Nazorat savol(topshiriq)lari:
1. Morfema - so’zning bo’linmas, eng kichik ma’noli qismi ekanligi haqidagi ta’rifni ayting.
2. Morfemika tilshunoslikning morfema haqida ta’limot beruvchi tarmog’i ekanligini aytib bering.
3. Morfemaning morflardan tarkib topganligini, ya’ni morfemani morflarga ajrating.
4. Morfemani semantik-fonetik tarmoqqa ajrating.
O’zak va affiksal morfemalar munosabati.
2-savol bayoni:
Morfemaning ma’no ifodalashida ikki holat: lug’aviy ma’no va grammatik ma’no ifodalay olish xususiyatiga ko’ra: 1) o’zak morfema va 2) affiksal morfemaga bo’linishi muhim belgisi sanaladi.
O’zak morfema so’z tarkibining doimiy elementi bo’lib, u lug’aviy ma’no tashiydi hamda so’z yasash uchun ham, forma yasash uchun ham asos bo’la oladi. Masalan: ish-chi, ish-chan, ish-siz, ish-la so’zlarida leksema yasalyapti; ish-ga, ish-dan, ish-da, ish-ning kabilarda so’zshakl hosil qilinyapti.
Affiksal morfema mustaqil olinganda lug’aviy ma’no anglatmaydi. U so’zning leksik yoki grammatik ma’nosini hosil qilishga xizmat qiladi. M: ish-la, so’z-la, soz-la - so’z yasayapti; uy-lar, qush-lar, odam-lar - otning ko’plik formasi hosil qilinmoqda. Demak, so’zning leksik yoki grammatik ma’nosini hosil qiladigan, mustaqil qo’llanmaydigan morfemalar affiksal morfemalar sanaladi.
So’z tarkibida affiksal morfemalar hamma vaqt ham qatnashavermaydi. M: uy, havo, shamol, suv, o’t, qush kabi.
Tilimizda shunday so’zlar borki, ular go’yo morfemalarga ajraladigandek ko’rinadi, lekin bu so’zlardagi qismlar hozir ma’no anglatmaydi. Masalan, g’ovla, emakla, tarashla, o’dag’ayla so’zlarida -la affiksining fe’l yasovchi affiksal morfemaligi aniq. Ammo ularning yasovchi asosi (o’zak morfema) ma’nosi hozirda o’qilmaydi. Shuningdek, maishiy, siyosiy, shaxsiyat so’zlarini ham morfemalarga ajratib bo’lmaydi. Shuningdek, leksikalizatsiyalashib, to’lig’icha qotgan va ravishga aylangan chindan, kunda, zo’rg’a kabi so’zlarni ham morfemalarga ajratib tahlil qilish noilmiy xulosaga olib keladi. Chunki bu so’zlardagi o’zak va affiks deb tasavvur qilinayotgan qismlar o’z ma’no va vazifasida ishlatilmayapti, ular ma’no va vazifasini yo’qotib, to’lig’icha ravishga aylangan.
O’zak morfema so’zdagi lug’aviy ma’noni ifodalovchi yadroga (asos) teng keladi. Affikslarning ma’nosi esa yordamchi ma’no - grammatik ma’no bo’lib, u o’zak morfema ifodalagan ma’noga nisbatan ancha umumiyligi bilan farqlanib turadi.
Masalan, ishchi, suvchi, sportchi, dutorchi, traktorchi so’zlarida har bir o’zak morfema (ish, suv, sport, dutor, traktor) bitta predmetni ataydi, -chi affiksi esa umumlashtiruvchi ma’noni - bajaruvchi shaxs, shug’ullanuvchi kishi ma’nosini yasashga xizmat qilyapti.
O’zak morfemalar affiksal morfemalarga aylanishi mumkin. Masalan, ishxona, choyxona, bosmaxona, yotoqxona, duxtirxona so’zlaridagi "xona" elementi lug’aviy ma’nosida emas, o’rin-joy yasovchi affiksal morfema vazifasida kelmoqda.
Tilimizdagi -noma, -xo’r, -goh, -bon kabi elementlar ham "xona" kabi vazifa bajarib keladi.
So’zning semantik va fonetik strukturasida bo’lgani kabi uning morfem strukturasida ham o’zgarishlar bo’lib turadi:
1) ikki o’zak morfema bir o’zak morfemaga aylanadi: bugun, intizor, quloch;
2) o’zak va affiks morfema uqilmas holga kelib qoladi: yuksal, yuksak;
3) o’zak mustaqil ma’no anglatib tursa-da, unga qo’shilgan qism affiksga xos ma’no va vazifa bajarmaydi: biron, biror,birov;
4) har biri mustaqil hisoblangan ikki affiksal morfema bir morfema holiga kelgan bo’ladi: ukam-niki (ning-ki) kabi.
Affiksal morfemalar bajaradigan vazifasiga ko’ra ikkiga:
1) so’z yasovchi affiksal morfemalar(SYaAM) va 2) forma yasovchi affiksal morfemalar(FYaAM)ga bo’linadi.
SYaAM - yangi so’z hosil qiladi - so’zning leksik ma’nosini hosil qilishda ishtirok etadi: ishla, so’zla, suvla, moyla so’zlarida ish, so’z, suv, moy predmet ma’nosini anglatuvchi so’zlardan -la qo’shimchasi vositasida harakat ma’nosini anglatuvchi yangi so’z (fe’l) yasayapti.
FYaAM - so’zning grammatik ma’no ifodalovchi yoki biror grammatik vazifaga xoslangan shaklini yasashda ishtirok etadi. M: kelmayapti so’zidagi -ma inkor ma’nosini, -yap hozirgi zamonni, -ti shaxs ma’nosini ifodalovchi shaklni yasayapti.
Affiksal morfemalar tarkibiga ko’ra ikki xil bo’ladi: sodda va qo’shma. Birgina ma’noli qismdan iborat bo’lgan morfema sodda affiksal morfemadir: -chi, -zor, -dosh, -cha, -roq, -dan kabi; birdan ortiq affiksal morfemalarning birikuvidan hosil bo’lgan -chilik,-garchilik, -moqda, -ganda kabilar qo’shma affiksal morfemalar sanaladi.
Shu o’rinda affikslarning so’zga qo’shilish tartibida ma’lum qonuniyat borligini ham aytib o’tish o’rinli bo’ladi. Chunki so’z yasovchi affikslar so’zning lug’aviy ma’no ifodalaydigan (material ma’no ifodalash bilan bog’langan) qismiga aloqador bo’lganligi uchun ular so’zga forma yasovchi affikslardan oldin qo’shiladi: ish-chi-lar, chiroy-li-roq kabi.
Forma yasovchilar vazifasiga ko’ra ikkiga: sof forma yasovchilar (sintaktik vazifa bajarmaydigan) va so’z o’zgartiruvchilar (sintaktik munosabat ifodalaydigan)ga bo’linadi. So’zda forma yasaydigan qo’shimcha-
larning tartibi: sintaktik munosabat ifodalamaydigan turi sintaktik munosabat ifodalaydigan turidan oldin qo’shiladi: suvoq-chi-lar-ga kabi. Demak, so’zda: "o’zak - so’z yasovchi - sof forma yasovchi - so’z o’zgartiruvchi" modelidagi qo’shilish odatdagi tartib sanaladi.
So’zning morfema tarkibida bir-biridan farqlanuvchi uchta struk-
tural(paradigmatik) tip mavjudligini ham e’tibordan soqit qilmaslik lozim. Ya’ni, so’zda morfem, so’z yasalish, forma yasalish(morfologik) strukturalari mavjud bo’ladi:
1) So’zning morfema strukturasi - so’zning nechta ma’noli qism - morfemadan iborat ekanligidir: ish-chi-lar, o’lka-shunos-lik kabi,
2) So’zning yasalish strukturasi - so’zning yasalish asosi va yasovchi vositadan iborat ekanligi: suvoq-chi, suv-chi, qarin-dosh kabi,
3) So’zning forma yasalish strukturasi forma yasalish asosi va forma yasovchi vositadan iboratligidir: ishchi-lar, ish-ga kabi.
Keltirganlardan so’zning yasalish strukturasi va forma yasalish strukturasi binarlikka: yasovchi asos - yasovchi vosita - yasalma modelida ish ko’rishligi, shunga asoslanishi ravshanlashadi.
So’zlarda bo’lgani kabi affikslarda ham shakl va ma’no munosabatlari sistemalashib, grammatik polisemiya, omonimiya, sinonimiya, antonimiya hodisalari amal qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |