O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVINING
QARORI
“HAR BIR OILA — TADBIRKOR” DASTURI DOIRASIDA KREDITLAR AJRATISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNING 14-BANDIGA O‘ZGARTIRISH KIRITISH HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 27-fevralda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3022-4]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 28-son “O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi hamda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 8-iyundagi 20/1-son qarori (ro‘yxat raqami 3022, 2018-yil 9-iyun) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.06.2018-y., 10/18/3021/1333-son) bilan tasdiqlangan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 14-bandi beshinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining” degan so‘zlar “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 15-fevral,
3/4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni joriy yilda davlat byudjetiga tushumlar prognozi ijrosini taʼminlash, tadbirkorlik va kichik biznesni joylarda yanada rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarni aniqlash va ishga solish boʻyicha koʻrilayotgan choralar samaradorligi hamda bu boradagi dolzarb vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Hozirgi kunda tadbirkorlar, oʻrta va kichik biznes jahon mamlakatlarida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Rivojlangan davlatlarda tadbirkorlik subyektlari umumiy korxonalar sonining 90 foizdan ziyodini tashkil etadi va mehnatga layoqatli aholining 50 foizdan ortigʻini ish bilan taʼminlaydi.
Jumladan, Yaponiyada 71,7 %, Germaniyada 69,3 %, AQSHda 53 % fuqarolar oʻrta va kichik korxonalarda faoliyat yuritadi. 2018-yilgi holatga koʻra, Oʻzbekistonda mehnat bilan band aholining 76,3 foizi shu sohada ishlaydi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari taraqqiy etgan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti tarkibida ham salmoqli oʻringa ega. Xususan, Xitoyda bularning ulushi 60 foizni, Germaniyada – 57 foiz, Singapurda – 53, AQSH va Buyuk Britaniyada – 52, Yaponiyada 51,6 foizni tashkil etadi. Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotida mazkur soha ulushi 59,4 foizdir.
Mamlakatimizda tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning soʻzlari bilan aytganda, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz.
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida, Jahon bankining “Biznes yuritish – 2020” hisobotida Oʻzbekiston 7 pogʻonaga koʻtarilib, 69-oʻrinni egalladi va dunyoning eng yaxshi 20 ta islohotchi davlati qatoridan joy oldi. Yangi korxona ochish qulayligi boʻyicha yurtimiz ilk bor dunyoda sakkizinchi oʻringa koʻtarildi.
Bunday imkoniyatlar natijasida joriy yilning oʻtgan 10 oyida 91 mingta yoki 2018-yilgiga nisbatan 2 barobar koʻp yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi.
Lekin hali soha rivoji yoʻlida qilinadigan ishlar ham koʻp.
“Biznes yuritish – 2020” hisobotida koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, jumladan, yer ajratish, qurilish va mol-mulkni roʻyxatga olish borasida qulayliklar yaratish kerak.
Shu bois bugungi videoselektor yigʻilishida tadbirkorlarga yerni onlayn auksion orqali berish, mulkni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha idoralararo elektron axborot almashinuvini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi. Xorijiy tajriba asosida, mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan mustaqil oʻtkazishga masʼul alohida tuzilma tashkil etish taklifi bildirildi.
Prezidentimiz hokimlar 50 foiz ish vaqtini yangi kichik biznes subyektlari tashkil etish va ishlayotgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda hal etishga sarflashi lozimligini taʼkidlab, juda koʻp rahbarlar bunga befarqlik va masʼuliyatsizlik bilan qarab kelayotganini keskin tanqid qildi.
Buni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan 26 mingta murojaatning deyarli yarmi bevosita tuman darajasida hal qilish mumkin boʻlsa-da, muammolar joyida yechilmagani uchun fuqarolar yuqori idoralarga murojaat qilishga majbur boʻlayotgani ham yaqqol koʻrsatib turibdi.
Bunday holatlar Samarqand, Toshkent, Xorazm, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida ancha yuqori.
Shuning uchun, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ikki kun muddatda Tadbirkorlarga murojaat qabul qilishi boʻyicha koʻrsatma berildi.
Murojaatda tadbirkorlar oldida bundan keyin hech qanday toʻsiqlar boʻlmasligi, hududdagi barcha rahbarlar ularga yaqindan koʻmakchi boʻlishi, har kuni doimiy ravishda tadbirkorlar masalalari bilan shugʻullanishi toʻgʻrisida hokimlar shaxsan kafolat beradi.
Murojaatning bosh mazmuni hamma narsa tadbirkor uchun ekanligini xalqimizga yetkazishdan iborat. Shuning uchun Murojaatni ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va aholi gavjum joylardagi bannerlarda eʼlon qilib, unda hokimlar, sektorlar va mutasaddi idoralar rahbarlarining telefon raqamlari ham koʻrsatilishi shartligi belgilandi.
Bundan tashqari, hududiy ishchi guruhlar joylarda yurib, hokimlar va sektorlar rahbarlari bilan birga tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etishi kerakligi taʼkidlandi.
Maʼlumki, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun Xalq banki, Mikrokreditbank va Agrobank masʼul etib belgilanib, ularga yetarlicha resurslar ajratib berilgan.
Yigʻilishda mazkur moliya tashkilotlari hamda hududiy ishchi guruhlar rahbarlari joylarda tadbirkorlikning yangi imkoniyatlarini topish va hayotga tatbiq etish borasidagi saʼy-harakatlar boʻyicha hisobot berdi.
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, tijorat banklari va boshqa vakolatli idoralarning oʻzaro hamkorligi joylarda hali sezilmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Sohadagi barcha masalalar hokimliklar, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi va banklarning oʻzaro hamkorligida yechilishi zarurligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari joylarda tadbirkorlar ishtirokida yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish quvvatlarini yaratishga kuchli turtki berish kerakligini taʼkidladi.
Bugungi kunda 49 tumanda ishlab chiqarish va 63 tumanda xizmat koʻrsatish hajmining juda pastligi – ulardagi mavjud salohiyat, yer, xomashyo va mehnat resurslari toʻliq safarbar qilinmaganidan dalolat beradi.
Shuning uchun Iqtisodiyot va sanoat vazirligi rahbarlari boshchiligida joylarda sanoat va xizmatlarni rivojlantirish boʻyicha doimiy ishchi guruhlar tashkil qilindi va ularga tarmoqlar biriktirildi.
Ushbu tuzilmalarga tarmoqlar bilan birga har bir tuman va shahar salohiyatini oʻrganib, 2020-yilda yangi quvvatlar tashkil etish, infratuzilma va xizmatlar sohasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bunda respublika boʻyicha qariyb 1,5 mingta davlat mulki va davlat ulushi mavjud obyektlarini sotish hamda 70 mingta tadbirkor faoliyatini tiklash muhimligi qayd etildi.
Davlat bojxona qoʻmitasiga kelgusi yil 1-yanvardan boshlab eksport-import operatsiyalari uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali elektron shaklda olinishini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Biznes-ombudsman boshchiligida tuzilgan maxsus ishchi guruhga oxirgi uch yilda tadbirkorlar tomonidan import qilinib, bugungi kunda ishlatilmay turgan 305 million dollarlik uskunalarni toʻliq ishga tushirish yuzasidan koʻrsatma berildi.
2020-yilda “Biznes yuritish” reytingida mamlakatimiz oʻrnini yanada yaxshilash, jumladan, ruxsatnoma berish va sertifikatlash tizimini soddalashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.
Yurtimizning barqaror rivoji, ijtimoiy sohalarning uzluksiz qoʻllab-quvvatlanishi uchun davlat byudjeti va uni shakllantiradigan tushumlar muhim rol oʻynaydi.
Shu nuqtayi nazardan videoselektor yigʻilishida Soliq qoʻmitasiga noyabr-dekabr oylarida salohiyatiga nisbatan soliq tushumlari yetarli boʻlmagan Nukus, Andijon, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Namangan, Samarqand, Fargʻona, Urganch, Qoʻqon shaharlari hamda Zangiota, Gʻijduvon, Urgut, Xazorasp va Toshkent shahrining oʻn bitta tumanida soliqlarni toʻliq undirish boʻyicha yangi tizim joriy qilish topshirildi.
Xabaringiz bor, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki, xorijiy va milliy ekspertlar ishtirokida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Joriy yil 1-oktyabrdan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasi 20 foizdan 15 foizga pasaytirildi.
Soliq siyosatida olib borilayotgan islohotlarning keyingi bosqichi soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirishdir.
Shu munosabat bilan, zamonaviy usullar va axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, yashirin faoliyat yuritish orqali soliqdan qochishning oldini olish choralarini koʻrish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Binobarin, barcha sohalarda “ xufiyona iqtisodiyot” koʻlamlarini keskin qisqartirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqib, ijrosi taʼminlanadi. Jumladan, qurilish sanoatida soliqdan qochishning oldini olish uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini aniq hisoblash tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz boʻylab ishga tushirilayotgan yangi 145 ta yirik quvvatlarda shu yilning oʻzida mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, ular byudjetga qoʻshimcha daromad olib kelishini nazoratga olish zarurligi qayd etildi.
Maʼlumki, davlat byudjetining barqarorligini taʼminlashda aholi va yuridik shaxslarga koʻrsatilgan xizmatlar uchun olingan toʻlovlar ham muhim rol oʻynaydi.
Avval xabar qilganimizdek, 2020-yildan boshlab mahalliy byudjetni shakllantirish tartibi tubdan oʻzgaradi, hududlar oʻz sarf-xarajatlarini mustaqil ravishda hal qiladi. Shu munosabat bilan, endi hokimlar mahalliy byudjet daromadlarini koʻpaytirish uchun koʻproq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil etishi, soliqlarni mustaqil ravishda yigʻishi va bu boradagi masʼuliyatini kuchaytirishi kerak boʻladi.
Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |