Chet el safar xizmati xarajatlari hisobi. Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlari O’zR tashqarisiga xizmat safariga yuborilganda xizmat safari xarajatlari uchun mablag’lar berish tartibi to’g’risida nizom mavjud.
Mazkur Nizom O’zRning Byudjet kodeksi, O’zR Prezidentining 2014 yil 5 martdagi PQ-2142-son “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to’g’risida”gi qarori, O’zR VMning 1999 yil 9 sentyabrdagi 417-son “Vazirliklar, idoralar va boshqa respublika organlari xodimlarining chet el xizmat safarlariga borishini tartibga solish chora-tadbirlari to’g’risida”gi va 2001 yil 27 iyuldagi 321-son “O’zR Vazirlar Mahkamasining zahira jamg’armasi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorlariga muvofiq vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar xodimlari O’zR tashqarisiga xizmat safariga yuborilganda xizmat safari xarajatlari uchun mablag’lar berish tartibini belgilaydi.
Xizmat safari xarajatlariga quyidagilar kiradi:
- sutkalik xarajatlar;
- yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar;
- transport xarajatlari;
- vakillik xarajatlari;
- ko’zda tutilmagan xarajatlar;
- mazkur Nizomga muvofiq qoplanishi lozim bo’lgan xizmat safarining boshqa xarajatlari.
O’zR tashqarisiga xizmat safarlariga yuborilganda sutkalik xarajatlar va yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar xorijiy valyutada me’yorlar asosida to’lanadi.
Xizmat safariga yuboriladigan ayrim toifadagi shaxslarga xorijiy valyutadagi sutkalik xarajatlar me’yorlariga muvofiq belgilanadigan ustamalar to’lanadi.
Sutkalik xarajatlar xizmat safaridagi har bir kun, jumladan jo’nab ketish hamda qaytib kelish kuni uchun, belgilangan me’yorlarning 100 foizi miqdorida xorijiy valyutada to’lanadi.
Jo’nab ketish hamda qaytib kelish kuni O’zRning davlat chegarasini kesib o’tish kuni hisoblanadi.
O’zR davlat chegarasini kesib o’tish kuni xizmat safariga yuborilgan shaxsning pasportida O’zR chegara-nazorat punktlari qo’ygan belgisi bo’yicha aniqlanadi.
Havo transportida uchib ketilganda, agar xorijiy davlatga etib borish sanasi xalqaro aviareysning O’zR aeroportidan uchib ketgan sanasidan keyingisiga to’g’ri kelgan hollarda (aviachiptaga asosan), jo’nab ketish kuni uchun sutkalik xarajatlar berilmaydi.
Havo transportida uchib kelganda, agar O’zRga etib kelish sanasi xalqaro aviareysning xorijiy davlatining aeroportidan uchib ketgan sanasidan keyingisiga to’g’ri kelgan hollarda (aviachiptaga asosan) qaytib kelish kuni uchun sutkalik xarajatlar berilmaydi.
Xodim ikki va undan ortiq xorijiy davlatga xizmat safariga yuborilganda (jumladan tranzit holatida ham) bir xorijiy davlatdan boshqa xorijiy davlatga o’tish kuni uchun sutkalik xarajatlar, xodim qaysi xorijiy davlatga o’tayotgan bo’lsa, shu xorijiy davlatning sutkalik xarajatlar me’yorlarining 100 foizi miqdorida to’lanadi.
Joylashgan mamlakat doirasida xizmat safariga jo’natiladigan xorijiy muassasalar xodimlari, shuningdek xorijga ishga yuboriladigan xodimlar uchun; xorijda 60 sutkadan ortiq (61-kundan boshlab) xizmat safarida bo’ladigan xodimlar uchun sutkalik xarajatlar me’yorlari belgilangan me’yorlar bo’yicha sutkalik xarajatlar to’lovi:
- xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, O’zR tashkilotlarining xorijdagi vakolatxonalarining xodimlari borgan mamlakatlari hududida xizmat safarida bo’lganlarida;
- xorijda uzluksiz 60 sutkadan ortiq (61-kundan boshlab) xizmat safarida bo’lganlarga nisbatan amalga oshiriladi.
Agarda yuqorida ko’rsatilgan xodimlar xizmat safari muddati davomida bir mamlakatdan boshqa bir mamlakatga o’tsa, ularga sutkalik xarajatlar belgilangan qo’shimchalarni hisobga olgan holda O’zRdan tashqaridagi mamlakatlarga boruvchilar uchun sutkalik xarajatlar me’yorlari belgilangan me’yorlar bo’yicha xorijiy valyutada to’lanadi.
Xorijga xizmat safariga boradigan xodimlar boradigan davlatlarida qabul qiluvchi tomon hisobidan bepul ovqat (nonushta, tushlik, kechki ovqat) bilan ta’minlangan hollarda sutkalik xarajatlar xizmat safariga yuborilgan shaxsning shaxsiy ehtiyojlarini qoplashga boshqa xarajatlar uchun sutkalik xarajatlar me’yorining 30 foizi miqdorida to’lanadi.
Qabul qiluvchi tomon bepul ovqatlanishdan tashqari xodimning shaxsiy ehtiyojlari uchun mablag’lar bilan ta’minlagan taqdirda jo’natuvchi tomon sutkalik xarajatlarni (boshqa xarajatlarni) to’lamaydi.
O’quvchilar, talabalar va muddatli harbiy xizmat askarlari o’qishga yuborilganda taklif qiluvchi tomon ularni ovqatlanish (nonushta, tushlik, kechki ovqat) bilan ta’minlaganda jo’natuvchi tomon sutkalik xarajatlar me’yorining 15 foizi miqdorida sutkalik xarajatlar (boshqa xarajatlar) to’laydi.
Qabul qiluvchi tomon ovqatlanish va boshqa xarajatlarni qoplash uchun bergan mablag’lar summasi mazkur Nizom bilan belgilangan sutkalik xarajatlar me’yoridan kam bo’lsa, xizmat safaridan qaytib kelib bo’nak hisoboti topshirilganida tashkilotning rahbari qarori bilan xizmat safariga borib kelgan xodimga tasdiqlovchi hujjatlarga muvofiq ortiqcha pul mablag’lari mavjud bo’lgan taqdirda, qabul qiluvchi tomon to’lab bergan mablag’lar va O’zRda amaldagi sutkalik xarajatlar me’yorlari o’rtasidagi tafovut summasi qoplanadi.
Yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar belgilangan eng yuqori me’yorlar va ularga tashkilotlarning rahbarlari tomonidan tasdiqlangan qo’shimcha to’lovlar bilan, agarda ular rahbar tomonidan belgilangan bo’lsa, ushbu xarajatlar keyinchalik tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi sharti bilan belgilangan me’yorlarning 100 foizi miqdorida xorijiy valyutada to’lanadi.
Yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlarning yakuniy hisob-kitobi xizmat safariga yuborilgan shaxs tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar bo’yicha, biroq qo’shimcha to’lovlarni hisobga olgan holda, belgilangan me’yorlardan ortiqcha bo’lmagan miqdorda, agar ular tashkilot rahbari tomonidan belgilangan bo’lsa, amalga oshiriladi.
Bunda yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar xizmat safarining ayrim kunlari uchun ortiqcha xarajatlarni hisobga olmasdan, har bir sutka uchun to’lanadi.
Xizmat safari xarajatlari uchun bo’nak hisoblanganida yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) qo’shimcha mablag’lar tashkilot rahbari qarori bo’yicha taklif etuvchi tashkilot, chet eldagi diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalari tomonidan taqdim etilgan xizmat safariga yuborilgan mamlakatdagi yashash uchun maqbul mehmonxona narxlari bo’yicha ma’lumot yoxud tasdiqlangan me’yorlar doirasida mehmonxonalar mavjud emasligini tasdiqlovchi ma’lumot asosida ko’zda tutiladi.
Sutkalik xarajatlarga ustamalar olish huquqiga ega bo’lgan xodimlarga yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) mablag’lar mazkur maqsadlar uchun belgilangan me’yorlardan qat’i nazar, haqiqiy xarajatlar miqdorida to’lanadi.
Sutkalik xarajatlar me’yoriga ustama olish huquqiga ega bo’lmagan, biroq Hukumat delegatsiyasi tarkibida ketayotgan xodimlarga alohida hollarda O’zR VMning qaroriga ko’ra, belgilangan me’yorlardan qat’i nazar, yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) mablag’lar bir kishilik mehmonxona xonasining qiymati bo’yicha haqiqiy xarajatlar miqdorida to’lanadi.
Sutkalik xarajatlarga ustamalar olish huquqiga ega bo’lgan xodimlarga yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) belgilangan me’yoridan ortiq bo’lgan qo’shimcha mablag’lar xizmat safari xarajatlariga ajratiladigan bo’nak summasiga kiritilishi mumkin.
Tasdiqlangan me’yordan ortiq bo’lgan yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) qo’shimcha mablag’lar O’zR VMning qarori asosida O’zR VMning zahira jamg’armasi mablag’lari hisobidan xizmat safariga yuborish bo’yicha xarajatlar smetasining loyihasi tayyorlanayotganda xizmat safari uchun javobgar bo’lgan tashkilot tomonidan taklif etuvchi tashkilot, chet eldagi diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalari tomonidan taqdim etilgan xizmat safariga boriladigan mamlakatdagi mehmonxonalar narxlari bo’yicha hujjatlardagi ma’lumot asosida ko’zda tutiladi.
O’zR Moliya vazirligi xarajatlar smetasi loyihasini kelishayotganda taqdim etilgan asoslantiruvchi hujjatlarga muvofiq yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) belgilangan me’yorlardan ortiq miqdordagi mablag’larni ko’zda tutadi. Bunda, ushbu mablag’larni ajratish zaruriyati bo’yicha yakuniy qaror O’zR VM tomonidan qabul qilinadi.
O’zR VMning qarorlari asosida xizmat safarida bo’lganda yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) qo’shimcha xarajatlar delegatsiya rahbari qarori bo’yicha asoslangan sabablarga ko’ra (xizmat safari muddati uzaytirilishi, aviareys ushlanib qolinishi va boshqalar) ko’zda tutilmagan xarajatlarga ajratilgan mablag’lar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
Asoslangan sabablar mavjud bo’lganda (mehmonxonalar mavjud emasligi, mehmonxonada yashash narxining belgilangan me’yorlardan oshib ketishi, mehmonxona bo’lmagan yashash joyini ijaraga olish narxining pastligi va boshqalar) xizmat safariga yuborilayotgan xodimlarga yashash joyi joylashgan mamlakatning qonun hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan yashash joyini ijaraga olish shartnomasi asosida jismoniy shaxsda (mehmonxonada emas) yashashiga tashkilotlar rahbarlari tomonidan ruxsat berilishi mumkin (yashash joyini ijaraga beruvchi to’lovni qabul qilganligini tasdiqlagan holda). Bunda yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar turar joy ijarasi bo’yicha xarajatlari to’lovining eng yuqori me’yori belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligi kerak.
Ovqatlanish va boshqa shaxsiy xizmatlar (mini-bar, kabel televideniyasi, kiyimlarni yuvdirish va dazmollatish va boshqalar) uchun xarajatlar summasi, shu jumladan yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) to’lov hisobvaraqlariga kiritilgan xarajatlar xizmat safariga yuborilgan shaxs tomonidan sutkalik xarajatlar hisobidan to’lanadi va alohida qoplanmaydi.
Sutkalik xarajatlarga ustamalar olish huquqiga ega bo’lgan xodimlarga choyshab va kiyimlarni yuvdirish va dazmollatish bo’yicha xarajatlar qoplanadi.
Qabul qiluvchi tomon bepul turar joyni taqdim etganda yoki uning ijarasi uchun xarajatni qoplashga tegishli pul kompensatsiyasini to’lagan hollarda, xizmat safariga yuborilgan shaxsga yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) mablag’lar to’lanishi amalga oshirilmaydi.
Agar seminar, sport musoboqalari, konferentsiya va boshqa tadbirlar tashkilotchilari tomonidan ushbu tadbirlar davomida amalga oshiriladigan xarajatlarning (yashash, ovqatlanish, yo’l va boshqa xarajatlar) o’z me’yorlari belgilangan hollarda, ushbu maqsadlar uchun mablag’lar o’rnatilgan me’yorlardan oshmagan holda tashkilotchilar belgilagan me’yorlar bo’yicha ajratiladi.
Transport (taksidan tashqari) xarajatlarini qoplash uchun mablag’lar haqiqiy xarajatlar bo’yicha ularni tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi sharti bilan to’lanadi.
Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining xizmat safariga yuboriladigan xodimlari havo transportida borganlarida ustuvor "O’zbekiston havo yo’llari" MAK reyslaridan foydalanishlari lozim.
Transport xarajatlarini qoplash uchun mablag’lar Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining xizmat safariga yuboriladigan xodimlariga quyidagicha to’lanadi:
1) xizmat safariga yuboriladigan shaxslar - tashkilot rahbarlariga:
- havo transportida - 1-biznes yoki iqtisodiy klass tariflari bo’yicha;
- temir yo’l va suv transportida - 1-klass tarifi bo’yicha;
- xizmat safariga yuboriladigan shaxslar - tashkilotlar rahbarlarining o’rinbosarlariga.
2) Bosh konsullar - alohida xorijdagi konsullik muassasasi rahbarlariga:
- havo transportida - biznes yoki iqtisodiy klasslar tarifi bo’yicha;
- temir yo’l va suv transportida - 1-klass tarifi bo’yicha;
3) boshqa barcha xizmat safariga yuboriladigan shaxslarga:
- havo transportida - iqtisodiy klass tarifi bo’yicha;
- temir yo’l transportida - 2-klass tarifi bo’yicha;
- suv transportida - sayyohlik klassi tarifi bo’yicha.
Poezdlarda 2-klass vagonlari, kemalarda esa sayyohlik klassi kayutalari bo’lmagan taqdirda xarajatlar 1-klass tarifi bo’yicha qoplanadi.
Osiyo va Afrika mamlakatlariga temir yo’l transportida boorish qiymati barcha xodimlarga 1-klass tarifi bo’yicha qoplanadi.
O’zR Elchisi yoki Bosh konsul - alohida xorijdagi konsullik muassasasi rahbari bilan birga oila a’zolari (er (xotin)i, shuningdek 18 yoshga to’lmagan ikki nafargacha farzandi) ketayotganida ularga ham transport xarajatlarini qoplash uchun mablag’lar to’lanadi.
Xorijiy davlat hududida aeroport, vokzal yoki sohildan, agar ular aholi punktidan tashqarida yoki boshqa aholi punktida joylashgan bo’lsa, yashash joyigacha borish va orqaga qaytish bo’yicha tasdiqlangan qo’shimcha yo’l xarajatlari ham qoplanadi.
Ayrim hollarda Hukumat delegatsiyasi, hamda katta hajmdagi sport anjomlariga ega bo’lgan sportchilar delegatsiyasiga xorijiy davlat hududida yurish uchun avtomobilni ijaraga olishga yo’l qo’yiladi.
Shahar ichidagi transportdan foydalanganlik uchun xarajatlar xodimga sutkalik xarajatlar tarkibida qoplanadi.
Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo’lmagan taqdirda O’zR tashqarisiga xizmat safaridagi transport xarajatlari qoplanishi amalga oshirilmaydi.
Vakillik xarajatlariga vakillarning (qatnashchilarning) rasmiy qabuli (nonushta, tushlik yoki shunga o’xshash tadbirlar)ni o’tkazish, ularning transport ta’minoti, muzokaralar vaqtida bufet xizmatlarini ko’rsatish, tashkilot shtatida bo’lmagan tarjimon xizmatiga haq to’lash bilan bog’liq bo’lgan xarajatlar kiradi.
Belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan tasdiqlovchi boshlang’ich hisob hujjatlari bo’lganda vakillik xarajatlari davr xarajatlariga kiritiladi, ularda rasmiy qabulni o’tkazish uchun asos, sanasi va joyi, taklif qilingan shaxslar va qatnashchilar soni, ularning transport ta’minoti, muzokaralar vaqtida bufet xizmatlarini ko’rsatish, tarjimon xizmatiga haq to’lash, vakillik xarajatlarining xorijiy valyutadagi summasi ko’rsatilgan bo’lishi lozim.
Ko’zda tutilmagan xarajatlarga reysning kechikishi yoki o’zgarishi, delegatsiya rahbari qaroriga ko’ra marshrutning, safar dasturining o’zgartirilishi va boshqa fors-major holatlar bilan bog’liq xarajatlar kiradi.
Hukumat nomidan muzokaralar olib borish, bitimlarni imzolash maqsadida xalqaro tashkilotlarning majlislarida, s’ezdlarida, assambleyalarida ishtirok etish uchun O’zR tashqarisiga ketayotgan Hukumat delegatsiyalari uchun O’zR VMning qaroriga ko’ra vakillik va ko’zda tutilmagan xarajatlarga ham mablag’lar ajratiladi.
Ko’rsatilgan xarajatlar 1000 AQSh dollaridan ko’p bo’lmagan miqdorda ko’zda tutiladi va Hukumat delegatsiyasi a’zolaridan biriga hisobot topshirish sharti bilan beriladi.
Ko’zda tutilmagan va vakillik xarajatlari miqdori O’zR VMning qaroriga ko’ra o’zgartirilishi mumkin.
Tashkilotlar vakillik xarajatlariga beriladigan mablag’larni qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradilar. Xorijiy valyutada olingan vakillik xarajatlari summalarini milliy valyutaga qayta hisoblash mablag’lar berilgan kundagi O’zR MBining rasmiy kursi bo’yicha amalga oshiriladi.
Yo’l, yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha), sutkalik, vakillik va ko’zda tutilmagan xarajatlardan tashqari hujjatlar bilan tasdiqlangan quyidagi xarajatlar ham qoplanadi:
- viza olish bo’yicha;
- vaqtinchalik propiska (ro’yxat olinganlik) uchun;
- borgan mamlakatida xorijiy valyutani sotib olish yoki sotish chog’ida yig’imlar (foizlar, komissiyalar)ni to’lash bo’yicha;
- kilogrammgacha bo’lgan yuk olib ketish uchun to’lov (xodim borayotgan transport turida bepul yuk olib ketish me’yoridan ortiqchasiga);
- aeroport, sug’urta (faqat borayotgan mamlakatiga kirish uchun majburiy bo’lgan sug’urta turlari), bojxona va vositachilik yig’imlari (ko’rgazmalar, taqdimotlar, konferentsiyalar va gastrollar o’tkazilganda);
- konferentsiya, sport musobaqalari qatnashchilarini ro’yxatga olish yig’imlari, sport anjomlarini ijaraga olish;
- pullik to’xtash joylari xizmatlarini to’lash, avtobenzin xarid qilish, yukni transportda jo’natish (faqat xizmat safariga yuborilgan haydovchilar uchun) to’lovlari bo’yicha;
- MDH mamlakatlariga boradiganlar - 20 foiz va undan ortiq ustamasi mavjud shaxslar uchun O’zR VMning qarorlari bo’yicha "VIP" zallari orqali xizmat ko’rsatish;
- xizmat safariga jo’natilgan shaxslarga favqulodda, qoldirib bo’lmaydigan holatlarda ko’rsatilgan tibbiy xizmatlarni to’lash bo’yicha;
- hujjatlar bilan asoslangan xizmat safari bekor qilinishi, yo’l marshruti yoki xorijiy davlatda bo’lish muddatlari o’zgarishi sababli yo’l chiptalarini qaytarib berish, almashtirish yoki ulardan foydalanmaslik bilan bog’liq jarimalar yoki qo’shimcha xarajatlarni to’lash bo’yicha.
Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo’lmagan taqdirda tegishli xizmat safari xarajatlari qoplanmaydi.
Tashkilotlarning rahbarlari xizmat safari xarajatlari me’yorlariga qo’shimcha to’lovlar miqdorini mustaqil ravishda tasdiqlash huquqiga egadirlar.
Bunda ko’rsatilgan qo’shimcha to’lovlarni to’lash tashkilotda xorijiy valyutadagi kreditlarni (O’zR tomonidan kafolatlangan hamda kafolatlanmagan) so’ndirish majburiyatlaridan, import kontraktlari bo’yicha (tovarlar, ishlar va xizmatlar bo’yicha) chet ellik hamkorga to’lovlardan va O’zRning Davlat byudjeti oldidagi majburiyatlardan ozod bo’lgan o’zining valyuta mablag’lari mavjud bo’lgan taqdirda amalga oshiriladi. Agarda qo’shimcha to’lov to’lashni belgilagan tashkilot yuqorida keltirilgan to’lovlar bo’yicha hisob-kitoblar uchun xorijiy valyutani ichki valyuta bozoridan sotib olgan bo’lsa, ko’rsatilgan qo’shimcha to’lovlarni to’lash amalga oshirilmaydi.
Sutkalik xarajatlar va yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar me’yorlaridan ortiq qo’shimcha to’lovlar qoplash quyidagicha amalga oshiriladi:
- byudjet tashkilotlarida - ularni saqlash uchun xarajatlar smetasi bo’yicha tejalgan mablag’lar hisobidan;
- boshqa tashkilotlarda - sutkalik xarajatlar va yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha) xarajatlar me’yorlaridan ortiq qo’shimcha to’lovlar tashkilotlarning xarajatlarida hisobga olinadi.
Yuqorida keltirilgan xarajatlardan tashqari, xizmat safariga yuborilgan shaxsga ishlab chiqarish maqsadlarida sarflangan qo’shimcha xarajatlar qoplanishi mumkin. Ushbu xarajatlar faqat xizmat safari topshiriqlarini bajarish uchun zarur bo’lganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo’lganida qoplanishi mumkin.
Xodimning muzokaralarning borishi va boshqalar to’g’risida tashkilot rahbariyatiga axborot berish majburiyati xizmat safari reja-topshirig’ida ko’zda tutilgan bo’lishi lozim.
Xizmat safarining xususiyati biror-bir qo’shimcha ishlab chiqarish xarajatlari (telefon so’zlashuvlari, yukni olib ketish, hujjatlardan nusxa ko’chirish va boshqalar) zaruriyatini nazarda tutganida, tashkilot rahbari tomonidan xodimni xizmat safariga yuborishdan oldin ushbu xarajatlarni qoplash to’g’risidagi buyruq (farmoyish) chiqariladi.
Xodimni xizmat safariga yuborish uchun tashkilot rahbari tomonidan buyruq chiqariladi va xizmat safari reja-topshirig’i tasdiqlanadi.
Xizmat safariga yuboriladigan shaxsga xorijiy valyutada bo’nak berilishi lozim.
O’zR VMning qarori bo’yicha O’zR VMning zahira jamg’armasi hisobidan ketayotgan delegatsiya yoki alohida shaxs xizmat safarini tashkil etish bo’yicha javobgar tashkilot xizmat safari muddatlari va delegatsiya tarkibi ko’rsatilgan O’zR Prezidenti Devoni yoki VMning tegishli topshirig’i asosida, O’zR VM qarori loyihasini xarajatlar smetasi bilan birga tayyorlaydi va asoslantiruvchi hujjatlarni (xizmat safarini moliyalashtirish qismida taklif qilayotgan tomonning hujjatlar nusxasi, avia chiptalar narxi bo’yicha asoslar, aviareyslar sanasi va vaqti ko’rsatilgan holda yo’l marshruti, xizmat safariga yuboriladigan mamlakatdagi mehmonxonalarda yashash qiymati va boshqalarni) ilova qilgan holda O’zR Moliya vazirligiga kiritadi.
O’zR Moliya vazirligi O’zR VMning qarori asosida O’zR VMning zahira jamg’armasi hisobidan xizmat safariga ketayotgan delegatsiya yoki alohida shaxsning xarajatlar smetasi loyihasini ko’rib chiqadi va zaruriyat tug’ilganda unga o’zgartirish kiritadi.
O’zR Moliya vazirligi rahbariyati bilan kelishilgan xarajatlar smetasi loyihasi O’zR VMning qarori loyihasini kiritgan tashkilotga qaytarib beriladi.
Talab qilib olunguncha depozit hisobvarag’idan naqd xorijiy valyutani olish uchun tashkilotlar tomonidan xizmat ko’rsatuvchi vakolatli banklarga quyidagi hujjatlar (yoki ulardan ko’chirma) taqdim etiladi:
- xizmat safari xarajatlarini qoplash uchun mablag’larni berish haqida ariza;
- xizmat safariga yuboriladigan xodimlarning familiyalari, ismi-sharifining bosh harflari, xizmat safariga yuboriladigan joy va xizmat safarining muddati ko’rsatilgan holda xizmat safariga yuborish to’g’risidagi buyruq nusxasi;
- tashkilotning rahbari va bosh hisobchi (buxgalteri) tomonidan tasdiqlangan xorijiy valyutada olinishi lozim bo’lgan summaning hisob-kitobi;
- tashkilotning rahbari tomonidan tasdiqlangan xizmat safari reja-topshirig’i;
- taklif qilayotgan tomonning mazkur safarni moliyalashtirish shartlari (ular mavjud bo’lganda) ko’rsatilgan xatlari, fakslari va telekslarining nusxalari;
- O’zR VM qarori nusxasi (O’zR VMning qarori bo’yicha jo’nab ketayotgan shaxslar uchun).
Bunda vakolatli bank taqdim qilingan hisob-kitobning muvofiqligi yuzasidan tekshiruvni amalga oshiradi.
Tashkilotning shtatida bo’lmagan xodimlar uchun tashkilotning valyuta hisobvarag’idan mablag’lar berilishiga yo’l qo’yilmaydi.
Tashkilotlar hisob raqamlarida xorijiy valyuta bo’lmagan taqdirda xizmat safari xarajatlari uchun O’zR Markaziy bankining xizmat safari mablag’lari beriladigan kundagi kursi bo’yicha AQSh dollaridagi ekvivalenti berilishiga ruxsat etiladi.
Tashkilotlarda xorijiy valyutadagi mablag’lar bo’lmagan taqdirda tashkilotlar xorijiy valyutani vakolatli banklardan yoki birjadan tashqari valyuta bozorida sotib olishlari mumkin.
O’zR VM qarorlari bo’yicha ketayotgan tashkilotlarning xodimlariga xizmat safari xarajatlari uchun xorijiy valyutani sotib olish banklararo savdo sessiyasida amalga oshiriladi.
O’zR VM qarori asosida O’zR Moliya vazirligi birjadan tashqari valyuta bozorida o’rnatilgan tartibda O’zR VM zahira jamg’armasi mablag’lari hisobidan xorijiy valyutani sotib oladi va xizmat safariga alohida jo’natiladigan shaxsga, delegatsiya rahbariga (uning rasmiy vakiliga) yoki delegatsiya a’zosiga - delegatsiyaning barcha a’zolariga xizmat safari uchun mablag’larni xorijiy valyutada ajratadi. Bunda, oldin amalga oshirilgan xizmat safari bo’yicha bo’nak hisobotni taqdim etmagan xodimlarga bo’nakni berish bo’yicha hujjatlar rasmiylashtirilmaydi.
O’zR VM qarorida ko’zda tutilgan milliy valyutadagi mablag’lar tegishli tashkilotlarga O’zR Moliya vazirligi tomonidan ajratiladi.
O’zR VMa Hukumat delegatsiyalari tarkibida tashkilot o’zining milliy valyutadagi mablag’lari hisobidan jo’natilayotgan shaxslarga xizmat safari xarajatlari uchun xorijiy valyutani sotib olishga talabnoma ular ishlaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etiladi.
Xizmat safari xarajatlari uchun xorijiy valyutani sotib olish uchun talabnomalarga ko’rsatilgan hujjatlar ilova qilinadi.
Xizmat safari xarajatlariga soliq solish soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Qabul qiluvchi tomon O’zRdan xizmat safariga yuboriladigan xodimga transport xarajatlari va boshqa xarajatlarni (sutkalik, yashash, viza haqini to’lash va boshqalar) xizmat safariga yuboriladigan mamlakatga etib kelishi bilan qoplaydigan hollarda, jo’natuvchi tashkilot xizmat safariga ketayotgan xodimni chiptalarni sotib olish, viza haqini to’lash va boshqalar uchun mablag’lar bilan keyinchalik u O’zRga qaytib kelganida olingan mablag’larni jo’natuvchi tashkilotga qaytarib berish sharti bilan ta’minlaydi.
Bunda, mablag’lar qaysi valyutada berilgan bo’lsa, qaytarib berilishi ham shu valyutada amalga oshiriladi.
Xizmat safari xarajatlariga berilgan mablag’lardan foydalanganlik to’g’risidagi bo’nak hisoboti tashkilot buxgalteriyasiga xizmat safaridan qaytib kelingandan keyin uch ish kunidan kechiktirmay bo’nak olingan valyutada taqdim etiladi.
Xizmat safari natijalari bo’yicha yakuniy hisob-kitob hujjatlar bilan tasdiqlangan haqiqiy xarajatlar bo’yicha, belgilangan me’yorlar va qo’shimcha to’lovlarni hisobga olgan holda, bo’nak hisobotini qabul qilish kunidagi O’zR Markaziy banki kursi bo’yicha amalga oshiriladi. O’zR milliy valyutasi kursining xorijiy valyutaga nisbatan o’zgarishidan yuzaga keladigan kursdagi farqlar hisobda amaldagi buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq aks ettiriladi.
Hukumat delegatsiyalarining xizmat safariga mablag’lar ajratilganida xizmat safaridan qaytib kelganidan keyin o’n kun ichida delegatsiya rahbari (yoki hisobot beruvchi shaxs) amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarni (hisob, kvitantsiya, yo’l chiptalari va boshqalar) ilova qilingan holda batafsil bo’nak hisobotini O’zR Moliya vazirligiga topshiradi.
Bo’nak hisoboti o’z vaqtida topshirilmagan holda, O’zR Moliya vazirligi xorijiy valyutada bo’nakni olgan xodim ishlaydigan tashkilotga bo’nak hisobotni qisqa muddatda topshirish va ishlatilmagan xorijiy valyutadagi qoldiqni qaytarish bo’yicha tegishli choralarni amalga oshirish zaruriyati to’g’risida bildirishnoma jo’natadi.
Ushbu bildirishnomani olgan tashkilot zaruriyat tug’ilganda qonun hujjatlari va ichki mehnat tartibi qoidalariga muvofiq intizomiy jazo choralarini ko’radi.
Bo’nak hisoboti, shuningdek xorijiy valyutadagi ishlatilmagan qoldiqni o’z muddatida topshirilishini ta’minlamagan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, bo’nak hisobotini taqdim etish va xorijiy valyutadagi ishlatilmagan qoldiqni tashkilotning mablag’lari (byudjetdan tashqari mablag’lari) hisobidan qoplanishi uchun javobgarlik tashkilot rahbari zimmasiga yuklanadi.
Bo’nak hisobotida ko’rsatiladigan barcha xarajatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan, shuningdek delegatsiya rahbari tomonidan tasdiqlangan bo’lishi kerak.
Agarda xizmat safari xarajatlari uchun bo’nak AQSh dollarida berilgan bo’lib, xarajatlar esa xizmat safariga borilgan davlatning valyutasida amalga oshirilgan bo’lsa, xizmat safariga borilgan davlatning valyutasidagi haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar bo’yicha bo’nak hisoboti AQSh dollari xizmat safariga borilgan davlatning valyutasiga almashtirilganligi to’g’risidagi tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan kurs bo’yicha qabul qilinadi.
Vakillik xarajatlari bo’yicha alohida hisobot tuziladi. Vakillik xarajatlari bo’yicha hisobotga amalga oshirilgan xarajatlar asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Hisobot hisobot beruvchi shaxs tomonidan imzolanadi va delegatsiya rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Delegatsiya rahbari bo’lmaganda yoki xizmat safariga alohida shaxs jo’natilganda hisobot hisobot beruvchi shaxs tomonidan imzolanadi.
Vakillik va ko’zda tutilmagan xarajatlarga ajratilgan mablag’larning ishlatilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo’lmagan holatlarda, amalga oshirilgan xarajatlarning ro’yxati ko’rsatilgan, delegatsiya rahbari tomonidan tasdiqlanadigan va delegatsiya a’zolari tomonidan imzolanadigan dalolatnoma tuziladi. Delegatsiya rahbari bo’lmaganda yoki xizmat safariga alohida shaxs jo’natilganda hisobot delegatsiyaning barcha a’zolari yoki alohida shaxs tomonidan imzolanadi.
O’zR VM qarori asosida amalga oshirilgan xizmat safari bo’yicha bo’nak hisoboti taqdim etilgan paytda, xizmat safari uchun bo’nak berilganida xarajatlar smetasida ko’zda tutilmagan, tegishli tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo’lishi sharti bilan, ko’zda tutilmagan xarajatlar uchun ajratilgan mablag’lar hisobidan boshqa xarajatlar ham hisobot uchun qabul qilinishi mumkin.
Transport xarajatlari, yashash uchun (turar joy ijarasi bo’yicha), vakillik va ko’zda tutilmagan xarajatlarga berilgan xorijiy valyuta to’liq yoki qisman ishlatilmagan holda summa (qoldiq) bo’nak hisoboti topshirilgan kundan ikki bank kuni ichida tashkilotning kassasiga keyinchalik vakolatli bankka topshirish uchun qaytarilishi kerak.
Agarda xorijiy valyuta O’zRning ichki valyuta bozorida sotib olingan hollarda, tashkilot bir vaqtning o’zida vakolatli bankka belgilangan tartibda ishlatilmagan valyuta mablag’larini sotishga talabnoma taqdim qiladi.
O’zR VMning zahira jamg’armasi mablag’lari hisobidan olingan xorijiy valyutadagi ishlatilmagan qoldiq delegatsiya rahbari (uning rasmiy vakili) yoki delegatsiya a’zosi tomonidan qaytariladi.
Xizmat safariga borgan shaxs xizmat safari xarajatlari uchun naqd xorijiy valyutada berilgan bo’nak bo’yicha hujjatlar bilan tasdiqlangan ortiqcha xarajatga yo’l qo’yganda, xizmat safariga yuborilgan shaxs oldidagi qarz summasi naqd xorijiy valyutadagi tegishli summani berish yo’li bilan qoplanadi. Tashkilot xorijiy valyutadagi mablag’larga ega bo’lmasa, xizmat safariga yuborilgan shaxsning roziligi bilan uning oldidagi xorijiy valyutadagi qarzdorlik bo’nak hisobot topshirilgan kundagi O’zR MBining kursi bo’yicha milliy valyutadagi ekvivalentda qoplanishi mumkin.
Xizmat safariga jo’natilgan shaxs oldidagi qarzdorlik summasi o’rnatilgan me’yorlarni hisobga olgan holda hisoblanadi.
Hukumat delegatsiya tarkibida xizmat safariga jo’natilgan shaxsda ortiqcha xarajatlar mavjud bo’lsa, O’zR Moliya vazirligi tomonidan tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida bo’nak hisobotni qabul qilinishi va tegishli naqd xorijiy valyutadagi va milliy valyutadagi summa berilishi to’g’risidagi qaror delegatsiya rahbari yoki bo’nak hisobotni topshiruvchi xodim ishlaydigan tashkilot taqdimnomasi bo’yicha O’zR VM tomonidan qabul qilinadi.
O’zR VMning tegishli qarori bo’lmagan holatda bo’nak hisoboti mavjud bo’lgan tasdiqlovchi hujjatlar asosida qabul qilinadi, ortiqcha xarajatlar summasi tashkilotning mablag’lari (byudjetdan tashqari mablag’lari) hisobidan qoplanadi.
Xodimlarga ortiqcha xarajatlarni qoplash uchun tashkilotlar hisobvaraqlaridan mablag’larni olish uchun tashkilotlar xizmat ko’rsatuvchi bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
- mablag’larni berish haqida ariza;
- tashkilot rahbari va (yoki) bosh hisobchi (buxgalter) tomonidan tasdiqlangan xizmat safariga jo’natilgan shaxsning bo’nak hisoboti;
- xizmat safariga jo’natilgan shaxsning O’zRdan tashqarisidagi xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari;
- qoplanishi lozim bo’lgan summa hisob-kitobi.
Mazkur bandga muvofiq hujjatlar taqdim etilmaganda, shuningdek so’ralgan summa haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlar summasiga to’g’ri kelmagan holatda xizmat ko’rsatuvchi vakolatli bank tomonidan tashkilotlarning hisobvaraqlaridan mablag’lar berilishi amalga oshirilmaydi.
Sarf qilingan xarajatlarning to’g’riligi va maqsadga muvofiqligi uchun javobgarlik delegatsiya rahbariga va hisobot beruvchi shaxsga yuklatiladi.