7.2. Mehnat va ish haqi bo’yicha hisob-kitoblarning mazmuni
va ularni hisobga olishning vazifalari
Bozor iqtisodiyotiga o’tish sharoitida davlatning mehnat haqini to’lash, xodimlarning ijtimoiy jihatdan qo’llab-quvvatlash va himoya qilish va boshqa sohalardagi funktsiyalari korxonalarning zimmasiga o’ta boshladi va ular erkin ravishda mehnatga haq to’lashning shakllari tizimi va to’lov hajmlarini ularning moddiy natijalariga qarab belgilaydilar, chunki bozor iqtisodiyoti shuni taqozo etadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida aholini mehnati natijalariga qarab moddiy rag’batlantirish asosiy o’rinni egallaydi. Aholining asosiy daromadi mehnat haqi, xodimlar mehnatiga pul bilan haq to’lash ijtimoiy iste’mol funktsiyalaridan beriladigan pul (nafaqa, stependiya, turli yordam pullari va boshqalar), moliya tizimi orqali tushumlar, zayomlar va loteriyalarning yutuqlari va hokazolaridan iborat. Ish va xizmatlarga, masalan xo’jalik a’zolarining mehnatiga qarab ishbay mehnat haqi va vaqtbay mehnat haqi to’lash joriy qilingan. Bozor iqtisodiyotiga o’tish xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda yangi daromad manbalarini keltirib chiqardi, endi korxonalar aktsiya yoki obligatsiyalarni chiqarib divedend va foiz shaklida o’z hissadorlariga daromad ulashishlari mumkin. Albatta bu ko’rinishda daromad olishning o’ziga xos sharoitlari bo’lib, uning miqdori har bir ish ishchiga xizmatining umumiy ulushiga qo’shgan hissasiga qarab va oxiri oqibatda oxirgi moliyaviy natijaga asosan to’ldiriladi. Bozor iqtisodiyotida mehnat haqi, pensiya, stipendiya va turli nafaqalarni indeksatsiya qilish o’ta muhimdir. Bu borada mamlakatimizda ijobiy tadbirlar olib bormoqda.
Mehnat haqining oshishi korxonalarda xodimlar ko’lamini ko’paytirish, xaridorlar talabiga javob bera oladigan, jahon bozorida raqobatlasha oladigan mahsulotlar ishlab chiqarish, ularda mulk butligini puxtaroq saqlash, hisob ko’rsatkichlarini to’g’ri olib borishni har tomonlama ta’minlash imkoniyatini beradi. Bizga ma’lumki, bozor iqtisodiyotiga o’tishning birinchi bosqichida kichik xususiylashtirish amalga oshirildi, unda savdo va maishiy korxonalar xususiylashtirildi, davlat monopoliyasiga chek qo’yildi.
Korxonalari raqobat muhitida o’z faoliyatini olib bormoqda. Bu esa o’z-o’zidan korxonalardagi asosiy ko’rsatkichlarini ijobiy tomonga burishga turtkidir. Endi ular xodimlarni jalb qilishda ham o’zaro raqobatlashadilar. Bunday raqobatda g’alaba qilish uchun esa ular o’z xodimlariga ularning ishiga munosib mehnat haqi belgilashlari kerak bo’ladi. Mehnat haqini oshirish uchun esa ular moliyaviy natijalarning ijobiyligiga erishishlari zarur. Bugungi kundagi xo’jalik hisobi tamoyili asosida faoliyat yuritilmoqdaki, bu esa ishlab chiqarish xarajatlarini ko’paytirmaslik va shu jumladan mehnat haqi miqdorini oshirmaslikni talab etadi. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda ishlab chiqarish xarajatlarini muhim qismini mehnatga haq to’lash bo’yicha qilinadigan xarajatlar tashkil qiladi. Bu esa buxgalteriya hisobida mehnat haqi hisoblashni to’g’ri nazorat qilish mehnat unumdorligini oshirish imkoniyatlarini belgilanishini talab qiladi.
Ijtimoiy barqarorlikka erishishga eng muhim omillaridan biri mehnat unumdorligini oshirishdir. Hozirgi vaqtda xalqimiz oldida turgan mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy turmushini barqarorlashtirish tadbirlari, yaqin vaqt ichida iste’mol bozoridagi taqchilikni bartaraf qilish borasidagi vazifalarni bajarish uchun birinchi navbatda mehnat unumdorligini o’stirish talab etiladi. Keyingi paytlarda tarif tizimi va mehnatni muvofiqlashtirish, korxona jamoasiga beriladigan mukofotlarni ularning mehnat hissalariga qarab belgilash borasida muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xodimlarning mehnatiga haq to’lash shakllari, tartibi va miqdori hamda daromadlarining boshqa turlari korxona tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunda korxonalar mehnatga haq to’lashni xodimlarining kasbi malakasi va ular tomonidan bajarilayotgan ishlarini murakkabligi va sharoitiga qarab tabaqalash uchun davlat tarif stavkalari bo’yicha mehnat haqi, maoshlaridan (oklad) foydalanishlari mumkin. 1991 yildan boshlab korxonalar va tashkilotlarga mehnat haqi fondi va moddiy rag’batlantirish fondi (mehnatga haq to’lash) fondlarining miqdorini belgilaydigan normativlar yuqoridan tasdiqlanmaydigan bo’ldi. Mehnatga haq to’lash, xarajatlarining me’yorlashtirilgan miqdori korxonaning o’zi tomonidan foydadan soliq solinmaydigan foydani hisoblab chiqish uchun topshiriladi.
Korxona xodimlarining shaxsiy daromadini, ya’ni mehnatga haq to’lash mablag’lari mehnat tannarxiga kiritiladigan to’lovlar, hamda korxona ixtiyorida qoldiriladigan foyda hisobidan beriladigan to’lovlardan iborat. Mahsulot tannarxiga kiritiladigan to’lovlar tarkibiga ishbay mehnat haqi, tarif stavkasi, lavozimlik maoshlari (okladlar), rag’batlantirish va tovon (kompensatsiya) to’lovlari, ishchi va xizmatchilarni savdo faoliyatidagi soliq ko’rsatkichlari uchun belgilangan mukammalash tartiblariga qarab hisoblangan mehnat haqi hamda amaldagi qonunlarda ko’zda tutilgan haqlarni tartibga solish maqsadida soliq belgilangan. Bunda iste’mol uchun yo’naltiriladigan mablag’lar deb korxonadagi barcha xodimlarning mehnathaqi xarajatlari, pul to’lovlari shu jumladan, bir yildagi ish yakunlari bo’yicha mukofotlar, moddiy yordam, meditsina va ijtimoiy imtiyozlarni belgilashga tayyor summalar va belgilashdagi yakka tartibdagi xususiyatlarga ega bo’lgan boshqa to’lovlar (mualliflik huquqiga doir to’lovlar) hamda ixtirolar, ratsionalizatorlik takliflar uchun to’lovlardan tashqari mehnat jamoasining aktsiyalari va korxona mulkiga mehnat jamosining a’zosi qo’shilgan mablag’lari bo’yicha to’lanadigan daromadlar devidentlar, foizlarga aylanadi. Soliqqa tortish ob’ekti sifatida va iste’mol uchun yo’naltiriladigan mablag’larning soliq solinmaydigan miqdoridan ortiqcha summasi qabul qilingan. Iste’mol uchun yo’naltirilgan mablag’larning soliq solinmaydigan miqdori hisobot yilining joriy davridagi xo’jalik hisobi daromadini shu mablag’larning o’tgan yilga tegishli davridagi xo’jalik hisobi daromadidagi salmog’iga ko’paytirish yo’li bilan topiladi. Shunday yo’l bilan topilgan daromadlarga koeffitsentlar yordamida tuzatishlar kiritish xo’jalik hisobidagi daromadning o’sishining iste’mol uchun yo’naltirilgan mablag’larning o’sishiga qaraganda tezlashtirilishini ta’minlaydi. Iste’mol uchun yo’naltirilgan mablag’larni tartibga solish uchun qabul qilinadigan korxona xo’jaligidagi daromadi sotilgan mahsulot tannarxi tarkibidagi mehnatga haq to’lash xarajatlari bilan korxona ixtiriyodagi qoladigan foiz summalari sifatida hisoblab chiqiladi. Hozirgi vaqtda mehnat haqini tashkil qilishni qayta qurishning muhim xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1) xodimlarning juda keng doirasiga tegishliligi;
2) birinchi marta mehnat haqini tashkil qilinishining barcha qismlarini, ya’ni tarif tartibi, haq to’lash shakllari va mukofotlar tartibi, mehnati, muvofiqlashtirish qo’shimcha haq to’lash mexanizmi mehnatga haq to’lash foydalari (mehnat haqi fondi, moddiy rag’batlantirish fondi, maxsus haq to’lash fondlari)ni hosil qilish va foydalanish kabi elementlar kompleksini o’z ichiga oladi.
Ayniqsa, mehnat jamoasining roli oshiriladi, mehnatning umumiy natijasiga har bir xizmatchi hissasini baholash, hamda unga haq to’lash va mukofotlash miqdorini aniqlash bilan bog’liq bo’lgan masalalarni ochishdagi ko’pchilik to’siqlar bartaraf qilinadi.
Stavkalar va maoshlarning o’sishi asosan mehnat jamoasi tomonidan ishlab topilgan mablag’lar yaratishni yaxshilash hisobiga amalga oshiriladi. Mehnat va mehnat haqiga tegishli reja topshiriqlarini hisobga olish va nazorat qilishda buxgalteriya hisobi muhim rol o’ynaydi, chunki uni yordamida korxonaning barcha bo’g’inlarida mehnat ko’rsatkichlari bajarilishi va uning o’zgarishi haqida iqtisodiyotga asoslangan axborotlar yaratiladi. Mehnat resurslaridan to’g’ri va unumli foydalanish va mehnat unumdorligini tobora o’stirish maqsadida har bir korxona va uning ayrim uchastkalarida xodimlarning soni, ish vaqtidan foydalanish, mahsulot ishlab chiqarish va sotish, sarflangan mehnatga haq to’lashning joriy hisobi tashkil etiladi.
Korxonaning ishlab chiqarish xo’jalik faoliyati jonli mehnatni iste’mol qilish bilan birga yuz beradi, uning miqdori ishlagan kishi-soatlar bilan o’lchanadi. Mehnat jarayonida har bir xodimning bajargan ishi, tayyorlagan mahsuloti, iste’molchiga ko’rsatgan xizmatlari uchun sarflagan mehnatiga haq to’lash miqdorini asoslash hamda aniqlashni talab qiladigan o’zaro munosabatlar vujudga keladi. Shu munosabat bilan korxonaning buxgalteriya hisobi oldida mehnat me’yori va unga haq to’lashni hisobga olish, nazorat qilish vazifalari ham belgilanadiki, bu esa:
* ishbay ishlovchilar va boshqa xodimlarning ish sifatini to’g’ri va o’z vaqtida hujjatlar bilan rasmiylashtirishni, shuningdek ish haqini hisoblash va uni belgilangan muddatlarda to’lanishni;
* hisoblangan mehnat haqi summalarini va ijtimoiy sug’urtaga ajratmalarini ishlab chiqarish xarajatlariga kiritish uchun xarajatlarning yo’nalishlar bo’yicha aniq taqsimlashni;
* mehnat haqidan byudjet foydasiga majburiy to’lovlarning, shuningdek korxonaga etkazilgan moddiy zararni ayrim tashkilotlar va jismoniy shaxslar foydasiga to’g’ri hamda o’z vaqtida ushlab qolish va ularni o’tkazishni;
* xodimlar sonini va ish vaqtidan foydalanishni nazorat qilishni ta’minlash kerak.
Korxonada xodimlar avvvalo ikki guruhga ajratiladi:
1) asosiy faoliyatda band bo’lgan xodimlar (sanoat ishlab chiqarish xodimlari);
2) asosiy bo’lmagan faoliyatda band bo’lgan xodimlar.
Asosiy xodimlar jumlasiga asosiy va yordamchi tsexlarning, zavod laboratoriyalari va bo’limlarining, tozalash inshoatlarining, aloqa uzellarining, axborot-hisoblash markazlarining, barcha turdagi qo’riqlashning, zavod boshqarmalarining xodimlari kiradi.
Asosiy bo’lmagan faoliyat bilan band bo’lgan xodimlarning uy-joy va kommunal xo’jaligiga xizmat ko’rsatish, savdodagi, yordamchi qishloq xo’jaligi korxonalari, tibbiy muassalari hamda maktabgacha tarbiya muassalari, madaniy muassalarida band bo’lgan xodimlar tashkil etadi.
Xodimlarning mehnat unumdorligini oshirish va korxona ishini yaxshilashga bo’lgan moddiy qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida ularga to’lanadigan mehnat haqida korxonalar ishining umumiy yakunini yaxshilash uchun to’lanadigan qismni (hissasini) oshirishga keng yul ochib berilmoqda. Shuning uchun korxonadagi buxgalteriya hisobini eng muhim vazifalaridan biri mehnat o’lchovi va unga haq to’lash ustidan nazorat qilib turishdir. Korxonalarda mehnat haqi va mehnat haqi yuzasidan hisoblashishlar hisobini yuritishni vazifalari quyidagilardan iborat:
1) korxonaning o’zi tomonidan tasdiqlangan rejada belgilangan ish va xizmatchilarning soniga rioya qilinishi, mehnat unumdorligini oshirish bo’yicha, rejalarining bajarilishi bo’yicha, mehnat intizomi, ish vaqtidan to’liq foydalanishi ustidan nazorat qilib turish;
2) har bir ishchi – xizmatchiga to’lanadigan mehnat haqini o’z vaqtida hisoblash, uni mahsulot tannarxiga to’g’ri taqsimlash;
3) korxonaga ajratishgan ish haqi fondidan to’g’ri foydalanish va bunda ortiqcha xarajatlarga yo’l qo’ymaslik;
4) ishchilarga maxsus maqsadlarga mo’ljallangan vazifalar hisobidan beriladigan mukofotlarni to’g’ri va o’z vaqtida to’lash;
5) ijtimoiy sug’urta ajratmalari va ishchilardan ushlab qolinadigan summalarni to’g’ri aniqlash;
6) mehnat unumdorligini oshirish uchun ichki va tashqi omillarni va imkoniyatlarni aniqlash;
7) mehnat haqi va uning yuzasidan hisoblashishlar bilan bog’liq jarayonlarni o’z vaqtida va to’g’ri rasmiylashtirish;
8) mehnat va uning yuzasidan hisoblashishlar bilan bog’liq dastlabki hujjatlarni o’z vaqtida va to’g’ri qayta ishlash, hamda hisob registrlarida to’g’ri buxgalteriya o’tkazmalari orqali o’z vaqtida aks ettirib borish;
9) mehnat haqi va mehnat haqi yuzasidan hisoblashishlarni o’z vaqtida va to’g’ri amalga oshirish;
10) xodimlar bilan boshqa jarayonlar yuzasidan hisoblashishlarni o’z vaqtida va to’g’ri amalga oshirish va uni nazorat etish.
11) mehnat haqi fondi yuzasidan ijtimoiy sug’urtaga to’lovlarni to’g’ri va o’z vaqtida hisoblanishi va o’tkazilishini nazorat etish.
Yuqorida keltirib o’tilgan mehnat haqi va unga haq to’lash yuzasidan hisoblashishlar hisobining oldiga qo’yilgan vazifalarga rioya etish natijasida ishlab chiqilgan mahsulot tannarxini o’z vaqtida va to’g’ri aniqlash va shu bilan birga korxona moliyaviy natijasi ko’rsatkichlarini to’g’ri hisoblashni ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Mana shular korxonalarda mehnatga haq to’lash hisobi va mohiyatining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |