3-Mavzu: So’z turkumlarida so’z yasalishi.
Reja:
So’z turkumlarida, jumladan, ot turkumida so’z yasalishi.
Sifatlarning yasalishi.
Fe’l so’zlarning yasalishi.
4. Ravish so’zlarning yasalishi.
Mavzuga oid asosiy atama va iboralar:
1.Substantivatsiya. 7.Affiksatsiya.
2.Ad’ektivatsiya. 8.Kompozitsiya.
3.Adverbializatsiya. 9.Transpozitsiya.
4.Verbalizatsiya. 10.Semantik usul.
5.Pronominalizatsiya. 11.Fonetik usul.
6.Kon’yunktsionalizatsiya. 12.Grammatik usul
So’z turkumlarida - ot turkumida so’z yasalishi.
1- savol bayoni:
So’z yasalishi hodisasi mustaqil so’z turkumlarida kengroq tarqalgan bo’lib, yasalish usuliga ko’ra ulardan so’zlar hosil qilish birdek emas. Masalan, hozirgi tilimizda eng mahsuldor usul - affiksatsiya va kompozitsiya usullari deb qaralsa, bu usul bilan ko’proq ot, sifat, fe’l va ravishlar yasaladi, xolos. Son va olmoshlardan affiksatsiya usuli bilan birorta ham yangi son va olmosh leksema yasalmaydi.
Son so’zlardagi -(i)nchi, - ta kabi affikslar yangi miqdor bildiruvchi son hosil qilmaydi, balki miqdor tushunchasini o’zgartmagan holda, unga tartib, donalik kabi grammatik ma’nolar qo’shadi, xolos.
Shu o’rinda, boshqa ayrim so’z turkumlarida (olmosh, bog’lovchi, ko’makchi) tarixan ham, hozir ham yangi so’zlar umuman yasalmagan ekan, degan noto’g’ri xulosaga kelmaslik kerakligini aytish joiz. Agar shunday bo’lganda edi, bu so’z turkumlaridagi leksik fond bitta yoki bir necha so’z (leksema)dangina iborat bo’lib qolaverar edi. Bu so’z turkumlarida yasalish usuli boshqacharoq bo’lgan, xolos. Masalan, transpozitsiya usuli bilan o’z to’dalarini to’ldirgan. Shu sababli bo’lsa kerak, pronominalizatsiya usuli bilan olmoshlar, konyunktsionalizatsiya usuli bilan yordamchi so’zlar, ad’ektivatsiya usuli bilan sifatlar va boshqa so’z turkumlari ham shunga o’xshash usullar vositasida o’z to’dalarini to’ldirganlar.
Hozirgi o’zbek adabiy tili bo’yicha chiqqan darslik va qo’llanmalarda, ilmiy ishlarda ot so’zlar yasalishi bo’yicha affiksatsiya va kompozitsiya usullari eng mahsuldorligi haqida deyarli bir xil fikrni uchratamiz. «Ot leksemalar o’z tuzilishiga ko’ra tub, yasama, qo’shma, juft bo’ladi», deyiladi, «O’zbek tili grammatikasi»da (T.,1975). Leksema yolg’iz morfemaga teng kelsa, tub leksema bo’ladi: ko’z, kitob, hosil, san’at kabi.
Leksik morfemaga so’z yasash morfemasini qo’shib hosil qilingan leksema yasama leksema: jangchi, terim, terimchi, ozodlik kabi. Leksemalar agar so’z bilan leksemani (yoki so’z bilan so’zni) tobelik asosida o’zaro bog’lash usuli bilan tuzilgan bo’lsa, qo’shma leksema bo’ladi: tog’olcha, oqsoqol, yalangoyoq kabi. Shu o’rinda bu grammatikada eslatma berilgan: oq soqol, to’rt burchak kabi aytish va yozish sintagmaga xos, leksema esa qo’shib aytiladi va yoziladi, deyiladi.
Leksema bir xil grammatik formada kelgan ikki leksemani tenglik asosida o’zaro birlashtirish usuli bilan tuzilgan bo’lsa juft leksema bo’ladi: baxt-saodat, non-nasiba, egachi-singil kabi (252-bet), deb tushuntiriladi.
Akademik A.N.Kononovning «Grammatika sovr.uzb. literaturnogo yazo’ka» asarida ot yasalishining besh xil yo’li haqida gapiriladi.
O’zbek tilida otlar asosan affiksatsiya va kompozitsiya usullari bilan ko’plab yasaladi. Quyida ot yasovchi affikslar – otlarning affiksatsiya usuli bilan yasalishi bilan qisqacha tanishamiz.
-chi. Bu affiks shaxs bildiruvchi otlar yasaydi:
1. Biror kasb, mutaxassislik bilan shug’ullanuvchi shaxs oti: suvchi, traktorchi, ishchi kabi.
2. Biror oqim, maslak tarafdori bo’lgan shaxs oti yasaydi: respublikachi, petlyurachi, vaxobchi kabi.
3. Asosdan anglashilgan xarakterga ega shaxs otlari yasaydi: to’polonchi, yolg’onchi, qo’shmachi, gap etalovchi kabi.
4. Ma’lum joyga aloqadorlik, mansublik tomonidan shaxs oti yasaydi: dalachi, shaharchi kabi.
shunos: tilshunos, adabiyotshunos, tarixshunos.
kor: g’allakor, paxtakor, sholikor.
kash: aravakash, pillakash, suratkash.
xon: kitobxon, jurnalxon, duoxon kabi.
do’z: etikdo’z, mahsido’z kabi.
gar: zargar, savdogar kabi.
dosh: sinfdosh, sifatdosh, ohangdosh kabi
- lik: bu affiks fe’ldan boshqa deyarli barcha so’z turkumlaridan ot yasaydi. Lekin ko’proq ot va sifat so’zdan ot yasaydi: yoshlik, bema’nilik, mardlik, xatolik kabi belgi otlari, oliftalik, ezmalik kabi xususiyat otlari yasaydi. Otlarga qo’shilganda: otalik, akalik, tog’alik, qizlik kabi holat otlari; o’qituvchilik, shofyorlik, mudirlik kabi kasb, ish-faoliyat, unvon kabi nomlarni yasaydi: a) joyga aloqadorlik: qishloqlik, shaharlik, tog’lik; b) mo’ljal: urug’lik, kiyimlik; v) payt: tushlik, kechlik, saharlik kabi; g) relef: jarlik, tepalik, soylik; d) mavjudlik: botqoqlik, qumlik, muzlik kabi belgi otlarni yasaydi.
- chilik: a) soha otlari: paxtachilik, sholichilik, pillachilik kabi; b) borlik, mavjudlik otlari: pishiqchilik, to’kinchilik, qimmatchilik kabi; v) holat oti: ulfatchilik, maynavozchilik kabi; g) shaxs oti: ko’pchilik, ozchilik kabi.
garchilik: odamgarchilik, yog’ingarchilik kabi.
loq: o’rin-joy otlari yasaydi: toshloq, o’tloq, qumloq kabi.
k (-ik, -ak), -q(-iq, -aq,,-o’q,,-oq): bu affikslar fe’llardan ot yasaydi: a) mavhum otlar: tilak, istak, chaqiriq; b) aniq otlar: chiziq, chopiq, butoq; v) predmet otlari: to’shak, qayroq, elak kabi.
gi( -ki, -qi): bu affiks -k,-q affiksi yasaydigan otlarga ma’nodosh sinonim otlar yasaydi: kulgi, tepki, chopqi, supurgi kabi.
m(-im, -um): chidam, to’plam, tuzum, kechirim, qo’nim kabilar.
ma: a) narsa, predmet otlari yasaydi: qotishma, suzma, cho’kma; b) kasallik nomlari: isitma, terlama, bo’g’ma; v) mo’ljal nomlari: ko’rgazma, qo’llanma.
qin,- g’in: chopqin, yong’in, quvg’in kabi.
indi: qirindi, chirindi, yig’indi, cho’kindi kabilar.
gich(-g’ich,-kich,-qich). Bu affiks asosdan anglashgan harakatni bajarishga mo’ljallangan qurol otlari yasaydi: qirg’ich, o’lchagich, o’chirgich, elpigich.
ch, - inch: harakat va holat bilan bog’liq belgi otlari yasaydi: sevinch, quvonch, o’kinch va b.
O’zbek tilida -machoq, -(i)gi, -u kabi affikslar vositasida ham otlar yasaladi. Shuningdek, bir yoki bir necha so’zlardagina uchraydigan qo’shimchalar ham anchagina: o’simta, bosqon, o’limtik kabi. Yoki faqat taqlid so’zlardangina ot yasaydigan qo’shimchalar ham anchagina:
ak(-oq) : qarsak, varrak, qaltiroq kabilar.
ildoq: shaqildoq, hiqildoq kabilar.
a: g’arg’ara, sharshara kabi.
Tilimizda fors-tojik tilidan kirib kelgan anchagina o’rin-joy, predmet oti yasaydigan affikslar ham borki, ular tilda aktiv qo’llaniladi:
iston: O’zbekiston, Guliston, qabriston.
zor: paxtazor, lolazor kabi.
goh: saylgoh, oromgoh kabi.
don: kuldon, siyohdon kabi.
xona: ishxona, choyxona kabi.
Do'stlaringiz bilan baham: |