1- savol bayoni:
Grammatika yunoncha «grammatike” so’zidan olingan bo’lib, aslida ”yozish san’ati” ma’nosini bildiradi. Manbalarga qaraganda, u qo’shma so’zlar tarkibiga kiradi. (1-89-b): gramma – yozuv belgisi, chiziq degani. Fonogramma, telegramma, stenogramma so’zlari tarkibida bor.
Demak, grammatika hozirgi grammatika darajasiga ko’tarilguncha, uzoq tarixiy taraqqiyot yo’lini boshidan kechirgan. Dastlab u, darhaqiqat, yozuv tilini tekshirish bilan shug’ullangan. Shu sababli ham u “yozuv san’ati” ma’nosini bildirgan. Biroq ijtimoiy hayot va fan taraqqiyoti bilan bog’liq ravishda grammatika tushunchasining doirasi kengayib, yozuvi bo’lmagan jonli tillarni ham tekshira boshlagan, lekin nomi o’zgarmagan. Biz bu erda shakl va mazmun nomutanosibligini ko’ramiz. Shunday qilib, grammatikaning ma’nosi ham, uning o’rganish ob’ekti ham kengayib, tilshunoslik fanining muhim tarkibiy qismini anglatadigan atamaga aylana bordi va bir tildagi so’zlarning tuzilishi, gapda so’zlarning o’zgarishi va birikishi kabi masalalarni o’rgana boshladi. Grammatika endi tilning muhim xususiyatlarini o’rganuvchi ilmning nomi sifatida til qonunlarini, til bilan tafakkurning o’zaro munosabatlarini, til taraqqiyoti jarayonida bo’ladigan turli o’zgarishlar, hodisalarni nazariy o’rganib, umumlashtira boshladi. Bu esa tilning amaliy jihati uchun ham katta ahamiyatga egadir. Har bir tilning asosi uning fonetik tizimi, leksikasi va grammatikasidir. Grammatika vositasida kishilar o’z fikrlarini gap orqali ifodalaydilar. Gap, odatda, bir-biri bilan o’zaro bog’langan so’zlardan tashkil topadi. Demak, yakka holdagi so’zlar mustaqil, ayrim ma’nolarni ifodalay olsa ham, ular nutqda chambarchas bog’langan holda faoliyat ko’rsatadi. Ular yolg’iz holda, odatda, bir butun fikrni ifodalay olmaydi. Masalan: ko’katlar, shamol, silkitmoq so’zlarining har biri alohida ma’noga ega bo’lsa ham, aniq bir fikrni ifodalamaydi. Lekin ularni grammatik qonun-qoidalar asosida bog’lab, “Shamol ko’katlarni silkitdi”desak, ma’lum fikr ifodalanadi. Ko’rinadiki, grammatika, birinchi galda, fikrning ifodalanishi uchun, demak, gapni shakllantirish uchun xizmat qiladi. Binobarin, grammatika, har qanday so’zlarni emas, balki gap tarkibidagi so’zlarni va bu so’zlarning o’zaro birikishi natijasida hosil bo’ladigan bog’lanmalar: so’z birikmasi va gaplarni o’rganadi. Gap tarkibidagi so’zlar gapdan tashqaridagi so’zlardan farq qilib, gap bilan bog’liq belgi-xususiyatlarga ega bo’ladi. Gapdan tashqarida so’z leksikologiya aspektida qaralib, tub va yasama so’z holatida lug’aviy ma’no ifodalasa, gap tarkibida muayyan grammatik ma’no va vazifa bajarish uchun muvofiqlashadi: muayyan grammatik (morfologik va sintaktik) ma’no ifodalovchi semantik-sintaktik elementga aylanadi. Bu ularning muayyan sintaktik birikmalarda muayyan morfologik shakllarda kelishida o’z ifodasini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |