Tartib sonlar. XV—XIX asrlarga oid yozma manbalar tilida tartib sonlar asosan sanoq sonlarga affikslar qo’shilishi orqali hosil qilingan. Arab, fors-tojik tillaridan o’zlashgan sonlar leksik-semantik usul bilan ham tartib son ma’nosini anglatgan, ba’zan o’zlashgan tartib sonlar formasi ham qo’llangan.
-ьnchї,-inchi,-unchї,-unchi,-nchї,-nchi affiksi variantlari asosida tartib sonlar hosil qilish keng qo’llangan. -ьnchї, -inchi,-unchї, -ünchi affiksi undosh tovushlar bilan tugagan sanoq sonlarga, unli tovush bilan tugagan sanoq sonlarga -nchi, -nchї affiksi varianti qo’shilgan: ikkinchi, yetinchi,üchünchi, tөrtünchi, altїnchї, onunchї.
Tartib sonning birinchi formasi sostavli tartib sonlar tarkibida uchraydi: yigirmi birinchi fasl (Navoiy MQ); birinchi maqalat (Navoiy HA).
-lanchї (la-\-nchї),-lәnchi(lә-\-nchi) affiksi sanoq sonlarning qattiq, yumshoqligiga ko’ra qo’shilib, tartib sonlar hosil qilingan, bu affiks bilan tartib son hosil qilish Alisher Navoiyning «Mahbubul qulub» asarida uchraydi, XVII asrdan boshlab -lanchї, -lәnchi affiksi orqali tartib son hosil qilish kengaygan: altїlanchї fasl (MQ), sekizlәnchi fasl (MQ), yetilәnchi arqada (SH tar.), beshlәnchi oqlї (SH. tar).
Avval so’zi birinchi tartib soni ma’nosida qo’llangan: Ul avval qїldї Gul vasfїnї āg’āz (Lutfiy ), Avval ayag’їg’a tüshüb pәst bol (Navoiy HA).
Qadimgi turkiy yozma manbalarida ham tartib sonlar -nch, -їnch, -inch, -unch, -ünch hamda -ntї, -nti, -ndї, -ndi affiksi variantlari orqali ifodalangan; -nti, -ndi formasi ikki soniga qo’shilgan. Birinchi tartib soni o’rnida ilk, ilki/ iliki so’zi ham qo’llangan: Ilki sü: birinchi askar.
«Devonu lug’otit turk» yozma obidasida tartib sonlar asosan -nch, -їnch, -inch, -unch, -ünch hamda -ndi affikslari bilan ifodalangan.
Jamlovchi sonlar. Jamlovchi sonlar o’ziga xos xususiyatlarga ega, shuningdek, jamlovchi sonlarda umumturkiy tillarga xos belgilar ham mavjud. Jamlovchi sonlar sanoq sonlarga -av,-әv,-la,-lә,-ala,-әlә,-avla,-әvlә,-avlan,-әvlәn, ba’zan -lay, -lәy; -ag’u, -әgü affikslari qo’shilishi orqali ifodalangan.
-ag’u,-әgü/ әgün affiksi orqali jamlovchi sonlar hosil qilish XIV asr yodgorliklarida faolroqdir: Bir anchalarї aydїlarkim, beshәgü tarur, altїnchї it birlә (Taf.). Ular yetәgü, men yalg’uz (Rabg’.), ...üchәgüsi tün sarїg’a bardїlar (O’N). Ikәgün namāz qїlalїm (Taf.).
-av/-әv(-әvlәn) affiksi orqali jamlovchi sonlar yasalishi XV—XIX asrlar yozma obidalarida xarakterli bo’lgan: ikәv (Navoiy SS); uchәv (Navoiy FSH); cherikdә bir ikәv (SHN); SHul ārzu: ikәvlәn qїlsun ekәn tamāshā (Furqat).
-lәy(-lәgü/-layu/-lәy) affiksi «Sab’ai Sayyor», «Boburnoma» asarlarida ayrim o’rinlarda iki soniga qo’shilib, jamlovchi sonlar yasagan: bәribәn ul nuqudnї ikәlәy (Navoiy SS); ikәlәy qorg’an yavїg’їg’ә (BN).
-ala,-әlә affiksi Navoiy, Bobur asarlarida sanoq sonlarga qo’shilib jamlovchi sonlar yasagan: tөrtәlәsi( Navoiy MN), bu uchәlәsi (BN). 43
-(ә)vlәn (әgülәn}әvlәn) affiksi ba’zi sanoq sonlarga qo’shilib jamlovchi sonlar yasagan: ikәvlәn qachtїlar (Lutfiy).
Chama sonlar. XV— XIX asrlarda bitilgan yozma manbalarda chama sonlar analitik, sintaktik usullar bilan hosil qilingan.
-cha, -chә affiksi sanoq sonlarga qo’shilib, chama sonlar hosil qilingan: yuz iki yuzchә kishi (Navoiy HA); yana besh mїңcha kishi (SHN).
Sanoq sonlarning juft holda qo’llanishi orqali ham chama sonlar hosil bo’lgan; kichik sonlar oldin, katta sonlar keyin qo’llangan: yuz-yuz elik өzbәkni kishisi bilәn (BN); tөrt-besh mїң kishi birlә (SHN).
Sanoq sonlardan keyin chag’lїq, chag’lї, chaqlїq so’zlari qo’llanib, chama son ma’nosini anglatgan: on yїg’ach chag’lїq masāfat (Navoiy FSH); yigirmә chag’lїq kishilәri өldi (SH tar.).
Sanoq sonlar aycha, yїlcha, yavuq, yaqїn,artuq, artuqraq, ziyāda, kөprәk,azraq kabi so’zlar bilan kelib, chama son ma’nosini ifodalagan: otuz yїlcha yaqїn bar (Navoiy MN), iki yüzdin kөprәk uch yüzdin azraq bolg’ay edi (BN).
Do'stlaringiz bilan baham: |