O’zbekiston taxminan mehnat resurslarining holatiga ko’ra 3 ta hududiy birlikka
ajratiladi:
-Farg’ona vodiysi, Samarqand viloyati, Xorazm viloyati. Bu erda ortiqcha mehnat resurslari mavjud, ish o’rinlari kam.
-Mirzacho’l, Buxoro Navoiy hududi. Bu erda ishchi kuchi kam, ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun esa tabiiy resurs omili etarli.
-Toshkent hududi. Bu erda ishchi kuchi ham, ish o’rinlari ham ko’p.
Hech kimga sir emas, mamlakatimizning o’ziga xos xususiyatlari, avvalo, demografik jihatlariga ko’ra, aholi bandligi masalalari o’zining dolzarbligi va o’tkirligini saqlab qolmoqda, desak, hech qanday mubolag’a bo’lmaydi.
Shu munosabat bilan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ma’qullangan 2012 yilda ish o’rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi barchamizning, avvalo, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining diqqat markazida turishi zarur. Ushbu dasturga binoan 967 mingdan ortiq ish o’rni yaratish, ularning qariyb 600 mingini qishloq joylarda tashkil etish ko’zda tutilgan.
Bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hisobidan 480 mingdan ziyod kishini ishga joylashtirish, birinchi navbatda, korxonalar bilan hamkorlikda mehnat shartnomalari asosida kasanachilikning turli shakllarini, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 210 mingdan ortiq kishining bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani, transport va kommunikatsiyalar qurilishini jadal rivojlantirish, aholi manzilgohlarini obodonlashtirish ishlarining ko’lamini kengaytirish hisobidan 2012 yilda qariyb 75 mingta yangi ish o’rni tashkil etish ko’zda tutilgan.
Shu borada biz uchun o’ta muhim, aytish mumkinki, hal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lgan yana bir masalaga to’xtalib o’tishni joiz, deb bilaman. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar bitiruvchilarini ishga joylashtirish masalasi barchamizning jiddiy va doimiy e’tiborimiz markazida turishi zarur. 2012 yil yurtimizda 516 ming nafardan ziyod yigit-qiz kollej va litseylarni tamomlaydi. Ularning qaerga ishga joylashishini hozirdanoq aniq belgilab olish, korxonalar bilan ishlab chiqarish amaliyotini o’tash va undan so’ng ishga qabul qilish bo’yicha shartnomalarning o’z vaqtida tuzilishini ta’minlash — bunday masalalarni alohida nazoratga olish lozim.
Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi, O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari manfaatdor korxonalar va idoralar bilan birgalikda kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini mutaxassisligi bo’yicha ishga joylashtirish yuzasidan chora-tadbirlar majmuini bir oy muddatda ishlab chiqsin va uni shu 2012 yilning 1 iyunigacha amalga oshirsin.
Hisobot yilida yangi ish o’rinlari tashkil etish orqali aholi bandligini ta’minlash masalasini hal qilish ham e’tiborimiz markazida bo’ldi. Hududiy bandlik dasturlarining amalga oshirilishi natijasida yaratilgan 1 millionga yaqin ish o’rnining 68 foizdan ko’prog’i qishloq joylarda tashkil etildi. Ta’kidlash joizki, yangi ish o’rinlarining 64 foizdan ortig’i kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik rivojini rag’batlantirishni yanada kuchaytirish, xususan, ularga yangi imtiyoz va preferensiyalar berish, 28 foizdan ziyodi esa yangi korxonalar tashkil etish, kasanachilikning turli shakllarini kengaytirish hisobidan yaratildi6.
2012-yilda mamlakatimizda kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish hisobidan qariyb 1 millionta yangi ish o’rni tashkil etildi. Bu ish o’rinlarining 62 foizga yaqini qishloq joylarda yaratildi. Bu borada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 485 ming kishi, kasanachilikning barcha shakllarini kengaytirish hisobidan esa 218 ming kishi ish bilan ta’minlandi.
Yangi ish o’rinlari tashkil etish va mamlakatimiz aholisi bandligini ta’minlash 2013-yil va undan keyingi yillarga mo’ljallangan maqsadli vazifalarni hal qilishning eng muhim ustuvor yo’nalishi bo’lib qoladi.
Oliy Majlis tomonidan ma’qullangan dasturda 2013-yilda 970 mingdan ortiq yangi ish o’rni tashkil etish ko’zda tutilgan. Muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo’lgan mazkur masalani hal etishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni, xizmat ko’rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu sohalarda qariyb 500 ming ish o’rni yaratish rejalashtirilmoqda.
Band bo’lmagan aholini ish bilan ta’minlashda kasanachilikning turli shakllarini, birinchi navbatda, kasanachilar va korxonalar o’rtasidagi kooperattsiyani mehnat shartnomalari asosida kengaytirish, oilaviy biznesni rivojlantirish katta rezerv hisoblanadi. Mazkur sohalar hisobidan 280 mingdan ortiq kishini ishga jalb qilish ko’zda tutilgan.
Ish o’rinlarini tashkil qilishda, birinchi navbatda, tarmoq dasturlarini amalga oshirish, korxonalarni modernizattsiya qilish va texnologik yangilash, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni chuqurlashtirish, transport va kommunikatsiya qurilishini, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish, aholi manzilgohlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish masalalari muhim o’rin tutadi va bu sohalarda 250 ming kishini ish bilan ta’minlash belgilangan.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar, xo’jalik yurituvchi sub’ekt va tashkilotlar rahbarlariga murojaat etib, ushbu masalani hal qilish yuzasidan tegishli aniq dasturlarni ishlab chiqish va ularning so’zsiz bajarilishini ta’minlash zarurligiga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Barchamiz, avvalambor, katta-kichik rahbarlar bir narsani hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim. Har qaysi oiladagi farovonlik, yurtdoshlarimizning hayotga bo’lgan munosabati, pirovard natijada butun jamiyatimizning barqarorligi, avvalo, odamlarimizning qanday ish bilan ta’minlangani, o’z mehnatiga yarasha munosib maosh olishiga bog’liqdir 7.
Yangi ish o’rinlari tashkil etish, bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari doimo e’tiborimiz markazida bo’lib qolmoqda. Ish o’rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash bo’yicha mintaqaviy dasturlarning amalga oshirilishi natijasida 2013-yilda qariyb 970 ming kishi ish bilan ta’minlandi. Bu ish o’rinlarining 60,3 foizdan ortig’i qishloq joylarda yaratildi. Bu borada kichik korxonalar, mikrofirmalar va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish evaziga 480 mingdan ortiq, kasanachilikni kengaytirish hisobidan esa 210 mingdan ziyod ish o’rni tashkil etildi.
O’tgan yili biz uchun eng ustuvor vazifa bo’lmish kasb-hunar kollejlarining 500 ming nafardan ortiq bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi va aytish joizki, buning ahamiyatini baholashning o’zi qiyin. O’z xususiy ishini ochib, biznes bilan shug’ullanishga qaror qilgan kollej bitiruvchilariga 140 milliard so’mdan ziyod imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. Mamlakatimiz parlamenti tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq 2014-yilda salkam 1 million ish o’rni tashkil etish ko’zda tutilmoqda.
Joriy yilda mehnat sohasiga qariyb 500 ming nafar yosh yigit-qizlar – 2-3 tadan mutaxassislikni va ish ko’nikmalarini egallagan, olgan bilimlarini iqtisodiyotimizning turli sohalarida, xizmatlar va boshqaruv jabhasida qo’llashga tayyor bo’lgan kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari kirib keladi.
Bu o’rinda navqiron avlodimizni faol mehnat faoliyatiga to’laqonli jalb etish bo’yicha viloyat, shahar, tuman hokimlari, korxona va kollejlar rahbarlarining o’z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo’yicha mas’uliyati haqida gapirishning hojati bo’lmasa kerak8.
2013-yilda iqtisodiyotda band bo‘lgan aholi soni 12523,3 ming kishini tashkil qildi va 2012-yilning shu davriga nisbatan 2,5 foizga oshdi. Bandlar sonining sezilarli o’sish darajasi savdo, umumiy ovqatlanish, ta‘minot va tayyorlov sohasida (3,7 foizga), uy-joy kommunal xo‘jaligi va aholiga maishiy xizmat ko’rsatishning noishlab chiqarish turida (3,6 foizga), qurilishda (3,5 foizga), transport va aloqada (3,5 foizga), qishloq va o’rmon xo‘jaligida (3,3 foizga) kuzatildi.
Nodavlat sektorida jami bandlar ulushi 81,2 foizga yetdi, bu ko’rsatkich 2012 yilning shu davrida 80,7 foizni tashkil qilgan. 2013-yil dekabr oyi oxiriga mehnat idoralarida ish qidiruvchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan aholi soni 5,4 ming kishini (2012-yilning shu davrida-6 ming kishi) tashkil qildi. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2007-yil 24-maydagi 106-sonli qarori bilan tasdiqlangan ishga joylashtirishga muhtoj mehnat bilan band bo‘lmagan aholini hisobga olish metodikasiga asosan aniqlangan ishsizlar soni 2013-yilda 639,7 ming kishini tashkil qildi va iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan ishsizlik darajasi 4,9 foizga teng bo‘ldi. Respublika miqyosida yuqori ishsizlik darajasi quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida ishsizlar soni-40,3 ming kishi yoki iqtisodiy faol aholi soniga nisbatan ishsizlik darajasi 6,2%;
Andijon-68,5 ming kishi yoki 5,4%;
Samarqand-76,2 ming kishi yoki 5,3%;
Xorazm-37,1 ming kishi yoki 5,3%;
Qashqadaryo-58,3 ming kishi yoki 5,2%;
Namangan-49,6 ming kishi yoki 5,2%;
Surxondaryo-47,6 ming kishi yoki 5,2%;
Navoiy-22,8 ming kishi yoki 5,2%.
Do'stlaringiz bilan baham: |