabbat.

O'g'on Yusuf jamolin sizga berdi,

Muhabbat kimyosin bizga berdi.

Bu Xorazmiy «Muhabbatnoma»sini

Atorud ko'rdi, soldi xomasini.

MASNAVIY

Kel, ey soqiy, keturgil xush sabuhi(y),

­Kim ushbu dam erur jonning futuhi.

Icholing bodani gullar so'liyor,

Tanimiz oqibat tuproq bo'liyor.

Bu yerga yetti so'z oxir bo'ldi,

Burun o'n dedim, u o'n bir bo'ldi.

MUNOJOT

Ilohi, yoqtu qilg'il jonimizni,

Xalaldin saqlag'il imonimizni.

Tikandin qudrating paydo qilur gul,

Xato ko'p keldi men quldin, kechurgil.

Ayo farxanda tole' tal'ati kun,

Seni Tengri murodingg'a tegursun.

Muhammad Xojabek - Jamshidi soniy,

Jahonning orzusi-yu xalq xoni.

Saodatni hunarga yor qilg'il,

Hunardin bizni barxurdor qilg'il.

So'zum bikrini ko'rguz shahg'a shirin,

Shahikim qildi Xusravlarni Shirin.

Ayoyin emdi bir qit'a, eshitgil,

Nechukmen hol-u ahvolimni bilgil.

QIT' A

Tama' dominda qolur qush emasmen,

Talim ayvon uza uchqon Humomen.

Qilichtek til bila tuttum jahonni,

Qanoat mulki ichra podshomen.

Xarobot ichra, masjidda yerim bor,

­Kim ush ham rindmen, ham porsomen.

Necha hashmatli sulton bo'lsa - bo'lsin,

Ayitmon mol uchun madh-u sano men.

Qiyomatqa tekin qolsun oting teb,

Sening tabqungg'a bo'ldum oshno men.

1 Talim – Baland.



XOTIMAT UL-KITOB

«Muhabbatnoma» so'zun munda ayittim,

Qamug'un Sir yoqosinda bitidim.

Nazar birla agar Jamsen, gar Osaf,

«Muhabbatnoma»(ni) qilsang musharraf.

O'qig'il fotihada qibla yoni,

Sevunsun banda Xorazmiy ravoni.

Bu daftarkim, bo'lubtur Misr qandi,

Yeti yuz elli to'rt ichra tugandi.

Tugatmaklikka Haq berdi inoyat,

Eshitgil emdi ham bir xush hikoyat...

ILTIMOSIN AYTUR

Muni kim ishq birla bir o'qug'ay,

Haqiqat olamini munda bilg'ay.

Ayitqon bu kitobni ham bitigay,

Tilarmen kim duoda yod qilg'ay.

FARD

Niyozim bu turur sendin, nigoro,

Unutma bandani bahri Xudoro.

«Muhabbatnoma»ning ikki nusxasi bizgacha yetib kelgan:

1. Milodiy 1432-yili Yazd shahrida Mir Jaloliddin degan kishi taklifi bilan Boqi Mansur degan xattot uyg'ur yozuvida ko'chirgan nusxa. Bu matnda ayrim qisqarishlar uchraydi.

2. Milodiy 1508-1509-yillarda arab yozuvi asosidagi turkiy alifboda ko'chirilgan nusxa. Bu nisbatan to'laroq - jami 473 baytdan iborat.

Asarning ikkala nusxasi ham Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi.

«Muhabbatnoma» mumtoz adabiyotimizdagi noma janrining Yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Chunki asar, tuzilishiga ko'ra, o'n bir nomadan tashkil topgan. Noma uning asosiy janriy yo'nalishini belgilab turibdi. Biroq unda, nomalardan tashqari, g'azal, soqiynoma, masnaviy, qit'a va fard janrlari namunalari ham uchraydi. Shoir nomalar orasida shu lirik janrlardan foydalanib ketavergan. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, nomalar ham shaklan masnaviy tarzida bitilgan. Nomalardan tashqari holda kelgan masnaviylarni shoir alohida tepasiga sarlavha tarzida yozib, bildirib o'tgan. Asarda zullisonaynlik (ikki tilda ijod qilish) qoidasiga oxirigacha amal qilingan. Ya'ni mavjud o'n bir nomadan ikkitasi - to'rtinchi, sakkizinchi nomalar, asar tuzilishiga asosan ulardan keyingi masnaviy, shuningdek, dastlabki g'azal forsiy tilda bitilgan. Shoir maxsus ravishda shunday ish tutganini qayd etib o’tadi:

Bu xon uzra saloyi oma qildim,

«Muhabbatnoma»ni o'n noma qildim.

Qiloyin ikki bobin porsiy ham,

­Kim atlas to'n yaroshur bo'lsa mu'lam.

Mazmuni: «Bu dasturxon uzra umumiy da'va't qildim,

«Muhabbatnoma»ni o'n noma qildim.

Ikki bobini forsiy tilda bitayinki,

Agar atlas (beqasam) to'n har xil rangda bo'lsa, yarashadi».

Xorazmiy g'azal, qit'a va fardning XIV asr o'zbek adabiyoti uchun dastlabki namunalarini ijod qildi. Bu asarlar ana shu jihati bilan ham alohida ahamiyatga ega. Asar Muhammad Xojabek iltimosi bilan yozilgani, «buyurtma­chi» undan bir nom qolishini istagani uchun uning ta'rif-tavsifiga ko'p o'rin ajratilgan. Shaklan olib qaraganda, shoir Muhammad Xojabek madhini nomalardan oldin saranjomlab, keyin «Muhabbatnoma» bunyod etishga kirishgandek qilib yozadi. Ana shu madh qismidagi masnaviy va g'azallarda Muhammad Xojabek ochiq maqtaladi. Shoir unga bo'lgan insoniy mehr-muhabbatini izhor etadi. Asar nomi «Muhabbatnoma» deyilishi ham, asli, shundan. Shuning uchun bu asarda real shaxs timsolini yaratish asosiy maqsad qilib qo'yilgan. Bir baytda bu hukmdorning Qo'ng'irot urug'idan ekanini qayd etib o'tadi:

1 Shoir dastlab o’n nomadan iborat asar yozishni mo’ljallagan, ammo keyin yana bir noma qo’shgan (Burun o’n dedim, u o’n bir bo’ldi).

Zihi arslon yurak Qo'ng'rot urug'i,

Kichik yoshdin ulug'larning ulug'i.

Lekin nomalar boshlangandan keyingi qismlarida ham zimdan hukmdorga iliq munosabat, ishoralar bilan uni ta'rif-tavsif etish bor. Bu aksar g'azallar mazmunida ham aks etadi. Bir g'azalda bevosita lirik qahramon bilan hukmdor munosabatlari qalamga olinadi. Jumladan, unda shunday bayt bor:

Bizing bek yodig'a ishrat qiloli,

Nechakim yo'qtururbiz son ichinda.

Shoir ba'zan g'azalning matla'sidayoq bunga ochiq ishora qiladi:

Yaratqonkim, tan ichra jon yaratti,

Seni ko'rkluklar uzra xon yaratti.

Ayniqsa, maqta'larda shoir lirik qahramoni to'g'ridan-to'g'ri Muhammad Xojabekka murojaat qilib, undan himmat va karam kutadi:

Siza teb keldi, Xorazmiyni asrang, ­

Kim asrarlar qamuq shahlar gadoyin.

Hatto, shaklan ishqiy mavzuda bo'lgan nomalar va g'azallar mohiyatida ham ana shu hukmdor ta'rifi yotganini sezish qiyin emas. Ba'zan buni go'yo bir o'xshatishdek qilib yoxud istiora shaklida bildirib o'tadi:

Qilur o'z jonig'a qasd o'zi boyiq,

Gadoyekim, bo'lur sultona oshiq.

Yoki:

Ayit mendinkim, ul miskin urur oh,



Qachon ingay gadoning evina shoh?

Nomalardagi «olam podshohi», «qamuq ko'rkluklari uzra “podshosen», «gu1chehralar molik riqobi», «shohi qaboyil», «ohu nazarlar shahriyori» kabi ifodalardan foydalanish ham biryo'la asar bag'ishlangan hukmdorni esdan chiqarmaslik ilinjida qilingan. Muallif shunday yo'l tutganki, bu parchalarni hukmdorga emas, yorga bag'ishlangan deb o'qisangiz ham, ma'no chiqaveradi, badiiyat hech narsa yo'qotmaydi. Eng muhimi, ishq bu yerda hukmdorga muhabbatdan sevikli yorga, undan esa Yaratgan Egamga muhabbatga aylana borgan. Chunki tasavvuf yurtimizda keng qanot otgan bu davrlarga kelib ilohiy ishqdan xoli tarzda muhabbat mavzuini yoritishni tasavvur qilish mushkul: Buni shoir asar oxiridagi «Iltimosin aytur» faslida shunday bildirib o’tadi:

Muni kim ish birla o’qug’ay,

Haqiqat olamini munda bilg’ay.

Bu yerdagi «haqiqat» tasavvufiy ma’noga ega. Ya’ni Xudoga ishqning yo'li shariat, tariqat va haqiqatdan iborat deb qaralgan. Haqiqat - Allohga yetishni anglatadi. Tasavvuf ahli ishqni Xudoga muhabbat tarzida tushungan va talqin etgan. Insonga, ya'ni do'stga yoki yorga muhabbat Allohga bo'lgan ishqning bosqichlaridan deb qaralgan. «Muhabbatnoma» o'zbek adabiyoti tarixida alohida o'rin tutadi. U she'riyatning keyingi taraqqiyotiga jiddiy ta'sir o'tkazdi. Hatto, Alisher Navoiy ham bu asardan yaxshi xabardor bo'lgan. Ulug' o'zbek shoirining forsiy va turkiy til muqoyasasi, turkiy tilning ko'p jihatlardan ustunligini isbotlashga bag'ishlangan «Muhokamat ul-lug'atayn» risolasida turkiylar kattaroq xolni «meng» deyishi, bu ifoda forsiy tilda yo'qligi haqida gapira turib, misol tariqasida:

Aningkim, ol enginda meng yaratti,

Bo'yi birla sochini teng yaratti, ­-

baytini keltiradi. Navoiy bu misralarni qaysi asar yoki qay bir shoirdan olganini aniq aytmagan. Aslida, bu - Xorazmiy «Muhabbatnoma»sining oltinchi bayti. Navoiy bu baytni aynan Xorazmiyning «Muhabbatnoma»sidan olganini isbotlovchi boshqa jiddiy dalillar ham bor. Xorazmiy keltirilgan baytda kecha va kunduzni bir chiroyli qiz yoki kelinchak kabi tasvirlab, Alloh uning qizil yuzida meng, ya'ni katta xol yaratdi, shuningdek, bo'yi bilan sochini teng yaratdi, deydi. Bundagi «qizil yuz» («ol eng») va «bo'y» ramzan - kunduzni, «meng» va «soch» - kechani bildiradi. Demak, Xudo kunduz bilan kechani teng qildi, deyilmoqchi. Umuman olganda, yil davomidagi jami kunduzlar bilan barcha kechalar yig'indisi teng-da. Shoir baytda aynan shuni ko'zda tutgan. «Bo'yi birla sochini teng yaratti» - turkiy she'riyatga Xorazmiy qo'shgan go'zal ifodaviy topilma. Navoiy esa adabiyot, xususan, turkiy she'riyatdagi yilt etgan biror nimarsani ko'zdan qochirmagani aniq. Axir, Sharqda shoirlar birgina chiroyli ifoda uchun ham olqish olgan, katta shuhrat topgan-da. Keyin o’sha badiiy topildiq shu she’riyatning chinakam mulkiga aylangan, boshqa shoirlar undan foydalangan. Faqat endi bunga yana nimadir yangilik qo’shib ishlatish shart bo’lgan. Navoiy g’azallaridan birida mana bu baytda kun-tun tengligi (bu eski o’zbek tilida “e’tidol” deyilgan) bo’y bilan sochning barobarligiga qiyos qilinadi.

Vasli aro ko'rdim, teng emish bo'yi-yu sochi,

Tun-kun teng ekan, zohir o'lur bo'ldi chu Navro'z.

Bu yerda Xorazmiy baytidan ijodiy foydalanilgani ayon. Navoiy «Farhod va Shirin» dostonining xoqon o'g'li, ya'ni Farhod uchun yilning fasllariga moslab qurdirgan to'rt qasr ta'rifiga bag'ishlangan 17 -bobini shunday boshlaydi:

Hamal tahvili etkach Mehr gulchehr,

Ochar yuz gul zamona ko'rgach ul Mehr.

Qilur mashshotayi sun' oshkoro

Arusi dahrning husniga oro.

Qilur tun birla zulf-u kun bila eng,

Etar lekin bo'yi birla sochin teng.

Mazmuni: «Gul yuzli Quyosh hamal burjiga kirganda zamona u Quyoshni ko'rgach, yuz gul ochadi. Yaratish pardozchisi esa zamona kelini husniga oro beradi - tundan soch, kundan chehra yasaydi. Lekin sochi bilan bo'yini teng qiladi, ya'ni bahor boshlanib, gullar ochiladi, olam go'zallashadi, kecha-kunduz barobar (Navro'z) bo'ladi». Navoiy «Muhokamat ul-lug' atayn»da keltirilgan baytni «Muhabbatnoma»dan olgangina emas, «Farhod va Shirin»da bevosita shu asardan ta'sirlanib qalam surgan. Biroq endi mazmun o'zga muayyanlig-u tasvir o'zgacha go'zallik kasb etgan: Navoiy yil davomidagi kechalar bilan kunduzlar o'rtasidagi tenglikni emas, aynan Navro'zni - kecha bilan kunduzning bab-barobar keladigan paytini ko'zda tutgan. Uni «arusi dahr», ya'ni «dunyo kelinchagi» deb ta'riflaydi. Ilk bahor bilan (ajdodlarimiz bahorni 1-martdan emas, 21-mart, ya'ni Navro'zdan boshlanadi deb hisoblashgan) ekelinchak o'rtasida ajib bir uyg'unlik ham bor.

Xorazmiyda dunyoda kecha va kunduzning umumiy tengligi aytilgan. Lekin bu Xudoning Yerda hayotni paydo qilishi haqidagi baytlar sirasida kelganligidan unda zimdan Navro'zga ham ishora yo'q emas. Chunki o'sha baytdan keyin mana bu misralarni o'qiymiz:

Qaro tuproqdin sunbul to'ratti,

Tikanlar orasinda gul to'ratti.

Qora tuproqdan sunbul unib chiqishi, tikanlar orasida gul paydo bo'lishi ham ko'klamdan darak. Endi Navoiyning «Farhod va Shirin»dan keltirilgan baytidan keyingi misralarga quloq tuting:

Rutubat yetkurub har sori yog'in,

Tar aylab qatradin gullar dimog'in.

Demak, yomg'ir yog'ishi bilan gullar dimog'i ho'l bo'ladi. Bu yerdagi «qatra» timsolining ham Xorazmiy «Muhabbatnoma»siga vorisiyligi bor. Chunki xorazmlik shoirning Navoiy misol keltirgan

baytidan oldingi qo'shmisrasida «qatra» tilga olingan:

Havo uzra berur shunqorg'a quni,

To'lun Oydek qilur bir qatra su(v)ni.

Ko'rinib turganidek, «Farhod va Shirin»ning 17 -bobi bosh­lanmasi bevosita «Muhabbatnoma» boshlanmasi ta'sirida bitilgan. Bundan: Navoiyning «Farhod va Shirin»i garchi, shoirning o'zi ta'kidlaganidek, Xusrav Dehlaviyning «Shirin va Xusrav»iga javobiya tarzida yozilgan bo'lsa ham, unda bevosita turkiy, ya'ni o'zbek adabiyotiga vorisiylik alomati ham kuchli, degan xulosa kelib chiqadi. Navoiy bu dostonini yaratishda uning vazni - hazaji musammani mahzuf (yoki maqsur) vaznida bitilgan forsiy va turkiy masnaviylarni izchil o'rgangan. «Muhabbatnoma»ning aynan shu vaznda ekani ko'rib o'tilgan ta'sir uchun juda qo'l kelgan. Navoiy «Xamsa»si - nafaqat forsiy, nainki turkiy, umuman, Sharq she'riyati maydonidagi mo'jiz bir cho'qqi. Bunday yuksak pog'onalar jahon so'z san'ati sahnida ham juda oz. «Xamsa»da ana shu egizak adabiyot - forsiy va turkiy so'z san'atining jamiki xislatlari ajib tarzda uyg'unlashtirilgan - sintezlashgan. Shu tariqa shoir dahosining kuch-u qudrati bilan adabiyot yangi bir pog'onaga ko'tarilgan. «Muhabbatnoma» Navoiy ijodining turkiy ildizlarini o'rganish uchun muhim manba bo'lib xizmat qiladi.

NOMA

Noma - o'zbek mumtoz adabiyotining janriy ko'rinishlaridan biri. Lug'aviy jihatdan bu forsiy so'z «xat», «maktub» degan ma'noni anglatadi. Istilohiy ma'nosi ham shundan kelib chiqadi. Chunki shaklan noma janriga doir asarlar xat, maktub tarzida bitiladi. Biroq endi buni boshqa asarlar ichida qahramonlarning bir biriga maktub yo'llashi bilan bir narsa deb tushunmaslik kerak. Masalan, Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonidan Farhodning Shiringa, Shirinning Farhodga, shuningdek «Layli va Majnun»dan Laylining Majnunga, Majnunning Layliga maktublari o'rin olgan. Mustaqil biror asar tamoman noma usulidan foydalanilgan holda bitilsagina, u noma janriga daxldor hisoblanadi. Xorazmiyning «Muhabbatnoma»si o'zbek mumtoz adabiyoti­dagi noma janrining ilk yorqin namunasi sanaladi. Albatta «Muhabbatnoma» faqat nomalar yig'indisi emas, unda g'azal, qit'a, fard kabi kichik lirik janrlarga xos asarlar ham mavjud. Lekin asardagi o'n bir noma asar tuzilishining bosh xususiyatini belgilaydi. Shoir shundan kelib chiqib “noma» so'zini asar nomiga ham chiqazgan. Xorazmiyning nomanavislik an'anasini adabiyotimizda Xo'jandiy «Latofatnoma»si, Yusuf Amiriy «Dahnoma»si, Said Ahmad «Taashshuqnoma»si, Sayyid Qosimiy «Haqiqatnoma»si va «Sadoqatnoma»si bilan davom ettirdi. «Noma» so'zini asar nomiga tirkash bu janrga taalluqli bo'lmagan boshqa asarlarda ham uchraydi. Masalan, Salohiddin Toshkandiyning «Temurnoma», Zahiriddin Muhammad Bobur­ning «Boburnoma», uning nevarasi Gulbadanbegimning «Humo­yunnoma» asarlari nomlarida <

LUTFIY (1366 -1465)

Lutfiy - XV asr ikkinchi yarmigacha bo'lgan o'zbek adabiyotining eng mashhur lirik shoiri. Shuning uchun ham zamonasining ahli adabi va ahli fuzalosi uni “malik ul-kalom”, ya’ni “so’z podshosi» deb e'zozlagan. Manbalarda taxallusi oldidan «ulug' ustod» ma'nosidagi «Mavlono» sifatining qo'shib tilga olinishi ham shundan. Obro'yi va shuhrati shu darajaga yetgan ediki, Alisher Navoiy uni o'zining ustozlaridan biri deb biladi. Buni shoirlar haqidagi «Majolis un-nafois» tazkirasidagi shu ulug' shoir haqida aytilgan quyidagi iliq so'zlar ham isbotlaydi: «Mavlono Lutfiy o'z zamonasining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo'q erdi va turkcha devoni mashhurdur». Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul­-futuvvat» degan avliyolar to'g'risidagi tazkirasida esa Lutfiyning uzoq umr ko'rgani va qabri haqida qimmatli ma'lumot beriladi: «...To'qson to'qqiz yoshida olamdin o'tdi. Qabri Dehikanordadur, o'z maskani erdi». Bundan shoir Hirotda tug'ilib-o'sgani, o'zi yashagan Dehikanor degan qishlog'ida esa dafn etilganini bilib olamiz. Aniq bo'ladiki, u milodiy 1366-yili tug'ilib, 1465-yili vafot etgan. Lutfiy dunyodan o'tganda Alisher Navoiy 24 yoshda edi. «Nasoyim ul-muhabbat...»dan keltirilgan parcha shunchalar qimmatli ma'lumot hisoblanadiki, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi xalqaro jamg'arma uyushtirgan ilmiy-ijodiy ekspeditsiya a'zolari aynan shu ko'rsatma asosida Dehikanor qishlog'ini, u yerdagi qabristondan Lutfiyning qabrini izladi va topdi. Qabr toshidagi yozuv orqali bu aynan Lutfiyning mozori ekani isbotlandi. Jamg'arma 2006-yilning may oyida bu muqaddas qadamjoga o'zbek milliy an'analari asosida maqbara o'rnatib qaytdi.

G'AZALLAR

«XOH INON, XOH INONMA»

Sensen sevarim, xoh inon, xoh inonma,

Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma.

Hijron kechasi charxi falakka yetar, ey moh,

Ohi saharim, xoh inon, xoh inonma.

Haqqoki, qilich kelsa boshimg'a, eshikingdin

Yo'qtur guzarim, xoh inon, xoh inonma.

Usruk ko'zing ashkolina har gah nazar etsam,

Qolmas xabarim, xoh inon, xoh inonma.

Ya'qub bikin ko'p yig'idin qolmadi sensiz

Nuri basarim, xoh inon, xoh inonma.

Oy yuzung'a ko'z solg'ali o'zga kishi birla,

Yo'qtur nazarim, xoh inon, xoh inonma.

Ishq o'tida Lutfiy yuzi oltunni yoshurdi,

Ey siymbarim, xoh inon, xoh inonma.



G'azal tamoman turkona ruhda bitilgan. An'anaviy yetti baytdan iborat. Ishq mavzui qalamga olingan. Biroq bu yerda zimdan ilohiy ishq ko'zda tutilganini unutmaslik kerak. Qofiyasi («sevarim - jigarim - saharim - guzarim - xabarim ­basarim - nazarim - siymbarim») va radifi («xoh inon, xoh inonma») juda jarangdor. Asar qurilishida ularning alohida o'rni bor. Xususan, radifning to'rt so'zdan tashkil topgani, amalda sakkiz misrada ularning qaytarilishi ohang ustuvorligini kuchaytirgan. Radifning o'zida tazod bor: «xoh inon” bilan «xoh inonma» o'rtasidagi o'zaro zidlik alohida badiiy joziba kasb etgan. «Inonma» - hozirgi tilimizda mavjud <tarixidan yaxshi bilamizki, Yusuf degan o'g'lidan ayrilgani uchun yig'layverganidan Ya'qub payg'ambarning ko'zlari oxiri ko'r bo'lib qoladi. Bu mumtoz she'riyatimizda ko'p bor tilga olinadigan, ishora qilinadigan voqealardan biri hisoblanadi. Lirik qahramon yori ishqida yig'layverib ko'zdan qolganini aytish uchun shu talmihdan foydalanadi. Oltinchi baytda shoir yorni oy yuzli deb ta'riflagani uchun ham shunga mutanosib ravishda maqta'da uni «siymbarim» deydi. Oyning oqligi bilan siym, ya'ni kumush oqligi o'rtasida vobastalik bor. Bu ikki qo'shmisra o'rtasidagi yana bir mutanosiblikni sezmaslik mumkin emas. Oltinchi baytda yor yuzi tilga olingan edi. Maqta'da lirik qahramon g'azaldagi maqsad-muddaosidan kelib chiqib, o'z yuzi haqida ham unga eslatib qo'yishni unutmaydi: Lutfiyning yuzi azbaroyi hijron azobini chekaverganidan sarg'ayib ketib, oltinni yashiradigan darajaga yetdi, ya'ni shunchalik sarg'aydiki, buning oldida tilloning sariqligi hech narsa bo'lmay qoldi!

Lutfiy g'azallari bunday go'zal badiiy topilmalarga boyligi bilan ajralib turadi. Adabiyotimizda mashhur g'azallarga naziralar bitish, ya'ni uning qofiya va radifidan foydalanib, o'xshatmalar yozish an'anasi shakllangan. Lutfiyning bu g'azali ta'sirida Boborahim Mashrab (1640-1711) bir g'azal yaratgan.

«BU KO'NGULDUR, BU KO'NGUL»

Meni shaydo qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul,

Xor-u rasvo qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

O'qdayin qomatimizni qora qoshlig'lar uchun

Muttasil yo qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

Meni yozg'urma «sevar» debki, mening haddim emas,

Ul tamanno qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

«Borma», derlar, «eshiki sori damo-dam», netayin,

Ko'p taqozo qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

Tori mo'yin havasi birla qorong'u kechada

Jonni savdo qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

Dushman-u do'st orasinda men g'ofilni mudom,

Besar-u po qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

O'zgadin ko'rmaki ko'zung yoshini, ey Lutfiy,

Ayni daryo qiladurg'on bu ko'nguldir, bu ko'ngul.

G'azal an'anaviy ishqiy mavzuda bitilgan. Yetti baytdan iborat. Bu asarida shoir endi besh so'zdan iborat radif qo'llagan (<
«AYOQINGG'A TUSHAR HAR LAHZA GISU»

Ayoqingg'a tushar har lahza gisu,

Masaldurkim: «Charog' tubi qorong'u».

Tuturmen ko'zki, ko'rsam orazingni,

­Ki derlar: «Oqqan ariqqa oqar su(v»).

Yuzungni tuttum ortuq oy-u kundin,

«Kishining ko'zidur, ore, tarozu».

Ko'zing qonimdin iymanmas, ajabtur,

­Ki: «Qo'rqar, qaydakim qon ko'rsa hindu».

1 Masal – Maqol.

Tilar vaslingni Lutfiy, qil ijobat, ­

Ki ayturlar: «Tiloganni - tilogu».

Lutfiy - yozma adabiyot vakili. Biroq so'z san'ati tarixidan yaxshi bilamizki, dastlab og'zaki adabiyot yuzaga kelgan. Yozma adabiyot ana shu folklor zaminida paydo bo'lgan. Shuning uchun o'zbek mumtoz she'riyati taraqqiyotini xalq og'zaki ijodi ta'siridan ayri tasavvur qilish aslo mumkin emas. O'qiganingiz g'azal buning yorqin bir isboti yanglig' jaranglaydi. Uni muallif tamoman o'zbek xalq maqollari asosiga qurgan. Har bir baytda shoir bittadan maqol qo'llaydi. Maqollar go'yo baytlar birinchi misraida aytilgan fikrga bir isbotdek keltiriladi. Shuning uchun barcha baytlarning ikkinchi satri maqol bilan tugaydi. Shundan ham bilib oldingizki, shoir beshta bir-biriga qofiyadosh so'z bilan tugaydigan maqol topgan. Demak, g'azal besh baytdan iborat ekan. G'azal hazaji musaddasi mahzuf (yoki maqsur), ya'ni «mafoiylun-mafoiylun-faulun (yoki mafoiyl»> vaznida (taqte'si: V - - - / V - - - / V - -) yozilgan. Matla' nihoyatda go'zal, Lutfiyga xos lutf bilan qog'ozga tushgan: har lahza soching oyog'ing ostiga tushadi, shuning uchun, maqolda aytilganidek, «Chirog' tubi qorong'u». Bu yerda yorning yuzi aytilmasdan turib oppoq nur taratib yonib turgan chiroqqa qiyoslanyapti. Baytda keltirilgan maqol juda mashhur. Biroq hozirgi zamonda shamchiroq deyarli ishlatilmagani uchun bu maqol kam qo'llanadi. Holbuki, sham yoqilganda kuzating, rostdan ham uning tubiga nur tushmaydi, qorong'i bo'ladi. Ikkinchi baytda lirik qahramon yorning yuzini (orazini) ko'rishga ko'z tutayotganini aytadi, axir, maqol bor-ku: «Oqqan ariqqa oqar su(v»). Bu maqol hozir ham ko'p ishlatiladi. Faqat endi u «Oqqan daryo oqadi» shaklini olgan. Uchinchi baytda ham yuz tasviri izchil davom etadi. Shoir uni Oy bilan Quyoshdan ham ortiq deb ta'riflaydi, chunki «Kishining ko'zi tarozi» degan maqol bor-ku. Shu tariqa to'rtinchi baytda tasvir yuzdan ko'zga o'tib oladi. Lirik qahramonning yor ko'zi oshiq qonidan iymanmayotgani, ya'ni qo'rqmayotganiga ajablanayotgani bejiz emas, axir: «Hindu qayda qon ko'rsa, qo'rqadi» degan maqol bor edi-ku! Bu yerda «ko'zing hindu» deyilayotgani yo'q, lekin ko'z tasviri bilan maqolda «hindu» so'zi kelishi zimdan shuni yuzaga chiqazgan. Lutfiyning dardi - yor vasliga yetish, sababi u «Tiloganni tilogu” («Tilagan kishi tilagiga yetadi») degan maqolga umid bog'layapti. Ko'rinib turganidek, asarda boshdan-oxir irsoli masal san’atidan mahorat bilan foydalanilgan. Buning badiiy-tab'iy (badiiy-estetik) jozibasi bor. Bir qofiya tizimiga tushadigan shuncha maqolni topib, ularni ustalik bilan qo'llashi shoirning yuksak mahoratidan dalolat beradi.
«HAQ UL KUNKIM, JAMOLING BOR ETIBDUR»

Haq ul kunkim, jamoling bor etibdur,

Jahon husnin borin sizga beribdur.

Pari-yu odami mundoq xo'b ermas,

Farishta go'yiyo ko'ktin enibdur.

Quyosh oydek yuzungning xijlatidin,

Qochib, to'rtinchi ko'k uzra chiqibdur.

Yuzung nogah ko'rib Oydek sog'indim,

Magar hush-u xirad mendin ketibdur.

Xirad ketmay netar mendek gadodin,

Qoshimg'a ul shahi xo'bon kelibdur.

Qilur da'voyi nur ul sham'i majlis,

Magar parvona shomimdin olibdur.

Necha bu Lutfiy qulg'a javr etarsen,

Vafo qilkim, jafo haddin oshibdur!

G'azal an'anaviy yetti baytdan iborat. Vazni - hazaji musaddasi mahzuf (yoki maqsur), ya'ni «mafoiylun-mafoiylun-­faulun (yoki mafoiyl)~>, taqte'si: V - - -/ V - - - / V - -. Ajralib turgan o'ziga xosligi shuki, uning qofiyasi turkona, ya'ni barchasi o'zbekcha so'zlardan tashkil topgan («etibdur - beribdur - enibdur ­chiqibdur - ketibdur - kelibdur - olibdur - oshibdur»). Garchi bular o'zaro o'ta ohangdor fe'llar hisoblanmasa ham, bunga she'riyatda sof milliy so'zlarni qofiyaga olishga urinish sifatida qaralishi lozim. Bu yerda yor (ramzan Alloh) go'zallikning komillik belgisi sifatida tasvirlanadi. Lekin, an'anaga ko'ra, g'azalda yor timsoli ­boshqa, Haq (Xudo) timsoli - boshqa. Bu yerda manzar, ya'ni g'azal qaratilgan, unda tasvirlanayotgan shaxs - dunyodagi eng go'zal yor. Chunki matla'da ta'riflanishicha, Alloh («Haq») yorga jamol ulashgan kuni jahonning bori husnini unga bergan. Ikkinchi baytda keltirilishicha, yor shunchalar chiroyliki, pari yoki odam bunday bo'lishi mumkin emas, go'yo ko'kdan farishta tushgan «enibdur». Bu qo'shmisra gap ilohiy ishq haqida borayotganiga ochiq ishora qiladi. Keyingi baytlardagi asosiy tasvir manbai - yuz. Quyosh Oydek yuzini ko'rib, xijolat chekkanidan to'rtinchi osmonga chiqib ketgan (uchinchi bayt). Bu yuz chiroyini ko'rib, lirik qahramon ham aql-u hushini yo'qotgan (to'rtinchi bayt). Aqlini yo'qotmay nima qilsin, axir, uning yoniga yaxshilar shohi (yor) kelgan-da (beshinchi bayt). Oltinchi baytda kutilmaganda tasvir shamga qarab buriladi ­uning atrofida kapalaklar majlis qurib yotibdi, chunki bu parvonalar oshiqning shomidan olingan. Maqta'da lirik qahramon yorga murojaat qilib, jafo haddan oshganini, endi Lutfiy quliga bir vafo qilishini so'raydi.


«NE BO'LURSAN”

Ey odami(y)lar joni, parig'a ne bo'lursan?

Bu jism ila gulbargi tarig'a ne bo'lursan?

Sendin manga nazzora tegar ul daxi goh-goh,

Sen charxi falakning qamarig'a ne bo'lursan?

Raftor ila bir yo'li muningdek dog'i o'xshash,

Ey sarvi sihi, kabki dariyg'a ne bo'lursan?

Yusuf kibi shirindurur asru harakoting,

Sen Misr nabot-u shakarig'a ne bo'lursan?

Sendek saname ko'rman Lutfiy Chig'atoyda,

Chin so'yla, Xito xo'blarig'a ne bo'lursan?

Bu Lutfiyning ixcham (besh baytli) g'azallaridan hisoblanadi. U sof turkiy («ne «nima”ning qisqargan shakli) bo'lursan» radifi asosiga qurilgan. She'r qofiyasi yo radifining so'roq bilan tugashi hamisha ta'sirchanlikni - hayajonni, qalamga olinayotgan masala yo voqea-hodisaga hissiy (shaxsiy) munosabatni kuchaytiradi. Ushbu g'azalda ham ana shunday o'ziga xoslikni ko'ramiz. «Ne bo'lursan” radifi amalda g'azalni boshqarib turibdi. Tabiiyki, bu matla'dayoq ma'lum bo'ladi. So'z yorga «ey odamiylar joni” deb murojaat qilishdan boshlangandayoq bu yerda ilohiy ishq haqida so'z borayotgani ayonlashadi. Lirik qahramon ma'shuqdan: «Pariga, yangi gulbargga kim bo'lasan?” - deb so'raydi.

Ikkinchi baytda oshiqqa ba'zan-ba'zan nur yetib turganidan kelib chiqib uning falakdagi Oyga kim bo'lishi so'raladi. Bu uning chiroyi bilan, oppoqligi bilan bog'liq tasvir. Keyingi baytda tasvir yorning qomatiga («sarvi sihi»­ xushqomat tik sarv daraxti) qaratiladi, oshiq uning chiroyli yurishidan tog' kakligiga («kabki dariyg'a» kim bo'lishini aniqlashga tushadi. To'rtinchi baytda talmih qo'llanadi. Yusuf payg'ambar (u mumtoz adabiyotimizda chiroylilik ramzi hisoblangan) hayotining bir qismi Misrda o'tganidan kelib chiqib, lirik qahramon yor harakatini shirin deb ta'riflaydi-da, yoriga: «Misrning nabot-u shakariga kim bo'lasan?” - degan savol beradi.

Maqta' kutilmagan xulosaviy xususiyatga ega. Lutfiyning Chig'atoy mamlakatida, chig'atoy eli orasida bunday xushro'y sanamni ko'rmaganini aytib, ma'shuqqa: «Chin so'zla, Xito go'zallariga kim bo'lasan?» - deb murojaat qiladi. Oxirgi baytning ko'p badiiy fazilati bor. Birinchidan, «chin» so'zi bir yerda, lekin birdaniga ikki ma'noni beradigan qilib ishlatilgan. Bunday badiiy san'atga «iyhom» deyiladi. Iyhomning bir sharti shuki, shu ikki yoki undan ortiq ma'noning biri aniq yuzaga chiqib turadi­yu, asl maqsad ana o'sha yashirinibroq yotgan ma'no bo'ladi. Bu yerda «chin so'zla» deyilgani. uchun yuzaga chiqib turgan ma'no ­«rost so'zla». Lekin nega «Chin» so'zi «Xito» kalimasi bilan baqamti qo'llanyapti? Gap shundaki, agar misrani: Chin, so'yla, Xito xo'blarig'a ne bo'lursan? deb yozsak va o'qisak, savol: «Chin, Xito go'zallariga kim bo'lasan?» ­degan ma'noni anglatadi. Ikkinchidan, mumtoz adabiyotimizda «Chin go'zali» degan timsol mavjud. Eski tilimiz «chig'atoy tili» deb yuritilgan. Shoir Chig'atoy mamlakatining kishisi, chig'atoy tilida she'rlar ijod qilib, katta shuhrat qozongan. Yorini ham chig'atoy elidan deb tasavvur qilib, qalam suryapti. Lekin ma'shuq shunchalar go'zalki, ehtimol, uning qonida Chin-u Xito ahlining xuni bordir?. G'azalda tanosib (o'zaro mutanosiblik) san'atiga qat'iy amal qilingan. Buni deyarli barcha baytlar tahlilida ko'rish mumkin. Ushbu asar, shubhasiz, Lutfiyning eng go'zal badiiy yaratmalaridan biri hisoblanadi.


TUYUQLAR

* * *


Ko'ngluma har yonki boqsam, dog'i bor,

Har necha dardimni desam, dog'i bor.

Qilcha tanga bori ishqing yor edi,

Bir sori bo'ldi firoqing, dog'i bor.

* * *

Men sening ilkingdin, ey dil, bandamen,



Vah, qachon yetkaymen ul dilbanda men.

Bevafolarg'a meni qilding asir,

Sen menga sultonsen, ey dil, banda men.

* * *


Charxi kajraftor elidin yozamen,

Chiqmadim hijron qishidin yoza men.

Bir meni yorliq bila yod etmas ul,

Har necha ul shahg'a qulluq yozamen.

* * *

Qomatimni necha qoshing yo qila,



Necha hajr o'ti jonimda yoqila.

G'amza birla to'kti qonim ul sanam,

To hinotek qon elina yoqila.

* * *


Ey ko'ngul, yorsiz sanga ne bor, bar,

Qaydakim ul zulfi anbarbor, bor.

Chek jafo-u javr-u nozin borini,

Bir kun o'lg'aykim, degaylar: «Bor-bor!”

* * *

Qoshlaring xush lojuvard-u toq erur,



Xush ichinda benazir-u toq erur.

Torta olmasman firoqing, netayin,

Qilcha tanga bori ishqing toq erur.

TUYUQ


Musulmon Sharqi mumtoz she'riyatining aksar lirik janrlari o'xshash. Masalan, g'azal, qit'a, ruboiy, fard, ta'rix, musammatning turlari arabiy, forsiy va turkiy adabiyot uchun birday xos. Lekin so'z san'ati milliy bo'ladi. Uning milliyligi ba'zan, hatto, lirik jamlarda ham aks etadi.


Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa