O‘zbekistonning eng yangi tarixi - bu nafaqat akademik bilim va o‘qitish, balki tarixiy xotirani shakllantirish, vatanparvarlik va faol fuqarolik pozisiyasini qaror toptirish yo‘lidir. O‘zbekistonning zamonaviy tarixini bilish - yoshlarga XX asr oxiri– XXI asr boshlarida milliy tarix voqealarini mustaqil tarzda baholashga, jahon tarixi kontekstidagi va davlatimiz taraqqiyotidagi eng muhim tendensiyalarni ko‘rish, O‘zbekistonning zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni haqida tasavvurni shakllantirish, mamlakatning yangi strategik yo‘nalishini, uning ichki va tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini tushunishiga xizmat qiladi.
“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani boshqa ijtimoiy va tabiat fanlaridan farqli o‘laroq mustaqil fan. Shuningdek, u barcha fanlar orasida alohida o‘z o‘rni va mavqega ega. U barcha fanlar tarixini ham o‘z ichiga olgan holda ularning rivojiga katta ta’sir etadi. Bu uning o‘rganish predmeti va ob’ekti hamda vazifasida to‘la namoyon bo‘lmog‘i kerak. Tarix fani o‘z xususiyatiga ko‘ra, birinchidan, o‘zining butun diqqat e’tiborini faqat o‘tmishga qaratadi, undan saboq beradi, xulosa chiqaradi, ajdodlarimizning moziyda qolgan hayot tarzini, ular yaratgan moddiy-madaniy, ma’naviy-mafkuraviy qadriyatlarni o‘rganadi.
Ikkinchidan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani boshqa ijtimoiy fanlarga nisbatan aniq fan. U matematika usulidan keng foydalanadi. Tarixiy voqea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlik-xronologik asosda o‘rganiladi. Shuningdek, tarixiy voqea va hodisalar, hujjat va dalillarning haqiqiy va haqiqiy emasligi, ular qachon, qaerda, qanday tarixiy muhit va sharoitlarda tarixan voqe’ bo‘lganligi aniqlanadi. Va nihoyat, bo‘lib o‘tgan voqeliklarning aniq sabab va oqibatlari, shu bilan birga, ularning aniq shakl-shamoyillari va holati aniqlanadi.
Uchinchidan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotning ahvoli, rivojlanishi sabab hamda oqibatlarini o‘rganadi, ulardan kelajak uchun saboq va xulosa chiqaradi. Bu esa kelajak avlodlar uchun dasturilamal bo‘ladi.
To‘rtinchidan, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani ko‘p qirralik va xilma-xillik xususiyatiga ega. U jamiyat taraqqiyoti va inqirozlarining faqat bir tomoninigina emas, balki jamiyatning hamma tomonlarini uzviy o‘zaro bog‘liqlikda, bir butunlikda o‘rganadi. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani, O‘zbekistonning va hozirgi hududida insoniyat hayoti, tabiat va jamiyat taraqqiyoti tahlil qiladi. Uning o‘rganish predmetiga esa, mana shu makondagi jamiki xilma-xil voqea va hodisalar, ulardagi umumiy aloqadorlik va yaxlit birlik hamda qonuniyatlar hodisasi va jarayonlar, umuman, xalq va insonning yaratuvchanlik faoliyati kiradi.
Fanning predmeti shu mintaqada sodir bo‘lgan jamiki voqea va hodisalar, ulardagi umumiylik va aloqadorlik qonuniyatlari, tarixiy hodisa va jarayonlar, umuman insoniyatning barcha tarixiy faoliyat jarayonlarini o‘rganishdir.
Fanning ob’ekti aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik va umumiy mintaqaviy chegaralar, ma’lum xalqlar, mamlakatlar tarixi bilan bog‘liq jarayonlar bo‘lib, ular voqea va hodisalarni bir butun va yaxlitlikda qamrab oladi.
Fanning maqsadi vatanimiz tarixining qadimgi davridan to hozirgi kungacha bosib o‘tgan uzoq va murakkab tarixiy yo‘lini, xalqning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotini holisona o‘rganish orqali fuqarolar, ayniqsa yoshlar ongida tarixiy xotira, ular qalbida vatanparvarlik, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishdan iboratdir.
“O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani fan sifatida ijtimoiy-siyosiy, umuminsoniy fan bo‘lib, inson va millat o‘z o‘tmishini bilishi, o‘zligini anglashi hamda kelajagini belgilashida asosiy dasturilamal hisoblanadi. Shu bilan birga, u ijtimoiy-siyosiy hayot sohasidagi yagona fan ham emas. Jamiyat, insoniyat va tabiatning o‘tmishini o‘rganuvchi boshqa soha fanlari ham bor. Masalan, arxeologiya, etnologiya, geologiya, antropologiya, demografiya, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa fanlar shular jumlasidandir. Ammo boshqa fanlarning hammasi ham, tabiat, jamiyat ham avvalo, katta tarixda aks etadi. Soha tarixi fanlari ham tarix fanining o‘rganish ob’ekti va predmeti hisoblanadi. Tarix fani boshqa, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy aloqa birligida rivojlanadi. Shuning uchun ham, tarixchilar falsafani, adabiyot va tilni, dinshunoslikni va boshqa fanlarni bilmay turib, haqqoniy tarixni to‘la yoritib berolmaydilar.
Qisqa qilib aytganda, tarix fani ya’ni, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” – millat va Vatan kelajagining ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega. Masalaning mohiyati shundaki, birinchidan, ijtimoiy-gumanitar fanlarning rivojlanishi har jihatdan tarix fanining naqadar haqqoniy bo‘lishiga bog‘liqdir. Chunki ular tarix bilan bevosita bog‘liq. Ikkinchidan, tarix falsafasi qanchalik to‘la va ravon yuzaga chiqsa, boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarning mazmun va mohiyati hamda ta’sirchanligi ham shuncha yuksak darajada bo‘ladi. Tarix falsafasi deganda, tarix ya’ni o‘tmish tajribasi va sabog‘idan to‘g‘ri xulosa chiqara olish tushuniladi. Boshqacha aytganda, o‘tmish-tarixga qarab, kelajakni his etish, ko‘ra bilish va to‘g‘ri belgilay olish ham tarix falsafasini anglashni bildiradi.
3. Har qanday fan kabi “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani ham o‘zining uslubiy ilmiy-nazariy asoslari va tamoyillariga ega. Bular O‘zbekiston tarixi fanining asosini tashkil etib, uning rivojlanishi, jamiyat va millat manfaati yo‘lidagi nufuzini ortib borishi uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Eng muhimi, ilmiy-nazariy tamoyillar Vatan tarixining haqqoniy yozilishi, tarixiy haqiqatni yuzaga chiqishiga xizmat qiladilar.
Agar tarix insoniyat yashab rivojlanishi uchun ijtimoiy zaruriyat va ma’naviy-ma’rifiy ehtiyoj bo‘lsa, tarix fani esa, bu ehtiyojlarni ro‘yobga chiqishi uchun ma’sul bo‘lgan yuksak intellektual ilmiy-amaliy faoliyatdir. Buning samarali bo‘lishi ya’ni, tarix fani rivojlanishida metodologik ilmiy g‘oya va nazariyalar hamda usul va uslubiy tamoyillarning ahamiyati benihoya kattadir. Chunki, bular tarixning mazmun va mohiyati hamda falsafasini chuqurroq ochib berishga, shuningdek, tarix fanining maqsad va vazifasini to‘laroq ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston tarixi fanining metodologik ilmiy-nazariy asoslari, g‘oya va ta’limotlari nimalardan iborat bo‘lishi o‘ta muhim masala hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, “tarix” moziyni o‘rganish haqidagi fan bo‘lib, ilmiy atama sifatida ikki o‘zaro aloqadorlikdagi tushunchani ifodalaydi. Birinchidan, tarix jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi fan bo‘lib, uning mavzui kishilik jamiyati o‘tmishining, uning turli-tuman sohalardagi taraqqiyoti va o‘zgarib borish jarayonini o‘rganadigan fandir. Ikkinchidan, tarix bu insoniyat to‘g‘risidagi fan bo‘lib, jamiyatning o‘tmishini tadqiqot yo‘li bilan aniqlab, o‘tmishda inson tomonidan yaratilgan, inson zakovatining natijalari bo‘lgan jarayonini tadqiq etish va bizgacha bo‘lgan davrni o‘rganib, kelajak avlodga yetkazadigan fandir.
Tarixshunoslikdan ma’lumki, tarixiy jarayon tarix qonunlari bilan asoslanadi. Tarix fanining asosiy tayanch tushunchasini tarixiy asos va tarixiy manba, tarixiy makon va tarixiy zamon tashkil etadi. Soha mutaxassisilarning e’tirof etishlaricha, tarix fanini o‘rganishdagi eng dolzarb muammo - bu tarixiy voqelik va tarixiy manbalar bo‘lib, mana shu ikki muammoga tom ma’noda ilmiy yondashish tarix fanining nazariyasi va metodologiyasini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. CHunonchi, har bir fanda bo‘lganidek, tarix, jumladan “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanida ham o‘zining nazariyasi va metodologiyasi mavjud. Nazariya – bu ilmiy bilimlar yig‘indisi va boshqa fanlar bilan mavjud bo‘lgan aloqadorlikni bilish jarayonidir.
Har qanday fanning metodologiyasi xususida gap borar ekan, odatda shu fanga xos metod (usul)lar majumi tushuniladi. Tarix fanini o‘qitish metodologiyasi deganda bu yo‘nalishdagi ilmiy bilimlarning tuzilishi va rivojlanishi, ularning natijalarini asoslash yo‘llarini amaliyotda mazkur fanga xos bo‘lgan ilmiy bilimlar mexanizmini samarali tadbiq etilishi tushuniladi. Tarix fani metodologiyasi deganda tarix fanlari doirasidagi ilmiy bilimlarning tuzilishi tamoyillariga, shakli va ilmiy jihatdan tarix fani doirasida qo‘llaniladigan ta’limotiga aytiladi. O‘zbekiston tarixi fanining fan sifatidagi nazariy-metodologik asoslari o‘zida mazkur fanning qonuniyatlari va tamoyillarini, faqatgina shu fanga xos bo‘lgan qat’iy tushunchalar majmui va bilish metodlarini o‘z ichiga oladi.
Tarix fanining rivoji, uning metodologiyasi rivojiga bog‘liq bo‘lganidek, tarix fani metodologiyasi yuksak darajada takomil topishi tarix fani qay darajada ekanligiga ham bog‘liq. Bu holdagi uzviy va ikki tomonlama bog‘liqlik har ikkala yo‘nalishning umumiy qonuniyatidir. Mana shu o‘zaro aloqadorlik qonuniyatini, mumtoz tarixshunosligimiz va hozirgi zamon sivilizatsion yondashuvlarga asoslangan holda “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fani metodologiyasini quyidagi ikki qismga bo‘lish tavsiya etiladi:
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik (uslubiy) ilmiy-nazariy, g‘oyaviy-mafkuraviy va falsafiy asoslariga quyidagilar kiradi:
– Din bilan dunyoviylik o‘rtasida mu’tadil munosabat bo‘lishi va dunyoviylik aslo dahriylik emasligi;
– Tarixni milliy, umuminsoniy, muqaddas xodisa hamda qadriyat deb tushunmoq;
– Tarixga hozirgi zamon sivilizatsiyasi nuqtai nazari va bag‘rikenglik asosida yondashish;
– Tarixiy taraqqiyot asosini evolyusion – tadrijiy yo‘l va islohotchilik tashkil etadi deb anglamoq;
– Tarixga milliy mentalitet nuqtai nazaridan o‘zgalar tarixiga hurmat ruhida murojaat etish;
– Tarix, jamiyat va tabiat hamda insoniyat (barcha tarixiy voqelik va jarayonlar) dialektika (Gegel) hamda sinergetika (Prigojin) qonuniyatlari asoslarida rivojlanishi haqiqat ekanligi;
– Tarix milliy va umuminsoniy xotira, millat va xalqlarning joni, tani hamda g‘oyaviy-mafkuraviy muhofaza quroli ekanligi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining metodologik (uslubiy), ilmiy usul va tamoyillari quyidagilardan iborat:
– Ilmiy holislik (ob’ektivlik);
– Tarixiy – tahliliylik;
– Mantiqiy – uzviylik;
– Vorislik va xronologik izchillik;
– G‘oyaviylik va vatanparvarlik;
– Qiyoslash, kuzatish va umumiylashtirish;
– Bahslashish, munozara yuritish va asoslab berish;
– Matematik hisoblash;
– Shakllash va modellashtirish;
– Ayrimlikdan umumiylikka (induksiya) va umumiylikdan ayrim (juz’iy)likka
(deduksiya);
– Etnografiya, arxeologiya, antropologiya, geneologiya, matematika kabi ko‘plab yordamchi fanlarning yutuqlari hamda usullaridan ham keng foydalanish.
Tarixiy-tanqidiylik tamoyili tariximizda qadimdan muarrixlar tomonidan qo‘lanib kelingan eng qulay usul hisoblanadi. Bu usul tarixiy voqea va hodisalarning nechog‘liq to‘g‘ri hamda noto‘g‘riligini aniqlashga, tarixni haqqoniy va to‘g‘ri yozilishiga yaqindan yordam beradi.
Istiqlol tufayli o‘z tariximizni o‘zimiz yozish va tarix fani metodologiyasini ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldik. O‘tgan davr ichida O‘zbekistonning yangi tarixi yozildi va tarix fani jadal rivojlanmoqda. Butunlay yangi ruh va mazmundagi ilmiy qarash (konsepsiya)lar paydo bo‘ldi, o‘quv qo‘llanma va darsliklar, tarixiy asarlar chop etildi. Bu o‘rinda yuqoridagi metodologik ilmiy-nazariy asos va ularning ahamiyati katta bo‘ldi.
Ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va o‘tmishida katta tarixiy siljishlar bilan birga, tanazzullar va inqirozlarga guvoh bo‘lgan O‘zbek xalqi hayotida XX asrning oxiri va XXI asrning boshlari muhim ahamiyat kasb etdi. Ana shu davrda xalqimiz yaratgan buyuk bunyodkorliklar, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy sohadagi beqiyos yutuqlar O‘zbekistonning bundan keyingi uzoq kelajakka mo‘ljallangan taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu davrning mohiyati – butunlay yangi tuzum, yangicha turmush tarzi, zamonaviy jahon sivilizatsiyasi talablariga javob bera oladigan aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat bilan bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega. Garchi mustaqillik davri tarixan qisqa bo‘lsada, mustabid tuzum iskanjasidan chiqib ketish, butun bir xalqning mustaqilligi va erkinligini ta’minlash kabi g‘oyatda tahdidli va tahlikali, ayni paytda sharafli jarayonni boshdan kechirdi.
Umuman olganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish va uni o‘qitishning dolzarb muammolari bo‘yicha keng munozaralarning zaruratini chuqur anglagan holda olimlar, pedagog xodimlar va maorifning boshqa vakillarini tarix ilmi va fani masalalarini keng ommaga yetkazish hamda matbuotda faol muhokama qilish zarur. Jamiyatimiz, ayniqsa, yosh avlod ona Vatanimizning yaqin o‘tmishini tushunishga, murakkab, jo‘shqin va jadal sur’atlar bilan davom etayotgan mamlakatimiz mustaqilligining tarix solnomasini tizimli o‘rganishga, uni to‘laqonli anglab yetishga katta ehtiyoj sezmoqda. Mazkur sharafli ijtimoiy vazifani amalga oshirish esa O‘zbek tarixchilarining ilmiy va fuqarolik burchidir.
4. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tarix fani sobiq mustabid tuzum mafkurasidan voz kechish, yangi yondashuvlar bilan bog‘liq o‘zgarishlarga yuz tutdi.
Fan taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish O‘zbekiston tarixchilari zimmasiga jahon amaliyoti yutuqlaridan kelib chiqib, tarix fanini yanada yuqori ilmiy-nazariy darajaga olib chiqish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish kabi vazifalarni yuklamoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori kengash ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish va uni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir. Qarorda Jamoatchilik kengashi oldiga O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli, haqqoniy va xolis tarzda o‘rganishni tashkil etish, yangi avlod ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish hamda mamlakatimizning dunyodagi o‘rni va rolini ko‘rsatishga qaratilgan qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan vazifalarni bir-birini to‘ldiruvchi ikki yo‘l orqali ro‘yobga chiqarish lozim. Birinchi yo‘l – yangi avlod ilmiy va o‘quv adabiyotlarini yaratish.
Ikkinchi yo‘l – mavjud bilimlarni yoshlarga targ‘ib etish va o‘qitish.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi haqida so‘z yuritilganda, biz uchun, avvalo, mamlakatimizning 1991-yildan keyin bosib o‘tgan tarixiy yo‘li mohiyati va mazmunini anglab yetish muhimdir. Bu jarayon qanday borganligini, mamlakatimiz mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch kelganini tushunib yetish muhim. O‘zbek jamiyatida qadimgi davrlardan beri ayrim demokratiya unsurlari: o‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shakli, mahalla yig‘inlari, oqsoqollar kengashlari va xalq diplomatiyasi mavjud edi. Biroq hozirgi kunda ushbu institutlar tomonidan an’anaviy funksiyalar bajarilishining o‘zi bilan qanoatlanib bo‘lmaydi. Biz ularning faoliyatini hozirgi davr talablariga mos yangi mazmun bilan to‘ldirishimizmaqsadga muvofiqdir.
Rivojlangan demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan birini tashkil etadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda keng ishtirok etishini ta’minlovchi siyosiy institutlarning xilma-xilligiga asoslangan yangi demokratik tizim negizlarini shakllantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan.Sobiq tuzum davrida davlat va yakkapartiyaviylik tizimi shaxs ustidan yalpi hukmronligini o‘rnatgan edi.
Fuqaroning huquqiy himoyalanmagani, boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullari, har qanday muqobil fikrlashning tazyiq ostiga olinishi ko‘p odamlarda chorasizlik tuyg‘usini uyg‘otib, real hayotdan uzoqlashish istagini oshirdi. “Siyosiy autsayderlar” deb ataluvchi kishilar sonining o‘sishi, jamiyatda ijtimoiy pessimizm va boqimandalikning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Afsuski, bugungi kunda ham jamiyatda eski davrga xos bo‘lgan ijtimoiy ongning retsidivlari muayyan darajada saqlanib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu holatni nazarda tutgan holda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni jiddiy tanqid ostiga olib, quyidagilarni ta’kidladi: “Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda. Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning yechimi chetda qolib ketmoqda”.
Bugun kuchli fuqarolik jamiyatni qurish vazifasi tobora ko‘proq dolzarblik kasb etmoqda. Uning amalga oshirilishi real va faol ko‘p partiyali tizimni shakllantirishni talab etayotir. O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan vazifalar qatorida jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilishdagi o‘zbek modelining konseptual asoslarini idrok etish, davlatimizning global va mintaqaviy integratsiya jarayonlarida ishtiroki bilan bog‘liq masalalarning to‘g‘ri va haqqoniy tahlilini xalqimiz va kelajak avlodga yetkazish burchimizdir.
Umuman olganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish va uni o‘qitishning dolzarb muammolari bo‘yicha keng munozaralarning zaruratini chuqur anglagan holda olimlar, pedagog xodimlar va maorifning boshqa vakillarini tarix ilmi va fani masalalarini keng ommaga yetkazish hamda matbuotda faol muhokama qilish zarur. Jamiyatimiz, ayniqsa, yosh avlod ona Vatanimizning yaqin o‘tmishini tushunishga, murakkab, jo‘shqin va jadal sur’atlar bilan davom etayotgan mamlakatimiz mustaqilligining tarix solnomasini tizimli o‘rganishga, uni to‘laqonli anglab yetishga katta ehtiyoj sezmoqda. Mazkur sharafli ijtimoiy vazifani amalga oshirish esa o‘zbek tarixchilarining ilmiy va fuqarolik burchidir.
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 2021 yilning 19 yanvar kuni maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʼyicha videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi. Unda Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, buning uchun tarixni yaxshi oʼrgatish, bu yoʼnalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi. – Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Аks holda uning tarbiyaviy taʼsiri boʼlmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʼrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur, – dedi Shavkat Mirziyoev. Mutasaddilarga Oʼzbekistonda tarix fanini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi qoʼyildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |