mustaqil fan sifatida tilshunoslikning boshqa tarmoqlariga munosabati.
1-savol bayoni:
Har bir tilning so’zlari, leksikasi doim harakatda bo’lib, natijada uning sostavi turli tipdagi o’zgarishlarga uchraydi: ba’zi so’zlar eskirib, aktiv qo’llanishdan chiqadi - qo’llanishi chegaralanib, bora-bora umumiste’moldan qoladi; yangi so’zlar paydo bo’lib, ular leksikani to’ldiradi, boyitadi; ayrim so’zlarning ma’nolarida o’zgarish yuz beradi va b. Leksikadagi taraqqiyotning eng asosiy yo’llari boshqa tillardan so’z olish va so’z yasashdir. Leksik olinmalar - boshqa tillardan so’z olish (bunday olinma shevalardan adabiy tilga so’z olish tusida bo’lishi ham mumkin) ikki tillilik sharoitida, ayniqsa, katta ahamiyatga ega bo’ladi, tillarni, shuningdek xalqlarni yaqinlashtirishning vositasi bo’ladi.
So’z yasash, umuman, qanday usul, qanday vosita bilan bo’lmasin, yangi so’z hosil qilishdir. Masalan, betonchi (-chi affiksi orqali yasalgan); gulbeor (ikki so’zning qo’shilishidan yasalgan); kattani hurmat qil (bir leksik-grammatik kategoriyadagi so’zni boshqa kategoriyaga o’tkazish yo’li bilan sifatdan ot hosil bo’lgan: kattani -katta yoshdagi odamni); ishda burilish yasadik (burilish so’zi bu o’rinda o’zgarish ma’nosida bo’lib, dastlabki ma’nosidan ancha farqlanadi: unga nisbatan boshqa so’z sanaladi); yangi so’zi ikki xil: urg’usi oxirgi bo’g’inga tushganda, ruscha "novo’y" ma’nosini bildiradi (yangi kitob kabi), urg’usi bosh bo’g’inga tushganda, ruscha "tolko-chto" degan ma’noni bildiradi (u yangi ketdi, hozirgina ketdi) va b.
Misollar ko’rsatadiki, so’z yasash leksikaning o’sishida muhim rol’ o’ynaydigan omillardan biri bo’lib(uning mahsuli tilda so’zlarni ko’paytiradi, leksikaga xizmat qiladi), yo’llari ham, vositalari ham har xil (affiks yordami bilan yasash: affiksatsiya, so’zlarni qo’shib yasash: kompozitsiya va b.), ular butun bir sistemani tashkil qiladi.
So’z yasalishi tilshunoslik fanining ayrim bir bo’limi, mustaqil lingvistik soha, tarmoq bo’lib, u so’zlarning yasalishini, yangi so’z hosil qilishning qonun-qoidalarini, modellarini, vositalarini, shu bilan bog’liq holda, so’zlarning strukturasini tekshiradi. Demak, bu sohaning ob’ekti so’zdir. So’zni leksikologiya ham, grammatika ham tekshiradi, lekin bu ikki xil tekshirish bir-biridan ma’lum belgilari bilan ajralib turadi, shuningdek, so’zning yasalishi - hosil bo’lish tomondan tekshirilishi ham o’z xususiyatlariga ega. Lekin bu tekshirishlar o’zaro bog’liq; tilning fikrlarni ifodalashi, his-tuyg’ularni bildirishi, fikr ifodalaydigan eng kichik birlik bo’lgan gapning so’zlardan tashkil topishi, bu so’zlarning materiali tovush ekanligi, so’zlarning ham, tovush hodisalarining ham, so’z formalarining ham, so’zlarni biriktirib so’z birikmasi va gap hosil qilishning ham o’z ma’lum qoidalari borligi bularning hammasi - tilda mundarija, forma va funktsiyaning o’zaro bog’liqligini, tildagi qonun-qoidalarning shu uch tomonga asoslanganligini, demak, fonetik, leksik va grammatik sistemalarning organik aloqasini - tilning qismlari bir-biri bilan bog’langan yaxlit, bir butun hodisa - sistema ekanligini ko’rsatadi.
Tilshunoslikning bu bo’limida, birinchidan, yangi so’zlarning qanday hosil qilinishi, ikkinchidan, mavjud yasalmalarning qanday paydo bo’lganligi tekshiriladi. Tekshirishning bu ikki tomoni o’zaro bog’liq hodisalardir. Yangi so’z mavjud modelga qarab, shu asosda hosil qilinadi. So’z yasashning turli yo’llar bilan hosil qilingan so’zlarni o’z ichiga olishi hodisasining asosiy, etakchi xususiyatlari grammatika va leksikologiyaga yaqin turishidan dalolat beradi. Shu xususiyatlariga ko’ra so’z yasalishi ilgari tilshunoslikning ayrim bir sohasi sifatida emas, morfologiyada tekshirilib kelingan. Bunday o’rganish eng asosiy usulda so’z yasashning ham, forma yasashning ham bir tipda bo’lishi va ular orasidagi o’zaro ko’chish hodisalari, ko’pgina yasovchilarning so’z turkumlari bilan ham bog’liq bo’lishi - shu yasama so’zning qaysi turkumga kirishini ham ko’rsatishi, affiksatsiyadagi fonetik o’zgarishlarning hamma tipdagi affikslarda uchrashi mumkinligi kabi xususiyatlariga asoslanadi. Chog’ishtiring: reduplikatsiya - so’zlarni takrorlash, asosan, morfologik funktsiyani bajaradi; so’zning formasini hosil qiladi, ayrim hollarda leksik funktsiyani ham bajaradi - yangi so’z yasash vositasi bo’lib xizmat qiladi. So’z yasalishining grammatikaning morfologiya va sintaksis kabi ayrim bir qismi deb qarash grammatik so’z yasalishini ko’zda tutadi.
Ko’rinadiki, so’z yasalishining morfologiya yoki leksikologiyaga, sintaksisga yoki fonetikaga kiritilishi uning bir tomoninigina o’z ichiga oladi. Shunga ko’ra u keyingi vaqtlarda ayrim soha sifatida ajratiladi. Odatda, so’z yasalishi hodisalari so’z turkumlari doirasida qaralar edi. So’z yasalishining alohida tarmoq, bo’lim sifatida ajratilishi munosabati bilan, so’z yasalishiga oid barcha hodisalar endilikda shu qismda o’rganilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |