Muhabbat jomidin ichsang sharobe,
“Muhabbatnoma”ga aysang javobe.
...Xo’jandiy so’zlaring Xorazmiy miskin
Eshitsa: “Balli!” – deb qilg’aydi tahsin.
Bundan tashqari noma janridagi asarlarda tabiat tasviridan o’rinli
foydalanish va bu tasvirning oshiq yoki ma’shuqaning ruhiy kechinmalari, holatlari
bilan bog’liq holda olib borish hollari ko’rinadi. Noma janrida yaratilgan asarlar
tarkibida g’azallar, qasida, masnaviy, qit’a, fard, soqiynoma, hikoyat singari
janrlarni, tabiat manzaralari tasviri, xalq og’zaki ijodiga xos bo’lgan maqol, matal,
hikmatli so’zlarni singdira olishi bilan xarakterlanadi. Ana shu xususiyatlarni
hamisha yodda tutish mumtoz adabiyotimiz namunalaridan, xususan, noma janrida
yaratilgan asarlardan to’laqonli bahra olishimizga sabab bo’ladi.
Mumtoz so’z san’atkorlari badiiy ijodga qo’l urib, lirik obrazlar
yaratayotganlarida ularga turli tabaqalar vakillarining psixologiyasi, turishturmushini yaxshi bilganliklari qo’l keladi. Natijada lirik obraz va xarakterlar
hayotiyligi, qo’llangan poetik san’atlarning tabiiyligi tahminlanadi. Bunda shoir
mavjud voqelik, unda yashab turgan odamlarning qarashlari, ma’naviyati, saviyasi
va qiziqishlariga suyanadi. Shu zaylda davr va sharoitga qarab, poetik obrazlar
mundarijasi o’zgarib, boyib boradi yoki bahzilari o’rnini boshqalari egallaydi.
Demak shoir yaratgan obrazlar o’sha davr ijtimoiy-siyosiy, ruhiy-ma’naviy
masalalarining ko’zgusi ham hisoblanadi. Shu tariqa shoirning lirik obrazlari tizimi
ham tobora kengaydi. Bunday lirik obrazlar zimmasiga yuklanadigan vazifalar
salmog’i ham ortib bordi.
Bir qarashda g’azalda ham, nomada ham obraz yaratish usuli bir xildek
ko’rinadi. Masalaga chuqurroq yondashadigan bo’lsak, bu ikki adabiy janr
orasidagi farqli tomonlarni ham ilg’ab olish mumkin. G’azalda ham oshiqning
ma’shuqaga bo’lgan sevgi iztiroblari, ma’shuqaning beqiyos go’zal obrazi,
bevafolardan shikoyat lirik tarzda ifodalanadi. Lekin g’azalning ma’lum chegarasi
mavjud.
Nomada esa oshiq va ma’shuqa obrazlari o’rtasidagi munosabatlar asosiy
o’ringa ega bo’lib, ularning keng qamrovli ruhiy kechinmalari lirik tarzda
masnaviy yo’li bilan ifodalanadi va muallif nomalarda his-tuyg’u, kechinmalar
tasvirida g’azal, masnaviy, fard, qit’a kabi janrlarga ham murojaat qilishi mumkin.
Ko’rinadiki, noma janrida g’azal janriga nisbatan obraz yaratish manbalari va
imkoniyatlari keng hamda chegarasiz.
“Muhabbatnoma”ning umumbashariy g’oyalar tashishi, lirik obrazlarning
mukammalligi, xarakterlarning hayotiyligi muallifni o’z davri an’analaridan yuqori
ko’targan xususiyatlardan biridir. Ulug’ shoir ko’plab salaflari, zamondoshlaridan
farqli ravishda, lirik obrazlarning tashqi portretiga oro beribgina qolmasdan,
ularning ruhiy-ma’naviy olamiga ham yo’l ochdi. Bir so’z bilan aytganda, shoir
yaratgan lirik obrazlar muallifning yuksak ideallarini tashish bilan birga, hayotga
juda yaqin keldilar va she’riyat muxlislarining ko’ngil mulkiga aylandilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |