Xalqaro valyuta tizimining vujudga kelishi va evolyutsiyasi
Valyutani tartibga solish har bir davlat valyuta siyosatining tarkibiy qismi bo‘lib, iqtisodiy samaradorlik va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mamlakatda valyuta operatsiyalarini amalga oshirishning prinsiplari, usullari va shakllarini qamrab oladi.
Xalqaro amaliyotda valyutani tartibga solish ikki yo‘nalishda tahlil qilinadi: tor ma’noda valyutani tartibga solish milliy valyutani boshqa mamlakat valyutasiga ayirboshlashda cheklashlarning mavjudligi bilan aniqlansa, keng ma’noda valyutani tartibga solish milliy valyutani xalqaro savdo va moliyada ishtirokini belgilovchi qoidalar asosida valyutani tartibga solish tushuniladi.
Bu borada S.Maksutovning fikricha, valyutani tartibga solish deganda milliy valyuta ishtirokida valyuta almashtirish yoki xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilovchi ma’lum chegaralar tizimi tushuniladi. Mazkur tushunchaga kengroq ta’rif G.Gafarova tomonidan berilgan bo‘lib, uning fikricha, “valyutani tartibga solish davlat organlarining valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibini tartibga solishga qaratilgan faoliyati hisoblanadi”. Mazkur qarashga qo‘shilish mumkin. O‘z navbatida G.Gafarovaning fikricha, valyutani tartibga solishning maqsadi samarali valyuta siyosatini olib borish hisoblanadi. Bunda valyutani huquqiy tartibga solishning asosiy vazifalari milliy valyutani muhofaza qilish, valyuta muomalasini boshqarish, valyuta operatsiyalarini nazorat qilish, milliy valyuta kursiga ta’sir ko‘rsatish, mamlakatning ichida xorijiy valyutadan foydalanishni cheklash, valyuta operatsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha qoidalarni belgilash hisoblanadi.
Yuqorida qayd etilganlar asosida ta’kidlash mumkinki, valyutani tartibga solish bu vakolatli davlat organlarining valyuta operatsiyalarini amalga oshirishning qonunda belgilangan tartibini tartibga solishga qaratilgan faoliyati hisoblanadi Valyuta munosabatlarining vujudga kelishi uzoq tarixiy o‘tmishga ega. Manbalarda mazkur munosabatlarning qadimgi Rus davlatida IX-X asrlarda vujudga kelganligi haqida ma’lumotlar bor. Chet davlatlar bilan savdo-sotiq qilish maqsadida rus savdogarlari mamlakat hududidan tashqariga chiqib, Markaziy Yevropa, Vizantiya, Skandinaviya, Markaziy Osiyo, arab davlatlari bilan savdo aloqalarini olib borishgan. O‘sha davrlarda chegara bojlari va bo‘ysundirilgan xalqlardan undirilgan pullar “valyuta qimmatliklari” bo‘lgan. 907 yili rus knyazlaridan Oleg bilan, 945 yili Igor bilan Vizantiya o‘rtasida imzolangan sulhga ko‘ra vizantiyaliklar ruslarga xorijiy pullar bilan tovon to‘lashi belgilangan. Mazkur holatlarda valyuta munosabatlarining dastlabki ko‘rinishlarini ko‘rish mumkin.
Tarixga nazar solib, xalqaro valyuta tizimining yaratilishi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan voqealarni shartli ravishda to‘rt bosqichga ajratish mumkin. Birinchi bosqich o‘z ichiga XIX asrda ro‘y bergan sanoat to‘ntarishidan birinchi jahon urushigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. 1867 yili Fransiya poytaxti Parijda dunyo davlatlari xalqaro valyuta tizimi sifatida oltin standartini joriy etish haqida kelishib olishgan va bu kelishuv birinchi jahon urushigacha amal qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |