Til ijtimoiy hodisa sifatida til to‘xtovsiz ravishda o‘zgarib turuvchi, taraqqiy etib boradi. Til taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan bevosita bog‘liq. Tilning taraqqiyoti birinchi navbatda uning lug‘at boyligida o‘z aksini topadi. Kishilar hayotidagi o‘zgarishlar, ilm-fan va madaniyatning taraqqiyoti leksikani boyitib boradi. Tilning tovushlar tizimi va grammatik qurilishi esa juda sekinlik bilan o‘zgaradi. Buni til tarixini o‘rganish orqaligina sezish mumkin.
O‘zbek tili - o‘zbek millatining tili, o‘zbek tili - O‘zbekiston Respublikasining davlat tili. Davlat tili sifatida o‘zbek adabiy tilining mavqei beqiyos darajada o‘sdi, xizmat doirasi kengaydi, lug‘at tarkibi boyidi, fonetik tizimi, grammatik qurilishning takomillashuvida katta o‘zgarishlar yuz berdi.
O‘zbek milliy tili hozirgi o‘zbek millatiga mansub bo‘lgan barcha kishilarning umumiy va yagona tilidir. U o‘zbek millatining shakllanishi bilan bevosita bog‘liq. O‘zbek millati shakllangunga qadar u urug‘ tili, qabila tili va xalq (elat) tili tarzida yashab, rivojlanib keldi.
O‘zbek adabiy tili ijtimoiy vazifasining kengayishi natijasida uning lug‘at tarkibida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Tilning leksikasi ichki imkoniyatlar bilan yangi yasalgan so‘zlar va boshqa tillardan qabul qilingan so‘zlar hisobiga boyib borishi ko‘zga tashlanmoqda. Kishilar ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi, xalq xo‘jaligidagi, madaniyat, fan-texnika sohasidagi ko‘pgina o‘zgarishlar yangi tushunchalarni, yangicha munosabatlarni keltirib chiqardi. Bularning hammasi o‘zbek tili leksikasining ko‘pgina yangi so‘zlar hisobiga hamda boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘zlar hisobiga boyishiga sabab bo‘ldi. Masalan: broker, diler, makler, kompyuter, menejer, fermer, biznes va h. Ayrim o‘zbekcha so‘zlarning ma’nosida o‘zgarishlar ro‘y berib, ular boshqa ma’nolarda qo‘llana boshladi. Masalan: ishbilarmon va tadbirkor so‘zlari ilgari sifat turkumiga mansub bo‘lib, belgi ifodalagan bo‘lsa, hozirgi paytda bu so‘zlar ot turkumiga o‘tdi va shaxs ma’nosini ifodalaydigan bo‘ldi. Bu jarayonlarning barchasi o‘zbek tili lug‘at boyligini yangi pog‘ onaga ko‘tardi.
O‘zbek tilining fonetik tizimida, grammatik qurilishida ham ma’lum o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Jumladan, fonetik tizimda, o‘zlashma so‘zlarda o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan bo‘g‘inning yangi turlari (so‘z boshida va so‘z oxirida ikki yoki undan ortiq undoshning qator kelishi) paydo bo‘ldi: sport, stol, traktor, shkaf, magistr, kongress kabi. Shuningdek, o‘zlashma so‘zlarda ikki unlining o‘zbek tili uchun xos bo‘lmagan ketma-ket kelish holatlari kuzatiladi: aeroport, bionika, geologiya, teatr, poema kabi.
Grammatik qurilishda kelishik shakllari, ayrim ko‘makchilarning ma’nosi va vazifasi kengaydi, kelishikli boshqaruv va ko‘makchili boshqaruv me’yorlari belgilandi. Ot boshqaruvi asosida tuzilgan so‘z birikmalari ko‘proq qo‘llana boshladi.
O‘zbek tilining bundan keyingi taraqqiyoti leksikaning yana ham boyishi, grammatik qurilishning ichki qonuniyatlar asosida takomillasha borishi bilan bog‘liq ravishda davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |