9-amaliy mashgulot. Quddus Muhammadiy
Asosiy savollar.
1.Quddus Muhammadiy hayoti va ijodi
2.Zafar Diyor hayoti va ijodi
Kichkintoylarning buyuk shoiri Quddus Muhammadiy 1907-yilda, Toshkent shahrida mehnatkash dehqon oilasida dunyoga keldi. Bo’lajak shoirning otasi Muhammad Alibek Abdurahmonbekov savodli kishi edi. U dastlabki ma’lumotni otasidan oldi.
1925- yilda otasi vafot etgach, Quddus Muhammadiy avval amakisinikida, so’ngra esa maktab-internatda tarbiya oladi. Internatda Q. Muhammadiyning birinchi she’ri — «CHuvalachi» maydonga keladi va bu yerda chiqadigan «Quyosh» nomli devoriy gazetada e’lon qilinadi.
1931- yildan Q. Muhammadiy maktabda botanika o’qituvchisi bo’lib ishladi, shu bilan birga O’rta Osiyo davlat universitetining biologiya fakultetida o’qiy boshladi. Bolalar uyidagi va universitetdagi hayot, mehribon murabbiy va muallimlarning g’amxo’rliklari Q. Muhammadiy qalbida bir umr o’chmas iz qoldiradi. Bu yerdagi o’zaro do’stlik bo’lajak shoir qalbini tog’dek ko’tarib yuboradi.
Quddus Muhammadiy ijodining yana bir qirrasi satirik va yumoristik asarlari bilan bog’liq. «Nomsiz erkatoylar haqida», «Dum», «Ahmadjonga uyat», «Lapashang», «Ravshanjonning qo’li tilga kirdi» kabi ko’plab she’rlarida bolalar xarakteridagi yaramas odatlar ayovsiz tanqid qilinadi. Ayniqsa, shoirning «Dum» she’ri shu jihatdan e’tiborlidir. O’zbek bolalar adabiyotida ulgurmovchi, uyga berilgan vazifani tayyorlamay «dum»-ikki bilan yuruvchi o’quvchilar haqida nasr va nazmda yozilgan ko’pgina asarlarni bilamiz. Ammo Quddus Muhammadiy «dum»chilar ustidan kulish uchun mutlaqo yangi so’z va qiyofa topgan.
Zafar Diyor 1912- yilda Namangan viloyatining CHust tumani, Samsoqtepa qishlog’ida kambag’al dehqon oilasida tug’ildi. 1916-yilda Zafarlar oilasi Toshkent shahriga ko’chib keladi. Zafarning otasi dalada, onasi esa bosmaxonada mehnat qiladilar.
1927- yilda Zafar to’liqsiz o’rta maktabni bitiradi va Samarqanddagi Narimonov nomli pedagogika texnikumiga o’qishga kiradi. Texnikumda ko’proq ilm-fan sirlaridan bahramand bo’lishga harakat qiladi. Uning dastlabki she’riy mashqlari bilim yurti devoriy gazetasi sahifalarida ko’rina boshlaydi.
Yigirmanchi yillarning oxiri va o’ttizinchi yillarning boshlarida uning yoshlar gazeta va jurnallarida ilk she’rlari chop etila boshladi. Zafar Diyorning birinchi she’ri yosh shoirlarning «Qurilish kuylari» degan to’plamida bosilib chiqdi. Ko’p o’tmay uning birinchi she’rlar to’plami «Qo’shiqlar» nomi bilan 1933-yilda nashr etildi.
Yosh shoir 1933- yilda bilim yurtini muvaffaqiyatli bitirgach, o’qituvchi bo’lib ishlay boshladi. Bu hol uning maktab va bolalar hayoti bilan yaqindan tanishishida, yosh avlod hayoti haqida yozadigan asarlarining hayotiy va puxta bo’lishida ijobiy o’rin tutadi.
Zafar Diyor 1935-yilda dastlabki mashhur asarlaridan biri bo’lgan «Mashinist» dostonini yaratdi. Dostondagi Ashur obrazi baxtiyor yoshlarning fazilatlarini umumlashtirishga bag’ishlangan.
Maktabda o’qish Ashurni hunarli qilish bilan birga, uning ongi va tushunchasini ham o’stiradi. U vatanga sadoqatli, har doim olg’a intiluvchi ilg’or yoshlardan biri bo’lib yetishadi.
Zafar Diyor dostonning g’oyaviy-badiiy mukammalligi uchun qattiq ijodiy mehnat qilgan. Asarning tuzilishi xalq ertaklariga yaqinligi bilan ahamiyatlidir. SHoir asarning sehrli, roman-tik, ya’ni g’oyat ta’sirchan, o’qimishli bo’lishini ta’minlash uchun sodda, ajoyib badiiy-tasviriy vositalardan ustalik bilan foydalangan. Keng o’tloq, cho’llarning suvga tashnaligi va uning orzusi haqidagi «Bitta to’yib suv ichsak», «Suv ber, menga suv bergin», «Ko’ksimdan so’ng gul tergin»; sahro va uning shamoli to’g’risi-dagi «Eng g’azabli, eng o’chli, xarsangtoshday qotaman, misdek qizib yotaman»; davr kishilarining kuch-qudratiga oid «CHinordek zo’r qomati, Go’ro’g’lidek savlati» kabi tasviriy vositalarga boy misralar fikrimizning isbotidir.
O’zbek bolalar adabiyotining rivojlanishiga she’r va qo’shiq, doston va ertaklari bilan juda katta hissa qo’shgan Zafar Diyorning asarlarini bolalar hamon sevib o’qiydilar va yuksak qadrlaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |