Kompozitsiya usuli bilan fe’l yasash
O’zbek tilida bu usul bilan qo’shma fe’llar yasaladi. qo’shma fe’llar esa materialiga ko’ra ikki xil bo’ladi: 1) otQfe’l; 2) fe’lQfe’l tipidagi qo’shiluvdan hosil bo’ladigan qo’shma fe’llar. Hurmat qilmoq, sotib olmoq, kelib ketmoq kabi.
"Ot-fe’l" qolipidagi qo’shma fe’llarning asosiy qismini qilmoq, etmoq, aylamoq fe’llarining so’z yasash vazifasida kelgan va ot so’zlarga birikuvidan hosil bo’lgan qo’shma fe’llar tashkil etadi: bayon qilmoq, kashf etmoq, kasal bo’lmoq kabi.
Bu bilan boshqa mustaqil fe’ldan shu qolipda qo’shma fe’l yasalmas ekan degan noto’g’ri xulosaga kelmaslik kerak. Boshqa fe’llar ham fe’l yasashda ishtirok etadi, lekin ular bir yoki bir nechta fe’l leksemani yasashdagina ishtirok etadi xolos. M: do’q urmoq, do’qlamoq, lof urmoq.
Tilimizda ikki fe’lning birikishidan yasalgan fe’l leksemalar unchalik ko’p emas. Ular faqatgina bir holatda shunday yangi leksemani keltirib chiqaradi, xolos. Ya’ni zid ma’noli fe’llar qo’shilgandagina yangi fe’l leksema tug’iladi. M: kelib-ketdi, borib-keldi, olib sotdi, sotib oldi kabi.
Ravish yasalishi.
4-savol bayoni:
Ravishlar asosan ikki xil: 1)affiksatsiya, 2)kompozitsiya yo’li bilan yasaladi.
Affiksatsiya yo’li bilan ravish yasalishi tilimizda qadimdan mavjud bo’lib, ayniqsa, keyingi vaqtlarda unumli usulga aylangan. Ravish yasovchilar ham o’z navbatida unumli va unumsiz affikslarga ajraladi: -cha,-larcha,-chasiga,-iga,-siga,-lab,-ona unumli yasovchilardir; -an, -n(-in), -lay, -simon kabilar unumsiz yasovchilardir.
-cha affiksi ot, sifat, olmosh, sifatdosh va ravishlarga qo’shilib ravish yasaydi. Bu affiks yordamida otlardan ravish yasalishi birmuncha rivojlangan bo’lib, qolgan turkumlardan ravish yasalishi ancha chegaralangan.
-cha yordami bilan yasalgan ravishlar ish-harakatning bajarilish usuli, darajasi, belgining o’xshashligi kabi ma’nolarni bildiradi: do’stcha, ruscha, qiyomatcha, avvalgicha, yangicha, o’g’rincha, shuncha, sizcha, yugurgancha, hozircha kabi.
Ravish yasovchi -cha affiksi to’g’ridan-to’g’ri o’zak-negizga (harbiy-cha, biz-cha) qo’shilib kela olganidek, egalik va kelishik affikslaridan keyin ham qo’shila oladi (o’z-i-cha, biz-ning-cha).
-larcha yordami bilan yasalgan ravishlar ma’no tomonidan -cha orqali yasalgan ravishlardan asosan farq qilmaydi, -larcha affiksi bilan yasalgan ravishda o’xshatish ma’nosi bir oz kuchaygan bo’ladi: mardlarcha - mardcha, do’stlarcha - do’stcha. -larcha affiksi odatda ot yoki otlashgan sifatlardan ravish yasaydi: akalarcha, bolalarcha, otalarcha, asrlarcha, vahshiylarcha.
-chasiga affiksi bilan asosan ot va ba’zan sifatlardan ravish yasaladi. Bu ravishlar ma’no jihatidan harakat belgisining to’liq o’xshashligini bildiradi: qahramonchasiga, harbiychasiga, toshkentchasiga, mardchasiga kabi.
Ravish yasovchi -chasiga va – larcha affikslari tarkib jihatdan murakkab bo’lib, har ikkisining vujudga kelishida –cha ravish yasovchi baza bo’lib xizmat qiladi.
-iga, -siga affikslari yordami bilan yasalgan ravishlar ma’no jihatdan harakat belgisining qay tarzda bajarilishini, o’xshashligini bildiradi: uzunasiga, yalpisiga, qatorasiga, yoppasiga, rostakamiga kabi.
-iga,-siga affikslari odatda ot, sifat, olmosh, ravish va ravishdoshlarga qo’shilib ravish hosil qiladi: unli bilan bitgan so’zlarga –siga, undosh bilan bitgan so’zlarga –iga shaklida qo’shiladi: ko’ndalangiga, uzunasiga kabi.
-lab affiksi yordamida ot yoki boshqa turkumdagi so’zlardan holat, payt, miqdor-daraja ma’nosini bildiradigan ravishlar hosil qilinadi: yillab, oylab, tonnalab, ko’plab kabi.
Ravish yasovchi -lab ikki qismdan (fe’l yasovchi -la va ravish yasovchi -b dan) tashkil topgan murakkab affiksdir.
-ona affiksi yordami bilan yasalgan ravishlar taqlid va o’xshatish ma’nolarini anglatadi: do’stona, kamtarona, holisona, mag’rurona kabi.
-ona affiksi fors-tojik tilidan kirib kelgan bo’lib, yasovchi sifatida -larcha,
-chasiga affikslariga teng keladi; keyingisida yasovchilik rolining o’sishi, kengayishi -ona affiksini unumsizga aylantirgan.
-an affiksi arab tilida tushum kelishigi formasi bo’lib, o’sha tildan kirgan so’zlarda ravish yasovchilik vazifasini o’taydi. Bu affiks bilan harakatning bajarilish holatini bildirgan ravishlar yasalgan: qisman, haqiqatan, fikran, tamoman, javoban, majburan kabi.
-gacha affiksi yordami bilan ot, sifat, olmosh va ravishlardan payt-chegara ma’nosini bildirgan ravish yasaladi: kechgacha, yaqingacha, ertadan - kechgacha, bungacha kabi.
-simon affiksi mavhum ot va sifatdoshlarga qo’shilib, o’xshatish ma’nosini bildirgan ravishlar yasaydi: qizargansimon, hazilsimon, xafasimon, uyalgansimon, jilovlangansimon kabi.
-namo affiksi yordami bilan taqlid, o’xshatish ma’nosidagi ravishlar yasaladi: oliftanamo, hazilnamo, olimnamo kabi.
-lay,-layin affiksi yordami bilan yasalgan ravishlar harakat belgisini bildiradi: tiriklayin, butunlay, qoqlay, yoshlay, xomlay kabi.
-n(-in,-un) affiksi yordami bilan harakatning qay tarzda bajarilishini, paytini bildirgan ravish yasaladi: ertan, kechin, oldin, kechqurun, yozin - qishin kabi.
***
Ravish yasalishining ikkinchi asosiy usuli kompozitsiyadir. Kompozitsiya yo’li bilan so’zlar o’zaro qo’shiladi, tiziladi, takrorlanadi, natijada ravish hosil bo’ladi. Bu yo’l bilan ravish yasalishini boshqa turkumdagi shu xil yasalish bilan tamoman tenglashtirib bo’lmaydi. So’z qo’shish bilan yasalishda birmuncha ravishlar tarkibida morfologik formalarning ham mavjudligini kuzatamiz: bu erda, bu yoqqa, shu erdan, kundan-kunga, bekordan-bekor, ketma-ket, nomma-nom kabi. Bu formalar qo’shma ravish yasashda muhim ahamiyatga ega.
Ma’lum sinonimik qatorni tashkil etgan ba’zi qo’shma ravishlar ayni so’zlarning ishtirokida vujudga kelishiga qaramay, morfologik shakllanishida farq bo’ladi: bir yo’l, bir yo’la, bir yo’li, bir yo’lasi; nari-beri, naridan-beri kabi.
So’z qo’shish bilan yasalgan ravishlar tarkibida turli so’z turkumlari qatnashishi mumkin:
1. u, bu, shu, o’sha ko’rsatish olmoshlaridan so’ng o’rin kelishiklari formasidagi er, yoq, ora, o’rta so’zlarini keltirish orqali: u erga, bu erda, shu erdan, o’sha yoqdan, bu oraga, shu o’rtada kabi. Ko’rsatish olmoshlari ba’zan bosh yoki o’rin kelishiklari formasidagi payt ma’nosini bildirgan otlar bilan birikib ravish hosil qiladi: shu kuni, o’sha zamon, shu on, shu onda, shu asnoda kabi.
2. Belgilash olmoshi "har" so’zi bilan bosh yoki o’rin kelishiklari formasidagi so’zlarning qo’shilishidan: har yoqqa, har erda, har yon, har yonda, har on, har onda, har lahza, har lahzada kabi.
3. «Bir» so’zining bosh yoki o’rin kelishiklaridagi so’zlar bilan qo’shilishi orqali: bir yo’la, bir kuni, bir kun, bir yili, birdan, bir damda, bir pas, birpasda, bir gal kabi.
***
So’zlarning takrorlanishi bilan ravish yasalishi unumli sanaladi. Umuman, takrorlanish(reduplikatsiya)da so’zning asosiy semantik funktsiyasi umumlashishidir. Takrorlangan so’zlar o’z turkumi doirasida qolsa, haqiqatdan umumlashtirish ma’nosi ustun turadi; takrorlanish orqali so’zlar o’z doirasidan chiqsa, odatda yangi so’z hosil bo’ladi.
Ravish turkumi doirasidagi takrorlanish (juftlashish) umumlashish bilan birga yangi ma’no berishga ham moyildir. So’zlarning takrorlanishi orqali yasalgan ravishlarni morfologik shakllanishiga ko’ra uch turga bo’lish mumkin:
a) so’zlar bosh formada takrorlanadi: mo’l-ko’l, eson-omon, chor-nochor, erta-indin kabi; b) so’zlar takrorlanganda, juft ravishlar tarkibida ularni bir-biriga bog’lash uchun morfologik forma - kelishik affikslari ishlatiladi: kundan-kunga, kamdan-kam, yildan-yil kabi; v) takrorlanish orqali yasalgan ravishlarni tutashtirish uchun – ma (-ba) elementi orttiriladi: ketma-ket, qatma-qat, kundan-kun, dam-badam, zo’r-bazo’r, zinhor-bazinhor kabi.
Takrorlangan so’zlarning ravishga aylanishidagi asosiy belgi ularda yuz bergan leksik-semantik va grammatik o’zgarishdir. Shu tufayli juft-juft so’zlar o’z turkumi doirasidan chiqib, ravishga aylanadi. So’zlarni takrorlash bilan ravish yasashda mustaqil so’z turkumlarining deyarli barchasi ishtirok etadi, biroq yasalish darajasi birdek emas.Takrorlanish bilan otlardan ravish yasalishi boshqa turkumlarga nisbatan ko’proq uchraydi.
Takrorlanish orqali yasalgan ravishlarning material jihatdan turlari quyidagicha:
1. Ot bilan ot. Otlarning takrorlanishi bilan ravish yasalishi ko’rsatib o’tilgan morfologik shakllanishning har uch turi orqali bo’lishi mumkin: takror-takror, qator-qator, tun-kun, bosh-boshiga, uchma-uch kabi.
2. Sifat bilan sifat. Sifatlarning takrorlanishi bilan yasalgan ravishlar ham morfologik shakllanishi jihatdan uch turda bo’lishi mumkin: eson-omon, biyron-biyron, ochiqdan-ochiq, zo’rma-zo’raki kabi.
3. Fe’l formalari takrorlanishi bilan ravish yasaladi: uzil-kesil, ag’dar-to’ntar, qotib-qotib, ura-sura, qo’sha-qo’sha, ozib-yozib kabi.
4. Ravish bilan ravish. Takrorlangan ravishlar yangi ma’no bildirib, yangi so’z xarakteriga ega bo’ladi: nari-beri, naridan-beri, oldin-keyin, oldinma-keyin, unda-bunda kabi.
5. Olmosh, son, undov va aralash holda so’zlarning takrorlanishi orqali ravish yasaladi: o’z-o’zidan, o’zidan-o’zi, yakkama-yakka, yo’l-yo’lakay, apil-tapil, chor-nochor kabi.
***
Yasama ravishlarning ma’lum qismini morfologik-sintaktik yo’l bilan hosil bo’lgan ravishlar tashkil etadi. Bu tip yasalishda o’rin kelishiklari (jo’nalish, o’rin-payt, chiqish)ning birida ot, sifat, olmosh ba’zan son va fe’l formalari ravishga aylanadi. Kelishik formasi orqali ravishga aylangan so’zlarning leksik-grammatik belgilariga diqqat qilsak, so’z formasi hosil qiluvchi qo’shimchaning so’zga qo’shilib yaxlitlanayotganini kuzatishimiz mumkin: yangidan, yoddan, qaytadan, to’g’riga, birdan va b. Bu ravishlarda "morfologizatsiya" va "leksikalizatsiya" hodisasi ro’y berganki, muayyan sintaktik holatda formalarni fikriy jihatdan yakkalash bilan ularning ravishligini belgilashga ehtiyoj qolmaydi.
Kelishik formasi yordami bilan ravishga aylanish, odatda, so’zlarning ma’lum kelishikda "qotib qolishi” natijasida yuzaga keladi. Endi bu ravishlashgan so’zlar turlanish sistemasidan chiqib, maxsus ma’noga - belgini ifodalash imkoniyatiga ega bo’ladi. So’zda vujudga kelgan semantik siljish morfologik formaga ham ega bo’ladi.
Biroq har qanday so’z chiqish, o’rin-payt, jo’nalish kelishiklari formasida ravishga aylanmaydi, balki ravishlashishga moyil muayyan so’zlar mavjuddir. Ular so’z turkumlariga nisbatan quyidagicha:
1. Tomon va zamon ma’nosini bildirgan ayrim otlar o’rin kelishiklarining birida ravishga aylanadi va ular predmet tushunchasini bildirmaydi, balki o’rin-payt va holat ravishlari hosil bo’ladi: oraga, oradan, chetga, chetdan kabi.
2. O’rin kelishiklari formasidagi sifatdan yuzaga kelgan ravishlar holat, o’rin ma’nosini bildiradi: uzoqqa, uzoqda, uzoqdan, chindan kabi.
3. Ko’rsatish olmoshlari ko’pincha o’rin-payt, ba’zan chiqish kelishiklari formasida ravishga aylanib, payt va o’rin ma’nosini bildiradi: unda, bunda, shunda, o’shanda, shundan kabi.
4. Bo’lishsiz formadagi sifatdoshlar chiqish kelishigida ravishga aylanadi: shoshmasdan, indamasdan, qaramasdan kabi.
5. Kelishik formasida ravishga aylangan bir so’zi orqali vujudga kelgan:
Shunda birdan zavod kuchli tovush-la, alangali qahqaha-la kuladi.
Hozirgi o’zbek tilidagi ravishlarning ma’lum qismini boshqa turkumdan ravishga ko’chgan so’zlar tashkil etadi. Ravishlashgan so’zlar zaruriyat tug’ilishi natijasida vaqtincha ravish vazifasini bajarib kelgan bo’lib, aslida ular boshqa turkumga mansub bo’lgan so’zlardir. Masalan: Chigitlar tekis unib chiqib, ikki quloq bo’ldi.
Ravishlashishning ikkinchi etapi ko’chish bo’lib, bunda boshqa turkumdagi so’z tamomila ravishga aylanadi va uning leksik sostavini to’ldiradi. Ravishga ko’chish birdan va tasodifan bo’lmaydi, balki yangi sifat elementlarning asta-sekin va uzoq vaqt davomida to’plab borishi bilan so’zda yangi leksik-grammatik xususiyatlarning voqe’ bo’lishi natijasida yuzaga keladi. Bunday so’zlarda ravishga xos xususiyat turg’un va doimiydir.
Ravishga ko’chish so’z turkumlarining ko’pida sodir bo’ladi. Ularning asosiy ko’rinishlari:
1) ravishga ko’chgan otlar: erta, indin, kecha, kech, kechqurun, burun kabi;
2) ravishga ko’chgan sifatlar: yaqqol, baralla, tugal, bafurja, muttasil, vaqtli, rosa, baravar, uzluksiz, omonsiz, beomon kabi;
3) ravishga ko’chgan ravishdoshlar: osha, o’ta, qiya, qiyo, qo’sha, qayta kabi.
Ot, sifatlarda bo’lgani kabi mimemalarda ham ravishga ko’chish jarayonini kechirayotgan so’zlar uchraydi: shartta, taqqa, shig’a, tappa, chippa kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |