5-masala bayoni
Boshqa tillardan o’zlashtirilgan ayrim so’zlar orfoepiyasi.
1.Turkiy tillarda, ma’lumki, f undoshi bo’lmagan, shuning uchun jonli so’zlashuvda arab, fors va rus tillaridan o’zlashgan so’zlardagi "f"ni "p" deb talaffuz qilish hollari uchraydi: ulfat>ulpat, faner>paner, ferma>perma kabi. Hozirgi o’zbek adabiy tilida ularni "f" bilan talaffuz qilish me’yor holiga kelgan.
2.So’z yoki bo’g’in boshida undosh tovushlarning qatorlashib kelishi turkiy tillarga xos bo’lmagan. Bu hodisa keyinchalik boshqa tillardan o’zlashtirilgan so’zlar talaffuziga ham ta’sir qilgan – jonli so’zlashuvda so’z yoki bo’g’in boshida yoxud bo’g’indagi ikki undosh orasida bir unlining orttirilishiga olib kelgan: shkaf>ishkop, stakan>istakon, plan>pilon, traktor>tiraktir kabi. Bunday holat so’z oxirida ham uchraydi: aql>aqil, fikr>fikir, ilm>ilim, hukm>hukum kabi. Hozirgi o’zbek adabiy tilida bunday so’zlarni asl holicha (unli orttirmay) talaffuz qilish orfoepik me’yor sanaladi. Bunday me’yor shu tipdagi so’zlarning yozuvdagi shaklini (imlosini) to’g’ri belgilashga ham yordam beradi.
3.Umumturkiy so’zlarda ikki unli yonma-yon qo’llanmaydi, bu hol arab tilidan o’zlashgan oila, doir, rais, maorif, saodat, mutolaa kabi so’zlar talaffuziga ta’sir qilgan: oila, doir, rais so’zlarida bitta "y" orttirilgan (oyila, doyir,rayis kabi), maorif, saodat, mutolaa so’zlari esa unlilarning diftonglashuviga – mo:rip, so:dat, mutola: kabi talaffuz qilinishiga olib kelgan. Keyingi bir asr ichida rus tilidan so’z o’zlashtirishning faollashganligi, ruscha o’zlashmalarning rus tilidagi talaffuz va imlo me’yorlarini o’zbek tiliga aynan singdirish tendentsiyasining ustun bo’lganligi o’zbek tilida ikki unlining so’z tarkibida yonma-yon kelishini orfoepik va orfografik me’yorga aylantirdi: biologiya, geometriya, geologiya, geodeziya va boshqalar. Bu hol arabcha o’zlashmalarda (oila, doir, rais, maorif, saodat, matbaa, mutolaa kabilarda) ham ikki unlining yonma-yon talaffuz qilinishi va yozilishini me’yor darajasiga ko’tardi.
4.Arab tilidan o’zlashtirilgan ta’na, da’vo, ma’no, e’lon, me’mor, mo’’tabar kabi so’zlarning birinchi bo’g’inidagi unlilar bo’g’iz artikulyatsiyasi bilan cho’ziqroq talaffuz etiladi.
5.Rus tilidan o’zlashgan so’zlarda "i" unlisi o’zbek tilining "i" unlisidan torroq va cho’ziqroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: tish (o’zb.) – tip>ti:p (rus.), til (o’zb.) – tir>ti:r (rus.) kabi.
6.Rus tilidan o’zlashtirilgan ko’p bo’g’inli so’zlarning urg’usiz ochiq bo’g’indagi "i" o’zbekcha "i"dan torroq va cho’ziqroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: bilan (o’zb.) – bilet (rus.), kinoya (o’zb.) – kino (rus.) kabi.
7.Rus tili orqali o’zlashtirilgan so’zlarning so’nggi ochiq, urg’uli bo’g’inida "i" unlisi o’zbekcha "i"dan tor va cho’ziq talaffuz etiladi. qiyos qiling: maxsi(o’zb.) – taksi(rus.), tepki(o’zb.)- konki(rus.) kabi. Urg’uli bo’g’inning boshqa tiplarida (yopiq, to’la yopiq bo’g’inlarda) ham ruscha "i" o’zbekcha "i"dan cho’ziqroq va torroq talaffuz qilinadi. qiyos qiling: metin (o’zb.) -nikotin>nikoti:n (rus.), ovsin (o’zb.) -apelsin>apelsi:n (rus) kabi.
8.Rus tilidan o’zlashtirilgan bir bo’g’inli so’zlarda "u" unlisi o’zbek tilidagi "u"dan cho’ziqroq va kuchliroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: dud(o’zb.) – dub>du:b(rus), pul(o’zb.) – puls>pu:ls(rus.), tush(o’zb.) – tush>tu:sh(rus.) kabi.
9.Rus tilidan o’zlashtirilgan ko’p bo’g’inli so’zlarning urg’uli bo’g’inida "u" unlisi o’zbek tilidagi "u"dan ancha cho’ziq va bir oz yo’g’onroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: bu-da(o’zb.) – budka (rus.), mangu (o’zb.) - mangusta (rus.), mavzu (o’zbeduza (rus.) kabi.
10.Rus tilidan o’zlashtirilgan ko’p bo’g’inli so’zlarning urg’usiz bo’g’inidagi "u" qisqa talaffuz qilinadi, ammo o’zbek tilidagi "u" ayni shu fonetik pozitsiyada ruscha "u"dan ham qisqaroq bo’ladi. qiyos qiling: dushman>d’shmen(o’zb.)- turbina(rus.), muzday>m’zdey(o’zb.)-muzey(rus) kabi.
