Kitob ma’naviyat o`chog’i
Reja:
Kitob—barcha davrlarning xazinasi.
Ajdodlarimiznig kitoblarga bo`lgan munosabati.
Hozirgi davrda kitobxonlikka yaratilgan imkoniyatlar.
Biz yashayotgan zamin qadim zamonlardan beri madaniyat va ziyo maskani bo‘lib, xalqimiz esa dunyoni larzaga keltirgan ulug‘ zotlarni tarbiyalab, voyaga yetkazgan xalqdir. Bugungi kunda faxrlanib, moddiy meros borasida ham, ma’naviy meros borasida ham dunyoning sanoqli mamlakatlarigina bizning davlatimiz bilan bellasha olishi mumkin. Asrlar osha qanday yutuq va marralarga erishgan bo‘lsak, albatta, buning zamirida halqimizni kitobga bo‘lgan mehr va mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqi mujassam bo‘lgan.
Kitob – ilm manbai, - deydi dono xalqimiz. Ayniqsa, yosh avlodni ma’naviy sog‘lom va barkamol etib tarbiyalashda, tafakkur xazinasini boyitishda kitob mutolaasining o‘rni beqiyosdir. Shuning uchun ham, azal-azaldan ilm manbai, ma’naviyat xazinasi sanalgan kitobga munosabat inson ma’naviyatini ko‘rsatadigan muhim omillardan biri hisoblangan. Agar, xalqimizning uzoq o‘tmishiga nazar tashlasak, buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz ham yuksak ma’naviyatli inson sifatida kitobni juda qadrlaganliklariga guvoh bo‘lishimiz mumkin.
Tarixda o‘tgan ko‘p hukmdorlar zabt etilgan yurtning ma’naviy boyligi bo‘lgan kitoblarni yoqib yuborib, moddiy boyliklarini to‘plab, o‘z yurtiga olib ketgan bo‘lsalar, Sohibqiron Amir Temur bobomiz, aksincha, qaysi yurtda bo‘lmasin, xalqning ma’naviy boyligi bo‘lgan kitob va qo‘lyozmalarni to‘plab,o‘z yurtlariga ya’ni, Samarqandga jo‘natganlar. Bu ulug‘ zotning asosiy maqsadi Samarqandni dunyoning eng yirik madaniy markaziga aylantirish bo‘lgan. Chunki, fan va madaniyat arboblari, hunarmandlar bir joyga jamlansa, kitob va qo‘lyozmalarga boy kutubxonalar qancha ko‘p bo‘lsa, ilm-fan va madaniyat shuncha tez rivojlanadi, deb hisoblagan.
To‘g‘ri, o‘sha davr urush qonunlariga ko‘ra, yengilgan mamlakat hukmdoridan o‘lja sifatida turli-tuman moddiy boyliklar ham olingan, lekin Sohibqiron Amir Temurning tarixda o‘tgan boshqa hukmdorlardan farqi va ulug‘lik tomoni shundaki, u moddiy boyliklarni el yurt farovonligi va bunyodkorlik, obodonchilik ishlariga sarflab, o‘ziga sariq chaqa ham olib qolmagan. Agar Hazrat Sohibqiron boylikka va boylik yig‘ishga ruju qo‘yganda edi, unda mamlakat g‘aznasi oltinu kumushlarga, qimmatbaho buyumlarga liq to‘la bo‘lgan bo‘lardi. Shu o‘rinda XV asrda yashab o‘tgan yirik tarixchi olim Davlatshoh Samarqandiy aytgan gapni eslash o‘rinli bo‘ladi deb o‘ylaymiz. U bunday degan ekan: “Shohruh sulton Samarqand taxtiga o‘ltirg‘ondan keyin (1409 yil) otasining shahar arkida, Ko‘ksaroydagi xazinasiga kirdi. Ammo Shohruh sulton o‘sha xazinani ganjdan holi topdi. Tasodifan mirzo asosining uchi (yerda yotg‘on) bir dirham aqchaga tegdi. Ani olib, peshi bilan artdi, so‘ng ko‘zlariga surtib, kissasiga soldi, keyin mulozimlariga yuzlanib dedi: Biz ushbu dirham haqi otamizdan qolg‘on xazina va merosdan bahramand bo‘ldik”. Ko‘rinib turibdiki, Sohibqiron Amir Temurdan farzandlariga ham, avlodlariga ham tarixiy shaharlar, go‘zal tarixiy obidalarni moddiy boylik va “Temur tuzuklari”ni ma’naviy boylik sifatida qoldirgan.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, ulug‘ bobokalonimiz mamlakatda kitob va qo‘lyozmalarga boy kutubxonalar qancha ko‘p bo‘lsa, ilm-fan va madaniyat shuncha tez rivojlanadi, deb hisoblaganlar. Bu haqda ibn Arabshoh shunday yozib qoldirgan: “Temur qaysi davlatni zabt etsa, har bir foydali jonni yig‘ib, nimaiki sara bo‘lsa, Samarqandga keltirdi. Albatta, tarixchi “foydali jon” deganda, avvalo, ijodkor ahlini nazarda tutgan, “sara narsalar” deganda noyob kitob va qo‘lyozmalarni e’tiborga olgan.
Natijada, nodir kitob va qo‘lyozmalardan katta bir kutubxona bunyod bo‘lgan. Yana bir e’tiborni tortadigan va hayratlantiradigan tomoni shundaki, Sohibqironikki holatda, ya’ni kitob sovg‘a qilishganda va ma’naviyat sohiblari bo‘lmish ijod ahlini, olimu fuzalolarni ko‘rgandagina taxtdan tushib, ularga nisbatan o‘z hurmatini izhor qilgan. Keling, fikrimizni isboti uchun manbalarga murojaat qilamiz.
Mashhur arab olimi ibn Xaldun Sohibqiron bilan bo‘lgan uchrashuvi to‘g‘risida shunday yozib qoldirgan “Amir Temur bilan uchrashganimda, ularning urf-odatlaridan xabardor bir tanishim o‘zi bilganlarini menga aytib bergan edi. U arzimas, kichkina bo‘lsa ham sovg‘a xadya qilishimni maslahat bergan edi. Chunki ularda bu narsa podshohlarning qabuliga boruvchi uchun odat bo‘lib qolgan. Kitob bozoridan yaxshi bitta Musxaf, chiroyli joynamoz, Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam madhida yozilgan Busiriyning mashhur “al-Burda” qasidasidan bir nusxa, to‘rt quti Misr shirinliklaridan oldim. Ularni ko‘tarib Temurning huzuriga bordim. U Ablak qasrining ayvonida o‘tirgan edi. Meni ko‘rib, o‘rnidan turdi va o‘ng tomonga o‘tirishni buyurdi. Ikki tarafdan esa chig‘atoylarning kattalari o‘tirishdi. Bir pas o‘tirgach, uning oldiga o‘tib, xodimdan olib kelgan sovg‘alarimni oldim. Musxafi sharifni ochgan edim, Temur ko‘rishi bilanoq, uni tanib, o‘rnidan turdi va qo‘liga olib boshiga tekkizdi. Keyin men unga “al-Burda”ni berdim. U qiziqib, bu qanday kitob, muallifi kim ekanligini so‘radi. Bilganlarimni gapirib berdim. Undan keyin joynamozni uzatdim, u qabul qilib oldi. Odob yuzasidan qutilardagi shirinliklarni birinchi o‘zim olib, keyin unga uzatdim. Temurbek ularni majlisda o‘tirganlarning hammasiga tarqatdi. U sovg‘alarni hammasini qabul qilib oldi va men unda rozilik alomatlarin payqadim”. Ushbu hikoya orqali, Sohibqironning muqaddas dinimizga, ilm ahliga va kitobga bo‘lgan munosabatini anglab olish qiyin emas, albatta.
Demak, barchamiz, ayniqsa yoshlarimiz kitobga bo‘lgan munosabatni, ma’naviyat ahliga bo‘lgan munosabatni ulug‘ ajdodlarimizdan o‘rganishimiz, ular qoldirgan ma’naviy meroslarni esa asrab-avaylashimiz va yanada boyitishimiz lozim bo‘ladi. Shuning uchun ham, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzalarida yoshlarimizni kitobxonlikka o‘rgatish, ularni kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish va bu ishga barcha ijodkorlarni keng jalb etish lozimigini ta’kidlaydilar. Davlatimiz rahbarining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishlari yurtdoshlarimizni, xususan, yoshlarimizni kitob mutolaasiga jalb etishda yangi davrni boshlab berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, kitob insonni komillik sari yetaklovchi va yo‘lini yoritib turuvchi mayoq hisoblanadi. Demoqchimizki, yoshlarimiz kitobni qanchalik qadrlasa, kitob ularning ma’naviyatlarini yuksaltirishda shunchalik beminnat xizmat qiladi. Shunday ekan, yoshlarimiz o‘z umrlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun kitobning nechog‘lik katta ahamiyat kasb etishini unutmasliklari joizdir. Xulosa o‘rnida ularga qarata, kitob o‘qishdan, mutolaa qilishdan hech qachon charchamang deb qolamiz.
3.Mutaxassislik bo‘yicha referat tayyorlash
Do'stlaringiz bilan baham: |