34
palatada tomoq bezlari olib tashlangan to‘rt nafar nimjon qizcha yotardi. Quloq,
tomoq va burun kasalliklari bo‘limida joy yo‘qligi sababli ularni vaqtinchalik
shu yerga yotqizishga to‘g‘ri kelgandi.
Har kuni o‘rmonfurushning son-sanoqsiz qarindosh-urug‘lari yog‘ilib kelardi.
Ular o‘rtasida meros uchun kurash borardi. Bemor befarzand edi, qarindoshlari
xotiniga emas, balki o‘z aka-ukalariga tegishli ulushni ajratib, butun merosni
jiyaniga qoldirishi uchun uni hol-joniga qo‘ymasdilar. Shu sababdan Xudoning
bergan kuni kasalxonaga kelishar va iloji boricha bemorning xotinini g‘iybat
qilishar, hatto quruq tuhmatdan ham toyishmasdi. Vasiyatnomani o‘z
foydalariga muvofiq yozib qoldirishi uchun bemorni ko‘ndirish yo‘lida barcha
hiyla-nayrangni ishga solardilar.
Lekin bemorning hali hayotdan umidi bor edi.
Ochig‘ini aytganda, rafiqasining ham vasiyatnomani o‘z nomiga yozdirib
olishga erishish uchun astoydil kuyunishdan bo‘lak iloji qolmagandi. Tabiiyki,
bu haqdi u eriga ochiq aytolmasdi.
Qarindoshlarining tuhmat-bo‘htonlariga uchgan o‘rmonfurush xotinini kurakda
turmaydigan so‘zlar bilan so‘kar, biroq o‘sha zahoti hammaga dahmaza bo‘lib
qolganidan nolir va uning qo‘llarini mehribonlik bilan silab-siypashga tushar,
biroq u yana qovog‘ini uyub olardi.
Qo‘shni xonada kasal boquvchi ayollar joylashgan bo‘lib, har kecha ularga
o‘rmonfurush xotinining o‘ksib-o‘ksib yig‘lagani eshitilardi.
Kunduzlari palatada o‘tirib siqilib ketganda o‘rmonfurushning xotini yo‘lakka
chiqib, u yoq-bu yoqqa yurar, yuvinish xonasiga, kirxonaga bosh suqar va o‘sha
yerda bemorni boqish uchun qarindoshlari yollagan hamshiralar bilan
hasratlashardi.
Ellik yashar farishtali xonim boshini xiyol yonga egib, beozorgina kulib
gapirardi:
– Ozgina tejayman, degan xayolda dastlab kasalxonaga tramvayda qatnab
yurdim. Bekor qilgan ekanman, menga baribir hech narsa tegmas ekan,
birovning pulini tejashimdan nima foyda? Endi o‘lsam ham tramvayda
yurmayman. Yigirma yil bir tiyin ortiqcha sarf qilishdan andisha qilib keldim,
tejayverdim, tejayverdim, mana oqibati. Hech vaqosiz chapak chalib
qolaveraman, shekilli. Alam qilmaydimi?!.
Yoshligida u benihoya chiroyli bo‘lgan bo‘lsa kerak. Biroq, hozir o‘zining
husn-tarovati bilan maqtanolmasdi, shu vajdan yuragi o‘rtanar, lekin ming
qilganda ham bir zamonlardagi husnini iftixor bilan eslar, bularning bari o‘zini
sipo va erkin tutishida ham sezilar va hamshiralarni iydirib yuborardi.
– Lekin, xonim, – deyishardi ular, – birovning qo‘liga qaram bo‘lib
yashamasligingiz uchun eringiz biron narsa qoldirar, o‘ldimi?
– Ko‘zim yetmayapti, – deya xira pashshani haydab turib javob qilardi
o‘rmonfurushning xotini. Deraza ortidagi kechki osmon fonida qorayib
ko‘rinayotgan teraklarning uch-uchlariga razm solib qararkan, u yashiriqcha
35
jamg‘arib qo‘ygan pullari tug‘adigan daromadga yashay olish-olmasligini
xayolida hisoblab chiqdi.
– Uch oydan beri shu yerdaman, – dedi u nafasini rostlab. – Kir yuvaman, deb
shunday turaversang, oyoqda oyoq qoladimi?
– Gapingiz to‘g‘ri, xonim, – deb gap qo‘shardi kasal boquvchi ayollar. –
Ko‘pchilik bir oydan ortiq chidolmaydi, kelmasidan ketish payiga tushadi… Siz
sabrli ekansiz, chidayapsiz, lekin ozib-to‘zib ketayapsiz…
– Men erimdan avval o‘laman, shekilli.
– Qo‘ysangiz-chi, xonim. Nima keragi bor bunaqa gaplarni, bekorga bunday
deyapsiz… Yoshsiz hali…
– Siz shunday deb o‘ylaysizmi? – O‘rmonfurushning xotini kulimsiradi. – Kim
bilsin, siz haqdirsiz balki… – Ayolning ko‘zlari ostida yashil-qora dog‘lar bor
edi. Uning o‘zi ham bedavo dardga mubtalo bo‘lganga o‘xshardi.
– Bilasizmi, – deya so‘zida davom etdi u, – hozir kasalxonada bolalar ko‘p.
Ikkita bolaning ota-onasi badavlat odamlar ekan, farzandlariga tarbiyachi
bo‘lmaysizmi, deyishyapti. Astoydil taklif etishyapti. Bu gap, iltimos, oramizda
qolsin…
– Nahot shu rost bo‘lsa?
Kasal boquvchilar chayilgan kirni siqa turib haqiqatdan shunday foydali ish
bormi yoki bizni laqillatyaptimi, degandek ajablanib ayolga tikilib qolishdi.
Professor Toriining paydo bo‘lishi kasalxonadagi zerikarli hayotga shaharlik
ramaqijon qizchalarning yog‘ilib kelishidan ham ko‘proq jonlanish ato etgandi.
Bemorlarning u bilan qiziqishi uchun kecha-yu kunduz to‘xtamayotgan dod-
faryodi kifoya edi. Bundan tashqari uning palatasi yonidan kelib-ketuvchilar –
dam harbiylar, dam sportchilarning keti uzilmasdi. Ba’zida ular shunday
ko‘payardiki, azbaroyi yo‘lakdan o‘tib bo‘lmay qolardi.
Kunlar benihoya isib ketgandi, xonalarning eshik-derazalari lang ochib
yuborilganidan hamshiralar kelib-ketib turgan mashhur sportchilarning ismi
sharifini ortidan eshitib hayratdan yoqasini ushlasa, qizchalar olifta ofitserlar
ortidan gala-gala bo‘lib ergashib yurishardi.
Professor qaytib o‘ziga kelmadi, u hamisha alahlab yotar, faqat ahyon-ahyon
ingrar yoki bir balolar deb g‘o‘ng‘illar edi. U tinmay qayt qilar, qon aralash ichi
surib azob chekardi. U ko‘pincha behush yotar, nafas olishi tobora og‘irlashib,
hayoti qil ustida turardi.
Bemorlar bora-bora professorning ahvoliga qiziqmay qo‘yishdi. Ularning
e’tiborini o‘z-o‘zidan yashab ketishi muqarrar bo‘lgan Sakiko jalb etdi.
Professor o‘ttiz besh yoshga chiqqaniga qaramay, hanuz bo‘ydoq edi.
Kasalxona ahli bu sohibjamol assistent qiz uning qallig‘i edimi, xushtorimi,
hammadan burun shuni bilgisi kelardi.
Professorning taqdiriga Sakiko nechog‘lik qayg‘urayotganidan boxabar bo‘lish
uchun hammalari uning palatasiga o‘g‘rincha mo‘ralashardi. Bu suluv qizga
hamma, albatta, achinardi, chunki uning yong‘inda o‘lib ketishiga oz qoldi,
Do'stlaringiz bilan baham: |