Sug’urta haqida tushuncha va uning o’ziga xususiyatlari
Ma’lumki, turli ko’ngilsiz hodisalar, xususan, zilzila, suv toshqini, qurg’oqchilik, er ko’chkisi, sel, kuchli shamol, do’l va shunga o’xshash tabiiy ofatlar qadimdan insoniyat boshiga katta kulfatlar keltirgan. Keyinchalik ishlab chiqarishning rivojlanishi, sanoatning yangi bosqichga ko’tarilishi turli texnogen tusdagi xavflarning vujudga kelishiga olib kelgan.
Jamiyatning barcha jabhalari taraqqiy etishi barobarida fuqarolarning bir maromda hayot kechirishlariga va korxonalarning barqaror faoliyat ko’rsatishiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi omillar ham kengaya boshladi. Mana bir misol. Sanoatning tez sur’atlar bilan rivojlanishi tabiat va jamiyat o’rtasidagi muvozanatning buzilishiga, birinchi galda, ekologik vaziyatning tang ahvolga tushib qolishiga sabab bo’ldi. To’g’ri, insoniyat tabiatning injiqliklariga ko’nikib yashashga o’rgangan, ammo, shu bilan bir qatorda tabiiy ofatlar, yong’in va boshqa noxush hodisalar ro’y berishi oqibatida yuzaga kelgan zararlar, yo’qotishlarning o’rnini qoplash vositalarini izlab topishga ham harakat qilgan. Hatto, insoniyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida hayot kechirgan ajdodlarimiz bunday ko’ngilsiz hodisalar ro’y berishi natijasida ko’rilishi mumkin bo’lgan zararlar va nobudgarchiliklardan saqlanish choralarini ko’rganlar. Ana shunday choralardan biri sifatida qurg’oqchilikdan saqlanish maqsadida suv omborlari va oziq-ovqat zaxiralarini yaratganlar. Har ehtimolga qarshi zaxiralarni yaratish va oldindan ko’rib bo’lmaydigan hamda insoniyatning ongi bilan boshqarib bo’lmaydigan ko’ngilsiz hodisalar sodir bo’lishi oqibatida yuzaga kelgan zararlarning o’rnini qoplash hozirgi zamon sug’urta munosabatlarining asosini tashkil etadi.
Tabiiy ofatlar, yong’in va boshqa noxush hodisalar yuz berishi natijasida etkazilgan zararlarning o’rnini qoplashda sug’urta muhim ahamiyatga ega. Iqtisodiy adabiyotlarda sug’urta tushunchasiga turlicha ta’riflar keltirilgan. Ulardan eng keng tarqalgani “yuridik va jismoniy shaxslarning badallari hisobidan maxsus pul jamg’armasini tashkil etish va turli noxush hodisalarning sodir bo’lishi natijasida ana shu shaxslarning hayoti va faoliyatiga etkazilgan zararlarni mazkur jamg’arma hisobidan qoplash bilan bog’liq iqtisodiy
munosabatlarga sug’urta deyiladi”106. 2002 yil 5 aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonunida sug’urtaga quyidagicha ta’rif berilgan: “Sug’urta deganda yuridik yoki jismoniy shaxslar to’laydigan sug’urta mukofotlaridan shakllantiriladigan pul fondlari hisobidan muayyan voqea (sug’urta hodisasi) yuz berganda ushbu shaxslarga sug’urta shartnomasiga muvofiq sug’urta tovonini (sug’urta pulini) to’lash yo’li bilan ularning manfaatlarini himoya qilish tushuniladi”107.
Ko’rinib turibdiki, yuridik va jismoniy shaxslar xizmat haqi sifatida to’laydigan sug’urta mukofotlari hisobidan maxsus maqsadga mo’ljallangan pul fondlari tashkil etiladi. Bu pul fondlari sug’urta tashkilotlarining tasarrufida bo’ladi. Sug’urta tashkiloti yuridik hamda jismoniy shaxslar o’rtasida tuzilgan sug’urta shartnomasiga asosan sug’urta hodisasi sodir bo’lishi natijasida etkazilgan zararlarni qoplaydi.
Sug’urta hodisasi sodir bo’lishi natijasida etkazilgan zararlar, faqat, sug’urta tashkiloti bilan tegishli sug’urta shartnomasini tuzgan yoki sug’urta polisini olgan yuridik va jismoniy shaxslarga shartnomada ko’rsatilgan xavf-xatarlar sodir bo’lgan taqdirdagina qoplanadi. Demak, sug’urta qoplamasini olish uchun yuridik yoki jismoniy shaxs sug’urta mukofotini to’lagan va shu asnoda pul fondini shakllanishida ishtirok etgan bo’lishi kerak.
Sug’urta quyidagi ikkita tarmoqqa ajratilgan:
hayotni sug’urta qilish (jismoniy shaxslarning hayoti, sog’lig’i, mehnat qobiliyati va pul ta’minoti bilan bog’liq manfaatlarini sug’urta qilish, bunda shartnoma bo’yicha sug’urtaning eng kam muddati bir yilni tashkil etadi hamda sug’urta pullarining sug’urta shartnomasida ko’rsatib o’tilgan oshirilgan foizni o’z ichiga oluvchi bir martalik yoki davriy to’lovlarini (annuitetlarni) qamrab oladi);
umumiy sug’urta (shaxsiy, mulkiy sug’urta, javobgarlikni sug’urta qilish hamda hayotni sug’urta qilish sohasiga taalluqli bo’lmagan boshqa sug’urta turlari).
Har bir sug’urta tarmog’i sug’urta risklari va majburiyatlarining umumiy xususiyatlariga qarab sug’urta klasslariga bo’linadi. Hayotni sug’urta qilish tarmog’i 4 ta va umumiy sug’urta sohasi 17 ta klassni o’z tarkibiga oladi. Har bir sug’urta klassi umumiy xususiyatlariga qarab bitta yoki bir nechta sug’urta turlarini (mahsulotlarini) o’z ichiga oladi. Sug’urta tarmoqlariga oid sug’urta klasslarining to’liq nomlanishi 2002 yil 27 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston
106 Ermasov S.V., Ermasov N.B. Straxovanie: Uchebnoe posobie dlya vuzov. – M.: YuNITI-DANA, 2004. – 5 s.
107 O‘zbekiston Respublikasining “Sug’urta faoliyati to’g’risida”gi Qonuni.// Xalq so’zi, 2002 yil, 28 may.
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sug’urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 413-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sug’urta faoliyati klassifikatori”da keltirilgan.
Sug’urta majburiy va ixtiyoriy shakllarda amalga oshiriladi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda majburiy sug’urtaning quyidagi turlari amalga oshiriladi:
harbiy xizmatchilar va harbiy majburiyatli shaxslarning, oddiy askarlar hamda boshliqlar tarkibiga kiruvchi shaxslarning davlat majburiy sug’urtasi;
soliq organlari xodimlarining davlat majburiy sug’urtasi;
davlat sud ekspertlarining hayoti va sog’lig’ini davlat tomonidan majburiy sug’urta qilish;
sudyalarning hayoti va sog’lig’ini davlat tomonidan majburiy sug’urta qilish;
Hukumat kafolati ostida kiritilayotgan va Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan qurilayotgan ob’ektlardagi qurilish risklarini majburiy sug’urtasi;
xavfli ishlab chiqarish ob’yektiga ega korxonalarning xavfli ishlab chiqarish ob’yektida avariya yuz bergan taqdirda boshqa shaxslarning hayoti, sog’lig’i va (yoki) mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar etkazganlik uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish;
transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish;
ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta
qilish;
tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug’urta qilish. Majburiy sug’urta qonun asosida joriy etiladi. Majburiy davlat
sug’urtasi davlat byudjeti mablag’lari hisobidan, majburiy sug’urta esa yuridik yoki jismoniy shaxsning o’z mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini sug’urta qilish, fuqarolarni baxtsiz hodisalardan sug’urta qilish, xorijga chiquvchi fuqarolarni sug’urta qilish, tibbiy sug’urta, uzoq muddatli hayotni sug’urtalash, yuklarni sug’urtalash kabi sug’urta turlari ixtiyoriy shaklda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |