Dunyo hamjamiyati va iqtisodiyotini larzaga solgan koronavirus pandemiyasi tufayli 2020-yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan Oʻquvchilarni baholash xalqaro PISA dasturining tajriba-sinov jarayonlari Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi hamda xalqaro tashkilotlar oʻrtasida olib borilgan muloqotlar asosida 2021-yilga, asosiy tadqiqotlar esa 2022-yilga koʻchirilgani haqida xabar bergan edik.
PISA xalqaro tadqiqotining 2022-yilga koʻchirilishi, oʻz navbatida koʻplab chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.
Shundan kelib chiqib, 2020-yil 8-iyul kuni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tomonidan PISA tadqiqotini tashkil etish boʻyicha hamkor tashkilotlar hamda tadqiqotda qatnashuvchi 88 ta davlat va iqtisodiyotlarning 100 dan ortiq vakillari uchun Webex onlayn platformasi orqali yopiq vebinar tashkil etildi. Ushbu vebinarda PISA tadqiqotini Oʻzbekistonda joriy etishga masʼul tashkilot sifatida Taʼlim inspeksiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi vakillari ham ishtirok etdi.
Ushbu vebinarda, PISA 2022 tadqiqoti doirasida 2021-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tajriba-sinovlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish, unda ishtirokchi davlatlardagi Milliy markazlarning vazifalari va masʼuliyati, shuningdek dunyoda sodir boʻlayotgan vaziyatlardan kelib chiqib, tadqiqot sinov vositalarining mazmuniga kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar haqida soʻz yuritildi.
OECD tashkiloti PISA boshqaruv kengashi (PGB) bilan hamkorlikda olib borilgan muhokamalar natijasida, sogʻliqni saqlash tizimidagi va boshqa turli inqirozlar, oʻquvchilarning taʼlim olishi va maktablarning tayyorgarligiga taʼsiri haqidagi maʼlumotlarni oʻrganish hamda tahlil qilish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, OECD va xalqaro ekspertlar guruhi (RDG) tomonidan oʻquvchi va maktab maʼmuriyati uchun moʻljallangan ijtimoiy soʻrovnomalar tarkibiga kiritish uchun Global inqirozlar moduli (GCM)ni ishlab chiqishga kirishilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, vebinar davomida, yangi muddatlar boʻyicha xalqaro pudratchi tashkilotlar bilan hamkorlikda Milliy markazlar tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar hamda kelgusidagi chora-tadbirlar rejalari muhokama qilindi.
Jumladan:
yangi kiritilayotgan Global inqirozlar moduli (GCM) materiallarini Milliy markaz tomonidan xalqaro lingvistika markazlari bilan hamkorlikda tarjima qilish;
oʻquvchi va oʻqituvchilar uchun moʻljallangan soʻrovnomalarni qayta koʻrib chiqish, tegishli oʻzgartirishlar kiritish va yangilangan versiyalarini SDS maxsus dasturiy vositasiga integratsiya qilish;
kreativ fikrlash yoʻnalishi boʻyicha baholash mezonlariga kiritilgan oʻzgartirishlarni tadqiqot natijalarini tahlil qilish jarayonlariga joriy qilish;
oʻqish, matematik, tabiiy-ilmiy savodxonlik va kreativ fikrlash yoʻnalishlari boʻyicha kodlashtiruvchilarni qayta tayyorlashga moʻljallangan xalqaro treningga tayyorgarlik koʻrish;
kodlashtiruvchilar uchun zarur boʻlgan maxsus dasturiy vositalardan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish;
tajriba-sinov jarayonlari uchun tanlab olingan maktablar va oʻquvchilar bilan bogʻliq maʼlumotlarni yangilash;
tajriba-sinovlarni tashkil etish bilan bogʻliq yoʻriqnomalar, qoʻllanmalar, maktablar tomonidan toʻldiriladigan jadvallarni yangilash;
tajriba-sinov jarayoniga jalb etiladigan Test administratorlarini xalqaro darajada tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
post-pandemiya sharoitida tadqiqotlarda oʻquvchilarning ishtirok etish koʻrsatkichini oshirishga moʻljallangan xalqaro treninglar oʻtkazish;
tadqiqot natijalarini baholash jarayonida xalqaro tajribalar almashish, muammoli vaziyatlarni bartaraf qilish va oʻquvchilar javoblarini baholashda sifatni taʼminlashga moʻljallangan Coder query service axborot tizimidagi maʼlumotlarni yangilash.
Xalqaro vebinarda koʻrilgan masalalardan kelib chiqqan holda Milliy markaz tomonidan amalga oshiriladigan ishlarning yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.