11.So’z boshidagi berkitilmagan, urg’usiz bo’g’inda "u" unlisi ruscha so’zlarda yo’g’onroq, o’zbekcha so’zlarda ingichkaroq (yumshoqroq) talaffuz etiladi. qiyos qiling: uklad(rus.) – uxlamoq (o’zb.), uzual (rus.)-uzum (o’zb.) kabi.
12.Ruscha leksik o’zlashmalarda "u" unlisi yumshoq undoshdan so’ng o’ta ingichka (old qator unli tarzida), qattiq undoshdan so’ng esa yo’g’on (orqa qator unli tarzida) talaffuz qilinadi. Imloda ingichka "u" tovushi "yu" harfi bilan ifodalanadi. qiyos qiling: abajur va manikyur(manik’ÿr), ultimatum va kostyum (kast’ÿm), plug va salyut(sal’ÿt) kabi. Rus tilidan o’zlashtirilgan so’zlarda yumshoq undoshdan keyin kelgan "u" o’zbekcha "u"dan ham ingichkaroq va yumshoqroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: gul (o’zb.)-tyul>t’ÿl (rus.) kabi.
13.Ruscha leksik o’zlashmalarning urg’usiz bo’g’inidagi "e" unlisi o’zbekcha "e"dan ancha tor ("i"ga yaqin) talaffuz etiladi: telefon>tilifon., televizor>tiliviz’r, adres>adris kabi.
14.Rus tili orqali o’zlashgan so’zlarda "a" unlisi o’zbekcha "a"dan yo’g’onroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: kana(o’zb.)-kanal (rus.) kabi.
15.Rus tilidan o’zlashtirilgan so’zlardagi o’rta keng, lablangan "o" unlisi urg’uli bo’g’inda o’zbek tilidagi o’rta keng, lablangan "o’"dan kengroq talaffuz etiladi. qiyos qiling: ton (rus.) -to’n (o’zb.), tok (rus.) -to’q (o’zb.), tort (rus.)-to’rt (o’zb.) kabi. Urg’usiz bo’g’inda esa ruscha "o" reduktsiyaga uchrab, o’ta kuchsizlanadi va "qisqa "i" yoki "a" tarzida talaffuz qilinadi: traktor>t’rakt’r, samolyot>samal’öt kabi.
16.Jonli tilda "r" bilan boshlangan arabcha, forscha va ruscha so’zlarning boshida bir "o’" tovushining orttirilishi ancha keng tarqalgan: ro’za>o’raza, rus>o’ris, ro’mol>o’ramol kabi. Adabiy talaffuz me’yori sifatida ro’za, rus, ro’mol shakllari saralangan.
17.Rus tilidan o’zlashtirilgan so’zlarning oxirida lab-tish "v" undoshi jarangsiz "f" tarzida talaffuz qilinadi: aktiv>aktif, passiv>passif, ustav>ustaf, kursiv>kursif kabi; "v"ning jarangsizlanishi so’z ichidagi assimilyativ holatda ham yuz beradi: avtomat>aftomat, stavka>stafka kabi. Bunday talaffuz adabiy til uchun me’yor sanaladi, ammo o’zbek tilining o’z so’zlarida qo’llanadigan lab-lab "v" undoshi so’z oxirida ham, jarangsiz undosh ta’sirida ham "f" ga o’tmaydi: ov, birov, ovqat, shavkat kabi. (Bu holat ham orfoepik me’yor sanaladi).
18.Rus tilidan o’zlashtirilgan so’zlarning ko’pchiligida urg’u erkin bo’ladi, bu hol o’zbek adabiy tili va talaffuziga ham singib bormoqda: atlás, trolléybus, tramváy kabi.
19.O’zbek tilidagi urg’u asosan so’zning oxirgi bo’g’iniga tushadi, ammo ayrim o’zlashgan so’zlarda urg’u so’zning oldingi bo’g’inlarida bo’lishi ham mumkin: hámma, jámi, hamúsha, afsýski kabi. Bunday holatlardan xabardor bo’lish adabiy talaffuz me’yorlariga amal qilish imkonini beradi.
Tekshirish savollari
1.Orfoepiya nima?
2.Orfoepiyaning adabiy tildagi ahamiyati?
3.Unli tovushlar orfoepiyasi haqida nimalarni bilasiz?
4.Unlilar qanday pozitsiyada ingichka talaffuz qilinadi?
5.Unlilar qanday undoshlar ta’sirida yo’g’on talaffuz etiladi?
6.B,d undoshlari qanday pozitsiyada jarangsiz p,t tarzida talaffuz etiladi?
7.J,z undoshlari qanday o’rinlarda jarangsizlanadi?
8.B,q undoshlarining sirg’aluvchi "v" va "g’"ga o’tishi qanday holatda yuz beradi?
9.qanday paytlarda o’zak oxiridagi "k" undoshi "g"ga, "q" undoshi "g’"ga o’tadi?
10."G" undoshi bilan boshlangan affikslar qanday so’zlarga qo’shilganda "--ka", "-kan", "-qa", "-qan" tarzida talaffuz qilinadi?
11.qanday so’zlar o’zagidagi "o" fe’l yasovchilar qo’shilganda "a" ga o’tadi?
12.Boshqa tillardan olingan o’zlashma so’zlar orfoepiyasi haqida nimalarni bilasiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |