Muhokama uchun savollar
2.1.1.Shaxsi noaniq gapning tarifi va tavsifi.
2.2.1.Gaplarning shaxsi noaniqlik tushunchasi.
2.3.1.Shaxsi noaniq gaplarning bosh bo’lagi qanday so’zlar bilan ifodalanadi?
2.3-asosiy masala: Shaxsi umumlashgan gap.
Umumshaxsga,hammaga qaratilgan ish-harakatni bildiruvchi bir bosh bo’lakli gap shaxsi umumlashgan gap deyiladi. Masalan: Bir yoqadan bosh chiqarib ishlaylik. Avlodlarga ozod va obod Vatan qoldiraylik. Etti o’lchab bir kes. Suyanmang, xavfli.
Bunday gaplarning kesimi shaxsni aniq ko’rsatib tursa ham,bu shaxs mazmunan umumlashgan bo’ladi, chunki undan anglashilgan ish-harakat ko’pchilikka, barcha shaxslarga qaratilgan bo’ladi. Shuning uchun bu tip gaplarda barcha shaxslarga xos va taalluqli bo’lgan hayotiy xulosalar, uzoq asrlik tajribalar, umumiy qoidalar, umumlashgan mulohazalar, umumga qaratilgan chaqiriqlar, chorlovlar ifodalangan bo’ladi. Bu jihatdan, ayniqsa, maqollar xarakterlidir. Masalan: Bir kun burun sochsang, bir hafta burun o’rasan. Dehqon bo’lsang, shudgor qil. Avval o’yla, keyin so’yla. Aytar so’zni ayt, aytmas so’zdan qayt. Misollardan ko’rinib turibdiki, bunday gaplarning kesimi har xil shakldagi fe’llar bilan ifodalangan, lekin ularning asosiylari sifatida quyidagilarni ajratish mumkin:
Fe’lning ikkinchi shaxs birlik shaklidagi buyruq mayli shakli: Bugungi ishni ertaga qo’yma. Do’sting uchun zahar yut.
Aniqlik mayli shakli .
a)o’tgan zamon shakli –Tuya ko’rdingmi – Yo’q.
b)hozirgi -kelasi zamon shakli : Bersang-olasan, eksang-o’rasan.
v)kelasi zamon shakli: Xom bo’lsang pisharsan, bu shashtingdan tusharsan.
Shart-istak mayli shakli : Qalavini topsang, qor yonar.
Muhokama uchun savollar
2.3.1. Shaxsi umumlashgan gapning tarifi.
2.3.2. Shaxsi umumlashgan gapning tavsifi.
2.3.3. Shaxsi umumlashgan gap bosh bo’lagining ifodalanishi.
2.4- asosiy masala. Shaxssiz gaplar.
Kesimdan anglashilgan ish-harakatning bajaruvchisini topib bo’lmaydigan bir bosh bo’lakli gap shaxssiz gaplar deyiladi. Shaxssiz gaplar bir bosh bo’lakli gapning egasini topib bo’lmaydigan turidir. Bunda eganing yo’qligi shaxsi aniq gaplardagi egasiz qo’llanishdan, shuningdek, to’liqsiz gaplardagi egasiz qo’llanishdan tubdan farq qiladi. Shaxsi aniq gaplarning kesimidan harakatning bajaruvchisi, yani ega aniq bilinib tursa va uni bemalol tiklash mumkin bo’lsa, to’liqsiz gaplarda tushirib qoldirilgan egani qullash mumkin bo’lsa, shaxssiz gapda umuman ega va ega tushunchasi bo’lmaydi, faraz ham qilinmaydi. Qiyoslaylik: – Sen sayohatga borasanmi? – Boraman – to’liqsiz gap-ega «men» tushirib qoldirilgan. Bu suvni ichib bo’lmaydi-shaxssiz gap- grammatik jihatdan ham, mazmunan ham shaxsni qo’shib bo’lmaydi.
Shaxssiz gapning Bizga bugun borishimizga to’g’ri keladi, kabi tipida kesimdan anglashilgan harakatning bajaruvchisi – logik subekt anglashilib tursa ham, lekin o’sha subektni bildiradigan so’z (grammatik ega) bunday gapda qatnasha olmaydi: kesim bu so’z bilan,umuman boshqa element bilan ham,predikativ munosabatga kirisha olmaydi, grammatik xususiyat bunga yo’l qo’ymaydi, Masalan: Daryoning u yuziga o’tishga to’g’ri keladi. Majlisda Navro’z bayramini qanday qilib o’tkazish to’g’risida gapirildi.
Misollardan ko’rinib turibdiki, shaxssiz gaplarda eganing bo’lmasligi va topilmasligi normal nutq hodisasidir,bunday gaplarga egani kiritish logik-grammatik jihatdan tilga ziddir,shaxsi topilmas gaplarda so’zlovchi uchun harakatni bajaruvchi butunlay etibordan chetda bo’ladi,diqqat ish-harakatga,uning bajarilishiga yoki bajarilmasligiga, harakatni bajarish mumkin yoki mumkin emasligiga,noilojlikdan kelib chiqqan yoki aksinchaligiga, majburiyligi yoki o’rinsizligiga qaratiladi. Shunga ko’ra bunday gaplarda eganing ifodalanishiga butunlay zaruriyat bo’lmaydi. Ular shunday tuziladiki,shaxsi aniq, shaxsi noaniq yoki shaxsi umumlashgan gaplardan farqlangan holda, bunday gaplarning egasini tiklab ham bo’lmaydi. Ularning shaxssiz yoki shaxsi topilmas gap deyilishi ham ana shu bilan izohlanadi. Shu manoda shaxsi topilmas gaplar bir bosh bo’lakli gaplarning o’ziga xos bir turi, fikrning mustaqil bir yashash formasidir.
Shaxssiz gaplarning kesimlari, asosan, quyidagi morfologik shakllar orqali ifodalanadi:
1. Majhul nisbatdagi felning 3-shaxs buyruq – istak mayli shakli bilan: Bu erga nos tuflanmasin, chekilmasin. Yig’lanmasin, nega yig’lanadi. (A.Qahhor).
2. Yo’q so’zi bilan birga kelgan egalik qo’shimchali majhul nisbatdagi sifatdosh shakli bilan: Ish qog’ozlarini yangi o’zbek lotin alifbosida yozishga haligacha kirishilgani yo’q.
3. Ayrim oddiy darajadagi yoki aniq nisbatdagi fe’llar bilan. Bunday fe’llar o’zining grammatik egasi bilan birikib ketib,mazmunan bir umumiy tushunchani, hukmni ifodalaydi. Shuning uchun ulardagi grammatik egani alohida ajratib olinmaydi, birikma asosidagi mazmunni bo’laklarga bo’lib tasavvur qilib bo’lmaydi. Shuning uchun bunday shakliy ikki bosh bo’lakli gaplar ham shaxssiz gaplar hisoblanadi: Masalan: Tong otdi. Kun botdi. Qorong’u tushdi. Kech kirdi. Chaqmoq chaqdi. Hozir qorong’u tushib qoladi. Kech bo’lib qolgan. Uyqusi keldi. Joni chiqdi. Achchig’i keldi. Boshi aylandi. Yig’lagisi keldi. Joni kirdi. Uni sovuq urdi.
4. Kerak, lozim, darkor, zarur, mumkin so’zlarining harakat nomi bilan birga kelishi bilan: Do’stning aybini yuziga aytish kerak. Gazeta bilan qaerda tanishish mumkin. Bu holatda harakat nomi egalik qo’shimchasini olsa,gap ikki bosh bo’lakli hisoblanadi.
5. To’g’ri kelmoq so’zining tuslangan shakli bilan: To’xtashga to’g’ri keladi, qo’limda ratsiya bor. Odatda to’g’ri kelmoq felidan oldin jo’nalish kelishigi shaklidagi harakat nomi keladi. Bu harakat nomi mazmun talabi bilan egalik qo’shimchasini olish mumkin. Masalan: Chiqishingga to’g’ri keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |