38
Ko‘p o‘tmay oysiz samoda samolyotlar g‘o‘ng‘illay boshladi. Samolyotlarni
jismoniy tayyorgarligi professor Torii tadqiqotining mavzusi bo‘lgan
uchuvchilar boshqarardilar.
Kasalxonaning zim-ziyo yo‘lagida bamisli ajal elchilaridek qora sharpalar qimir
etmay saf tortib turishardi. Professorning palatasida uning doka bilan o‘rab
tashlangan ko‘ksi oqarib ko‘rinardi, xolos. U og‘ir-og‘ir nafas olar, ko‘ksidan
qandaydir vahshiy parrandaning vahimali kakillashiga o‘xshagan xirillash otilib
chiqardi.
Vrach qalamnusxa cho‘ntak fonarchasini oldi-da, bemorning yuzini yoritib,
uning ko‘z qorachiqlariga razm soldi. Professor u yonboshidan-bu yonboshiga
o‘girilish uchun chiranar va atrofini qurshab olgan zulmat pardasini tilka-pora
qilmoqchidek bir talvasa ichida qo‘llari bilan chovut solardi.
– Chiroqni yoqinglar, – deya shivirladi bemorning bosh tomonida o‘tirgan
odam. – Hech bo‘lmasa yorug‘likda jon bersin.
– Xo‘p bo‘ladi, janob oliylari! Lekin qanday bo‘larkin?
– Har qanday javobgarlikni o‘z zimmamga olaman.
– Xo‘p bo‘ladi!
Kichik ofitser chiroqqa o‘rab qo‘yilgan qora lattani yechdi. Ilkis palata yana
kunduzgidek yorishgan mahal professor Torii o‘zini orqaga tashladi-yu, joni
uzildi.
Odmigina milliy kiyim kiygan general o‘rnidan turib, yana chiroqni qora latta
bilan o‘rab qo‘ydi.
Kup o‘tmay professorning jasadini zim-ziyo yo‘lak bo‘ylab olib ketishdi.
Tokioni boshdan-oyoq zulmat qoplagan edi.
“Shirincha” bilan og‘rigan yosh “xonimcha”lar osuda uyquga ketgandi. Faqat
temirchining xotini eri bilan ezmalanib o‘tirardi.
– Uyni judayam sog‘inding shekilli, chol? Shuyam ishmi, kasalxonaga o‘z
oyog‘ing bilan kelib, qazo qilsang-da, uyga murdang borsa?!
– Nimasini aytasan.
– Anovi professor hammani bezor qilib yuborgandi. Endi dod-voy qiladigan sen
qolding.
– Yoshmidi?!
– Ha. Qanday go‘zal qizni tashlab ketganini ko‘rsang edi!
– Bolalari bor ekanmi?
– Qayoqda. U professorning xotini emas, ma’shuqasi ekan.
– Shunaqami?..
O‘rmonfurush dami ichiga tushib murdani kuzatib qoldi.
– Lekin dafn etish marosimini as’asayu dabdaba bilan o‘tkazsalar kerak, – dedi
xotini, biroq o‘rmonfurush javob bermadi.
Sakiko hamshiraning yelkasiga tayanib ostonagacha hakkalab bordi.
Professorning jasadi solingan zambil yoniga yetib kelganida chinqirib yubordi:
– Sensey!
39
Hamshira ishora qilib, zambilni to‘xtatdi.
Sakiko, baayni marhum bilan vidolashayotgandek qo‘llarini salgina oldinga
uzatdi va o‘sha zahoti zambilkashlarga:
– Minnatdorman, ketaveringlar, – dedi.
So‘ngra u hamshiraning yelkasiga yuzini bosib iltimos qildi:
– Endi o‘rnimga borib olay, yordam berib yuboring.
Birozdan keyin esa qo‘shib qo‘ydi:
– Yosh boladek talatayib ketibman. Holbuki, endi o‘zim yura olaman…
Sakiko professor bilan oralarida bo‘lib o‘tgan bir suhbatni esladi. Professor
yaqin orada meni chet elga yuboradilar, seni o‘zim bilan olib ketaman, agar
birga ketsak, o‘sha yerda qo‘shiq aytishni o‘rganasan, o‘sha yerda – begona
yurtda albatta turmush quramiz, degan edi.
Sakiko shuni esladi-yu, daf’atan, nima uchundir: “Italiya haqida qo‘shiq”ni ayta
boshladi.
U kuylar edi-yu, shashqator ko‘z yoshlari yuzini yuvib oqardi, uning ko‘z
yoshlari tirqirab oqqan sari ovozi shunchalar musaffo, shunchalar purg‘am va
qo‘ng‘iroqdek yangrab borardi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
Do'stlaringiz bilan baham: |