Evropalikning nigohi. “G‘arbu Sharq devoni”da Gyotening o‘z milliy nuqtai nazari namoyon bo‘lgan ko‘plab kuzatishlar, mushohadalar va umumlashmalar uchraydi. Bunda u Sharq vakillari uchun qandaydir yangi narsani kashf etadi. M. Baxtin ta’kidlaydiki, begona madaniyat boshqa madaniyat ko‘zida o‘zini to‘laroq va teranroq inkishof etadi. Ayni vaqtda yana ogoh etadiki, “…biroq ijodiy tushunish o‘zidan, zamonidagi o‘z makonidan, o‘z madaniyatidan voz kechishni bildirmaydi va hech narsani esidan chiqarmaydi”. Baxtinning bu haqqoniy qaydi “Devon”ning butun mazmunida o‘z tasdig‘ini topgan, bunda madaniyatlarning o‘zaro muloqoti sodir bo‘ladi, bu muloqotda o‘zaro hamkorlik va o‘zaro bir-birini boyitish tufayli ulardan har birining boyligi, teranligi yangicha tarzda ochib beriladi.
“Devon”ning bosh qahramoni shoir o‘zini sharq ziyoratiga yo‘l olgan sayyoh deb e’lon qiladi. Shoir timsoli Gyotening o‘zi bilan uzviy bog‘liq, u o‘zini nemis deb his etadi, uning uchun Sharq ma’naviy-estetik tajribasi bilan to‘qnashish o‘z ijodining ulkan va qudratli imkoniyatlari — adabiy uyg‘unlikka, “yot” estetik an’anani nozik idrok etish va ijodiy mushohada qilishga qodirlikni namoyon etishga imkon berdi.
“Devon” ustida qattiq ish olib borayotgan vaqtda Gyote noshir I.F.Kottega xatida yozadiki, uning (Gyotening) maqsadi G‘arb va Sharqni, o‘tmish va hozirni, forscha va nemischani xolisona birlashtirishdan iborat, toki tafakkur qilish xulq-atvori va uslublari bir-biriga singib ketsin”.
Ayni vaqtda “Sharq ruhi”da she’rlar yozar ekan, Gyote hamma narsaga yevropalik nigohi bilan qaraydi, uning g‘arb odami qarshisida ochilayotgan muhim narsalarni qayd etib boradi. Shoir ogohlantirib deydiki, “Jannat taassurotlari haqida barcha odamlarga nemis so‘zi bilan xabar qilaman”.
Sharq odamida, san’atida, she’riyatda nemis shoiri uning nazarida jahon madaniyatini boyitadigan fazilatlarni ochib beradi. U yozadi: “Forslarda she’riy natyurmortlar bor, ularni eng yaxshi niderlandiya musavvirlarining suratlari bilan yonma-yon qo‘yish mumkin, axloqiy jihatdan esa ularni yanada balandroq qo‘yish mumkin… tabiat ne’matlari ularga diniy afsonalarning yasama nusxalari bo‘lib xizmat qiladi. Gul va Bulbul Apollon va dafna o‘rnini to‘ldiradi”.
Sharq so‘z ustalari mahorat darajasiga yuksak baho berish bilan birgalikda ushbu gyotecha mushohadalarda umuminsoniy madaniyat qa’riga teran kirib borish, zamon va makonda bir-biridan uzoq, xilma-xil milliylikni bir-biriga baqamti qilib qo‘yish, antiklikdan, mifologiyadan boshlangan g‘arb va sharq adabiyotida umumiy manbalarni ustalik bilan topish kishini hayratga soladi.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |