Bog'liq Muxametov A.B. BUXGALTERIYA HISOBI - DARSLIK
3.9. O‘zaro da’vo va majburiyatlarni hisobga olish yo‘li bilan majburiyatlarni bekor qilish bo‘yicha hisob-kitoblar hisobi
O‘zR Fuqarolik kodeksining 25-bob 343-moddasida hisobga o‘tkazish bilan majburiyatning bekor bo‘lishi quyidagicha tarif berilgan: “Muddati to‘lgan yoki muddati ko‘rsatilmagan yoxud talab qilish payti bilan belgilangan muqobil o‘xshash talab hisobga o‘tkazilishi bilan majburiyat to‘liq yoki qisman bekor bo‘ladi”.
Majburiyatlarni bekor qilish uchun quyidagi shartlar bajarilishi kerak:
- qarama-qarshi majburiyatning mavjudligi;
- qarama-qarshi majburiyatlarning bir xilligi;
- faqat muddati kelgan yoki muddati belgilanmagan yoki talab qilingan vaqt bilan belgilanmagan majburiyatlar uchun.
Majburiyatlar bekor bo‘lishi bir xil da’volarning to‘liq ekvivalentligi bilan hal etiladi. Agar bir korxona boshqasidan kattaroq da’voga ega bo‘lsa, katta da’vo qisman kichikroq da’voga teng miqdorda qaytariladi.
Hisobga o‘tkazish uchun bir tarafning arizasi kifoya qiladi. Lekin bir tomonlama hisobga olishni tomonlarning talablari teng bo‘lganda va tomonlar o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik bo‘lmaganida amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Bunday hisobga olish tomonlardan birining o‘zaro qarzni uzish to‘g‘risida yozma xabarnoma berishi bilan amalga oshiriladi.
Agar taraflarning da’volari teng bo‘lmasa, bir majburiyat to‘la hajmda, ikkinchisi qisman qaytarilsa, ikki tomonning roziligi bilan majburiyatlarni hisobga olish yaxshi samara beradi. Bunday hisoblash ikki tomon imzolangan o‘zaro hisobga olish shartnomasi bilan amalga oshiriladi.
Majburiyatlarning yuzaga kelishi buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
- bitta shartnoma bo‘yicha jo‘natilgan tovarlar, ishlar, xizmatlar va hisoblangan QQS summasi bilan debitorlik qarz paydo bo‘ladi:
D 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”
K 9000 “Asosiy (operatsion) faoliyatning daromadlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 6410 “Byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarz (QQS summasiga)”;
- ikkinchi shartnomada jo‘natilgan tovarlar, ishlar, xizmatlar va hisoblangan QQS summasi bilan MEB taqdim qilingan hujjatlar asosida kreditorlik qarz paydo bo‘ladi:
D 1000 “Materiallarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
D 4410 “Byudjetga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari (QQS summasiga)”,
K 6010 “Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar”.
Tovar, ish, xizmatlarni qabul qilingandan so‘ng QQS summasi MEBning hisobvaraq-fakturasi asosida xaridor tomonidan hisobot davrining oxirida hisobga olinadi:
D 6410 “Byudjetga to‘lovlar bo‘yicha qarz (QQS summasiga)”
K 4410 “Byudjetga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha bo‘nak to‘lovlari (QQS summasiga)”.
Soliq kodeksining 248-moddasiga muvofiq, agar bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan past yoki yuqori bo‘lsa, soliq organlari soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqli. Soliq to‘lovchi bunday qaror yuzasidan bitimning narxi bozor narxlariga muvofiqligini va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qaratilmaganligining asoslarini taqdim etish yo‘li bilan nizolashishga haqli.
Xaridor taqdim etilgan (va hisobvaraq-fakturada ajratilgan) soliq summasini to‘lov topshiriqnomasi bilan to‘lashi shart.
Dalolatnomada da’volar o‘zaro hisoblashishda QQSsiz hisobga olish kerak. Qaytariladigan qarz bo‘yicha soliq summasi taraflar tomonidan bir-biriga pulda o‘tkaziladi.
Hisobdagi o‘zaro da’volarning hisobga olinishi QQSsiz quyidagi yozuv bilan aks ettiriladi:
D 6010 “Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
Da’volarni o‘zaro hisobga olganda QQS summasi xaridor tomonidan alohida to‘lov topshiriqnomasi bilan MEBga o‘tkaziladi.
D 6010 “Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan hisobvaraqlar”
K 5110 “Hisob-kitob hisobvarag‘i”.
Da’volarni o‘zaro hisobga olganda QQS summasi xaridor tomonidan to‘langanda MEB quyidagi yozuv qiladi:
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag‘i”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.