Muhokama uchun savollar:
1.1. So’z qo’llash san’ati haqida o’z fikringizni manbalar asosida izohlashga harakat qiling.
1.2. Omonimlar, omoformalar, omofonlar, omograflar, paronimlar haqida tushuncha bering, farqini misollar yordamida isbotlang.
1.3. «Ma’nodoshlik-uslubiyat asoslari» gapini izohlang.
1.4. Ziddiyalarni qo’llay olmaslik natijasida qanday xatolar kelib chiqadi? Misollar asosida isbotlang.
1.5. Lug’aviy-ma’noviy silsila, (leksik-semantik paradigma) va lug’aviy muqobillik (oppozitsiya)ning turlari va mohiyati.
1.6. So’z ma’nosi va uning tasviriy-ta’sirchanlik xususiyati.
1.7. Ko’p ma’noli so’zlar tasviriy-ta’sirchan va a’moliy-uslubiy vosita sifatida.
1.8. Sinonimlarning uslubiy vazifalari va ularni qo’llash usullari.
1.9. Matniy sinonimlar. Gazeta tilidagi matniy sinonimlar.
1.10. Antonimlar va ularning uslubiy qo’llanishi.
1.11. Omonimlar va ularning uslubiy qo’llanishi.
1.12. Paronimlar va ulardan uslubiy maqsadlarda foydalanish.
1.13. Ko’chimlar va ularning uslubiy tavsifi.
1.14. So’z ichki «qiyofasi»ni jonlantirish usuli.
2-savol bo’yicha dars maqsadi:
Talabalarga faol va nofaol so’zlar haqida ma’lumot berish.Arxaik va tarixiy so’zlarning qo’llanishini tushuntirib berish.Neologizmlar va ularning paydo bo’lish yo’llarini ko’rib chiqish.
Identiv o’quv maqsadlari:
2.1.Tilimizda ishlatilayotgan faol so’zlar haqida tushuncha beradi.
2.2.Nofaol so’zlarga bo’lgan munosabatimizni aniqlaydi.
2.3.Arxaik va tarixiy so’zlarning qo’llanishidagi uslubiy ma’nolarni aniqlaydi.
2.4.Neologizmlarning uslubiy vazifalarini tushuntira oladi.
2.5.Boshqa tildan kirgan so’zlar va ularning ishlatilishidagi uslubiy imkoniyatlarni aniqlaydi.
2-savolning bayoni:
Faol va nofaol lug’at tarkibiga oid so’zlarning uslubiy xususiyatlari. Leksika muttasil o’sish va rivojlanishda bo’lib, unda doim yangi so’zlar paydo bo’ladi, tildagi mavjud so’zlarning ba’zilari asta-sekin eskirib boradi. Eskilik bo’yog’iga ega bo’lgan so’zlar tilda birmuncha vaqtga qadar ishlatiladi. Shunga ko’ra umumxalq tili lug’at boyligini ikki katta guruhga ajratish mumkin: faol so’zlar va nofaol so’zlar.
Faol so’zlar guruhiga ma’nosi shu tilda gaplashuvchi barcha kishilarga tushunarli va kundalik turmushda qo’llanishi odat bo’lib qolgan so’zlar kiradi. Bu guruhdagi so’zlar eskilik bo’yog’iga ega bo’lmaydi.
Nofaol so’zlar guruhiga eskilik bo’yog’i aniq bilinib turadigan va ko’pchilikka ma’lum bo’lmagan so’zlar kiradi. Bu guruhdagi so’zlar kundalik aloqada kamroq ishlatiladi.
Nofaol so’zlar ikki guruhga bo’linadi: eskirib qolgan so’zlar (arxaizmlar, tarixiy so’zlar) va yangi so’zlar (neologizmlar)
Arxaizm va tarixiy so’zlarning uslubiy vazifasi. Tilning hozirgi davri uchun eskilik bo’yog’iga ega bo’lgan so’zlar arxaizm yoki arxaik so’zlar deb yuritiladi. So’z ma’nosining eskirishi va turli sabablarga ko’ra uning o’rnini boshqa so’z olishi natijasida arxaizm paydo bo’ladi. Masalan: avaxta (qamoqxona), musofirxona (mehmonxona) kabilar o’zbek tilida bugungi kun nuqtai nazaridan eskirgan so’zlar bo’lib, ularning o’rnini yangi so’zlar egallagan.
Arxaiklashish hodisasining ko’rinishlari:
A) so’z butun holda, yaxlitligicha arxaiklashadi. Bu leksik arxaizm deyiladi: gardun (osmon), dovot (siyohdon).
B) so’zning ma’nolaridan biri arxaiklashadi. Bu semantik arxaizm deyiladi. Masalan, nishon so’zining «orden» ma’nosi arxaiklashgan, u belgi, alomat, iz ma’nolarida keng qo’llaniladi. Shuningdek, g’animat so’zining «qo’lga tushirilgan narsa, o’lja» ma’nolari arxaiklashgan, u «qulay, tuzuk, yaxshi» kabi ma’nolari faol ishlatiladi.
Arxaik so’zlardan tarixiy voqea, hodisalarni aniq tasvirlashda uslubiy vosita sifatida foydalaniladi. Arxaizmlar badiiy asarlarda, ba’zi ijtimoiy-siyosiy uslubda yozilgan tanqidiy maqolalarda nutqqa kinoya, piching, mazax-masxara ruhi va hajv bo’yog’ini berish uchun ham ishlatiladi.
Eskirib qolgan so’zlarga tarixiy so’zlar ham kiradi. Hozirgi hayotda uchramaydigan, faqat tarixiy narsa yoki voqea-hodisalarning nomini bildiruvchi so’zlar tarixiy so’zlar deyiladi. Masalan: omoch, allof, bakavul, qozi kabi.
Tarixiy so’zlar–o’zi anglatgan narsa va hodisalarning yagona atamasi. Shuning uchun hozirgi tilda ularning o’rnini bosa oluvchi sinonimlar bo’lmaydi. Masalan, Hamzaning Bitsin endi eski turmush, ul kulohu jandalar misrasidagi kuloh, janda so’zlari kabi. Tarixiy so’zlar shu xususiyati bilan arxaizmlardan keskin farqlanadi (eskirgan so’zlar iborasi bularning ikkalasi uchun mumiy nomdir).
Tarixiy so’zlar, asosan, o’tmish voqeligini atashda ishlatiladi. Lekin vasiqasi yo’q (odam); o’ziga xon, o’ziga bek kabi xalq iboralari tarkibidagi tarixiy so’zlar (vasiqa, xon, bek) o’tmishdagi narsa va hodisalarning nomlari bo’lib, ularning ma’nolari iboradan, anglashiladigan majoziy ma’noga singib ketgan. Bunday o’rinlarda, ba’zi, umum uchun yod bo’lgan tarixiy so’zlarni umumis’temoldagi so’zlarga o’xshatib olish hodisasi («xalq etimologiyasi» hodisasi) ham uchraydi. Masalan, san solor, man solor, otga bedani kim solar iborasi xalq etimologiyasida uchrab san solar, mann solar, otga bedani kim solar formasini olgan. Bu erda solor tarixiy so’zi umunutqdagi solar (solmoq) fe’liga o’xshatib, tenglashtirib qo’yilgan. Tilda sansolarlik so’zining shakllanishi ham yuqoridagi ibora ta’sirida voqe bo’lgan: san solar-sansolarlik.
Tarixiy so’zlardan tarixchilar, olim va yozuvchilar tarixiy voqea va hodisalarning aniq tasvirini berish, badiiy asarga tarixiy ruh berish uchun foydalandilar. Masalan: Qorani oqlashga hech bir podshoning yosasiga sig’maydi gapida yosa tarixiy so’z bo’lib, «qonun, tartib» ma’nolarini bildiradi. Bozorni aylanib yuradigan poyaki voqeadan boshdan-oyoq xabardor ekan. Ilgarigi vaqtda bozor va rastalarda chilim chektirib yuruvchi kishini poyaki der edilar.
Neologizmlarning uslubiy vazifasi. Adabiy til doimo yangi so’zlar–neologizmlar bilan boyib boradi. Neologizmlar ishlab chiqarish va ijtimoiy munosabatda bo’ladigan o’zgarishlar, fan-texnika yangiliklari, san’at, adabiyot va publitsistikadagi yangicha tushunchalar–umuman, jamiyatning, hayotning talab-ehtiyoji bilan paydo bo’lgan so’zlardir: novator, changlagich, purkagich.
Neologizmlarning paydo bo’lish yo’llari xilma-xil:
Tilning mavjud leksik tarkibi va grammatik qonun-qoidalari zahirasida yangi so’z yasash yo’llari bilan. Bunda so’z yaxlitligicha neologizm bo’ladi: payvandchi (metall ulovchi), cho’lquvar (bo’z erlarni o’zlashtiruvchi ma’nosida).
Tildagi mavjud so’zlarning leksik ma’nolaridan birini yangi ma’noda qo’llash yo’li bilan. Masalan: cho’mich so’zining «kovsh» ma’nosi kabi: Ekskvatorning cho’michi shu uyumlardan osha yangi tuproqlarni irg’itadi.
Boshqa tildan (asosan, rus tilidan) so’z qabul qilish yo’li bilan. Boshqa tildan so’z ikki xil usul bilan olinadi:
a) aynan qabul qilinadi: kosmonavt, samosval;
b) kalkalash yo’li bilan olinadi: o’zibo’larchilik, er yo’ldoshi kabi. Kalka usulini oddiy tarjimadan farqlash kerak. Kalkalashda boshqa tildan o’zlashtiruvchi tilga taqlidan nusxa olish asosida neologizm yaratilsa, oddiy tarjimada esa boshqa til so’zi avvaldan mavjud bo’lgan o’z so’zlar bilan beriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |