TAYANCH SO'Z VA IBORALAR:
Xalqaro reyting, xalqaro indeks, xalqaro reytinglar bilan ishlash, elektron hukumat, Milliy monitoring tizimi, “davlat xizmatlarining sirli mijozi”, korrupsiyaning oldini olish, “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portal, axborot texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, “Transparency International” reytingi
1. Insoniyat taraqqiyoti, barcha sohalarda kechayotgan globallashuv jarayonlar, sifat va tarkibiy o'zgarishlar xalqaro hamkorlik va aloqalarni yangi bosqichga ko'tarish barobarida har bir mustaqil mamlakatning ushbu holatlarga yangicha qarashga, ular bilan birga odim tashlash vazifasini ko'ndalang qo'ymoqda. Bu esa, eng avvalo, o'sha mamlakatning jahon miqyosidagi o'rni, xalqaro reyting va ko'rsatkichlarda tutgan mavqei bilan belgilanadi.
Bugun hayotning har bir jabhasida yangilik va bunyodkorlik ishlari jadal sur'atlarda davom etmoqda. Tabiiyki, bunday yangilanishlar natijasi nafaqat xalqimiz hayotida, balki nufuzli xalqaro reyting va indekslar ko'rsatkichlarida ham o'z ifodasini topayotir.
Aytish kerakki, xalqaro reyting va indekslar har bir mamlakatning rivojlanish jarayonini o'zida namoyon etib, davlat boshqaruvi sifati, aholining turmush darajasi, inson huquqlari muhofazasi, tadbirkorlik faoliyati va xorijiy investorlar uchun qulay muhit, barqaror iqtisodiy o'sish va raqobatbardoshlik kabi muhim jihatlarning ko'zgusidir. Bu jihatlar mamlakatimizdagi islohotlar mohiyatida ham mujassam. Bularning barchasi inson qadrini ulug'lashga, odamlarning hayotdan rozi va mamnun bo'lib yashashini ta'minlashga xizmat qilishi bilan yanada teran mazmun kasb etadi.
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘sini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi o‘rnini xolis va haqqoniy baholashni ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, mamlakatda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha milliy reytinglarni yuritishga yordam beradigan, amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro mezonlar va standartlarga muvofiqligini baholashning yaxlit tizimi mavjud emas.
Mazkur holat xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar bilan tizimli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, mas’ul vazirlik va idoralarda baholanayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiyalar va boshqa davlatlarning ijobiy tajribasini o‘z ichiga olgan tegishli ma’lumotlar bazasini, xodimlarda esa xalqaro reytinglar metodologiyasini qo‘llash bo‘yicha dunyoqarashni shakllantirish imkonini bermayapti.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni baholashning yaxlit va mustaqil tizimini shakllantirish, shuningdek, respublikaning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashni ta’minlash maqsadida 2019 yil 2019-yil 25-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4210-sonli Qarori e’lon qilindi. Qarorda Milliy monitoring tizimi yaratish, boshqaruv sifati va siyosatning samaradorligini o‘lchash, mamlakatda yuz berayotgan o‘zgarishlar jarayonini baholash, tadqiqotlar natijalaridan kelib chiqqan holda islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishga yordam beruvchi ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari Milliy monitoring tizimining tarkibiy qismi etib belgilash ta’kidlandi. Respublikadagi tadqiqot institutlariga alohida xalqaro reytinglar biriktirildi va ularga quyidagi vazifalar yuklatildi:
xalqaro reytinglarning metodologik va boshqa tarkibiy qismlarini aniqlash, ularni amaldagi qonunchilikka implementatsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi past ko‘rsatkichlariga sabab bo‘layotgan asosiy omillarni aniqlash;
o‘zini o‘zi baholash uchun ustuvor xalqaro reytinglarning mezonlari va indikatorlari asosida milliy indekslarni ishlab chiqish;
loyihalar va amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirishga to‘sqinlik qilayotgan normalarni aniqlash nuqtai nazaridan ekspert tahlil qilish hamda tahlil natijalariga ko‘ra tegishli tavsiyalar ishlab chiqish;
O‘zbekiston Respublikasining tegishli reytinglardagi rivojlanish jarayoni to‘g‘risidagi axborotlarni, shuningdek, baholanayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiyalar va xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘z ichiga olgan axborotlar ma’lumot bazasini yaratish;
O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga to‘sqinlik qilayotgan mavjud haqiqiy muammolarning tizimli tahlilini olib borish, ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
xalqaro tashkilotlar, reyting agentliklari va ilmiy muassasalarning ekspertlari bilan hamkorlik o‘rnatish va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish;
tegishli tarmoqlardagi muammolarni aniqlash va ahvolni o‘rganish uchun ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, shuningdek, mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish doirasida turli sohalarda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida jamoatchilik va xalqaro reyting agentliklarini xabardor qilish.
Ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini yaxshilash, aholining davlat organlari faoliyatidan qoniqishi darajasini hamda ularning xodimlari kasbiy mahoratini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasining “davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutini joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. “Davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalanish doirasidagi chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etiladi;
“davlat xizmatlarining sirli mijozi” institutidan foydalanishda huquqbuzarliklar va vakolatni suiiste’mol qilishga undovchi usullarni qo‘llash taqiqlanadi;
“davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti ma’muriy tartib-qoidalar amalga oshirilishi qulayligi va davlat organlari, shuningdek, ularning xodimlari tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda normativ-huquqiy hujjatlar talablari, xodimlarning professionalligi va tezkorligi, ularning aholi bilan muomala qilish etiketi darajasini baholaydi;
ma’lumotlarni yig‘ish uchun haqiqiy “mijoz” ko‘rinishida monitoringni amalga oshiruvchi xodimlar va boshqa shaxslar (“sirli mijozlar”)dan foydalaniladi;
“sirli mijoz” tomonidan monitoring nafaqat bevosita obyektlarga tashrif buyurishlar, balki monitoring amalga oshirilayotgan davlat xizmatlariga qarab boshqa vositalar (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta orqali murojaat qilish va boshqalar) orqali ham amalga oshirilishi mumkin;
“davlat xizmatlarining sirli mijozi” monitoringi natijalari shaxsiy bo‘lmagan shaklda rasmiylashtiriladi hamda qonun hujjatlari va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish uchun tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik va idoralarga majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun taqdimnomalar yuboriladi;
“davlat xizmatlarining sirli mijozi” monitoringi natijalari tegishli davlat xizmatlarini ko‘rsatadigan vazirlik hamda idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi va tavsiyaviy ko‘rinishga ega bo‘ladi;
“davlat xizmatlarining sirli mijozi” instituti faoliyatini yuritish bilan bog‘liq xarajatlar Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi o‘rnini yaxshilash uchun mas’ul bo‘lgan boshqa vazirliklar, idoralar va tadqiqot institutlari bilan birgalikda 2019-yil 1-aprelga qadar Internet tarmog‘ida quyidagilarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalini yaratish topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portali faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangilash bo‘yicha mas’ul organ etib belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi o‘rnini yaxshilash uchun mas’ul vazirliklar, idoralar va tadqiqot institutlari har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 15 sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, zarur statistik axborotlar va boshqa materiallarni taqdim etishni ta’minlashi belgilab qo’yildi.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi o‘rnini yaxshilash uchun mas’ul vazirliklar, idoralar va tadqiqot institutlari rahbarlari “O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda” yagona portalida e’lon qilinadigan axborotlarning ishonchliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanishi belgilab qo’yildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |