Asosiy vositalarning eskirishi - assosiy vositalar boshlang’ich qiymatining ishlab chiqarish jarayonida (jismoniy) eskirishi yoki asosiy vositaning texnologik eskirishi va mehnat unumdorligi o’sishi natijasida ular qiymatining pasayishi.
“Asosiy vositalarning eskirishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” korxonaning o’z asosiy vositalari va uzoq muddatli ijaraga olingan asosiy vositalarning eskirishi haqida ma’lumotlarni aks ettirish uchun mo’ljallangan.
Asosiy vositalarning eskirishi har oyda belgilangan qonun-qoidalardan kelib chiqib, ularni amortizatsiya ajratmalari me’yori asosida aniqlanadi.
To’la amortizatsiyalangan asosiy vositalarga eskirish summasi hisoblanmaydi.
Asosiy vositalarning qayta tiklangan qiymati - ishlab chiqarishning hozirgi sharoitida asosiy vositalarning to’la tiklash qiymati. Bu qiymat bizga ma’lum bir ob’ektning (oldin qurilgan, tayyorlangan) agar hozirgi zamonaviy sharoitda tayyorlanganda qancha turishi mumkinligini bildiradi. Bizga ma’lumki, asosiy vosita boshlang’ich qiymatda hisobga olinadi. Bu qiymat ularni tayyorlash va keltirish bilan bog’liq haqiqiy sarflarning summasi bilan aniqlanadi. Texnika rivojlanishi, mehnat unumdorligining oshishi, ishlab chiqarishni tashkil etishning yuksalishi va boshqa iqtisodiy sharoitlar (pul almashishi, inflyatsiya) natijasida asosiy vositalarni ishlab chiqarish xarajatlari o’zgarishi mumkin. Buning natijasida har xil davrda ishlab chiqarilgan har xil ob’ektlarning boshlang’ich qiymatlari turlicha bo’ladi. Shuning uchun ham asosiy vositani qayta baholash zaruriyati tug’iladi. Qayta baholash hukumat qarori asosida hamma korxonalarda bir vaqtda o’tkaziladi. Qayta baholashda asosiy vositalarning tiklash qiymati aniqlanadi.
Asosiy vositalarning guruhlanishi - asosiy vositalarni ma’lum belgilari va foydalanilishiga ko’ra guruhlash.
Asosiy vositalarni guruhlarga ajratish orqali iqtisodiyot miqyosida asosiy vositalar haqida kerakli ko’rsatkich va ma’lumotlarni to’liq olish imkoni yaratiladi. Asosiy vositalar ishlab chiqarishda qatnashishiga ko’ra ishlab chiqarishdagi va noishlab chiqarishdagi asosiy vositalarga bo’linadi.
Ishlab chiqarishdagi asosiy vositalar ishlab chiqarish jarayonida qatnashib, ishchi va avtomatik vositalar yordamida mehnat buyumlariga ta’sir etib, mahsulot yaratishda qatnashadi. Shuningdek, ishlab chiqarish uchun moddiy sharoit yaratadigan asosiy vositalar mavjud bo’lib, ularga binolar, imoratlar, uzatish qurilmalari va boshqalar kiradi.
Noishlab chiqarish asosiy vositalariga esa, madaniy-maishiy, uy-kommunal xo’jaligiga tegishli asosiy vositalar kiradi. Shuningdek, sog’liqni saqlash, maorif, jismoniy tarbiya, madaniyat, san’at va boshqa noishlab chiqarish sohalariga (madaniyat uylariga, yotoqxonalar binolariga tegishli buyum va uskunalar va boshqalar) tegishli asosiy vositalar ham kiradi.
Ishlab chiqarish va xo’jalik faoliyatida ishlatilayotganligiga qarab, harakatdagi, zahiradagi va harakatda bo’lmagan asosiy vositalarga bo’linadi. Bunday guruhga ajratish asosiy vositalardan foydalanish samarasini, eskirgan asosiy vositalarni sotish yoki asosiy vositani tugatish yo’llarini topish, asosiy vositalar eskirish summasini xarajatlarga olib borishni to’g’ri amalga oshirish imkonini yaratadi.
Asosiy vositalar tegishligiga ko’ra, uz asosiy vositalariga va ijaraga olingan asosiy vositalarga bo’linadi.
Asosiy vositalar iqtisodiyot qaysi tarmog’ida ishlatilishiga ko’ra, sanoatda, qishloq xo’jaligida, savdoda, qurilishda, umumiy ovqatlanish, moddiy texnika va ta’minot, hamda tayyorlov xo’jaliklaridagi tarmoqlarga tegishli bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |