Mavzu: O‘ZBEKISTONDA DEMOKRATIK, FUQAROLIK JAMIYATI ASOSLARINING SHAKLLANISHI, AMALGA OSHIRILGAN SIYOSIY ISLOHOTLAR
REJA:
1. O‘zbekistonda hokimiyatlar bo’linishi prinsipi
2. Mustaqillik yillarida demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurishning asosiy xususiyatlari. O‘z-o‘zini boshqaruv organlarining faoliyati
3. Huquq-tartibot organlari va sud tizimidagi o‘zgarishlar. O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari kafolatining yaratilishi
4. O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati rivojlanishining asosiy bosqichlari va istiqbollari
Mustaqillik yillari milliy davlatchilik asoslarini qurish yillari bo‘ldi. O‘tgan yillar ko‘hna tariximizni teran his qilish, hozirgi jahon sahnasida o‘z o‘rnimizni egallash davri bo‘ldi. Bu davrda biz o‘zligimizni anglab, tarixiy yo‘limizni uzil-kesil tanlab oldik. Mustaqil O‘zbekiston Birinchi Prezidenti I.A.Karimov tarixiy an’analarga, dunyo tajribalariga, o‘lkaning o‘ziga xos tomonlariga tayangan holda jamiyatni siyosiy jihatdan tubdan isloh qilish yo‘llarini ishlab chiqdi.
Jamiyatda qonuniylikning g‘alaba qilishi, fuqarolarni ijtimoiy-siyosiy va boshqa huquqlarini himoyasi uchun hokimiyatlarning bo‘linish prinsipi haqli ravishda amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida hokimiyatning bo‘linishi tamoyili konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Xususan, Konstitutsiyaning 11-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi-hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyatiga bo‘linishi tamoyiliga asoslanadi”, deb belgilab qo‘yilgan. Mazkur tamoyil davlat idoralari faoliyatining samarali bo‘lishiga shart-sharoit yaratadi, ayni paytda, hokimiyatning suiste’mol qilinishiga chek qo‘yadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining huquqiy holati Konstitutsiyaning V-bo‘lim XVIII bobida va 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan. Bu qonunlarga ko‘ra, Oliy Majlis Oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
“Bosqichma-bosqichlilik” tamoyiliga amal qilgan islohotchi davlat ushbu jarayonni quyidagi bosqichlarda o‘tkazdi: O‘zSSR Oliy Sovetidan – mustaqil O‘zbekistonning Oliy Sovetiga, undan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va yarimprofessional bir palatali parlamentdan – ikki palatali professional parlamentga. Birinchi bosqichda suverenitet asoslarini o‘rnatish, davlat va jamiyat qurilishi, bozor iqtisodiyotini rivojlantirish va ijtimoiy sohalarda muhim qonunlar qabul qilish kerak edi. Parlamentarizm saboqlarini o‘zlashtirish, bunda nafaqat parlament sub’ektlari, balki butun jamiyat bu saboqlarni o‘zlashtirmog‘i kerak edi. Gap shundaki, parlament degan so‘zning o‘zi mustaqillik qo‘lga kiritilgunicha O‘zbekistonda ishlatilmas edi.
O‘zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda davlat mustaqilligiga erishgach, davlat hokimiyatining eng muhim institutlaridan biri sifatida milliy parlamentni rivojlantirishning sifat jihatidan yangi bosqichi boshlandi. Milliy parlamentarizmning eng yangi tarixi umum e’tirof etilgan uchta asosiy davrga bo‘linadi. Birinchi davr: 1991-1994 yillar, ikkinchisi: 1995-2004 yillar va uchinchi davr: 2005 yildan hozirgi paytgacha.
Do'stlaringiz bilan baham: |